Abu Bakr Narshaxiy (899-959)

DO`STLARGA ULASHING:

Abu Bakr Narshaxiy – Markaziy Osiyo tarixnavisligining ilk qadimiy durdonalaridan biri boʻlmish “Tarixi Buxoro” deb shuhrat topgan nodir asarning muallifidir. U oʻz asarini 943–944 yillarda arab tilida yozgan va uni shu yillarda taxtga oʻtirgan Somoniylar davlati hukmdori Amiri Hamid, yaʼni Abu Muhammad Nuh ibn Nasr ibn Ahmad ibn Ismoil as-Somoniy (943–954)ga bagʻishlagan. “Buxoro tarixi”ning oʻzida ham, boshqa tarixiy manbalarda ham muallifning hayoti va faoliyatiga doir biror kengroq maʼlumot uchramaydi. Faqat XIII asr muallifi Samʼoniyning “Kitob ul-ansob” asarida uning toʻla ismi Abu Bakr Muhammad ibn Jaʼfar ibn Zakariyo ibn Xattob ibn Sharik ekanligi va u Buxoro ahlidan (Narshax qishlogʻidan) boʻlib, 286 hijriy (899 milodiy) yili tavallud topgan va 348 (959) yili vafot etganligi eslatiladi.
Afsuski, “Buxoro tarixi”ning arab tilida yozilgan asl nusxasi bizgacha yetib kelgan emas. Bizga nasib boʻlgani – bu fors tiliga tarjima qilinib, qariyb uch asr davomida bir necha bor tahrir, qisqartish va qoʻshimchalarni boshidan kechirgan nusxadir.
Asar soʻzboshisida aytilishicha, 1129 yili asli hozirgi Quva shaharidan boʻlgan Abu Nasr Ahmad ibn Muhammad ibn Nasr al-Quboviy Narshaxiyning kitobini doʻstlarining iltimosiga binoan arab tilidan forsiyga tarjima qilgan va bunda u asarning baʼzi joylarini qisqartirgan; ammo, shu bilan birga ayrim qoʻshimchalarni ham kiritgan. Shundan yarim asr oʻtgach, mazkur forsiy tarjima yana qaytadan tahrirga uchragan; 1178–1179 yillar davomida Muhammad ibn Zufar ibn Umar asarni ikkinchi marta qisqartirib bayon etgan. Ammo asarni oʻqir ekanmiz, biz unda mazkur 1178 yildan keyingi to 1220 yilgacha boʻlib oʻtgan tarixiy voqealar haqida ham qisqa-qisqa maʼlumotlarni uchratamiz. Bu hol shuni koʻrsatadiki, Muhammad ibn Zufarning qisqartirishidan (yani 1178 yili) keyin ham bir necha nomaʼlum kishilar ana shu forsiy tarjimani tahrir qilganlar. Ular asarni yana qisqartirganlar deyishga asos boʻlmasa-da, lekin qoʻshimchalar kiritganliklari voqealar mazmunidan koʻrinib turibdi.
“Buxoro tarixi”ning qoʻlimizdagi barcha nusxalari ana shu 1220 yilgacha davom ettirilgan matnni oʻz ichiga oladi. Asarning arab tilidagi asli bizgacha yetib kelmaganidek, forsiy tarjima ham keyingi tahrirchilar orqaligina mavjuddir. Chunonchi, tarjimon Abu Nasr Ahmad asardagi baʼzi joylarni qisqartirish bilan birga, unga katta tarixiy ahamiyatga ega boʻlgan malumotlarni kiritgan. Bunda u oʻzidan oldingi ishonchli manbalardan foydalangan. Ulardan biri IX asr muallifi Abulhasan Abdurrahmon ibn Muhammad Nishopuriyning “Xazoin ul-ulum” nomli asaridir. Bundan tashqari tarjimon Abu Isʼhoq Ibrohim ibn al-Abbos as-Suliyning “Axbori Muqannaʼ” asaridan, Abu Jaʼfar Muhammad at-Tabariyning “Tarixi Tabariy” asaridan qoʻshimchalar keltirgan.
Tarjimon Abu Nasr Ahmad va undan keyingi tahrirchi, qayta ishlovchilar ham “Tarixi Buxoro” matniga anchagina oʻzgartishlar kiritgan boʻlsalar ham, Narshaxiy nomini muallif sifatida saqlab qolganlar. Masalan, asarda uchraydigan “bu kitobning musannifi aytadi” (Tehron nashri, 1939 y., 4-bet) degan taʼkidlar buni yaqqol isbotlaydi. Lekin shunga qaramay, Narshaxiy oʻz asarini tamomlagan 944 yildan keyingi to 1220 yilgacha boʻlgan voqealar mualliflari deb biz mazkur tarjimon va tahrirchilarni tanimogʻimiz lozim.
Narshaxiyning oʻzi aslida asarga qanday nom berganligi maʼlum emas. Shuning uchun u qoʻlyozma nusxalarda va tarixiy adabiyotlarda “Tarixi Narshaxiy”, “Tahqiq ul-viloyat”, “Axbori Buxoro”, “Tarixi Buxoro” nomlari bilan yuritiladi. Lekin ulardan eng aniqrogʻi va ilmiy adabiyotda koʻproq ishlatiladigani “Tarixi Buxoro”dir.
Narshaxiyning bu kitobida asosan Buxoro vohasining obod boʻlishi, ovchilik, baliqchilik va dehqonchilikning kasb etilishi, Numijkat, Poykand, Afshona, Varaxsha, Romiton, Vardona kabi qadimiy qishloqlarning barpo boʻlishidan tortib, to Buxoro shahrining qad koʻtarishigacha boʻlgan muhim tarixiy voqealar toʻgʻrisida hikoya qilinadi. Kitobda Markaziy Osiyoda arab xalifaligi hukmronligining oʻrnatilishi, Islom dinining tarqatilishi, otashparastlik va u bilan bogʻliq madaniy hayotning inqirozi, Muqanna – “Oq kiyimlilar” harakati, Somoniylar davridagi davlat idorasi, madaniy qurilishlar borasida turli-tuman qiziqarli maʼlumotlar keltirilgan; Buxoroning iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy hayotiga, ayniqsa, pul munosabatlariga, xiroj yigʻish tizimiga oid maʼlumotlar bor. “Buxoro tarixi”da yer-suv munosabatlari haqida soʻzlar ekan, Narshaxiy qadimgi zamindorlarni “dehqonlar”, yaʼni “qishloq hokimlari”, ziroatchilarni “kashovarzlar”, yaʼni “er haydovchi” – “qoʻshimchalar”, yirik yer egalariga qaram qishloq aholisini “kadivarlar” nomlari bilan ataydi. VIII – X asrlarda Buxoroda hunarmandchilik nihoyatda rivojlangan boʻlib, har bir qishloq oʻz mahsuli bilan shuhrat topgan. Masalan, Zandana qishlogʻida toʻqiladigan ipak va ip matolar “zandaniycha” nomi bilan butun Sharqqa mashhur boʻlgan. Buxoro shahrining oʻzida “Bayt ut-tiroz” nomli toʻqimachilik korxonasi boʻlib, uning mahsulotlari Fors, Kermon, Hindiston, Iroq, Shom, Misr va Rum kabi oʻlkalarga olib borilgan. Buxoro savdogarlari nihoyatda boy tabaqa boʻlib, Narshaxiy ularni “kashkashon” deb ataydi. Savdo munosabatlari keng yoyilganligi sababli Buxoro shahariga “Madaniyat ut-tujjor” yaʼni “Savdogarlar shahri” deb laqab berilgan.
Kitobda Buxoro vohasini sugʻoruvchi anhorlar, obod qishloqlar, rabotlar va koʻshklar haqida maʼlumotlar bor. Butun voha VIII – XII asrlarda Karmana, Shopurkon, Harqonat ul-Ulyo, Harqonrud, Ovxitfar, Somjon, Baykonrud, Farovizi Ulyo, Komi Daymun, Arvon, Kayfur, Rudi Zar kabi sugʻorish tarmoqlari orqali suv bilan taʼminlangan. Birgina Poykand shahri atrofida mingdan ortiq rabot boʻlgan.
Buxoro vohasini tashqi hujumlardan mudofaa etish maqsadida uning barcha dehqonchilik muzofotlari bir necha yuz farsaxga choʻzilgan mudofaa devori bilan oʻrab olingan. Bu devor 782–831 yillar mobaynida qurib bitkazilgan va u “Kampirak” nomi bilan mashhur boʻlgan.
Asarda Buxoro shahrining tarixiy topografiyasi toʻgʻrisida ham qimmatli maʼlumotlar bor. Oʻrta asrlarda Buxoro arkining “Dari Registon” va “Dari Gʻoʻriyon” nomli ikki darvozasi boʻlgan. Uning ichida “podshohlar, amirlarning turar joylari boʻlib, podshohlik devonlari va podshohlar turadigan qasr qadimdan shu yerda joylashgan”. 850 yilda Buxoro shahri yangidan devor bilan oʻrab olingan. Uning yettita darvozasi boʻlgan. Buxoro qadim zamonlarda, Numijkat, Bumiskat, Foxira, Madinat us-sufriya yaʼni “Mis shahar” nomlari bilan atalgan.
Xulosa shuki, Narshaxiyning “Buxoro tarixi” kitobi birgina Buxoro tarixini emas, balki butun Markaziy Osiyo tarixini oʻrganish uchun qimmatli tarixiy asardir. Shu bois, Markaziy Osiyo xalqlarining VIII – XII asrlarga bagʻishlangan ilmiy tadqiqotlarda Narshaxiy maʼlumotlari va uning hammuallifi, tarjimoni va muharriri Abu Nasr Ahmad Quboviyning qoʻshimchalari XIX asrdanoq keng foydalanib kelinmoqda, asarning nusxalari dunyo qoʻlyozmalar xazinalarida koʻplab uchraydi. Birgina Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida 20 dan ortiq nusxa mavjud. Asarning forsiy matni bir necha bor – 1892 yili Ch. Shefer tomonidan Parijda, 1904 yili Mullo Sulton tomonidan Buxoroda (Kogon), 1939 yili mudarris Rizaniy tomonidan Tehronda nashr qilingan. “Buxoro tarixi”ning N. Likoshin bajargan rus tiliga tarjimasi 1897 yili Toshkentda, R. Frayning ilmiy izohlar bilan boyitilgan inglizcha tarjimasi 1954 yili Kembridjda, Nasrulloh Taroziyning arab tiliga ilmiy izohli tarjimasi Misrda chop etildi. Bir necha qoʻlyozma va nashrlar matni solishtirilib, tafovutlar qayd etilgan ilmiy izohli oʻzbek tilidagi tarjimasi 1966 yili A. Rasulov va A Oʻrinboyevlar tomonidan (tarixiy shaxslarga izohlar D. Yusupovaniki) “Fan” nashriyotida nashr etildi. “Tarixi Buxoro”ning matnini va maʼlumotlarini boshqa manbalar bilan qiyosiy oʻrganib, undagi maʼlumotlarni manbashunoslik va matnshunoslik fani nuqtai nazaridan tahlil etish ishlari hali davom etmoqda.

15 комментариев к “Abu Bakr Narshaxiy (899-959)”

  1. Уведомление: Cheveux Rouge Chaturbate

  2. Уведомление: have a peek at these guys

  3. Уведомление: martinpeak.com

  4. Уведомление: escort a st etienne

  5. Уведомление: sbo

  6. Уведомление: sbo

  7. Уведомление: this article

  8. Уведомление: devosp

  9. Уведомление: benelli firearms guns

  10. Уведомление: printed cornhole board set

  11. Уведомление: Johnnie Walker gold label reserve

  12. Уведомление: drug called molly,

  13. Уведомление: molly drug detox,

  14. Уведомление: roof skylight

  15. Уведомление: mushroom chocolate bars for sale​

Комментарии закрыты.