Alifbo haqida she’rlar to’plami bolalar uchun

DO`STLARGA ULASHING:

DONO ALIFBO

Alifbo bilim koni,

Tanitadi dunyoni.

Bahor taqdi jamalak,

Ko’kka chiqdi kamalak.

Dutor chertadi Dildor,

Qizlar aytadi alyor.

Erka buloq qiqirlar,

Echki-uloq dikirlar.

Fazo to’la farishta,

Sarishtadir har ishda.

Gilos qizarib pishdi,

Gala qushlar yopishdi.

Handalak xushbo’y ekan,

Qomati xushro’y ekan.

Itimiz chiqdi chopqir,

Izquvar hamda topqir.

Jo’ja go’ja ichmaydi,

Jo’xoridan kechmaydi.

Kosaguldir toshbaqa,

Kosasi bor toshdaqa.

Lolaga to’ldi qirlar,

Chuchmomalar qiqirlar.

Moshga loviya qoqdi qosh,

Makka dedi bag’ritosh.

Nokimiz bor nashvati,

Novvot ekan sharbati.

Odob misli oftobdir,

Odobli uy oboddir.

Piyoz ko’zni yoshladi,

Niyoz yig’lab boshladi.

Quyonim juda qo’rqoq,

Men bilan bo’lmas o’rtoq.

Rasm chizdi Ro’zivoy,

Rahmat dedi Qo’zivoy.

Suvda suzar soqqa qush,

Soyda kezar hakka qush.

Tulki tunda yradi,

Izg’ib o’lja teradi.

Ukki ikkichi ekan,

Juda uyquchi ekan.

Viz-viz qiladi ari,

Nishi o’tkir, tur nari.

Xo’roz donni cho’qiydi,

Keyin qo’shiq o’qiydi.

Yam-yashil bo’ldi olam,

Chechaklar alvon gilam.

Zamin bizning onamiz,

Vatan uchun yonamiz.

O’rdak ko’lda qishlaydi,

Baliqlarni ushlaydi.

G’uncha chiroyli buncha,

Qirmiz labi tuguncha.

Shodi pishirdi lag’mon,

Paqqos tushirdi Shodmon.

Chinni choynak cho’llapti,

Choyga salom yo’llapti.

Yanga qayga shoshadi,

To’yga tanga sochadi!

Mana sizga bodring,

Yarmisini qoldiring!

— Nurulloh OSTON


ZUKKO ALIFBO

Assalom kalom boshi,

Aql odob quyoshi.

Bog’da bulbul sayraydi,

Gulga ko’ngil bog’laydi.

Dakanglar dakang xo’roz,

Don terar akang xo’roz.

Eldor o’qiydi ertak,

Elyor to’qiydi cho’pchak.

Foyda filga kerakmi,

Fil foydaga sherikmi?

Gulga o’xshar kapalak,

Qanotlari kamalak.

Humo qushi porlaydi,

Baxt yo’liga chorlaydi.

Ishyoqmas ishdan qochar,

Ming bir bahona topar.

Jiyda guli maydadir,

Cho’pon ko’ngli naydadir.

Ko’klam keldi o’lkamga,

Peshvoz chiqdik ko’klamga.

Lochin ko’kni ko’zlaydi,

Laylak yozni izlaydi.

Maymun qilib masxara,

Mushukka der tasqara.

Ninachi g’irillaydi,

Qanoti dirillaydi.

Osmonda oy nur sochar,

Hovuch-hovuch dur sochar.

Parda pishloq pishirdi,

Parpi paqqos tushirdi.

Qarg’a qishni qo’msaydi,

Qorni ko’rib shumshaydi.

Rayhon taratar atir,

Hidi olamga tatir.

Sichqon sabzi kemirdi,

Xo’p kemirib semirdi.

Tilla taqa topildi,

Darvozaga qoqildi.

Uzum uzdik azonda,

Shinni qildik qozonda.

Vali varrak uchirdi,

Ali urib tushirdi.

Xirmon to’la don tuydik,

Mehmonlarga non qo’ydik.

Yomg’ir yog’ar sepalab,

Chopqillar qir-tepalab.

Zuvillog’im zuvillar,

Shamol kabi g’uvillar.

O’rik tugdi dovuchcha,

Terdik ikki hovuchcha.

G’altagim g’ildiraydi,

To’tamay pildiraydi.

Sherga shira yoqmaydi,

Muzqaymoqqa boqmaydi.

Chumchuq chuvalchang topdi,

Chittak ortidan chopdi.

Mana sizga bodring, Yarmin menga qoldiring.

— Nurulloh OSTON

Оставьте комментарий