Harbiylar haqida sherlar

DO`STLARGA ULASHING:

Bir kecha qo‘qqisdan uyg‘onib ketdim,
Soatga qarasam, ikkimi yo uch.
(Ehtimol sovuqdan) junjukdi etim,
Tashqariga tortdi allaqanday kuch.

Qandaydir sharpani ilg‘ab o‘zicha,
Go‘yo ogoh etib bizlarni xavfdan,
“Havf, havf”, deya bor ovozicha
Kuchuk hurar edi qo‘shni tarafda.

Ko‘ngil-da, atrofni ko‘zdan kechirdim,
Shukrki, hammayoq tinch va osuda.
Tunchiroq nurida ko‘rib, entikdim,
Farzandlarim yotar qator uyquda.

Hovlida o‘ynoqlab, kuylaydi shamol,
Bir-birin raqsga tortar xazonlar.
Daraxtlar jimgina surmoqda xayol,
Boshini tebratar gulu rayhonlar.

Tinchlik, hotirjamlik – ezgu tushuncha,
Shaksiz, yaratganning inoyati – bu.
Va ayni paytda qanchadan qancha,
Bedor nigohlarning sharofati – bu.

Kunni kun, tunni tun, demay, sarhadda,
Bedor, sergak turgan, ey askar ukam,
Sizlar bor, yashaymiz tinch, farog‘atda,
Yaxshiyam sizlar bor – bizlarga ne g‘am.

Tinchlik qadrin bildim ota bo‘lgach men,
Shular bor, ko‘naman hayot g‘amiga.
Bola kulgusiga, aytgil, nima teng,
Dunyoni alishmam tabassumiga.

Senga ko‘ngildagi borini aytay,
Sabru sabot tilay ayni choqda man.
Yaxshi niyat bilan sizlarga atay,
Uchta o‘rinbosar o‘stirmoqdaman.

Mudomki turibsiz ko‘krakni kerib,
Yo‘l yo‘q havotirga, yo‘l yo‘q qayg‘uga.
Endi dilbandlarim yoniga kirib,
Uyquga ketaman, shirin uyquga.

Оставьте комментарий