Konstitutsiyaviy islohotlar — hayot talabi

DO`STLARGA ULASHING:

Shu kunlarda hayotimiz qomusi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligini nishonlash arafasida turibmiz. Bosh qomusimiz mustaqillik yillarida erishgan barcha yutuq va marralarimizning mustahkam huquqiy poydevori, yurtdoshlarimizning farovon turmushini ta’minlash, huquq va erkinliklarini himoya qilishning kafolati bo‘lib kelayapti, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Ayniqsa, o‘tkazilayotgan chuqur islohotlar tufayli o‘tgan qisqa davrda jamiyatimizning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy manzarasi butunlay o‘zgardi. Erkinlik va ochiqlik, qonun ustuvorligi, jahon hamjamiyati bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik davlatimiz siyosatining asosiy yo‘nalishiga aylandi. Konstitutsiyada muhrlab qo‘yilgan huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyatini qurish g‘oyasiga sodiq qolib, shu yo‘lda keng ko‘lamli ulkan ishlar amalga oshirildi, katta tajriba to‘plandi.
“Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir” degan konstitutsiyaviy qoidadan kelib chiqib, xalq bilan doimiy muloqot o‘rnatildi, davlat idoralari rahbarlari fuqarolar oldida hisobot beradigan samarali tizim yo‘lga qo‘yildi. Davlat organlari faoliyatida ochiqlik va oshkoralik tobora kengayib bormoqda.
O‘zbekistonda islohotlar samarasi o‘laroq, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan qator ishlar amalga oshirildi. Ularni xalqimiz va xalqaro hamjamiyat vakillari ko‘rib, bilib turibdi va o‘zlarining ijobiy baholarini berib borishmoqda. Xalq bilan muloqot tizimining yo‘lga qo‘yilganligi, mantiqsiz “propiska” tizimining tubdan isloh qilinishi, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda eksterritoriallik prinsipining joriy etilganligi, mansabdorlarning doimiy hisobot berib borishi, ular faoliyatining ochiqligini ta’minlashga qaratilgan talablarning belgilanganligi, inson huquq va erkinliklariga bo‘lgan hurmatning yangi bosqichga ko‘tarilganligi, majburiy mehnatdan voz kechilgani, aholining qanchadan-qancha mushkuli osonlashgani kabi bir qator misollar ham shular jumlasidandir. Eng muhimi, bunday o‘zgarishlarni har bir inson kundalik hayotida ko‘rmoqda, his etmoqda. Kelgusi islohotlarda esa mana shu erishilgan natijalarni yanada yuksaltirish, inson uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish maqsad qilingan.
Bu vazifalar esa kechiktirib bo‘lmaydigan strategik qarorlar qabul qilish hamda konstitutsiyaviy islohotlar o‘tkazish zaruratini kun tartibiga qo‘ymoqda edi. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “Bu savollarning barchasiga javobni puxta ishlangan huquqiy normalar orqali Konstitutsiyamizda aks ettirish davr taqozosidir”.
Yangilangan Konstitutsiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratishi lozim. Shu nuqtai nazardan, davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatining uchta bosqichini aniq belgilab berganini alohida qayd etish maqsadga muvofiqdir.
Birinchi bosqich — Konstitutsiyani o‘zgartirish bo‘yicha takliflarni qabul qilish, jamlash va tahlil qilishni tashkillashtirish. Konstitutsiyaviy komissiya takliflari asosida ishlab chiqilgan loyiha parlamentning Qonunchilik palatasiga taqdim etildi. Shu munosabat bilan Konstitutsiyaviy komissiya faoliyatining birinchi bosqichi yakuniga yetdi.
Ikkinchi bosqich — parlament tomonidan ishlab chiqilgan yangilangan Konstitutsiya loyihasini umumxalq muhokamasida ko‘rib chiqish. Bunday demokratik yondashuv “Konstitutsiyaning yagona manbai va muallifi — xalqdir”, degan tamoyilga to‘la mos keladi.
Uchinchi bosqich — umumxalq muhokamasi natijasida maromiga yetkazilgan Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini referendum o‘tkazish yo‘li bilan qabul qilish. Bu tom ma’noda, xalqimiz xohish-irodasining ifodasi — haqiqiy xalq Konstitutsiyasi bo‘ladi.
Zero, Konstitutsiyaviy komissiyaga yurtimiz taraqqiyotining yangi bosqichidagi islohot va talablarga mos ravishda Asosiy qonunimizni, eng muhimi, fuqarolarimiz xohish-irodasi va fikrini o‘rgangan holda, haqiqiy xalq Konstitutsiyasiga aylantirishdek mas’uliyatli vazifa yuklatildi. Konstitutsiyaviy komissiya tarkibidan turli kasb va soha vakillaridan iborat bo‘lgan tajribali 47 mutaxassis o‘rin oldi. Fuqarolar va tashkilotlarga o‘z takliflarini “Mening Konstitutsiyam” onlayn platformasi, mahallalar, xalq deputatlari Kengashlari, koll-markaz, pochta, jumladan, elektron pochta hamda telegram maxsus boti orqali yuborish uchun barcha imkoniyatlar yaratildi.
Xalq  Konstitutsiya ijodkori
Bugun xalqimiz, xalqaro hamjamiyat «Yangi O‘zbekistonga — yangilangan Konstitutsiya» lozimligini e’tirof etmoqda. Zero, har qanday islohot kuchli konstitutsiyaviy-huquqiy asosga tayansagina, ko‘zlangan ezgu maqsadga va ulug‘vor vazifalarga, samarali natijalarga erishadi. Huquqiy soha rivoji islohotlar shiddatidan ortda qolsa — bu jamiyat va davlat inqiroziga olib kelishi mumkinligini jahon davlatlari tarixidan ham ko‘rishimiz mumkin.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunda inson qadri ulug‘lanadigan yangi O‘zbekiston g‘oyasi — butun xalqimizning qalbidan chuqur joy olib, uni hayotga tatbiq etish umummilliy harakatga aylanib ulgurdi. Eng muhimi, xalqimizning dunyoqarashi, ertangi kunga, islohotlar natijasiga bo‘lgan ishonchi kuchaydi. Fuqarolarimiz yurtimiz va atrofimizdagi voqea-hodisalarning faol ishtirokchisiga aylanmoqda, ularning yurtimizdagi shiddatli demokratik o‘zgarishlarga daxldorlik hissi ortib, yuksalib bormoqda. Konstitutsiyaviy komissiya faoliyati, aholining turli qatlamlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, turli sohalarning ekspertlari, joylardagi mahallalar aholisi bilan uchrashuvlar bundan yaqqol dalolat bermoqda.
So‘nggi yillardagi islohotlar Prezidentimizning «Xalq — qonun ijodkori» g‘oyasining hayotiyligi va zamonamiz talabiga qanchalik mosligini ro‘y-rost namoyon qildi. Birgina misol: bugunga qadar Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasiga chiqarilgandan so‘ng 1 avgustga qadar 150 mingdan ortiq taklif kelib tushdi. Qonun loyihasi bo‘yicha umumxalq muhokamasi bosqichi tugallangan bo‘lishiga qaramay, fuqarolar hamda keng jamoatchilik tomonidan Konstitutsiyaning turli moddalarini takomillashtirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha shu kungacha 2,5 mingdan ortiq taklif yuborilgan bo‘lib, ayni paytda takliflar kelishi davom etmoqda hamda ular o‘rganilmoqda.
Eslatib o‘tish joiz, Konstitutsiyaviy komissiyaning xulosalari hamda qonunchilik tashabbusi huquqi asosida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi ishlab chiqilib, 2022 yil 21 iyun kuni parlament quyi palatasiga kiritildi. Ularning xulosalari asosida shu yil 24 iyun kuni Konstitutsiyaviy qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. “Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi to‘g‘risida”gi qonun hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining tegishli qaroriga asosan, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi joriy yil 25 iyundan 5 iyulga qadar umumxalq muhokamasiga qo‘yildi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi “Xalq so‘zi” gazetasi va “Meningkonstitutsiyam.uz” elektron platformasida e’lon qilindi. Konstitutsiyaviy islohotlarga xalqimiz va jamoatchilikning katta qiziqish bilan qaragani hamda fuqarolar tomonidan bildirilgan istaklardan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining tegishli qarorlariga muvofiq, Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi muddati ikki marotaba uzaytirilib, shu yil 1 avgust kuniga qadar davom ettirildi. Kelib tushgan takliflar mas’ul qo‘mitalar a’zolari tomonidan qator mezonlar asosida chuqur tahlil qilindi.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi mazmun-mohiyatiga ko‘ra, “inson — jamiyat — davlat”, “Yangi O‘zbekiston — ijtimoiy davlat” degan tamoyillarni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashga, xalqparvar davlat barpo etishga, inson huquqlari himoyasi va ijtimoiy muhofazasini kuchaytirishga qaratilgan.
Shu bois, “Jamiyat — islohotlar tashabbuskori” degan ezgu g‘oya doirasida Asosiy qonunimizda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va maqomi konstitutsiyaviy jihatdan mustahkamlanmoqda, oila institutini rivojlantirish, ezgu insoniy qadriyatlarimizni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish, millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha konstitutsiyaviy asoslar belgilanmoqda.
Bundan tashqari, farzandlarimiz yangi O‘zbekiston bunyodkorlari sifatida maydonga chiqayotgan bugungi kunda Bosh qomusimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini to‘la ta’minlash maqsadida yoshlar sohasidagi davlat siyosati, navqiron avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasi, ularning huquq va burchlari konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab qo‘yilmoqda.
Inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha amaldagi tizimning samarasini oshirish maqsadida Konstitutsiyaviy qonun loyihasida bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik, nogironlar, keksa avlod vakillarining huquqlarini ishonchli himoya qilish masalalari aks etmoqda, tabiatdagi global o‘zgarishlarni hisobga olib ekologiyaga oid maxsus boblar kiritilmoqda.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 20 iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan o‘tkazgan uchrashuvida ilgari surilgan muhim tashabbuslar konstitutsiyaviy islohotlarimizga yangicha mazmun-mohiyat olib kirdi. Chunonchi, Konstitutsiyaviy komissiya hamda parlament tomonidan ishlab chiqilayotgan qonun loyihasida insonning qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi o‘rinda turishi, islohotlarimiz zamirida inson qadrini ulug‘lashni nazarda tutuvchi me’yorlar aks ettirilishiga xizmat qildi.
Inson qadrini ulug‘lashning konstitutsiyaviy asoslari
Prezidentimiz inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va qonuniy manfaatlari masalasi bilan bog‘liq aniq takliflarini jamoatchilik e’tiboriga havola etdi. Eng avvalo, inson qadrini yuksaltirish haqiqatda davlat hokimiyati organlarining konstitutsiyaviy burchi va ustuvor vazifasi bo‘lmog‘i shart. Chunki inson —davlat va jamiyat uchun maqsadga erishish vositasi emas, aksincha, ana shu maqsadning bosh mazmuni va manbai hamda eng oliy qadriyat bo‘lishi lozim.
Konstitutsiyamizga “O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanadi”, degan yana bir muhim normani kiritish taklif qilindi. Nega deganda, “yashash huquqi — har bir insonning tabiiy huquqi. Ko‘plab davlatlarning Konstitutsiya va qonunlarida hamda inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlarda aks etgan “Miranda qoidasi”ga ko‘ra, shaxsni ushlash chog‘ida uning huquqlari va nima sababdan ushlangani sodda tilda tushuntirilishi shart.
Yana bir taklif — “Xabeas korpus” institutini rivojlantirish zaruriyati. Ya’ni shaxs sud qaroriga qadar ko‘pi bilan qirq sakkiz soatdan ortiq ushlab turilishi mumkin emas. Agar sud tomonidan shaxsni hibsga olish yoki unga nisbatan boshqacha turdagi ozodlikni cheklash haqida qaror belgilangan muddatda qabul qilinmasa, bunday shaxsni darhol ozod qilish kerakligi haqidagi normani ham Konstitutsiyada aks ettirish taklif etilmoqda. Konstitutsiyamizda “Shaxsning sudlanganligi va undan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklashga asos bo‘lishi mumkin emas”, deb qat’iy yozib qo‘yilishi kerakligi ta’kidlanmoqda.
Asosiy qonunimizda O‘zbekistonning har bir fuqarosi mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, turar yoki yashash joyini erkin tanlash huquqiga ega bo‘lishi, shuningdek, barcha fuqarolarga mamlakatdan to‘siqlarsiz chiqish va qaytish huquqi kafolatlanishi lozim. Har bir fuqaroning shaxsiy hayot daxlsizligi va uning kafolatlari aynan Konstitutsiya darajasida mustahkamlanishi kerak.
Mazkur takliflardan ko‘zlangan asosiy maqsad “Inson qadri uchun” g‘oyasini hamda hozirgi islohotlarimizning bosh tamoyili bo‘lgan “Inson — jamiyat — davlat” degan yondashuvni Konstitutsiyamizning mazmuniga chuqur singdirib, amaliy hayotimizda bosh qadriyatga aylantirishdir. Prezidentimiz aytganidek, “insonning qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi o‘rinda turishi kerak”.
O‘zbekiston – ijtimoiy davlat sari
Yangi O‘zbekistonning yangilanayotgan Konstitutsiyasiga “ijtimoiy davlat” iborasini kiritish taklif etilmoqda. Aslida “inson qadri” va “ijtimoiy davlat” tushunchalarini bir-biridan ayri tasavvur qilib bo‘lmaydi, ular bir-birini taqozo etadi va o‘zaro chambarchas bog‘liqdir.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, ijtimoiy davlat deganda, ko‘z oldimizga, eng avvalo, jamiyat hayotining ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa sohalarini tartibga solish, unda ijtimoiy adolat va hamjihatlik tamoyillarini o‘rnatish, ijtimoiy yo‘naltirilgan iqtisodiyotni taraqqiy ettirishga qaratilgan faol siyosat yuritish orqali inson qadri va uning rivojlanish imkoniyatlarini kengaytiruvchi, barcha fuqarolar uchun yuqori hayot va turmush darajasi, ijtimoiy himoyani ta’minlaydigan davlat keladi.
Odatda, ijtimoiy davlat aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allik va ishsizlikni bartaraf etish, fuqarolarning bandligi va daromadini doimiy o‘sib borishini ta’minlash, yosh tadbirkorlar va ayollar tadbirkorligiga ko‘maklashish, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ma’naviy-madaniy sohalarning barqaror rivojlanishiga erishish, ijtimoiy sug‘urta ta’minoti tizimini takomillashtirish, jamiyatda keskin ijtimoiy farqlanishga yo‘l qo‘ymaslik va ijtimoiy tengsizlikni yumshatish, imtiyozlarni qayta ko‘rib chiqish orqali barchaga munosib turmush sharoitlarini yaratish kabi vazifalarni bajaradi. Shu ma’noda, ijtimoiy davlat fuqarolik jamiyati institutlari va davlat tashkilotlari maqsadlarining yaqinlashishi va uyg‘unlashishini nazarda tutadi.
Xalqimiz va dunyo hamjamiyati bugun yurtimiz nafaqat ijtimoiy, balki adolatli jamiyat sari ildam qadam tashlayotganini alohida e’tirof etmoqda. Bunda fuqarolarning ijtimoiy huquqlarini ta’minlashning noyob tizimi yaratilgani, davlatning ijtimoiy mas’uliyati tobora ortayotgani, ijtimoiy himoyaga va moddiy yordamga muhtoj fuqarolarimizning hech biri nazardan chetda qolmayotgani, ayniqsa, pandemiya davrida yana bir bor namoyon bo‘lganiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu ma’noda, keng jamoatchilik “Yangi O‘zbekiston” — ijtimoiy davlat qoidasini Konstitutsiyamizda mustahkamlash lozim, deb bilmoqda va bu borada ham ko‘plab takliflar kelib tushmoqda. Ularda Konstitutsiyamizga, xususan, har bir shaxsning ishsizlikda, nogironlikda ijtimoiy ta’minot olish huquqiga egaligini belgilash, “eng kam iste’mol xarajatlari” tushunchasini kiritish, davlat ijtimoiy xizmatlar tizimini rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratishi, davlat pensiyalari, nafaqalari va ijtimoiy yordamning boshqa turlarini belgilash, davlat va jamiyat tomonidan yetim va ota-onalarining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarning sog‘lom va barkamol rivojlanishining ta’minlanishini belgilab qo‘yishga qaratilgan normalarni kiritishni so‘rashmoqda.
Bundan tashqari, Konstitutsiyada oila institutining konstitutsiyaviy asoslarini rivojlantirish, bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha normani aks ettirish, nogironligi bo‘lgan insonlar — jamiyatning to‘laqonli a’zolari, degan tamoyil negizida ularning konstitutsiyaviy huquq va kafolatlarini belgilab qo‘yish, tabiatdagi global iqlim o‘zgarishlari, Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq vaziyatning tobora keskin tus olayotganini nazarda tutgan holda, ekologik xavfsizlik yo‘nalishiga doir ekologik-huquqiy normalarni ifoda ettirish kabi takliflarning mustahkamlanishi ko‘zda tutilmoqda.
Xulosa sifatida qayd etish joizki, yangilanayotgan Konstitutsiya mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyasi, yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos va ishonchli kafolati bo‘lib xizmat qiladi.
                                                                                       Qutbiddin BURHONOV,
                                                                                  Oliy Majlis Senatining
                              Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi,
Konstitutsiyaviy komissiya raisi o‘rinbosari.

MANBA: insonhuquqlari.uz

Оставьте комментарий