Mahmudxoʻja Behbudiy (1875–1919)

DO`STLARGA ULASHING:

Mahmudxoʻja Behbudiy XX asr boʻsagʻasidaga Turkiston ijtimoiy-siyosiy harakatchiligining eng yirik namoyandasi, yangi davr oʻzbek madaniyatining asoschisidir. Turkiston jadidlarining tan olingan rahnamosi, mustaqil jumhuriyat gʻoyasining yalovbardori, yangi maktab gʻoyasining nazariyotchisi va amaliyotchisi, oʻzbek dramaturgiyasini boshlab bergan birinchi dramaturg, teatrchi, noshir, jurnalist. U tariximizning gʻoyat ogʻir va murakkab bir davrida yashadi. XVI asrdan boshlangan inqiroz va turgʻunlik, oʻzaro janjal, mahalliy urugʻchilik nizolari millatni holdan toydirgan, imkondan foydalanib oʻlkani zabt etgan Rusiya zoʻr berib, uni turgʻun va tutqun saqlashga urinardi. Mana shunday bir sharoitda Vatanni butunlay yoʻq boʻlish xavfidan saqlab qolish, avlodlarni erk va ozodlik, mustaqillik ruhida tarbiyalash, maʼrifat va taraqqiyotta boshlash jadidlar nomi bilan tarixga kirgan Behbudiy boshliq fidoyilar zimmasiga tushdi.
Turkistonda “Usuli jadid”, “Usuli savtiya” nomlari bilan shuhrat topgan yangi maktabni shular tashkil qilib, shular birinchi boʻlib zamonaviy maktab gʻoyasini ilgari surdilar. Ular oʻz hisoblaridan maktablar ochib, yosh avlodni istiklolga tayyorladilar, sheʼr va maqolalar, sahna asarlari orqali milliy ongni shakllantirishga, milliy gʻurur va iftixor tuygʻularini singdirishga urindilar. Rusiya qonunlari imkon bergan darajada Turkiston musulmonlarining shaʼnu shavkatini himoya qildilar, inqilob yillarida esa mustaqillik bayrogʻini baland koʻtardilar.
Mahmudxoʻja Behbudiy mana shu Turkiston jadidchilik harakatining asoschisi, boshlab beruvchisi edi. U 1875 yilning 19 yanvarida Samarqand yaqinidagi Baxshitepa qishlogʻida, ruhoniy oilasida dunyoga kelgan. Otasi Behbudxoʻja Solihxoʻja oʻgʻli turkistonlik, Ahmad Yassaviyning avlodlaridan, ona tomonidan bobosi Niyozxoʻja urganchlik boʻlib, amir Shohmurod zamonida (1785–1800)Samarqandga kelib qolgan. 1894 yilda otasi, imom-xatiblik bilan shugʻullanib kelgan Behbudxoʻja vafot etadi. Yosh Mahmudxoʻja togʻasi qozi Muhammad Siddiq tarbiyasi va qaramogʻida oʻsib voyaga yetadi. Arab sarfu nahvini kichik togʻasi Mulla Odildan oʻrganadi. 18 yoshida qozixonada mirzolik qila boshlaydi. Oʻz ustida qunt bilan ishlab, shariatning yuksak maqomlari – qozi, mufti darajasigacha koʻtariladi. Yosh Mahmudxoʻja dunyoqarashining shakllanishida Rusiya jadidchilik harakatining asoschisi Ismoilbek Gasprinskiyning xizmati katta boʻlgan. U 1892 yilda Turkistondagi maktablarni isloh kilish, “usuli savtiya”ni joriy etish taklifi bilan general gubernator N. O. Rozenbaxga murojaat etadi. Javob olmagach, 1893 yilda oʻzi Toshkentga keldi. Samarqand, Buxoroda boʻldi. Mahalliy xalq bilan gaplashib, dastlabki yangi usul maktablarni ochishga muvaffaq boʻldi. Behbudiy oʻz xotiralarida ustozi bilan uchrashuvlarini ixlos va muhabbat bilan tilga oladi.
1899–1900 yillarda Behbudiy haj safariga boradi. Dunyo koʻrish izsiz ketmaydi. Safar yangi maktab haqidagi qarashlarini mustahkamlaydi. Uning tashabbus va gʻayrati bilan 1903 yilda Samarqand atrofidagi Halvoyi (S. Siddiqiy), Rajabamin (A. Shakuriy) qishloqlarida yangi maktablar tashkil topdi. Adib bu maktablar uchun darsliklar tuzishga kirishadi. Ketma-ket “Risolai asbobi savod” (1904), “Risolai jugʻrofiyai umroniy” (1905), “Risolai jugʻrofiyai Rusiy” (1905), “Kitobatul-atfol” (1908), “Amaliyoti islom” (1908), “Tarixi islom” (1909) kabi kitoblari paydo boʻladi.
1903–1904 yillarda Maskov, Peterburgga boradi, 1907 yilda Qozon, Ufa, Nijniy Novogorodda boʻladi. Bular sayohat emas, xizmat safari edi. Masalan: Nijniy Novogorodda 1907 yilning 23 avgustida Rusiya musulmonlarining turmush va madaniyati muammolariga bagʻishlangan qurultoyi chaqiriladi. Behbudiy turkistonliklar guruhini boshqaradi va katta nutq soʻzlaydi.
Maʼrifat uchun birgina maktab kifoya qilmaydi. Zamon va dunyo voqealari bilan tanishib bormoq kerak. Millat va Vatanning ahvolidan, kundalik hayotidan ogoh boʻlmoq lozim. Millat uchun oyna kerak, toki undan oʻz qabohatini ham malohatini ham koʻra olsin.
Mana shu ehtiyoj va zarurat Behbudiyni teatr va matbuotga boshladi. “Padarkush” dramasi shu tariqa maydonga keldi. Biroq uning dunyo koʻrishi oson kechmadi. “Padarkush” dramasi 1913 yildagina bosilib chiqadi. Kitob jildiga “Borodino jangi va Rossiyaning fransuzlar bosqinidan xalos boʻlishining yubiley sanasiga bagʻishlanadi” degan yozuv bilan Tiflis senzurasidan ruxsat olinadi. Bosilib chiqqandan keyin ham sahnaga qoʻyish uchun yaqin bir yil vaqt ketadi.
“Padarkush” – oʻzbek dramachiligining hamma yakdil eʼtirof etgan birinchi namunasidir. Mutaxassislar uni ham janr, ham mazmunga koʻra yangi oʻzbek adabiyotini boshlab bergan bir asar sifatida baholaydilar. Muallif “Milliy fojia” atagan 3 parda 4 manzarali bu drama hajman ixcham, mazmunan nihoyatda sodda va joʻn edi. Oʻqimagan bolaning buzuq yoʻllarga kirib oʻz otasining oʻldirgani, nodonlik va jaholat haqida edi.
“Padarkush” dastlab Samarqandda 1914 yilning 15 yanvarida sahnaga qoʻyidsi. Spektakl oʻz maishatiga oʻralib, dunyoni unutgan millatdoshlarga chakmoqdek taʼsir etdi. U Toshkentda 1914 yilning 27 fevralida qoʻyildi.
Avloniyning “Turon” gruppasi Kolizey (Hozirgi savdo birjasi binosi)da oʻz faoliyatini mana shu “Padarkush” bilan boshlangan edi. Spektakl boshlanish oldidan Munavvarqori teatrning jamiyat hayotidagi oʻrni haqida nutq soʻzlaydi. Bosh rolni A. Avloniyning oʻzi ijro etadi. Mahalliy matbuot bu kunni “tarixiy kun” deb yozadi. “Turon” gruppasi 1914–1916 yillarda bu spektakl bilan butun Fargʻona vodiysini aylanib chikdi. Turkistonni junbushga keltirgan qirgʻinbarot inqilob yillarida ham sahnadan tushmadi. Bu bir tomondan millatni maʼrifat va taraqqiyot sari undashda katta ahamiyatga ega boʻlsa, ikkinchi tomondan professional oʻzbek teatri va dramachiligining maydonga kelishi hamda taraqqiyotida muhim xizmat qildi.
Bu asarning oʻz davrida adabiy harakatchilikka yetkazgan taʼsiri haqida qaydlar koʻp. Buning shohidi sifatida Abdulla Qodiriyning 1913 yillarda chiqqan “Padarkush” pʼyesasi taʼsirida “Baxtsiz kuyov” degan teatr kitobini yozib yuborganimni oʻzim ham payqamay qoldim, degan eʼtirofini eslash kifoya. 1916 yilda Toshkeshta kelib Kolizeyda “Turon”ning qator spektakllarini koʻrgan A. N. Samaylovich yozadi: “Turkistonda yangi adabiyot maydonga keldi. Bu men uchun kutilgan hol edi… Yangi adabiyotning markazi – Samarqand… Yesh qalamkashlarning bosh ilhomchisi samarqandlik mufti Maxmudxoʻja Behbudiydir”.
1913 yildan Behbudiy matbuot ishlari bilan shugʻullandi. Apreldan “Samarqand” gazetasini chiqara boshladi. Gazeta turkiy va forsiy tillarda, haftada ikki marta, dastlab ikki, soʻng toʻrt sahifada chop etilgan. 45-soni chiqib, moddiy tanqislik tufayli toʻxtagan. Soʻng Behbudiy shu yilning 30 avgustidan “Oyna” jurnalini chiqara boshlaydi. “Haftalik, suratlik bu majalla, asosan, oʻzbek tilida boʻlib, unda ixcham forsiy sheʼr, maqolalar, ruscha eʼlonlar ham berib boriladi… Kavkaz, Tatariston, Eron, Afgʻoniston, Hindiston va Turkiyagacha tarqalar edi… Jadidlarning sevikli jurnallari edi…” deb yozgan edi Ziyo Said.
Behbudiy shu yillari nashr ishlari bilan qizgʻin shugʻullandi. A. V. Pyaskovskiy uning oʻz bosmaxonasida Fitratning “Bayonoti sayyohihindi” asarini 1913 yildaruschagatarjimaqildirib, nashr etganini xabar beradi…
1914 yilning 29 mayida Behbudiy ikkinchi bor arab mamlakatlariga sayohatga otlanadi. Poyezdga oʻtirib Bayramali orqali Ashxobodga oʻtadi. Krasnovodsqdan paraxod bilan Bokuga boradi. 2 iyunda Mineralniye vodi-Kislovodsk-Pyatigorsk, Jeleznovodsk-Rostov-Odessani kezib, 8 iyunda Istanbulga kirib keladi. Kichik sayohatdan soʻng Istanbulga qaytib, 21 iyunda suv yoʻli bilan Quddusga yoʻl oladi. Bayrut, Yofa, Xalil ar-Rahmon, Port Said, Shom shaharlarini tamoshaqiladi… Sayohatxotiralari har jihatdan gʻoyat muhim boʻlib, Behbudiy ularni oʻz jurnali “Oyna”ning 1914 yil sonlarida mazkur nom ostida peshma-pesh berib boradi. Bu “Xotiralar” ham maʼrifiy, ham adabiy estetik jihatdan nihoyatda muhim. U adabiyotimizdagi anʼanaviy tarixiy meʼmuar janrining XX asr boshidagi oʻziga xos namunasidir.
“Oyna” jurnali maʼrifat va madaniyat tarqatishda juda katta xizmat qildi. Unda millat va uning haq-huquqi, tarixiga, til-adabiyot masalalariga, dunyo ahvoliga doir qizikarli maqolalar, bahslar berib borilgan. Ayniqsa, til masalasi muharrirning hamisha diqqat markazida turdi. Behbudiy millatning taraqqiysi uchun bir necha til bilishni shart hisoblardi. Jurnalning 1913 yil 13 avgust birinchinishona sonidayoq “Ikki emas, toʻrt til lozim” degan maqola bilan chiqqan edi.
Behbudiy adabiy tanqidga katta eʼtibor berdi. Navoiydan keyingi bir necha asrlik sukunatdan soʻng bu sohaning xos xususiyatlarini taʼkidlab adabiyotda tenghuquqlilik masalasini oʻrtaga qoʻydi. Maqola “Tanqid saralamoqdur” (1914 y. 27-son) deb nomlangan edi. Adibning barcha tarixiy-ilmiy mavzudagi maqolalari oʻtmishga kamoli ehgirom va eʼtiqod bilan yozilgan.
Behbudiy millat oʻzini anglagandagina ijtimoiy-siyosiy masalalarni boshqalar bilan teng muhokama eta oladi, degan fikrda boʻldi. Shuning uchun ham tarixga alohida eʼtibor berdi.
Umuman Behbudiyning publitsist sifatida faoliyati adib isteʼdodini juda yorqin bir qirrasini tashkil etadi. U oʻz umri davomida yuzlab maqolalar yozdi. Oʻzining Millat va Vatan, jamiyat va axloq haqidagi fikrlarini koʻproq maqola va chiqishlarida ifoda etdi. Baʼzilar uning maqolalari 200, boshqalar 300 deb belgilaydilar. Uning barcha maqolalari aniqlab chiqilmagan. Muhimi shundaki, u XX asr boshidagi Turkistonning yirik siyosiy arbobi edi. Uning Millat va Vatan taqdiri haqidagi barcha qarashlari, avval, mana shu maqolalarida aks etgan edi. Bu jihatdan, uning 1906 yil 10 oktyabrda “Xurshid” (6-son) gazetasida bosilgan “Xayrul umuri avsotuho” (“Ishlarning yaxshisi oʻrtachasidur”) maqolasi diqqatga sazovordir. Bu maqola uzoq yillar Sovet tarix fani nuqtai nazaridan baholanib, Behbudiyni qoralash uchun nishon boʻlib keldi. Gap shundaki, Behbudiy oʻsha 1906 yildayoq sotsialistik taʼlimotni va uni Rusiyada amalga oshirishga bel bogʻlaganLenin partiyasini keskin rad etgan edi. U ham ustozi I. Gasprinskiy kabi sotsializmni zoʻrovonlik hisoblaydi, sotsial tenglikni adolatsizlik deb bildi. Shaxs manfaatdorligida, millat ravnaqida taraqqiyotning buyuk omilini koʻrdi. Xuddi shu eʼtiqod uni Turkistonning mustaqilligi uchun kurashga yetakladi.
Vatan takdiri kun tartibiga qoʻyilgan 1917 yilning 16–23 aprelida Behbudiy Toshkentda boʻlib oʻtgan Turkiston musulmonlarining 150 vakili ishtirok etgan qurultoyida hayajonli nutq soʻzladi. Millatni oʻzaro ixtiloflardan voz kechishga, buyuk maqsad yoʻlida birlashishga, ittifoq boʻlishga chaqirdi. Xuddi shu ixtilofimiz sababli “mustamlakot qoidasi ila bizni idora eturlar” deb ochiq aytdi.
Shu yilning 26 noyabrida Qoʻqonda oʻlka musulmonlarining IV favqulodda qurultoyi ish boshladi. 27 noyabrga oʻtar kechasi “Turkiston muxtoriyati” eʼlon qilindi. Bu mustamlakadan mustakillik tomon qoʻyilgan jiddiy va jasoratli qadam edi. Uning maʼnaviy otasi, shuhbasiz, Behbudiy edi. Biroq u Sovetlar tomonidan xoinona bostirildi. 19–20 fevral kunlari shahar toʻpga tutildi. 10 ming turkistonlik oʻldirildi, 180 qishloqqa oʻt qoʻyildi.
Behbudiy iztirob bilan Samarqandga qaytadi. U yerda tura olmay, Toshkentga keladi. Turkiston rus sovet hukumati rahbarlari bilan muzokara olib borishga urinadi. Tabiiyki, muzokaralar natija bermaydi. Millatni, milliy taraqqiyotni inkor etgan shoʻrolar yoʻli aldov va zoʻravonlikka asoslanganini bilardi. Shuning uchun ham uni 1906 yildayoq aql va shariatga zid deb eʼlon qilgan edi.
Orzulari chil-chil boʻlgan Behbudiy 1919 yilning bahorida, 25 martda parishon holda yoʻlga chiqadi va Shahrisabzda qoʻlga olinib, taxminan ikki oy oʻtgach, Qarshiga keltirib zindonga tashlandi. Bir necha kundan soʻng Qarshi begi Togʻaybekning buyrugʻi bilan zindon yaqinidagi “podsholik chorbogʻi”da oʻldirilgan. Uning qatli haqidagi xabar oʻsha paytdagi poytaxtimiz Samarqandga rosa bir yildan keyin maʼlum boʻldi. 1920 yilning aprelida butun Turkiston motam tutdi.
1926–27 yillarda, 11 yil Qarshi shahri Behbudiy nomi bilan yuritildi. Adibning nomini adabiylashtirilishi shunchaki bir niqob edi, uning asl qiyofasi xalqdan sir saqlandi. Qarshi shahriga uning nomi qoʻyilgan oʻsha 1926 yildayoq jadidchilikni aksilinqilobiy, aksilshoʻraviy harakat sifatida qoralash kampaniyasi boshlab yuborilgan edi.
Bugun Behbudiy kabilar muqaddas tutgan yurt ozod va mustaqil boʻldi. Ular jon fido etgan istiqlol avlodlariga nasib etdi. Millat va Vatan mustaqilligi yoʻlida fido boʻlganlar esa shu Millat va Vatan umri qadar boqiydirlar.

“Maʼnaviyat yulduzlari” (Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, Toshkent, 1999) kitobidan olindi.

14 комментариев к “Mahmudxoʻja Behbudiy (1875–1919)”

  1. Уведомление: good dumps 101 store

  2. Уведомление: le blog suivant

  3. Уведомление: เงินด่วน

  4. Уведомление: sbobet

  5. Уведомление: sbobet

  6. Уведомление: Achieving financial freedom

  7. Уведомление: 토토휴게소

  8. Уведомление: 다시보기

  9. Уведомление: unicvv

  10. Уведомление: mushroom growing kits psilocybin oregon​

  11. Уведомление: check it out

  12. Уведомление: แทงหวย

  13. Уведомление: read here

  14. Уведомление: click this over here now

Комментарии закрыты.