Nervlar xastalanishi

DO`STLARGA ULASHING:

Nervlar va nerv chigallarining zararlanishlarini keltirib chiqaradigan sabablar turlicha. Koʼpincha gripp, brutsellyoz, revmatizm, sil bilan ogʼriganda, har xil kimyoviy moddalardan zaharlanganda yoki qand kasalligi, travmatik holatlar, moddalar almashinuvining buzilishi tufayli ichki zaharlanish roʼy berganda nervlar zararlanadi. Bundan tashqari, turli jarohatlar (qisilish, tortilish, uzilish) oqibatida ham nervlar yoki nerv chigallariga shikast yetishi mumkin. Xastalik yuzaga chiqqanda qattiq ogʼriq kuzatiladi. Zararlangan sohada harakat qilish qiyin lashadi, sezuvchanlik ham pasayadi.
Oyoq-qoʼllar nervlari sohasida turli shikastlar uchraydi. Masalan, tirsak nervi shamollaganda asosan qoʼl panjalarida ogʼriq kuzatiladi. Bunda bemor qoʼl panjalaridagi nomsiz barmoq va jimjiloqni bukishga qiynaladi, barmoqlarni bir-biriga yaqinlashtira olmaydi, hatto jimjiloqni bosh barmoqqa tekkiza olmayotganidan shikoyat qiladi. Bemor tekshirib koʼrilganda uzoq vaqt davomida zararlangan tomondagi qoʼl panjasi “qush panjasi”ga oʼxshaydi. Kaft qismidagi mushaklar atrofiyalangani (ozib, kichraygani) qayd etiladi.
Son nervi zararlanganda bemor oyogʼini bukolmaydi, son oldidagi mushaklar oriqlab ketadi. Bemor turganda yoki yurganda ogʼriq kuchayadi, badanida jimirlashni sezadi. Аyniqsa, sonning old qismida ogʼriq davomli boʼladi.
Quymich nervi yalligʼlansa bemor oyoq panjasi osilib qolayotgani, oyogʼining tizza boʼgʼimini bukolmay, yurishi qiyinlashayotganidan noliydi. Tekshiruvda sonning orqa tomonidagi boldir mushaklari oriqlagani seziladi. Xuddi shu joyda sezgi ham yoʼqoladi, bora-bora zararlangan joyda ogʼriq paydo boʼladi.
Katta boldir nerviga zarar yetsa bemor hatto oyoq panjalarini ichkariga ham buka olmaydi. Oyoq panjasining ostida va boldirning orqa qismida sezuvchanlik kamayadi yoki yoʼqoladi, shu joyda ogʼriq kuchayadi.
Yuz nervi zararlanishida shamollash, sovqotish, infektsion kasalliklarga chalinishning asorati katta. Bunda yuz nervi qisiladi, uning qon bilan taʼminlanishi buziladi, tana harorati sal koʼtariladi. Tinch holatda yuzning oʼng va chap tomoni bir xil emasligi qayd qilinadi.
Zararlangan tomonda peshona burmalari silliqlangan, koʼz oraligʼi keng, burun-lab burmalari va ogʼiz burchagi pastga tushgan boʼladi. Аyni vaqtda bemor qoshini koʼtarolmaydi, koʼzi ham yumilmaydi. Yuz ifodasi xuddi haykalnikiday qotib turadi, hatto imo-ishoralar ham sezilmaydi.
Qattiq ovqat yeganda ovqat lunj bilan milk orasida qoladi, suyuqlik ogʼizdan oqib tushadi, bemorning koʼz yoshi bezi xaltasi yopilib turmaganligi sababli koʼzdan tinmay yosh oqadi. Shuningdek, tilning oldingi qismida taʼm bilish xususiyati yoʼqoladi. Bundan tashqari, yuz mushaklarining bir necha daqiqa davomida ogʼriqsiz qisqarishi kuzatiladi.
Nerv chigal va ildizchalari zararlanishlari koʼpincha qattiq terlagan holda sovuq havoga chiqish, nerv tolalarining shamollashlari oqibatida kelib chiqadi. Masalan, boʼyin ildizchalari zararlaganda birdaniga boʼyin sohasida ogʼriq turib, harakat yoʼqoladi. Bemor ogʼriq qoʼzgʼalgan joyni asta-sekin uqalashi zarur. Keyin esa, albatta, shifokorga murojaat etish lozim. Nerv va nerv chigallaridagi kasalliklarni davolash vrach nazoratida olib boriladi. Bemorga fizioterapiya muolajalari qoʼllaniladi. Fizkulьtura, uqalash yaxshi yordam beradi.
Periferik nerv tizimi qaysi qismi zararlanishiga qarab bemorga tashxis qoʼyiladi. Masalan, nerv chigali kasalligi pleksit deyiladi. Orqa miyadan chiqadigan ildizchalar kasalligi – radikulitdir. Bitta yoki bir qancha periferik nervlar kasalligi – nevrit yoki polinevritlar deyiladi. Bular bir-biridan alomatlari va kechishi jihatdan farqlanadi.
Pleksit (nerv chigallarining zararlanishi) ayniqsa koʼp uchrab, u yelka chigali yalligʼlanishiga aloqador boʼladi. Yelka chigali yuza joylashgani (oʼmrov suyagining ustki, pastki qismida va qoʼltiqda paypaslab bilish mumkinligi) sababli bu kasallik tez-tez uchrab turadi.
Yelka pleksiti turli infektsiyalar, shikastlanishlar, chaqaloqlarda esa tugʼruq jarayonida yelkasining shikastlanishi oqibatida kuzatiladi. Bunda anatomik tuzilishiga koʼra, yelka chigali qattiq zararlanadi, kasallikka boʼyin nervi chigali ham qoʼshilib kelishi mumkin. Pleksit odatda toʼsatdan boshlanadi. Qoʼl va oyoqlar bezillab ogʼriydi, qoʼl mushaklarida sezuvchanlik buziladi. Аyniqsa, bilak va qoʼl panjasi sohasida ogʼriq kuchayadi.
Bemor yelka boʼgʼimida qoʼlini koʼtara olmaydi, tirsak boʼgʼimida esa qoʼlini bukolmaydi. Yelka mushaklari, qoʼlning yuqori mushaklari koʼproq zararlanadi. Tirsakni bukuvchi, yozuvchi paylar zaiflashadi. Bu sohada sezuvchanlik butkul yoʼqolishi mumkin. Zarar koʼrgan qoʼlning yuqori qismi ham, yelka ham qattiq ogʼriydi. Oʼmrov suyagi ustki va pastki chuqurchalari hamda qoʼltiq paypaslaganda ogʼriq seziladi. Ogʼriqni sezish yelkaning yuza qismida, qoʼlning esa yuqori qismi tashqarisida pasayadi yoki mutlaqo yoʼqoladi.
Yelka chigali pastki qismining falajlanishi qoʼl panjasida koʼproq kuzatiladi. Qoʼl panjasi barmoqlarini bukish, yozish qiyin lashadi. Qoʼl panjalarining ichki-tashqi qismi mushaklari boʼshashib qoladi. Ogʼriq qoʼl panjalarida, barmoqlarda boʼladi. Аgar yelka chigali butkul zararlansa, zararlangan tomonda mushaklarning oriqlashi, gipertoniyasi, shu qoʼlda sezuvchanlikning pasayishi, butkul yoʼqolishi kuzatiladi.
Orqa miya nervida hosil boʼladigan boʼyin, bel, dumgʼaza chigallarining zararlanishlari ham ahyon-ahyonda sodir boʼlib turadi. Demak, bemor eng avvalo nerv tomirlari zararlanishidan oʼzini ehtiyotlashi kerak. Togʼay toʼqimalari faoliyatini tiklaydigan preparatlar va suyaklarni mustahkamlovchi dorilar (kalьtsilin, kalьtsiy), shuningdek manual terapiya muolajalari va igna sanchib davolash ham kasallikni bartaraf etishda hamda nerv yalligʼlanishlarini tuzatishda muhim vosita sanaladi.
Kasallikning oldini olishda quyidagi mashqlarni sekin-asta bajarishingiz mumkin:
1. Polga yuztuban yoting, ikkala qoʼlni qanot qilib, orqaga tomon kamondek egiling.
2. Oyoqlaringizni juftlang, bir oyogʼingizni uchi bilan orqaga qoʼying. Аyni vaqtda qoʼllaringiz kaftini pastga qaratib oldinga koʼtaring. Egilib turing, soʼngra qoʼllaringizni ikki tomondan ohista pastga tushiring. Bu mashqni bir necha bor qaytaring, shunda qoʼl, tirsak va yelka nervi chigallari harakatlanuvchi qismlarida qayishqoqlik kuchayadi, bu mashqlardan soʼng mushaklar chiniqadi.
3. Oyoqlaringizni juftlab, tik turing. Qoʼllaringizni pastga tushirgan holda badantarbiya tayoqchasini ushlab oling. Tayoqni bosh uzra baland koʼtargan koʼyi asta-sekin egiling. Soʼngra tayoqchani ohista tushiring va tepaga koʼtaring.
4. Oyoqni yelka kengligida qoʼying. Bir qoʼlni yuqoriga koʼtarib, tanani qarama-qarshi tomonga engashtiring. Bu harakatni ikkinchi qoʼl bilan ham takrorlang.
5. Stulda oʼtirib suyanchiqqa suyaning, qoʼllaringizni pastga tushiring, mushaklaringizni boʼshashtiring, keyin qoʼllaringizni ikki tomonga keng yozib egiling, shoshmasdan qoʼllaringizni koʼkrak ustida chalishtiring, qorningizni ichingizga torting, boshingizni eging.
6. Stul chetida oʼtirib qoʼllaringizni tana boʼylab tushiring, soʼng qoʼllaringiz kaftlarini yuqoriga qaratib, ikki tomondan gorizontal holatda koʼtaring. Egilib nafas chiqaring va nafas oling.
7. Oʼng qoʼl va chap qoʼlni galma-galdan oldinga choʼzib, ayni vaqtda oʼsha oyoqni yigʼib, pol yuzasida emaklang.
Mashqlar mushaklarni chiniqtiradi, nervlar faoliyati izga tushadi, qayishqoqlik ortadi. Umuman, kishilar qirq besh yoki ellik yoshlardan soʼng nerv zararlanishlarini koʼp marta boshdan oʼtkazadilar, ayniqsa pleksit oqibatida azob tortishadi. Shuning uchun ham davolovchi mashqlarni bajarib turish, zarur vitaminlarni oʼz vaqtida qabul qilish va yilda bir marotaba shifoxonada yotib davolanish orqali bunday kasalliklarga barham berish mumkin boʼladi.
Marhamat YoQUBOVА,
nevropatolog shifokor,
tibbiyot fanlari doktori.

3 комментария к “Nervlar xastalanishi”

Оставьте комментарий