Nutqning uslubiy shakllari. Nutq uslublari madaniyatiga munosabati

DO`STLARGA ULASHING:

Nutqning uslubiy shakllari. Nutq uslublari madaniyatiga munosabati
                                       Reja:
  1. Uslubshunoslik fani haqida.
2.Uslub turlari.
3.Nutq uslublari madaniyatiga munosabati .
 
 Tayanch so`z va iboralar : Uslub, uslubshunoslik, vazifaviy uslubshunoslik, yo‘nalishlar, tasnifdagi omillar, lingvistik, ekstralingvistik, vazifaviy uslublar turlari, rasmiy, ommabop, ilmiy, badiiy, so‘zlashuv;
         O‘zbek tilshunosligining nisbatan yangi sohasi sanaladigan stilistika – uslubshunoslik til birliklarining aloqa vositasi sifatida muomala jarayonida turli soha va vaziyatda qo‘llanishi, nutqni tashkil qilish qonuniyatlari, til tizimidagi barcha vositalarning nutq jarayonidagi imkoniyatlari va ma’no nozikliklarini aniqlash bilan shug‘ullanadi. «Stilistika – tilda mavjud bo‘lgan barcha vositalar – leksik, grammatik, fonetik vositalardan nutqda qanday foydalanish zarurligini, ma’lum bir tipdagi forma, so‘z va konstruksiyalardan qaysi birini qo‘llash muvofiq ekanini, yaxshi va eng muvofiq vositasini tavsiya etadi, norma qilib belgilaydi, nutqning turli stilistik qatlamlarida qo‘llanadigan vositalarni belgilab beradi. Shunga ko‘ra, stilistika so‘z san’ati, ifoda vositalar haqidagi alohida bir fandir».
       Tildagi ana shunday muammolar bilan shug‘ullanadigan uslubshunoslikning quyidagi yo‘nalishlari mavjud:
  1. Tilning leksik resurslarini o‘rganuvchi yo‘nalish.
  2. Funksional stilistika – vazifaviy uslubshunoslik.
  3. Badiiy adabiyot uslublari.
  4. Amaliy uslubshunoslik.
       Mavzu nuqtai nazaridan bu o‘rinda bizni vazifaviy us­lubshunoslik qiziqtiradi. Kishilar o‘z ijtimoiy faoliyatlarida tildagi barcha vositalardan – fonetik, grammatik, leksik, frazeologik birliklardan foydalanganlarida, avvalo ularni o‘z ehtiyojlaridan kelib chiqib, nutq mavzusiga, vaziyatga qarab tanlaydilar va qo‘llaydilar. Tilimizdagi vositalaming bir nechalab ko‘rinishlarga ega bo‘lishi, sinonimik rang-baranglik shunday yo‘l tutishga imkon beradi. Mana shu tanlash nutq jarayonida til birliklarining o‘ziga xos uslubiy chegaralanishini taqozo qiladi. Til birliklarini ijtimoiy muhitda tanlab ishlatish zarurati va ularni tilshunoslikda ilmiy-amaliy tahlil qilish uslubshunoslikda yangi sohani – vazifaviy uslubshunoslikni vujudga keltirdi.
       O‘zbek tili uslublarini vazifaviy jihatdan tasnif qilish ikki omilga – til va tildan tashqarida  bo‘lgan omillarga tayanadi. Bu uslublarning N. A. Baskakov, A. Sulaymonov, A. Shomaqsudov, G‘. Abdurahmonov, B.O‘rinboyev, S. Muhamedovlar tomonidan tavsiya etilgan variantlari mavjud bo‘lib, ularda asosan beshta uslub – so‘zlashuv, ommabop, ilmiy, rasmiy va badiiy uslublar e’tirof etiladi.
     Ular haqida bilimga ega bo‘lish o‘quvchilarga ona tilimizning nutq jarayonidagi imkoniyatlarini o‘rganishga ko‘maklashadi.
     Rasmiy uslub hozirgi o‘zbek tilining davlat-ma’muriy, huquqiy muassasalarida, rasmiy diplomatik munosabatlarida namoyon bo‘ladigan ko‘rinishidir. Qonun matnlari, farmonlar, farmoyishlar, buyruqlar, xullas barcha rasmiy ish qog‘ozlari ana shu uslubda shakllanadi. Bu usluhning og‘zaki va yozma ko‘rinishlari, binobarin, ushbu ko‘rinishlarning o‘z me’yorlari mavjud.
       Jumladan, aniqlik. Ushbu uslubda shakllangan matnda noaniqlikka, izohtalab o‘rinlarga yo‘l qo‘yilmasligi lozim. Fikr va mazmun sodda, aniq va tushunarli tilda bayon qilinishi kerak: Ozbekiston Respublikosida davlat hokimiyati xalq manfaatlarini kozlab va Ozbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda uning asosida qabul qilingan qonunlar vakolat beradigan idoralar tomonidangina amalga oshiriladi. (OzR Konstitutsiyasi, 7-modda).
        Qolip. Fikr-mulohaza, bayon asosan bir qolipda ifodalanadi. Solishtiramiz: Ozbek milliy madaniyati rivojiga ulkan hissa qoshgan marhum adabiyot va san’at namoyandalarini mukofotlash togrisida.
       Betakror iste’dodi va o‘lmas ijodiy merosi bilan ozbek milliy madaniyauning rivojiga beqiyos hissa qoshgan, butun hayotini el-yurt taraqqiyoti, xalqimiz ma’naviyatining yuksalishiga baxsh etgan vatandoshlarimizning xotirasini yod etib, ularning Vatan oldidagi unitilmas xizmatlarini inobatga olib, quyidagi marhum adib va san’atkorlar «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlansin (OzR Prezidentining 2001 yil 22 avgust Farmonidan).
       O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligi e’lon qilinganligining on yilligi munosabati bilan amnistiya togrisida.
      Ozbekiston Respublikasi Mustaqilligi e’lon qilinganligining o‘n yilligi munosabati bilan insonparvarlik tamoyiliga amal qilib, Ozbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 93-moddasining 20-bandiga asosan qaror qilaman (O‘zR Prezidentining 2001 yil 22 avgust Farmonidan).
       Shu tarzda ariza, qaror, bildirishnoma, ma’lumotnoma, shartnoma, tabriknoma singari turli xarakterdagi rasmiy hujjatlarning har birining o‘ziga xos bayon etish qolipi bo‘ladi. Ayni paytda, ularning har birining alohida so‘z va turg‘un birikmalari ham mavjud bo‘ladi, Masalan, huquqiy hujjatlar matniga ko‘z yugurtirsak, ularda boshqa vazifaviy uslublarda deyarli uchramaydigan atamalarga duch kelamiz: ma’muriy javobgarlik, fuqarolik holati, fuqarolik javobgarligi, aybdor, gumonlanuvchi, jabrlanuvchi, sudlanuvchi, guvoh, jamoat kafilligi, surishtiruv, jabrlanuvchi bilan yarashuv va boshqalar.
       Ish qog‘ozlari va hujjatlarning xilma-xilligiga qarab ularga oid atamalarning me’yorlashuvi va chegaralanuvi ham kuzatiladi. Qiyos uchun diplomatik munosabatlar doirasidagi so‘z va iboralarga ko‘z yugurtiraylik: ahdlashuvchi oliy tomonlar, elchi, elchixona, muxtor elchi, muxtor vakil, ishonchli vakil, nota, ratifikatsiya, shartnoma, bayonot, qo‘shma bayonot, deklaratsiya, tashrif, qarorgoh   kabilar.
       Ushbu uslub uchun jargonlar, oddiy so‘zlashuvga xos so‘zlar, emotsional-ekspressiv bo‘yoqqa ega bo‘lgan so‘zlarning ishlatilishi me’yor sanalmaydi va shu jihati bilan boshqa uslublardan keskin farq qiladi.
         Rasmiy uslubning grammatik me’yori ham alohida xususiyatlarga ega. Masalan, ot so‘z turkumiga oid so‘zlar ko‘p ishlatiladi. Noaniqliklarga yo‘l qo‘yilmaslik maqsadida ular olmoshlar bilan almashtirilmaydi: Ozbekiston Respublikasi oz taraqqiyot yolini, oz nomini aniqlaydi, oz davlat ramzlarini: gerbi, bayrogi, madhiyasini ta’sis etadi, oz davlat tilini belgilaydi. Ozbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining ramzlari muqaddasdir (1991 yil 31 avgustda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida»gi Qonunning 16-moddasidan).
       Bu uslubda fe’lning harакаt nomi shakli faol qo‘llaniladi, gapning kesimi ko‘pincha hozirgi zamonning majhul nisbatida ifodalanadi, hujjatning xarakteriga qarab shart mayli shakliga tez-tez murojaat etiladi. Masalan, «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining mutlaq vakolatlari» haqidagi 78-moddasida ozgartish va qoshimchalar kiritish, qabul qilish, belgilash, tasdiqlash, tartibga solish, ozgartirish, joriy qilish, komissiyasini tuzish, saylov kunini tayinlash, saylash, ozod etish, ratifikatsiya qilish, ta’sis etish, amalga oshirish singari fe’lli birikmalar ishlatilgan. Ushbu hujjatda amalga oshiriladi, asos bo‘ladi, tashkil etadi, belgilanadi, asoslanadi, hisoblanadi, himoya qilinadi, amalga oshiradi, tan olinadi, ish koradi, ado etadi, kafolatlanadi, taqiqlanadi, tavsiya etiladi singari fe’llarning faol ishlatilishi ham yuqoridagi fikrning tasdig‘idir. Yana: Ozbekiston Respublikasi Prezidenti I. A. Karimovning ma’ruzasidagi konseptual qoidalar va xulosalar ma’qullansin hamda ular Oliy Majlisning kelgusi faoliyatida inobatga olinsin. Ma’ruzaning dasturiy xulosalari prokuratura, boshqa huquqni muhofoza qilish organlari, sudlar faoliyati uchun asos qilib olinsin. Ozbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga mustaqillik va demokratiya qo‘lga kiritgan yutuqlarni himoya qilish, ijtimoiy adolat, fuqarolar tinchligi hamda totuvligini ta’minlash ishlarini kuchaytirish tavsiya etilsin. (O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. A. Karimovning ikkinchi chaqiriq Oliy majlisning oltinchi sessiyasidagi ma’ruzasi yuzasidan Oliy Majlisning 2001  yil 29 avgust qaroridan).
      Shu o‘rinda rasmiy uslubda yozilgan matnlar uchun barcha morfologik vositalar va kategoriyalarning qo‘llanilishi bir xil darajada emasligini ta’kidlash ham maqsadga muvofiq. Masalan, sonlar va olmoshlar bu uslubda boshqa so‘z turkumlariga qaraganda ikkinchi darajali omil hisoblanadi.
      Rasmiy uslubning sintaktik alomatlari ham matnda darhol ko‘zga tashlanadi. Unda darak gaplar, uning ayniqsa qo‘shma gap shakli ko‘p ishlatiladi. Yoyiq va murakkab so‘z birikmalari hamda murakkab tipdagi nomlar keng qo‘llaniladi. Gap tuzilishida o‘zbek tilidagi odatdagi me’yorga amal qilinadi va yuqorida sanalgan jihatlari bilan ilmiy uslubga o‘xshab ketadi.
      Ilmiy uslub ilmiy asarlar uslubidir. Til birliklarining fan sohasida, ilmiy bayon jarayonida ishlatilishi mazkur uslubning shakllanishiga asos bo‘ladi. Ilmiy tafakkur fikrlashning o‘ziga xos usuli ekanligi, obyektiv borliqni idrok etishda faqatgina dalil va faktlarga tayanish, fikriy izchillik kabi, stralingvistik omillar ham nutqning ushbu turining shakllanishiga, binobarin, nutqiy me’yorning o‘ziga xos turining yuzaga kelishida muhim omil sanaladi.
       Yuqorida bu kabi xususiyatlarning mushtarakligi bilan ilmiy uslub rasmiy uslubga yaqinligi aytib o‘tilgan edi.
     Ilmiy uslubning janr xususiyatlari ham keng. Monografiya, risola, darslik, o‘quv qo‘llanmasi, o‘quv-metodik qo‘llanma, dastur, ma’ruza matnlari, taqriz va referat singarilar uning ana shu janr ko‘rinishlari hisoblanadi. Garchi ularning har birining bayon usuli va uslubi ma’lum darajada bir-birlaridan farq qilsada, til birliklaridan foydalanish me’yoriga ko‘ra umumiylikni tashkil etadi.
       Ilmiy uslubga xos xususiyatlar quyidagilardan iborat:
  1. Aniqlik. Har qanday ilmiy bayon, xulosa, shubhasiz, aniqlikni talab qiladi. Shuning uchun bu uslubda so‘zlarni aniq, asosan bir ma’noda qo‘llash, sinonimik qatordagi variantlardan masalaning mohiyatini birmuncha aniq ifoda etadigan variantini tanlash, hech bo‘lmaganda, neytral variantini qo‘llash taqozo etiladi. Terminlarni qo‘llash bu uslubning asosiy xususiyati sanaladi: Kimyoviy tarkibiga kora gerbitsidlar anorganik va organik gerbitsidlarga bolinadi. Anorganik gerbitsidlar: natriy arsenit, ammoniy sulfat, kalsiy sianamid, sulfat kislota va boshqalar. Organik gerbitsidlar: traktor kerosini, mochevina hosilalari, xlorfenoksisirka kislota, xlorfenoksimoy kislota va boshqalar. Hozirgi vaqtda koproq organik birikmali va ba’zan anorganik birikmali gerbitsidlar qollaniladi,
  2. Obyektivlik. Ilmiy adabiyotlarda bu uslub doirasida til materiali fikrning haqqoniyligi, obyektivligiga xizmat qilishi  lozimligi uqtiriladi. «Mantiq» darsligidan bir misol keltiramiz:   «Epimemid «Men yolgon gapiraman» deb aytdi. Bu paradoksni mutlaqo hal etib bolmaydi. Aytaylik, Epimenid rost gapirdi, bu holda uning haqiqatda yolgon gapirgani aniq boladi. Aytaylik,  и yolgon gapirdi. Bu holda uning haqiqatda hamrost gapirgani ma’lum boladi» .
       Ma’lum bo‘ladiki, haqqoniylik, obyektivlik nihoyatda murakkab jarayon bo‘lib, uning reallashuvida faqatgina til birliklariga tayanib ish ko‘rish qiyin. Uni vaziyat, suhbatdoshlarning bir-birlarini bilishi va tushunishi kabi ekstralingvistik omillar ham belgilashi mumkin,
      Mantiqiy izchillik ilmiy bayon uslubining o‘ziga xos xususiyatini tashkil etadi. Matnda so‘zlar, gaplar, abzatslar o‘zaro mantiqiy bog‘langan bo‘lishi lozim. Shuning uchun ilmiy matnlarda bu izchillikni yuzaga keltiruvchi ma’lumki, ma’lum boladiki, ta’kidlash lozimki, ta’kidlash orinliki,  darhaqiqat,  binobarin,  shunday ekan,  birinchidan,  ikkinchidan, korinadiki, ta’kidlash joizki, xulosa qilib aytganda, xulosa qilganimizda, birgina misol, faqat bugina emas singari ko‘plab bog‘lovchi vazifasini bajaradigan so‘z va birikmalar qo‘llaniladi.
      Qisqalik. Bu xususiyat aynan ilmiy bayonga xos xususiyatdir. Shuning uchun unda tilning tasviriy imkoniyatlaridan deyarli foydalanilmaydi. Gaplar darak mazmunida bo‘lib, asosan sodda yoyiq holda bo‘ladi. Agar fikr qo‘shma gaplar yordamida ifodalansa, bog‘lovchilarning faol ishlatilishi kuzatiladi: G‘alla ekinlari urug‘lari saqlashga ancha chidamli hisoblanadi. Qishloq xo‘jaligini sifatli urug‘ bilan ta’minlashda uni saqlash muhim tadbirdir. Ekiladigan g‘alla иrug‘lari uchun davlat standarti belgilangan.
    Ilmiy uslub fonetik jihatdan boshqa uslublardan farqlanib turuvchi yorqin belgilarga ega emas. Leksikasida esa farq qiluvchi jihat sohaviy atamalarning ko‘pligi hisoblanadi. Bu uslubda ham, xuddi rasmiy uslubda bo‘lgani kabi, so‘zlarni ko‘chma ma’nolarda qo‘llash, tasviriy vositalardan unumli foydalanish xos xususiyat sanalmaydi. Subyektiv emotsionallik, obrazlilik, og‘zaki nutq elementlari, umuman g‘ayri adabiy unsurlar kam ishlatiladi. Mumkin qadar bayon bir xil me’yorda ifoda etiladi. Shu bilan birga, ayrim holatlarda fikr yuritilayotgan manba, mavzu bilan uyg‘un ravishda ba’zan bu uslubda ham obrazli ifodalardan foydalanish istisno emas. Masalan: Differensial tenglamalaming xususiy hosilalari fizikaga cho‘ri bo‘lib ishga kirdi, keyin и choridan bekaga aylanih ketdi (R.Bekjonov). Muallif individualligining kam sezilarli bo‘lishi ham ilmiy uslubning o‘ziga xos xususiyatlaridan biridir.
    Ilmiy uslubning morfologik xususiyatlari to‘g‘risida M. Mukarramovning «Hozirgi o‘zbek adabiy tiuning ilmiy stili» monografiyasida quyidagi fikrlar bayon qilingan:
     Ilmiy uslubda faqat adabiy tilda me’yor sifatida e’tirof etilgan grammatik ko‘rsatkichlardan foydalaniladi. So‘z turkumlaridan ot faol, ko‘pincha takror qo‘llanadi. Subyektiv baho shakllari xos emas. – lar ko‘plikdan boshqa semantik-uslubiy ma’nolarni ifodalamasada, atama hosil qilishda ishtirok etadi. Umumiy egalik ustun turadi, I-II shaxs qo‘shimchalari ishlatilmaydi. III shaxs shakli faol. Undov va taqlid so‘zlar ham bu uslubga xos emas. Yuklamalarning esa imkoniyati chegaralangan.
      Ilmiy nutq uchun deyiladi, aytiladi, yoritiladi, bayon qilinadi, aniqlanadi, tekshiriladt, foydalaniladi, ta’riflanadi singari xoslangan fe’llar mavjud. Fe’lning majhul daraja shakli ham bu uslub uchun xos. Ammo hozirgi-kelasi zamon shaklidan tashqari xarakterli zamon ko‘rsatkichi yo‘q. Kishilik olmoshlari kam qo‘llaniladi. Bu gap faqat muallif va men ma’nolarida qo‘llaniladigan hamda kamtarlik ma’nosini ifodalaydigan biz olmoshiga tegishli emas.
  1. Mukarramov ushbu monografiyasida «Adabiy tilning konkret ko‘rinishlari bo‘lgan so‘zlashuv, badiiy, publitsistik, rasmiy-hujjat va ilmiy nutqlarning real mavjudligini tan olsak, u vaqtda har bir nutq turining o‘z modal ma’no ifodalovchi so‘zlarini ham tan olishimizga to‘g‘ri keladi», degan mulohazani aytib, demak, xullas, darhaqiqat, haqiqatan, shubhasiz, albatta, darvoqe, masalan, jumladan, ayniqsa, xususan, aksincha, afsuski singari modal so‘zlar va modal ma’no anglatuvchi boshqa birliklarni tahlil qilgan.
     Ommabop uslub o‘zbek tilshunosligida filologiya fanlari nomzodi T.Qurbonov tomonidan monografik yo‘nalishda o‘rganilgan.
       Til taraqqiyotida muhim omil sanaladigan publitsistika o‘z navbatida tilning imkoniyatlaridan ham keng foydalanadi.
     Ommabop uslub imkoniyatlarining kengligini lingvistik va ekstralingvistik (paralingvistik) – tildan tashqaridagi omillarning mustahkam aloqadorligida kuzatamiz.
      Publitsistik janrda yozilgan asarlarning mohiyatan hozirjavobligi, ularning axborot hamda targ‘ibot-tashviqot xarakterda bo‘lishi va ommani dunyo yoki mamlakatimiz miqyosida sodir bo‘layotgan voqea-hodisalardan zudlik bilan xabardor qilishi natijasida yuzaga keladigan novatorlik unda tabiiy ravishda yangi ijtimoiy-siyosiy terminologiyaning qo‘llanilishi va tilimizda me’yorlashishiga sabab bo‘ladi. Boshqacha aytganda, ommabop uslub tilning yangi so‘z va iboralar hisobiga boyib borishiga ko‘maklashadi.
     Ommabop uslub ma’lum ma’noda oraliq uslub sanaladi. Bu uslubda shakllangan matnlar obrazliligi, ta’sirchanligi, tasviriy vositalarning mahsuldor qo‘llanilishi bilan badiiy uslubga yaqinlashsa, dialektizmlar, istorizmlar, argo va jargonlar qo‘llanilmasligi bilan undan uzoqlashadi. Ifodaning aniqligi va publitsistik janrlarga xos ijtimoiy-siyosiy terminologiyaning qo‘llanilishi bilan iimiy uslubga o‘xshaydi. Ayni paytda, ifodadagi qisqalik, lo‘ndalik, ixchamlik, yorqinlik kabi xislatlar uni ilmiy uslub bilan ham yonma-yon qo‘yadi.
       Radio va televideniyedagi ayrim chiqishlar shuni ko‘rsatadiki, bu uslubdagi matnda so‘zlashuv uslubi elementlari ham ba’zan aralashib ketishi mumkin.
       Ma’lumki, publitsistika badiiy, siyosiy, ilmiy jabhalarni qamrab oluvchi yirik soha hisoblanib, ommaviy axborot vositalari sanaladigan radio va televideniyeda, gazeta va jurnallar sahifalarida aks etadigan yangilik, xabar, reportaj, tahlilnoma, bosh maqola, maqola, ocherk, feleton, pamflet, e’lon, reklama singari qator janrlarni qamrab oladi. Ana shu qamrov doirasining kengligi o‘z navbatida til birliklarining har bir janrda alohida tarzda me’yorlashuvini taqozo etadi. Bu o‘rinda esa me’yorlashishning umumiy jihatlari xususida so‘z yuritish imkoniyati mavjud.
        T.Qurbonovning kuzatishicha, sifatdosh oborotlar, fe’llarning shart mayli shakllarining almashinib ishlatilishi, ritorik so‘roq, ritorik murojaat, undov, bir bosh bo‘lakli gaplarning faolligi bu uslubga xos xususiyatlar sanaladi. Eng muhimi, ijtimoiy-siyosiy atamalar ko‘p qo‘llaniladi. Hatto umumiste’moldagi so‘zlar ham ommabop uslubda yozilgan matnda atamaga aylanishi mumkin: ovoz, ochiq ovoz, yopiq ovoz, hai qiluvchi ovoz, maslahat ovozi, qarshi ovoz, ovozga qo‘ymoq, ovoz bermoq,  Osiyo ovozi singari.
      Ijtimoiy-siyosiy atamalar asosan chi, -parast, -parvar, -xona, noma qo‘shimchalari yordamida yasaladi. Misollar: terrorchi, qoporuvchi, aqidaparast, millatparvar, devonxona, bojxona, hissador, tadbirkor   kabi.
Shu o‘rinda mazkur uslubda so‘z yasalish imkoniyatining boshqa vazifaviy uslublarga nisbatan mahsuldor ekanligini ta’kidlash o‘rinli bo‘ladi.
       Turli metaforik turg‘un birikmalar – davr talabi, dostona suhbat, yuqori hosil uchun kurash, yaratuvchilik ishlari, dunyo hamjamiyati, mustaqil mamlakatlar hamdostligi, mustaqillikni mustahkamlash singarilarni faol qo‘llash ham ommabop uslub tabiatiga mosdir.
       So‘roq gaplarning mahsuldor ishlatilishi, ularning murojaat va dialog shaklda bo‘lishi, bunda savol beruvchi ham, javob beruvchi ham muallifning o‘zi hisoblanishi (Gurur nima ozi? Rangi qanaqa? U hammada birday boladimi yoki aksinchami? Menimcha, gururli odam mamlakat miqyosida amalga oshirilayotgan har qanday muvaffaqiyatni oziga tegishli deb biladi va undan quvonadi. – Xalq so‘zi, 2001 yil 20 sentabr), uyushiq bo‘lakli gaplarga ko‘proq murojaat qilinishi {Chunki oqituvchi zoti mashaqqatli mehnati, hayotiy tajribasi, beqiyos mehri bilan yosh avlodga faqat ilm-fan sirlarini orgatib qolmay. uning yuragida Vatanga muhabbat, ajdodlar ruhiga hunnat, el-yurtga sadoqat kabi yuksak tuygularni kamol toptirishda ibrat va namuna boladi. I.Karimov. O‘zbekiston o‘qituvchilariga va murabbiylariga tabrik, Xalq so‘zi, 2001 yil 29 sentabr), undovlarning, kirish bo‘laklar va kirish gaplarning (Vaholanki, ular oz mutaxassisligi boyicha qayerga joylashishni bilmay yurishgandi. Albatta, bu bilan muammo bartaraf etildi, deb aytish notogri bolar edi. – Ishonch, 2001 yil 22 sentabr), shaxsi umumlashgan gaplarning keng qo‘llanishi bilan ajralib turadi.
       Badiiy uslub o‘zbek tili vazifaviy uslublari orasida o‘ziga xos mavqega ega bo‘lib, ayni paytda o‘zining alohida me’yorlariga ham ega. Til materialini qamrab olish imkoniyatining kengligi, umumxalq tilida mavjud bo‘lgan barcha lingvistik birliklarning. shu bilan birga, boshqa vazifaviy uslublarga xos bo‘lgan elementlarning ham ishlatilaverishi va ularning muhim bir vazifaga – badiiy-estetik vazifani bajarishga xizmat qilishi badiiy uslubning asosiy xususiyati hisoblanadi. Tabiiyki, bunday imkoniyatlar boshqa vazifaviy uslublarda chegaralangan.
       Til vositalarini qo‘llashda ana shu keng qamrovlilik bo‘lishi bilan birga, bu uslub doirasida ularni qo‘llashning ma’lum me’yorlari ham amal qiladiki, fonetik grammatik, leksik va  frazeologik xususiyatlar tarzida ko‘zga tashlanadigan ana shu me’yorlar uni boshqa vazifaviy usiubiardan chegaralash imkonini beradi.
        Badiiy adabiyot tilidagi fonetik o‘zgarishlar asosan matnda tovushlarning qisqargan va orttirilgan (Sorma mendan, kim diloro / Dostmi yo jonona deb. E.Vohidov; Ne balolig kип edikim. Oshino boldim sango. Alisher Navoiy; Shabboda men sent kormayman, / Qolimga tutmayman. Zulfiya), ona tilimizning tarixiy taraqqiyot va she’riyat qoidalariga mos tarzda «z» ning «y» ga (Soyla quyosh, nimalar bolgan, /Sen chiqqanda birinchi marta. H.Olimjon), «q»ning «g‘»ga (Quyosh orqasidan -behisob eftirog / Nuriga kiradi mumlakat shu chog‘ Zulfiya) o‘tgan ko‘rinishiarda me’yorlashgan.
       Shuningdek, badiiy uslubda, xususan poetik nutqda hozirgi adabiy orfografik me’yor talablariga muvofiq kelmaydigan qaro, yamon, yaro, oshno, talosh singari so‘zlar ham ishlatilaveradi.
       O‘zbek tili so‘z turkumlarining grammatik shakllari turli adabiy, tarixiy hamda dialektal variantlarga ega bo‘lib, ular hozirgi adabiy til me’yori nuqtai nazaridan bir tomondan, qo‘llanish chastotasiga ko‘ra faol yoki aksincha bo‘lsa, ikkinchi tomondan, ularda vazifaviy-uslubiy chegaralanish ham sezilib turadi. Bu xususiyatlar so‘z yasovchi hamda ko‘plik, egalik, kelishik, daraja, shaxs-son, zamon, mayl, nisbat kabi ma’nolarni ifoda etuvchi affikslarning nutqdagi ishtirokida, yordamchi so‘zlarning turlicha ko‘rinishlari va variantlarida namoyon bo‘ladi. Ularning ma’lum qismida badiiy uslubga xoslanganlik mavjud.
       Masalan, lar kesim tarkibida kelgan paytda hurmat (Dadam ketdilar), kinoya, piching (Миlla Eshmat, kelsinlar) kabi ma’nolar so‘zlashuv uslubiga xos bo‘lsa, ta’kid, kuchaytirish, mubolag‘a singari ma’nolar badiiy uslubda ko‘proq ishlatiladi (Shu kozlar yulduzday abadiy kulsin, Bahor yo‘llaringga to’shasin chechak. Zulfiya). Bu kabi holatlar ilmiy va rasmiy uslublarda ko‘zga tashlanmaydi.
        Bundan tashqari bu uslublarda grammatik shakllarning adabiy-me’yoriy variantlari qo‘llanilsa, aksincha, badiiy uslubda bu grammatik shakllarning barcha ko‘rinishlari – lahja va tarixiy variantlari ham asarning mavzu talabi bilan qo‘llanilaveradi.
       Uslubiy xoslanish kelishik qo‘shimchalari variantlarining tanlanishida ayniqsa seziladi. Masalan, qaratqich kelishigining -(i)m (Axir hayajonlar ozligim  manim, / Mayli qalbingga ham kochsin hayajon. K.Bahromova), -n (Qanday ko‘rkam qizlar avlodin / Xassos didi va shoir dili. Zulfiya), ing ( Shavqimning shuhrasi boshing uza zor tora fido, / Ko‘ngluming mahzani gul orazj gulnora fido. Joniy) tarzida qo‘llanishi, qaratqich-qaralmish inversiyasi ( Yarqirar ming bir bahor korki kamolingda sening, /Oftobning aksi bor o‘tlug‘ jamolingda sening. J.Jabborov), grammatik ko‘rsatkichlarsiz kelishi {Qarshingda turibdi umrim bir kuni, / Mening uvoq she’rim mening dilporam. J. Kamol); tushum kelishigining (i)n (Uchirsang-da kokka yurak kulin, /Achchig‘lanmam senga nozli quyosh. Fitrat) va belgisiz shakli (Ulug Hoqon, sendan sorov shu erdi. / Elga sabr, bardoshdan bolak narsa ber. H. Xudoyberdiyeva); jo‘nalish kelishigining – a (Tog‘larning yuzi qora. Na ko‘kat bor, na lola. Ul taajjub etardi. Kunduzdagi ahvola. H. Olimjon), – na (Soya tushsa nogahon bu jismi betob ustina. Navoiy), qa (Hajri ashkim yetkurur har dam quyoshqa bir hayot. Navoiy), -ga (Yo ilohi, emdi qilg‘aysan bu bandangga nazar. Jandami, bir do‘sh etib, kirdim yo‘lungg‘a darbadar. Mashrab) hamda belgisiz holatda bo‘lishi {Maktab bordik og‘ir bo‘lib qoldik daf’atan. A. Oripov); chiqish kelishigining –din tarzida ishlatilishi (Vatan sevmakdin ortiq Menga olamda shior bo‘lmas. E.Vohidov), o‘rin kelishigi qo‘llanganda u bilan egalik qo‘shimchasi o‘rtasida bitta «n» tovushining orttirilishi (Surxoningda anor guli kahrabodur, Yoboningda bodomlaring talx g‘izodur, Qovun-tarvuz qursog‘inda selitrodur, Kimlar seni bemor etdi, Tabiatingni xor etdi. O.Hojiyeva) shu uslubga xos xususiyatlar sanaladi.
        Badiiy uslub leksikasi ham alohida belgilarga ega. «Boshqa funksional stillar uchun xos bo‘lgan leksika (masalan, ilmiy va rasmiy ish uslubiga xos bo‘lgan terminlar)ning badiiy stilda keng qo‘llanishmasligi va faqat badiiy stilda qo‘llanuvchi maxsus vositalarning mavjudligi badiiy stilga xoslangan leksikani alohida ajratishga asos bo‘ladi», deydi E. Begmatov (Begmatov E. O‘zbek tili leksikologiyasi, 186-b). Abru, albot, armugon, bazmaro, balqimoq, bahoriston, boda, bo‘ston, gavharafshon, giryon, gulbahor, guliston, gulro, gulshan, debocha, dilafro‘z, dilxono, dolga, durafshon, duto, jahonbaxsh, jondosh, jo‘shmoq, jo‘shqin, kabk, kuylamoq, libos, lolsgun, lo‘livash, maygun, mardonavor, mastona, mahvash, mahpora, moviy, moh, mujda kabi xoslangan so‘zlar lug‘atlarda poetizmlar nomi bilan yuritiladi.
       Ma’lumki, yozuvchining til ustida ishlash mehnati, eng avvalo, sinonimik birliklar ustida ishlash mahoratidir. Sinonimik qatordan mos, kerakli birlikni tanlab оlish ekspressivlikni, subyektiv bahoni aniq ifoda etishning eng to‘g‘ri yo‘li bo‘lganligi tufayli u badiiy adabiyotda zarur lingvistik vosita sanaladi. Buning ustiga tilda sinonimik variantlar borligi uchun uslubiv me’yorni belgilash imkoniyati mavjud. A. Hojiyevning «O‘zbek tili sinonimlarining izohli lug‘ati» (Т., 1974) ana shu sinonimik variantlarni farqlashda amaliy yordam beradi.
       So‘zlashuv uslubi kishilarning kundalik rasmiy-norasmiy, erkin muomalalari doirasida til birliklarining o‘ziga xos tarzda amal qilishidir. Uni ma’lum ma’noda tildagi boshqa uslublarga qarama-qarshi qo‘yish mumkin.
       Bu uslubning o‘ziga xos xususiyati nutq jarayonida til va tildan tashqari omillarning uyg‘un bo‘lishida ko‘rinadi. Ayni paytda bu holat so‘zlashuv uslubidagi me’yoriy holatlarni belgilashni qiyinlashtiradi. Chunki tildan foydalanuvchining shaxsi, buning ustiga, nutqiy vaziyat yagona bir me’yorni tayin etishga imkon bermaydi.
      Shunday bo‘lsa-da, so‘zlashuv uslubining o‘ziga xos me’yorlari haqida mulohaza yuritish uchun ham tilimizda dalillar yetarli. Ammo nima bo‘lganda ham bu me’yorlarni so‘zlashuv uslubi uchun muhim bo‘lgan til va tildan tashqari omillarning uyg‘unligidan axtarish bizni asl maqsadga yaqinlashtiradi.
      Xo‘sh, so‘zlashuv uslubi qanday o‘ziga xosliklarga ega? Birinchidan, nutq elliptik xarakterda bo‘ladi. Lekin bunday holatda ham tinglovchiga fikr tushunarli bo‘ladi. Chunki u oldin aytilgan fikrning mantiqiy davomi bo‘ladi. Masalan, qorami? ko‘kmi? shaklida beriladigan savolni ikki xil vazifada olib ko‘raylik. Agar biz uni uy bekasi tilidan eshitsak, qora choy damlaymi yoki kо‘k choy damlaymi? degan ma’noda tushunishimiz mumkin. Xuddi shu savolni do‘kon sotuvchisi tilidan eshitsak, qora choy olasizmi yoki kok choy sotib olmoqchimisiz? ma’nosida tushunishimiz ham mumkin.
       Ikkinchidan, so‘zlashuv nutqida til birliklari o‘zining ekspressivlik imkoniyatlarni keng namoyish qiladi. Masalan. ulguramizmi? degan savolga yo‘q, ulgurmaymiz deyishdan ko‘ra vaziyatdan kelib chiqib, ulgurib bopmiz, ulgurish qayoqda, ulgurib ham bo‘ldik singari javoblar birmuncha tabiiy va ekspressivroq bo‘lib chiqadi.
      Uchinchidan, bu uslubda ohang – intonatsiyaning ahamiyati nihoyatda kattadir. Ohang og‘zaki nutqning reallashuvida til birliklaridan keyingi muhim, hal qiluvchi vosita bo‘lib, uning nutq tempi, pauza, ton, melodiya, tovush tembri, so‘z va gap urg‘usi kabi ko‘rinishlari ma’noni farqlashda, ottenkalarni  ajralib  ko‘rsatishda,  hayajonni  kuchaytirishda xizmat qiladi.
      So‘zlashuv uslubi ham boshqa vazifaviy uslublar kabi fonetik, leksik, grammatik o‘ziga xosliklarga ega.
      So‘zlashuv uslubi leksikasida ikki qatlam alohida ajralib turadi. Birinchi qatlam – bu kundalik turmush muomalasida faol qo‘llaniladigan ijtimoiy hayot va uy-ro‘zg‘or yumushlari bilan bog‘liq so‘zlar. Bundan tashqari bu uslubda «siyosat, san’at, madaniyat, sport va so‘zlovchining kasb-hunarga mansub xilma-xil narsa va hodisalami ifodalovchi umumadabiy leksika ko‘plab ishlatiladi».
     Ikkinchi qatlam – og‘zaki nutqdagi ekspressiv bo‘yoqqa ega bo‘lgan so‘zlar. Ular neytral qiymatdagi so‘zlar bilan sinonimik munosabatga kirisha oladi: kichkina (bolagina), yiqildi quladi),  buzoq (ish  bilmas, galvars),  og‘zi ochiq (yig‘oqi) kabi.
       Bu uslubning burnini ko‘tarmoq, ko‘zini shira bosmoq, qo‘li kaltalik qilmoq singari o‘z frazeologizmlari mavjud. Kishi nomlarini Abdi, Век, Zuli, Dili tarzida qisqartirib ishlatish mumkin. So‘zlarning metonimik ko‘lami juda keng tarqalgan. Masalan: auditoriya kuldi, kengash bo‘ldi, dasturxonga otirdi, samovarga chiqdi   kabi.
So‘zlashuv uslubida nutqiy vaziyatning ahamiyati juda katta. Salom, assalomu alaykum, vaalaykum assalom, xayr, ha, yo‘q, albatta, aha, xo‘p singari so‘zlar nutqda ko‘p ishlatiladi.
       So‘zlashuv nutqi o‘zbek tilshunosligida prof. B.O‘rinboyev tomonidan durustgina ishlangan. Bu nutq kitobiy nutqdan   bir  qadar  farq   qilib,     Asal,   asal,   barmog‘ingni tishlab olasan; Ish, faqat tugmachani bossang bas; Kechaday kecha; Boladay bola kabi gap shakllari odatdagi hol hisoblanadi.
      Kitobiy nutq uchun bog‘lovchisiz qo‘shma gaplar odatda xos emas, og‘zaki so‘zlashuv nutqi uchun esa, aksincha, xarakterlidir. So‘zlashuv nutqidagi sodda gaplar ko‘pincha fe’l bilan ifodalangan kesimning yo‘qligi bilan xarakterlanadi. Hatto ba’zan shunday holatlar ham bo‘ladiki, bunday gaplarga fe’1-kesimni qo‘yib ham bo‘lmaydi. Masalan, Biz siznikiga. Biz magazinga; Men, odatda  ishga avtobusda, ishdan piyoda   kabi.
 
1- topshiriq.  O‘z  shevangizga xos so‘zlashuv uslubining belgilarini adabiy til me’yorlari bilan qiyoslang va farqlarini tushuntiring.
2- topshiriq.  Tarjimai holingizni yozing. Bu matnning so‘zlashuv uslubidagi matnlar-dan farqini izohlang. 
3- topshiriq.  Kollejingizda o‘tkazilgan tadbir (majlis, uchrashuv, adabiy kecha va hokazo) to‘g‘risada e’lon yoki hisobot yozing.
4- topshiriq.  Mutaxassisligingizga oid darslikdan o‘tilgan mavzudagi biror parchani tanlab, daftaringizga ko‘chiring. Undagi atamalar va tayanch so‘zlarning ma’nosini izohlang.
Savol va topshiriqlar
                         1.Vazifaviy uslub turlari nima?
  1. Ilmiy uslub boshqa uslub turlaridan qanday jihatlari yuzasidan farq qiladi??

Оставьте комментарий