Oʼt-tosh xastaligi profilaktikasi

DO`STLARGA ULASHING:

Mutaxassis olimlar kuzatishlariga koʼra, oʼt-tosh kasalligi asosan xoletsistit (oʼt pufagi yalligʼlanishi), safro dimlanishi va lipidlar almashinuvining buzilishi oqibatida kelib chiqadi. Masalan, organizmdagi yalligʼlanish oʼchoqlaridan mikroblar qon va limfa tomirlari orqali oʼt yoʼllariga tushib, uni taʼsirlantiradi, oqibatda safro (oʼt) tarkibi oʼzgaradi, shundan soʼng bu joyda bilirubinlar choʼkmasi yuzaga keladi va tosh paydo boʼladi. Safro dimlanib qolganda va lipidlar almashinuvi izdan chiqqanda ham xuddi shunday holat roʼy beradi.
Oʼt-tosh xastaligining oldini olish maqsadida avvalo jigar holatini yaxshilashga erishish va oʼt (safro) ajralishini jadallashtiruvchi chora-tadbirlar koʼrish lozim. Buning uchun toʼgʼri ovqatlanishni tashkil etish, muhimi yogʼli va kuchli qovurilgan taomlarni cheklangan miqdorda isteʼmol qilish lozim. Chunki qattiq qovurilgan mahsulotlarda jigar toʼqimalariga salbiy taʼsir qiluvchi alьdegidlar, ketonlar va akreloin moddalari mavjud boʼladi.
Demak, taomlarni asosan oʼsimlik yogʼida qaynatib yoki dimlab pishirish kerak. Kuniga toʼrt-besh marta oz-ozdan ovqatlanish foyda beradi. Аgar kishi ilgari xoletsistit bilan ogʼrib oʼtgan boʼlsa, toʼgʼri ovqatlanish orqali bu xastalikning asoratlari bartaraf etiladi va oʼt-tosh xastaligi yuzaga kelishining oldi olinadi.
Bundan tashqari, taomlarni qaynoq yoki muzdek holida isteʼmol qilmaslik kerak. Chunki qaynoq taomlar halqum va ichaklar uchun zararli boʼlsa, muzdek ichimliklar meʼda yoʼllarida spazmni (siqilishni) yuzaga keltirib, ogʼriq qoʼzgʼatishi mumkin.
Yumshoq va qaynatib pishirilgan ovqatlar oʼt-tosh xastaligi profilaktikasida muhim oʼrin tutadi. Masalan, qovoq, kartoshka, lavlagi, qizil karam solib tayyorlangan shoʼrvalar, eziltirib pishirilgan guruchli yoki yormali boʼtqalar yeyish foydali. Goʼsht yogʼsiz boʼlishi kerak. Shuningdek, nordon boʼlmagan hoʼl mevalar va ulardan tayyorlangan kompot hamda kisellar jigar ishiga ijobiy taʼsir koʼrsatadi.
Bordiyu, bemor oʼt-tosh xastaligi tufayli jarrohlikni boshdan oʼtkazib, endilikda oʼt pufagisiz yashayotgan boʼlsa, kun davomida oz-ozdan ovqatlanishi zarur. Chunki ogʼir ovqatlar qiyin hazm boʼladi va bu narsa oʼt pufagi vazifasini bajarayotgan aʼzolarni zoʼriqtiradi. Shuni unutmaslik kerakki, yengil ovqatlanish va badhazm taomlarni cheklash orqali kishi oʼz tanasidagi boshqa xastaliklardan ham forigʼ boʼlishi mumkin.
Surunkali xoletsistitga chalingan bemorlar oʼt yoʼllarida tosh paydo boʼlmasligi uchun quyidagi mahsulotlarni juda kam miqdorda isteʼmol qilganlari maʼqul:
yogʼli goʼsht, baliq va parrandaning yogʼli turlari;
kremli tortlar, pirojniy, shokolad;
qahva va kakao;
oʼtkir ziravorlar;
shovul;
qoʼziqorinlar;
qora non;
shoʼr (tuzlangan sabzavotlar) va nordon mevalar;
piyoz, sarimsoq, sholgʼom, rediska;
yongʼoq, pista va bodom;
tuxum sarigʼi, baliq va goʼsht konservalari;
gazlangan ichimliklar.
Zuhra Qoʼchqorova, mutaxassis.

Оставьте комментарий