Orqa miya yalligʼlanishi (mielit)

DO`STLARGA ULASHING:

Orqa miya pardalar va suyuqlik bilan oʼralgan. Uning oq moddasini tashkil etadigan, yaʼni markazga intiluvchi nerv tolalari badandagi ogʼriq, tana harorati va shunga oʼxshash sezgi impulьslarini bosh miyaga oʼtkazadi hamda odamning ahvoli xususida maʼlumot berib turadi. Demak, orqa miyaning oq va kulrang moddasi zararlansa, shunday impulьslar oʼtmay qoʼyadi. U qanchalik yuqorisidan zararlangan boʼlsa, gavdaning oʼshancha koʼp qismi falajlanadi. Orqa miyaning yalligʼlanishi yoshlarda kamroq, keksalarda koʼproq uchraydi.

Dardni koʼpincha viruslar qoʼzgʼatadi. Infektsiyalar qoʼzgʼatgan, intoksikatsiya (zaharlanish) tufayli yoki shikastlanishlardan soʼng yuzaga kelgan mielitlar bir-biridan farqlanadi.
Birlamchi infektsion mielitni neyroviruslar (poliemielit, quturish, gerpes viruslari) keltirib chiqaradi. Bunda infektsiya organizmga qon orqali (gematogen yoʼl bilan) oʼtadi va rivojlanadi. Ikkilamchi infektsion mielit rivojlanishida allergik omillar hamda infektsiyaning qon orqali orqa miyaga kelishi muhim rolь oʼynaydi.
Zararlanishdan keyingi asoratlar. Orqa miyaning koʼkrak, bel va boʼyin qismlari zararlanishi eng koʼp uchraydi. Аgar patologik jarayon koʼkrak qismida kuzatilsa, oyoqlar falajlanadi, mushaklar tonusi oshadi, peshob tutilishi roʼy beradi. Orqa miyaning bel qismi zararlansa, oyoqlarda kuchsiz falajlik kuzatiladi, ular atrofiyaga uchrashi ham mumkin. Shuningdek pay reflekslari susayib, tos aʼzolarining faoliyati buziladi, buning natijasida bemor peshobini tutolmay qoladi. Orqa miyaning boʼyin qismi zararlanganda esa qoʼllarda kuchsiz falajlik paydo boʼladi, keyinchalik bu oyoqlarga oʼtadi, bemor peshobini, baʼzan najasini ham tutolmay qoladi. Аgar mielit orqa miyaning yuqori boʼyin qismida boʼlsa, falajlik kuchayib, bora-bora nafas olish va yutinish buzilishini keltirib chiqaradi. Umuman, bu kasallik dastlab bir necha hafta oʼzgarishsiz kechadi, soʼng shiddat bilan rivojlanadi. Mielitda tana harorati 38-39 darajaga koʼtariladi, bemor holsizlanadi, badani uvishadi.
Tashhis qoʼyishda dastlabki alomatlarga ahamiyat beriladi. Masalan, mielitning nevrologik belgilariga qarab patologik jarayon (yalligʼlanish)ning qaerda joylashgani aniqlanadi. Davolash jarayonida yotoq yaralar va urogenital infektsiya rivojlanishining oldini olishga alohida eʼtibor beriladi. Buning uchun bemor badanini kamfora spirti bilan artish, tana holatini oʼzgartirish, bel-dumgʼaza qismigamaxsus aylana qoʼyish maqsadga muvofiq.
Davolash muolajalari bir necha oydan bir necha yilgacha davom etadi. Eng avvalo sezish qobiliyati tiklanadi, soʼngra tos sohasidagi aʼzolar ishi asta-sekin yaxshilana boradi. Аyrim bemorlarda paralich (falajlik)lar saqlanib qolishi mumkin. Taʼkidlash kerakki, boʼyin sohasi mielitida bemorning nafas olishi buzilishi tufayli kasallik juda ogʼir kechadi, koʼkrak va bel sohasidagi mielitda esa tos-chanoq faoliyatining tiklanishi uzoqqa choʼziladi. Shu jarayonda yuzaga kelgan yotoq yara, sepsislar bemor hayoti uchun xavf tugʼdiradi.
Kasallikning oldini olish mumkin. Buning uchun avvalo, infektsion kasalliklardan saqlanish, ayniqsa, tonzillit, faringit va laringitning surunkali tus olishiga yoʼl qoʼymaslik kerak. Qon-tomir zararlanishining oldini olish va immun tizimi ishini yaxshilashga harakat qilish ham mielitga qarshi vositadir. Ogʼir yuk koʼtarishdan ehtiyot boʼling. Yiqilish natijasida umurtqa pogʼonasiga ziyon yetgan boʼlsa, darhol muolaja olishga shoshiling. Chunki koʼp hollarda umurtqa shikastlanishlaridan soʼng mielit paydo boʼladi.
Nigora АLIQULOVА,
nevrolog, tibbiyot fanlari doktori, professor.

Оставьте комментарий

ArabicChinese (Traditional)EnglishFrenchGermanHindiKazakhKyrgyzRussianSpanishTajikTurkishUkrainianUzbek