Osteoartroz

DO`STLARGA ULASHING:

Tanamizdagi suyaklar bir-biridan togʼay bilan ajralib turadi. Suyaklarning boʼgʼim yuzalari esa boʼgʼim paylari bilan mustahkamlangan. Bu paylar harakat paytida sodir boʼladigan tashqi zarbalarga toʼsiq vazifasini oʼtaydi. Shuningdek, boʼgʼimlarning ichki qavati maxsus parda bilan qoplangan boʼlib, boʼgʼim boʼshligʼiga suyuqlik chiqarib turadi. Shu tufayli boʼgʼimlar elastikligi (mayinligi) ortib, erkin harakatlanadi. Boʼgʼimlar tanamizda asosan harakat va tayanch vazifasini bajaradi. Osteoartroz xastaligida esa boʼgʼim togʼaylari degenerativ-distrofik oʼzgarishlarga uchraydi.

Turtki beruvchi omillar
Oʼtkir va surunkali artrit, organizmdagi endokrin buzilishlar, sezuvchanlik yoʼqolishi bilan kechuvchi nerv kasalliklari, boʼgʼim yalligʼlanishi, boʼgʼim ichidagi suyak sinishlari, togʼay jarohatlanishiga olib keluvchi vazn ogʼirligi, podagra bilan ogʼrish holatlari osteoartrozni keltirib chiqarishi mumkin.
Bundan tashqari, jismoniy ish bilan kam shugʼullanish, kam piyoda yurish, uglevodlarga boy taomlarni koʼp isteʼmol qilish va kamharakatlilik natijasida kishi semirib ketadi, shundan soʼng boʼgʼim toʼqimalarining ozuqa va kislorod bilan taʼminlanishi susayadi. Shunday hollarda boʼgʼimlarga tushadigan ozgina ogʼirlik ham osteoartrozga sabab boʼlishi mumkin.
Mayda jarohatlar, tor va poshnasi baland poyabzallar kiyish ham osteoartrozni keltirib chiqaradi. Bu kasallik asosan turmush jarayonida orttiriladi, mayda boʼgʼimlar jarohatlanishi bilan kechuvchi turi esa nasliy moyillik tufayli yuzaga keladi.
Osteoartrozda boʼgʼimdagi togʼaylar elastikligi kamayib, dagʼallashadi, asta-sekin qotadi. Natijada amortizatorlik vazifasini bajara olmay qoladi. Oqibatda togʼay qavati yupqalashib, keyinchalik yemiriladi va suyaklarning togʼay bilan qoplangan yuzasi ochila boradi. Boʼgʼimlar yuzasini hosil qiluvchi suyaklar harakat vaqtida bir-biriga ishqalanishi natijasida eroziyalar yuzaga keladi. Suyaklar yon qirralaridan osteofitlar – suyak oʼsimtalari paydo boʼladi. Boʼgʼim choʼzilishi bilan bogʼliq harakatlarda ogʼriq turadi.
Dard qachon boshlanadi?
Kasallik asta-sekin paydo boʼladi. Bemorlar koʼpincha dard qachon boshlanganini eslolmaydilar. Vaqt oʼtib, shikastlangan boʼgʼimlar goh-gohida, ayniqsa, harakat qilganda, yuk koʼtarganda biroz ogʼriydi. Bora-bora ogʼriq kuchayadi va uzoqqa choʼziladi. Oʼtirib-turish yoki egilish paytida qarsillash eshitiladi. Ogʼriq, ayniqsa, yurganda, birinchi qadamni qoʼyganda zoʼrayadi, dam olganda kamayadi yoki butunlay bosiladi, bemor salga charchab qoladi, boʼgʼim harakati cheklanadi, shakli oʼzgaradi. Аyrim holarda boʼgʼimlar biroz shishadi, shu joy qizib turadi, paypaslaganda ogʼriq kuchayadi.
Osteoartrozning ikkita turi farqlanib, ularda har xil holatlar kuzatiladi. Masalan, gonoartroz turida asosan tizza boʼgʼimi jarohatlanadi. Bunda yurganda, ayniqsa, zinapoyalardan koʼtarilib tushayotganda tizza qattiq ogʼriydi. Uzoq vaqt tik turgandap va tizzlarni bukkanda ham ogʼriq kuchayadi. Paypaslaganda tizza ogʼrib, qirsillaydi. Sekin-asta tizzalar boʼgʼimining shakli oʼzgarib, son mushaklari ingichkalashadi.
Kasallikning kokartroz turida tos –chanoq boʼgʼimi shikastlanadi. Kasallik endi boshlanib kelayotganda kechqurunlari bemorning chov sohasida ogʼriq turadi. Bemor ogʼriqdan bezovtalanib, tuni bilan son-chanlq boʼgʼimini bukib-yozadi, ayniqsa, kasallangan tomoni bilan yotolmay qiynaladi. Vaqt oʼtgan sari son boʼgʼimining boʼshligʼi toraya boradi, son suyagi boshchasida qoʼshimcha suyaklar oʼsadi, shu tufayli harakat cheklanadi. Boʼgʼimlarda ogʼriq turishiga nafaqat suyaklarning ishqalanishi, balki qon aylanishi yetishmovchiligi (toʼqimalarda ishemiya va kislorod tanqisligi) natijasida gipoksiya yuzaga kelishi ham sabab boʼladi.
Osteoartroz boshqa boʼgʼimlarda, masalan, oyoq toʼpigʼi, tirsak, yelkada ham uchrashi mumkin, lekin bu nisbatan kam kuzatiladi.
Davolashda uqalash muhim
massaj
Osteoartroz boshlanishida yalligʼlanishga qarshi dorilar ishlatiladi. Togʼaylar faoliyatini tiklovchi muolajalar buyuriladi. Kalьtsiy preparatlari, surtma moylar ham foyda beradi. Fizioterapevtik muolajalarni vaqti-vaqti bilan takrorlab turish kerak. Massaj (uqalash) ning ham nafi katta. Sanatoriylarda davolanish dard choʼzilishining oldini oladi, ogʼriqlarni toʼxtatadi. Bordi-yu bemor shifokorga kech murojaat qilsa, operativ davo usullari qoʼllanadi. Bunda chanoq-son boʼgʼimi oʼrniga sunʼiy boʼgʼim qoʼyiladi. Shunda bemor ogʼriqlardan qutulib, harakatlari ham toʼliq tiklanadi.
Osteoartrozga duchor boʼlgan bemorlar uzoq vaqt tik turmasliklari, uzoq masofaga piyoda yurmasliklari, ogʼir yuk koʼtarmasliklari, piyoda yurganda tez-tez dam olishlari kerak. Semirib ketmaslik uchun kundalik badantarbiya mashqlari bilan shugʼullanish zarur. Oyoqqa zoʼr keladigan ogʼir ishlarni bajarmagan maʼqul. Notekis va gʼadir-budir soʼqmoqlarda yurish ham mumkin emas. Bemorlarga voleybol, futbol, basketbol oʼynash, yugurish mashgʼulotlari taqiqlanadi. Suvda suzish esa aksincha, sogʼayishga yordam beradi. Dard xuruj qilmagan vaqtlarda yengil sport turlari bilan shugʼullansa boʼladi.
Bemorlar turar-joylaridagi revmatolog va hududiy shifokorlar nazoratida boʼlib, ular bilan maslahatlashgan holda muolaja olishlari zarur. Umuman, shifokor buyurganlariga qatʼiy amal qilish, dard kuchayishining oldini oladi.
Аlovxon SULEYMONOV,
Toshkent tibbiyot akademiyasi dotsenti,
tibbiyot fanlari nomzodi.

1 комментарий к “Osteoartroz”

Оставьте комментарий