O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov

DO`STLARGA ULASHING:

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov men 27 yil mobaynida yaqindan va juda yaxshi bilgan inson edi. O‘zimni ikki ota tarbiyasini ko‘rgan farzand, deb hisoblayman: qondosh otam dunyoga keltirdi, inson sifatida shakllantirdi, o‘z kasbining ustasi, yuridik fanlar doktori etib kamolga yetkazdi, o‘z otamday qabul qilgan inson Islom Abdug‘aniyevich sharofati tufayli esa men butun elyurtga tanildim, dunyoning ko‘plab davlatlarida, nufuzli xalqaro tashkilotlarda tan olindim.
Birinchi Prezidentimiz nafaqat O‘zbekiston, balki jahon miqyosida katta hurmat va obro‘-e’tiborga sazovor ulkan shaxs va atoqli davlat arbobi maqomida e’tirof etilgani bejiz emas. Islom Abdug‘aniyevich serqirra siyosiy faoliyati, olijanob insoniy fazilatlari bilan Vatanimizning ko‘p asrlik tarixida, ayniqsa, istiqlolning dastlabki yigirma besh yillik davrida o‘chmas iz qoldirdi.
Mamlakatimiz mustaqillikka erishgunigacha bo‘lgan zamonlardayoq Islom Abdug‘aniyevich bir qator qat’iy yuridik va huquqiy qadamlarni qo‘ydi. Bularning barchasi, shubhasiz, yuksak jasorat va matonat namunalari edi.
Birinchisi – 1989 yili o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi.
Ikkinchisi – sobiq Ittifoq hududida birinchi bo‘lib, 1990 yil 24 martda O‘zbekistonda Prezident lavozimi ta’sis etildi.
Uchinchisi – 1990 yil 20 iyunda Mustaqillik deklaratsiyasi e’lon qilindi.
To‘rtinchisi – Istiqlol ostonasida turib, mustaqil davlat bayrog‘i, gerbi va madhiyasini yaratish yo‘lida ilk qadamlar qo‘yildi.
Beshinchisi – 1990 yil 21 iyunda Birinchi Prezidentimiz raisligida Konstitutsiyaviy komissiya tuzilib, mustaqil davlat Asosiy qonunini yaratishga kirishildi.
Menga mustaqil O‘zbekiston Konstitutsiyasini tayyorlash va qabul qilishdek tarixiy jarayonlarda bevosita ishtirok etish baxti nasib qildi. Shu ma’noda, ishonch bilan ayta olamanki, Birinchi Prezidentimiz Konstitutsiyaning bosh muallifi, asosiy tashabbuskori va g‘oyaviy ilhomchisidir.
Birinchi Prezidentimiz, ayniqsa, Konstitutsiyaning inson va fuqarolar erkinliklari va burchlarini qonuniy mustahkamlovchi moddalariga katta e’tibor qaratdi. Konstitutsiyaviy komissiyaning 1992 yil 7 dekabrda bo‘lib o‘tgan oxirgi majlisida Konstitutsiya loyihasiga xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi to‘g‘risidagi 46-modda bevosita Islom Abdug‘aniyevich taklifi asosida kiritilgan. Shu tariqa Konstitutsiya loyihasi Yo‘lboshchimiz yetti marta tekshirib chiqqanidan keyingina so‘nggi muhokama uchun deputatlarga taqdim etilgani va qabul qilinganini yaxshi eslayman.
Birinchi Prezidentimiz rahbarligida ushbu yo‘nalishda ro‘yobga chiqarilgan ezgu ishlarni eng muhim tarixiy voqealar sifatida qancha sharaflasak, shuncha munosib. Zotan, Konstitutsiyani yaratish tarixi bu – mustaqillik uchun, konstitutsiyaviy suverenitet uchun kurashning uzviy qismidir.
Akmal Saidov,
Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori,
yuridik fanlar doktori, professor
***
Manba: “Islom Karimov – Mustaqil O‘zbekiston asoschisi” nomli xotira kitobidan
Farxod Kurbanbayev olgan suratlar

Оставьте комментарий