DO`STLARGA ULASHING:
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Xorazm viloyatida bo‘lganida hududdagi ekologik holatni yaxshilash, yer-suv resurslaridan oqilona foydalanish, tuproq unumdorligini oshirish, voha sharoitiga mos ekinlarini iqlimlashtirish haqida so‘zlab viloyatda soyachilikni rivojlantirish katta iqtisodiy samara berishini alohida ta’kidladi.
Darhaqiqat, soya ko‘plab xususiyatlarga ega o‘simlikdir. Uning doni o‘z tarkibida 50% oqsil va 28 foizgacha moy borligi uchun o‘ta qimmatbaho ekinlar guruhiga kiradi. Soya donidan bugungi kunda xalq xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan 400dan ortiq turli xil mahsulotlar ishlab chiqiladi. Doni oziq-ovqat sanoatida ishlatiladigan ekologik toza sifatli xomashyodir. Aholi iste’mol qiladigan, o‘z tarkibida zararli moddalar saqlamaydigan o‘simlik moyining 35 % soya donidan olinadi. Moyi ajratib olingandan so‘ng soya izolyati hosil bo‘ladi va uning tarkibida oqsil miqdori 75 foizga yetadi. Undan bolalar ovqatlari, pechenyelar, non uchun qo‘shimchalar, kolbasa sanoatiga oqsillar, konditer sanoati uchun mahsulotlar (kofeinsiz shkoladlar), kofe va uning o‘rnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlanadi. Sanoatda linoliumlar, eng sifatli va qimmatbaho mashina bo‘yoqlari olinadi.
Bir kilogramm soya donidan insonlar uchun 4 litr, buzoqlar uchun 8 litr sut tayyorlanadi, shuningdek, hayvonlar beradigan barcha mahsulotlarni – sut, qatiq, tvorog, pishloq, go‘sht (qo‘y, mol, tovuq, g‘oz) mahsulotlarini olish mumkin. Aytish mumkinki, xitoylik bir oilaning sigir boqishga imkoni va bog‘lab qo‘yishga joyi yo‘q, ammo soya donidan sut tayyorlab, o‘z oilasi ehtiyojlarini qondiradi.
Chorvachilikda hech bir ozuqa ekini soya kabi ko‘p ozuqa birligiga ega emas. U 100 kg donida 138 ozuqa birligini saqlaydi, ushbu ko‘rsatkich, makkajo‘xori beda va boshqa ekinlarda soyadan ko‘ra past hisoblanadi. Hatto uning 100 kg quruq poyalarida 52 ozuqa birligi mavjud. Soya donining to‘yimligigi jihatidan bironta ozuqa ekini undan ustunlik qila olmaydi. Dunyoda mollarning tez semirishi va parrandalarning kunlik vaznining oshishi uchun albatta ularning kundalik ratsionida soyali mahsulotlar kiritiladi.
Xullas, chorvachilik tizimida hozirgacha soyadan ko‘ra oziqaviy qiymati ustun bo‘lgan o‘simlik yo‘q. Uning maydonlarini kengaytirish bizga oqsilga boy chorva va parranda ozuqalarini ko‘paytirish, mahsulotning tannarxini kamaytirish imkonini beradi. Ya’ni 961 g soya shroti 1 kg tovuq go‘shti hosil qiladi. Soya oqsilining tannarxi hayvon oqsilidan 27 marta arzonga tushadi.
Respublikamizdagi mavjud moy zavodlarining barchasida soya moyini qayta ishlash texnologiyasi yaratilgan va bu borada ularning imkoniyati katta.
Dunyoning rivojlangan, milliarddan ziyod aholiga ega bo‘lgan Xitoy, ekin maydonlari o‘ta taqchil hisoblangan Yaponiya, Koreya va boshqa mamlakatlarda aholining oqsilga bo‘lgan ehtiyoji asosan soya donidan olingan oqsil evaziga qondiriladi.
Bu o‘simlikning yana bir xususiyati shuki, dukkaklilar oilasiga mansub bo‘lgani uchun o‘zidan keyin tuproqda 55–60 kg sof azot qoldirib ketadi. Bugun mamlakatimizda tuproq unumdorligini tiklash yoki uni bor holida saqlab qolish dolzarb masala bo‘lib qolmoqda. U o‘sib-rivojlanayotgan davrda dalaga katta miqdorda mineral o‘g‘itlarni solishga hojat yo‘q, chunki o‘simlikning o‘zi havodan azotni o‘zlashtirib, foydalanish imkoniga ega.
Ekin maydoni jihatidan dunyo dehqonchiligida bug‘doy, sholi va makkajo‘xoridan keyingi 4-o‘rinni egallaydi. Yalpi don hosili 220,64 mln tonnaga yetadi. Braziliya, AQSH va Argentina mamlakatlari soya donini eksport qilishda yetakchi bo‘lsa, asosiy sotib oluvchi davlatlar bizning yon qo‘shnilarimiz Xitoy, Koreya va boshqa Osiyo mamlakatlaridir.
Soya navlari respublikamizning barcha viloyatlarida asosiy va takroriy ekishga moslashgan va yetishtirish agrotexnikasi ishlab chiqilgan.
Uni ekish va parvarishlash uchun yangi texnika vositalari shart emas. Soya urug‘lari makkajo‘xori, sabzavot seyalkalari bilan ekiladi. Fermerlarda hech qanday seyalka bo‘lmasa don seyalkalarini sozlash hisobiga ekish mumkin. Qator oralarini ishlashda mavjud texnikalardan foydalaniladi, doni don kombaynlari yordamida o‘rib olinadi.
Bu o‘simlik o‘z biologik xususiyatiga ko‘ra, boshqa ekinlarga qaraganda yer tanlamaydi.
Biz Sirdaryo viloyatida paxta bilan soyani aralash ekish borasida bir necha yillar davomida izlanishlar olib borganmiz. Bu tajriba ijobiy natija berdi: tuproq unumdorligi oshirildi va iyul oyining o‘rtalarida o‘rtacha 7–8 s/ga soya doni olindi. Fermerlarimiz mazkur tajribadan foydalanishlari ularga yaxshigina daromad keltirishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda soya ekish nima beradi:
– xalqimiz dasturxonini oziq-ovqat va chorvachilik mahsulotlari bilan boyitadi;
– chorva mollari va parrandalar sifatli va oqsilga boy ozuqa bilan ta’minlanadi;
– respublika moy zavodlariga arzon, sifatli xomashyo yetkazib berilib, ularning ishlash muddati uzayadi va o‘simlik moyi chetdan keltirilmaydi;
– dehqonchilikda tuproq unumdorligi oshadi va qisqa muddatli almashlab ekish tizimi vujudga keladi.