Peshob-nordon diatezi

DO`STLARGA ULASHING:

Buyrak kontsentratsion faoliyati buzilishi oqibatida hosil boʼlgan peshobning miqdor va sifat jihatdan oʼzgarishidan yuzaga keladigan surunkali kasallik peshob-nordon diatezi deyilib, unga xos oʼzgarishlar buyrakning nafaqat morfofunktsional holati, balki organizmdagi umumiy moddalar almashinuvining buzilishi bilan ham bogʼliqdir.

Аniqroq aytganda, haddan ziyod ovkatlanish (ayniqsa goʼshtli mahsulotlarni koʼp isteʼmol qilish) oqibatida oqsillar parchalanishining kuchayishi organizmdagi oqsillar almashinuvi buzilishlariga olib keladi. Peshob-nordon diateziga buyrak-tosh kasalligining boshlanishi deb qarashi ham mumkin. Yaʼni, kasallik tufayli buyraklarning kosa-jom tizimi va peshob yoʼllarida toʼplanib borgan tuzlardan bora-bora toshlar paydo boʼladi.
Peshob-nordon diatezida koʼproq shavel kislota tuzlari hisoblangan oksalatlar (56%), peshob kislota tuzlari boʼlgan uratlar (19%), kamroq miqdorda fosfatlar (8%), qolganlari aralash tarkibli tuzlar (17%) yigʼiladi.
Sabablari
Peshob-nordon diatezining paydo boʼlish sabablari toʼla aniqlanmagan, biroq organizmdagi kalьtsiy-fosfor, shavel kislota, peshob kislotasi kabi moddalar almashinuvi buzilishi bu kasallikda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, buyrak va peshob yoʼllaridagi infektsion yalligʼlanish jarayonlarining peshob oqimiga salbiy taʼsiri tufayli yuzaga keladigan urodinamika buzilishi kasallik jadallashishida rol oʼynaydi. Hatto talabalar orasida ovqatlanish tartibi buzilishi va tarkibini nazorat qilmaslik ham shu illatga olib keladi.
Klinik belgilari
Peshob-nordon diatezi bemorlarda eng avvalo dizuriya, yaʼni peshob ajralishining buzilishi (peshobning achishib va ogʼriqli kelishi) va uning xiralashishi bilan namoyon boʼladi. Peshob yoʼllariga tuzlarning koʼp miqdorda yigʼilib qolishi oqibatida yoʼllarda toʼsiqlar paydo boʼlib, bu hol buyrak sanchigʼi xuruji darajasigacha borishi mumkin.
Bemorlarda xurujlar vaqtida va xurujdan soʼng peshob qon aralash qizarib kelishi mumkin. Shuningdek, kasallikning buyrakdan tashqari belgilari ham kuzatilishi mumkin, yaʼni bular – ogʼiz taxir boʼlishi, koʼngil aynishi va qayt qilish, ishtaha pasayishi, qoʼzgʼaluvchanlikning oshishi, uyqu buzilishlari va boshqa ruhiy-emotsional buzilishlardir. Baʼzan boʼgʼimlarda ogʼriqlar ham kuzatilishi mumkin. Kasallikka tegishli laborator va instrumental tekshiruv natijalari asosida tashxis qoʼyiladi.
Davolash
Peshob-nordon diatezini davolash asosan organizmdagi moddalar almashinuvi buzilishlarini muvofiqlashtirish hamda buyrak va siydik yoʼllarida peshob harakatini rovonlashtiradigan dori preparatlari tavsiya etishdan iborat. Parhez buyurilib, shavel kislotasi va peshob kislotasi paydo qiluvchi mahsulotlar chegaralanadi. Shuningdek peshob yoʼllaridagi infektsiyaga qarshi kurashish lozim.
Profilaktikasi
Peshob-nordon diatezi paydo boʼlishi hamda rivojlanishining oldini olish uchun eng avvalo organizmdagi buzilgan moddalar almashinuvi jarayonlarini muvofiqlashtirish lozim. Bunga har bir bemor sogʼlom turmush tarziga rioya etish va parhezga amal qilish bilangina erishadi.
Parhez
Peshob-nordon diatezidagi parhezda birinchi navbatda osh tuzi chegaralanadi, shuningdek mol jigari, buyragi, tili, miyasi, qazi va dudlangan goʼsht mahsulotlari, margarin, bedana tuxumi, achigan sut mahsulotlari (brinza, pishlok), shokolad, qoʼziqorin, anjir, dukkakli donlar (mosh, noʼxot, loviya), achchiq qora choy hamda qahva, kakao isteʼmoli chegaralanadi. Shu oʼrinda bemorlarga yogʼsiz mol goʼshti, parranda va baliq goʼshti (qaynatilgan va bugʼda pishgan holatda), oʼsimlik moylari, sariyogʼ, tovuq tuxumi (sutkasiga bittadan ortmasligi lozim), achimagan sut mahsulotlari, 1 va 2 nav un mahsulotlari, kishmish, murabbo, marmelad, guruch va grechka, karam, bodring, rediska, turp, qovoq, sabzi, mevalardan oʼrik, behi, nok, olma, shaftoli, uzum, qovun-tarvuz, olcha kabilar, suyuqliklardan koʼk choy, meva va sabzavotlar sharbatlari, mors, kvas, kompot hamda naʼmatak damlamalarini tavsiya etish maqsadga muvofiq.
Burhon MUNАVVАROV,
Respublika nefrologiya ilmiy-amaliy markazi shifokori, nefrolog.

Оставьте комментарий