Qovoq yetishtirish bo‘yicha tavsiyalar

DO`STLARGA ULASHING:

Ekish uchun tavsiya etiladigan navlar: Ispanskaya–73, Kashgarskaya–1644, Palov kadu–268.
Urug‘ tanlash. Ekiladigan qovoq urug‘i toza, yuqori unuvchan, kasallik yuqmagan, o‘rtacha kattalikda, butun (sinmagan) bo‘lishi zarur. Urug‘lar boshqa o‘simliklar urug‘lari va aralashmalaridan tozalanadi.
Yer tayyorlash. Qovoq yetishtirishda yerni ekishga tayyorlash keyingi barcha texnologik chora-tadbirlarni yaxshi naf berishini ta’minlovchi muhim shartdir. Kuzda 35 sm chuqurlikkacha yer shudgor qilinadi. Yerni shudgorlashdan oldidan mineral va organik o‘g‘itlar beriladi. Bahorda tuproqda namni saqlab qolish uchun yerga uzun tishli xaskash yordamida ishlov beriladi qovoq ekini erta muddatlarda ekilganda yerni bahorda qayta shudgorlashning hojati yo‘q. Ekinlar kechki muddatlarda ekilganda yerni qayta shudgorlash zarur. Bunda tuproqni ag‘darmasdan turib, 22 sm chuqurlikda chopib chiqiladi.
Ekish muddati va sxemasi. Qovoq urug‘ining unib chiqishi ekish muddatini to‘g‘ri belgilashga bog‘liqdir. Janubiy viloyatlarda 15 aprelgacha, markaziy mintaqada joylashgan viloyatlarda 20 aprelgacha, shimoliy mintaqalarda 30 aprelgacha ekiladi. Qovoq ekini urug‘ini yer harorati 14–15°S ga yetganda ekishga kirishiladi.
Qovoq ekish uchun qator oralari 360 santimetrli keng egat olinadi. Bunday egatlar qovoq palaklarini yaxshi taraliishi imkon beradi. Urug‘lar 3–6 sm chuqurlikka ekiladi va har 1 sotix yerga 50–60 g urug‘ sarflanadi.
Parvarishlash o‘simliklarni yaganalash, tuproqni yumshatish, ekinni oziqlantirish, chopiq qilish, sug‘orish, palaklarni to‘g‘irlash, begona o‘tlar va zararkunandalarga qarshi kurashishni o‘z ichiga oladi. Yaganalash ikki bosqichda – birinchisi o‘simlik chinbarg chiqarganda va birinchi chopiq vaqtida o‘tkaziladi. Nihollar yalpi unib chiqishi bilan bir qatorda oralarini yumshatishga kirishiladi. Nihollar unib chiqqach 20–25 kun o‘tkazilib, 2–3 chinbarg paydo bo‘lganidan keyin ekin birinchi marta chopiq qilinadi, dastlabki suv berilib, oziqlantiriladi. Ikkinchi chopiq birinchisidan 25–30 kundan keyin o‘tkaziladi. O‘suv davrida qator oralari 4–5 marta chopiq qilinadi.
O‘g‘itlash. Qovoq uchun 1 sotix yerga sof holda 0,750 g azotli, 0,750 g fosforli va 0,500 g kaliyli, organik o‘g‘itlardan 300–400 kg solinadi. Qovoqning o‘suv davri mobaynida tuproq namligini sug‘orish oldidan eng kam nam sig‘imiga nisbatan 75–80% saqlash talab qilinadi. Ekinga 1 sotix yerga 4–5 m3/ga miqdorida 5–6 marta suv berib, tuproqning shu darajada nam bo‘lishiga erishiladi.
Yana o‘qing:  Olxo‘ri – mevalarning zo‘ri
Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish. Urug‘ni ekishga tayyorlash. 1 kg uruqqa 34% Vitavaks preparatining 2 foizli yoki 60,7% Previkur preparatining 1,5 foizli eritmasini purkash orqali urug‘ni zararsizlantirish tavsiya etiladi.
Kasalliklari: ildiz chirish, fuzarioz so‘lish, un shudring.
Zararkunandalari: poliz biti (shirasi), o‘rgimchakkana, oqqanot. Kimyoviy usul: zararkunandalarga 10 sotixga – Mospilan 20% n.kuk. (25–30 g), Agrofos D 55% (150 ml), kasalliklarga – Previkur 72,2% s.e.k. (150 ml), Kurzat R n.kuk. (200–250 g), Rirdomil gold 68% s.d.g. (200–250 g) yoki 1 foizli Bordo suyuqligini qo‘llash mumkin. Kimyoviy preparatlarni 60–70 litr suvga tayyorlangan aralashma purkaladi.
Hosilni yig‘ishtirish. Qovoq mevalari kech kuzda bir marta yig‘ishtirib olinadi.
R. Hakimov, F. Rasulov
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi sayti

Оставьте комментарий