Qovun yetishtirish bo‘yicha tavsiyalar

DO`STLARGA ULASHING:

Ekish uchun tavsiya etiladigan navlar: ertapishar – Rohat, o‘rtapishar – Suyunchi-2, Oltin vodiy, Lazzatli, Oltintepa, Kichkintoy, Obi novvot, Gurvak, Bo‘rikalla, kechpishar – To‘yona, Gurlan, Amudaryo, Gulobi Xorazmiy, Zar gulobi, Saxovat, Umrboqiy, Beshak.
Urug‘ tanlash. Ekiladigan tarvuz urug‘i toza, yuqori unuvchan, kasallik yuqmagan, o‘rtacha kattalikda, butun (sinmagan) bo‘lishi zarur. Urug‘lar boshqa o‘simliklar urug‘lari va aralashmalaridan tozalanadi.
Yer tayyorlash. Yer kuzda 35 sm chuqurlikkacha shudgor qilinadi. Yerni shudgorlashdan oldidan ma’dan va organik o‘g‘itlar beriladi. Bahorda tuproqda namni saqlab qolish uchun yerga uzun tishli xaskash yordamida ishlov beriladi. Qovun ekini erta muddatlarda ekilganda yerni bahorda qayta shudgorlashning hojati yo‘q. Ekinlar kechki muddatlarda ekilganda yerni qayta shudgorlash zarur. Bunda tuproqni ag‘darmasdan turib, 22 sm chuqurlikda yumshatib chiqiladi.
Ekish muddati va sxemasi. Markaziy mintaqada joylashgan viloyatlarda qovunning ertagi navlari 15 aprelgacha, o‘rtagisi 20 apreldan 10 maygacha, kechkisi 15 maydan 10 iyungacha; janubiy viloyatlarda ertagi navlar 10 aprelgacha, o‘rtagisi 10-20 aprelda, kechkilari esa 10-20 iyunda ekiladi. Shimoliy mintaqalarda ertagi qovunni 20 aprelgacha, o‘rtagisini 25 apreldan 10 maygacha, kechkisini 20-30 mayda tuproq harorati 14-15°S ga yetganda ekishga kirishiladi. Qator oralari 210-280 sm bo‘lgan egat olinadi. Bunday egatlar poliz ekinlari palaklarini yaxshi taraliishi imkon beradi. Urug‘lar 3-6 sm chuqurlikka ekiladi. Mayda urug‘li qovun ekish uchun 1 sotixga 40 g, yirik urug‘lilarini ekish uchun 50 g urug‘ sarflanadi.
Parvarishlash. Qovun urug‘i nam tuproqqa ekilsa nihollar unib chiqquncha sug‘orish talab etilmaydi. Qovun ekinini asosiy parvarishlash ishlari o‘simliklarni yaganalash, tuproqni yumshatish, ekinni oziqlantirish, chopiq qilish, sug‘orish, palaklarni to‘g‘rilash, begona o‘tlar va zararkunandalarga qarshi kurashishni o‘z ichiga oladi.
Yaganalash ikki bosqichda: birinchisi o‘simlik chinbarg chiqarganda va birinchi chopiq vaktida o‘tkaziladi. Nihollar yalpi unib chiqishi bilan bir qatorda oralarini yumshatishga kirishiladi.
Nihollar unib chiqqandan 20-25 kun o‘tgach, ya’ni ularda ikkita-uchta chinbarg paydo bo‘lganidan keyin ekin birinchi marta chopiq qilinadi, dastlabki suv beriladi, oziqlantiriladi. Ikkinchi chopiq birinchisidan 25-30 kundan keyin o‘tkaziladi. O‘suv davrida qator oralari 4-5 marta chopiq qilinadi.
Yana o‘qing:  Antiqa omlet
O‘g‘itlash. Qovun uchun 1 sotix yerga sof holda 0,750 g azotli, 0,750 g fosforli va 0,500 g kaliyli, organik o‘g‘itlardan 300-400 kg solinadi. Bo‘z tuproqli yerlarda o‘suv davrida ekini har gal 1 sotix yerga 4-5 m3 hisobidan 8-9 marta sug‘orish kifoya. Sizot suvi yuza joylashgan dalalarda esa bo‘ztuproqli yerlarga qaraganda kamroq 4-5 marta sug‘oriladi. O‘suv davrida poliz ekinlarini suv bilan bir tekis ta’minlash hosilni oshirish garovidir.
Kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish. Urug‘larni ekishdan oldin Fundazol preparati (4-8 g 1 kg uruqqa) bilan yoki Ponaktin (4 g – 1kg urug‘ namlanadi) bilan namlab ekish tavsiya etiladi. Urug‘larni kasalliklardan zararsizlantirish maqsadida ekishdan oldin birorta mikroelementlarga solib bo‘ktirib qo‘yiladi. Ular: mis, rux va marganets (0,05% yoki 0,5 g/kg), temir va bor (0,025% yoki 2,5 g/kg). Ivitilganda suyuqlik harorati 20-22 S da 12 soat davom etadi.
Zararkunandalari – poliz biti (shirasi), o‘rgimchakkana, oqqanot, kuzgi tunlam, poliz qo‘ng‘izi, qovun pashshasi va boshqalar.
Kurash usullari: agrotexnik usulda ekinlarni almashlab ekishga rioya qilish, yerlarni chuqur haydash; yaxob suvi berish.
Biologik usulda poliz bitiga, o‘rgimchakkanaga, oqqanotga qarshi oltinko‘z kushandasini, oqqanotga qarshi enkarziya parazitini qo‘llash.
Kimyoviy usulda 10 sotix yerga oqqanot, shiralarga qarshi Mospilan 20% (25-30 ml), Siraks 25% (120-160 ml) va boshqa preparatlar qo‘llaniladi. Qovun maysa pashshasi va qovun pashshasiga qarshi Karbofos 50% (200 ml), Nestor 20% n. k. (300 g), Agrofos D 55% (150 ml) preparatlari qo‘llaniladi.
Kasalliklari: Ildiz chirish, fuzarioz so‘lish, unshudring, oddiy bodring mozaikasi. Kurash usullari: ekinlarni almashlab ekishga rioya qilish, o‘simlik qoldiqlarini yo‘qotish, fungitsidlardan Bayleton 25% (300-400 ml), Topaz 10% (200-250 ml), Kurzat R n. kuk. (200-250 g), Folikur 22,5% (50 ml) preparatlarini 60-70 litr suvga aralashtirib purkash tavsiya etiladi.
Hosilni yig‘ishtirish. Qovun hosili pishib yetilganlarini tanlab-tanlab uch-besh marta yig‘ib olinadi. Kechki muddatda ekilgan kechki navlar esa bir marta yig‘ishtirib olinadi. Pishgan qovunlar polizda uzoq muddat turib qolsa nobud bo‘ladi.
R. Hakimov, F. Rasulov
 
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi saytidan

Оставьте комментарий