Rasul Kusherbayev haqida

DO`STLARGA ULASHING:

Rasul Kusherbayev…
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yosh, taniqli va jonkuyar deputatlaridan biri. O‘zLiDeP a’zosi, «O‘zbekiston belgisi» ko‘krak nishoni sohibi, jurnalist. Ochiqlik, so‘z va matbuot erkinligining faol tarafdori. Prezident Shavkat Mirziyoyev jonkuyarligi uchun minnatdorchilik bildirgan.
Zamondoshning hayot yo‘li
Rasul Kusherbayev 1987 yil 12 yanvar kuni Yangiyo‘l tumanida tug‘ilgan. Millati qozoq. Bolaligi Chirchiq daryosiga yaqin Qo‘shyog‘och qishlog‘ida o‘tgan. Otasi ancha qattiqqo‘l inson bo‘lgan, ammo bolalarining faqat kitob o‘qiyotganini ko‘rganida mehri iyib ketgan. Shu sababli Rasul ko‘p kitob mutolaa qilgan. Bolaligida uchuvchi bo‘lishni orzu qilgan. Biroq bir film sabab uning orzusi o‘zgarib ketadi. Uning qarashlarini o‘zgartirib yuborgan o‘sha filmda doim olg‘a intilish va o‘z maqsadidan og‘ishmay insonlarga yordam berish g‘oyasiilgari surilgan edi. Maktabni bitirgach, O‘zDJTUning xalqaro jurnalistika fakultetida tahsil oladi. Ish faoliyatini 2007 yil O‘zLiDePning Toshkent viloyati Kengashida boshlagan. 2012-2014 yillarda «Yangiyo‘l» gazetasining bosh muharriri lavozimida ishlagan. 2014 yilda parlament quyi palatasi deputati etib saylangan. Korruptsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi a’zosi. So‘nggi yillarda monopoliyani bekor qilish, OTMda talabalarning to‘lov-shartnomalarini qisqartirish, aholining o‘rta va quyi qatlamlarini arzon uy-joy bilan ta’minlash kabi dolzarb masalalarda faol chiqishlar qilmoqda. Parlamentning eng faol deputatlaridan biri bo‘lsa-da, o‘tgan yili o‘ziga qilingan murojaatlarning atigi 30 foiziga yordam bera olganini ta’kidlagan. Kusherbayev hokimlarni aholining uylarini buzganlikda tanqid qilgan va pensiya islohotlariga qarshi chiqqan. Joriy yilning yanvar oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev Kusherbayevga: «Hammagayam yoqmaysan, menga yoqasan», deb ta’kidlagan. Yaqinda qozoq yozuvchisi To‘len Abdikovning «Farosat maydoni» asarini o‘zbek tiliga tarjima qilganligini e’lon qildi.
Zamondoshning fikrlari

«Buni men emas, qonun aytayapti».

«Ha, biz hokimlarni saylash yo‘liga o‘tishimiz shart!»

«Qonunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushunarli yozib qo‘yilgan qoidani u yoqdan bu yoqqa tortib, kulguga qolishning nima keragi bor?»

new.fikrat.uz

Оставьте комментарий