Rustamxon dostoni haqida insho

DO`STLARGA ULASHING:

Rustamxon dostoniga insho

Reja:

1. Rustamxonning tarixi
2. Bosh qahramon tavsifi
3. Dostondagi obrazlar
1. Rustamxon — oʻzbek qahramonlikromantik dostonlari turkumiga mansub asar. taxminan 15—16-asrlarda yaratilgan. Maʼlum gʻoya va voqelikka asoslangan epik syujet negizida yaratilgan 5 ta doston („Murodxon“, „Rustamxon“, „Sultonxon“, „Oftob pari“, „Rustamning yaralanishi“) dan iborat. Ular bosh qahramon Rustamxon va uning qarindoshlari (onasi Huroyim, xotini Oftoboy, otasi Sultonxon, bobosi Murodxon), yurti (Oqtosh) atrofida birlashgan. Rustamxon dostonlarida vatanparvarlik gʻoyalari ilgari surilgan, mardlik, chin sevgi, adolat ulugʻlangan. Rustamxon turkumi dostonlaridan „Murodxon“ (1928) va „Rustamxon“ (1937) Fozil Yoʻldosh oʻgʻliga yozib olinib, nashr etilgan (1965). Rustamxonning Mallaboy Hoshimov, Melash Ermatov, Olim Haqqulov kabi dostonchilardan yozib olingan variantlari ham bor. Ular Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Til va adabiyot institutining folklor arxivida saqlanadi.
2. Dostonning bosh qahramoni Rustam yoshligidan baquvvat, mard va jasur boʻlib ulgʻaydi. Doston voqealari rivojida Rustamning qoʻrqmas va dovyurakligini, chin insoniylik sifatlarini koʻrish mumkin. Kundoshlari tuhmat bilan onasini yurtdan haydab, dorga osdirmoqchi boʻlganida, Rustam sarosimaga tushmadi. Onasini jallodlar qoʻlidan qutqarib: “Adashganning oldi yoʻl”, – deya yoʻlga tushadi va Hukumu togʻida qoʻnim topib, ovchilik bilan kun koʻra boshlaydi.
Rustam ov kunlarining birida oʻtovga bogʻlab qoʻyilgan xushsurat qizni koʻrib qoladi va uning ajdarga yemish uchun turganligidan xabar topadi. Xabarni eshitgan Rustam ajdar bilan jangga otlanadi. Oftoboy yalinib-yolvorib Rustamni oʻz ahdidan qaytarishga urinadi, biroq dovyurak Rustam: “Mard soʻzidan, yoʻlbars izidan burilmaydi” degan gap bor, ajdahor domiga tortadi, meni yutadi deb vahm qilmayman, qayishmay ajdahorning yoʻlini aytgin”, – deydi. Ajdar bilan mardonavor kurashib, uni yengadi va qizni oʻlimdan qutqaradi. Ajdar zulmidan xalos boʻlgan Bujul yurti Rustamni shohlikka koʻtaradi va Oftoboyim bilan toʻyini qilib uylantirib qoʻyadi. Erkin va oddiy hayot yoʻlini tanlagan Rustam uch kundan soʻng shohlikdan voz kechib, suyukli yorini olib, onasi oldiga qaytadi. Shu tariqa dostonda Rustam obrazi soddadil, mard va qoʻrqmas, jismonan baquvvat inson, mehribon farzand va sadoqatli yor sifatida gavdalanadi.
3. Dostonda bir qancha ayol obrazlari ham gavdalantirilgan. Ayniqsa, Huroyim va Oftoboyim obrazlari alohida ajralib turadi. Ularga xos goʻzallik, oqilalik, sadoqat va mehribonlik fazilatlari doston voqealari rivojida ishonarli tasvirlangan. Xususan, Oftoboy – tengsiz goʻzal qiz. Uni birinchi koʻrgan Rustam unga shunday murojaat qiladi:
Maloyik suratli, gul yuzli dilbar,
Seni koʻrgan odam boʻlar beqaror.
Oy-u kundan ziyod sening husning bor
Ne qildi seni boylab giriftor?
Oftoboyda mana shu goʻzallikka teng fahm-farosat, zukkolik ham mavjud. Uning bu fazilatlari Sultonxon oʻz qilmishlariga tavba qilib, oʻgʻli va xotinidan kechirim soʻrash uchun darvesh qiyofasida kelgan paytda ham koʻrinadi. Oftoboy dostonda oqila kelin, suyukli yor sifatida gavdalanadi.
Dostondagi asosiy qahramonlardan biri Huroyimdir. Huroyim Sultonxonga oʻgʻil farzand ato etadi, biroq evaziga qanchadan qancha jabr-u sitamlar koʻradi. Kundoshlari yurtidan quvganida ham, ajal koʻlanka solganida ham, oʻzga yurtda qiyinchilikda yashasa ham, u oʻzligidan kechmaydi. Undagi goʻzal xulq, oqilalik barcha sitamlardan qutulishida yordam berdi. Rustam darvesh sifatida kelgan Sultonxonni qilich bilan chopmoqchi boʻlganida, Huroyimning oʻziga xos mulohazali ayol, oqila ona, kechirimli yor ekanligi koʻzga tashlanadi:
– Bolam! – deb qaytardi Rustamday uldi,
– Tavba qilib oʻzi axtarib keldi, 26
Chopib tashlab, bolam, senga ne boʻldi?
Qanday boʻlsa, qoʻzim, manmanlik qilma,
“Rustam otasini chopibdi” degan
Lanqa gapni, qoʻzim, oʻzingga olma.
Dostonda Sultonxon oʻylamay qaror qabul qiladigan, oʻzgalarning gapiga ishonuvchan laqma, podsho boʻlsa-da, zaif shaxs sifatida tasvirlanadi. Doston voqealari davomida Sultonxon juda koʻp xatolarga yoʻl qoʻyadi. Momogul maston fitnasiga aldanib, oilasidan, xotini va farzandidan ajraydi, ularsiz yashashga mahkum boʻladi. Doston soʻngida Sultonxon oʻz xatolarini tushunib yetadi hamda xotini va oʻgʻlidan kechirim soʻraydi. Oilasini qaytadan tiklaydi, yoʻl qoʻygan xatolarini tuzatishga kirishadi. Yomonlarni jazolaydi

Оставьте комментарий