Sochni kundalik parvarishlash

DO`STLARGA ULASHING:

Sochni kundalik parvarishlash — bu, bizningcha, sochlar sog‘lom va chiroyli bo‘lishining eng muhim shartidir. Agarda siz muntazam ravishda haftasiga ikki marotaba tabiiy vositalar yordamida muolaja niqoblaridan foydalansangizu, biroq boshqa vaqt sochlaringizni noto‘g‘ri parvarishlasangiz bu hech qanday natija bermaydi.
Sochlarni to‘g‘ri parvarishlash — bu, eng avvalo, sochga shikast yetkazuvchi omillarning bo‘lmasligi (hech bo‘lmaganda ularning iloji boricha kam bo‘lishi)dir. Agarda siz juda qalin va kuchli sochlar egasi bo‘lsangiz, ular bu kabi ta’sirlarni nisbatan yaxshi ko‘tarishi mumkin. Agarda siz uzun va sog‘lom sochlar egasi bo‘lishga qaror qilgan bo‘lsangiz, u holda bu tavsiya siz uchun ayniqsa muhim.  Uzun sochlar to‘g‘ri va ehtiyotkorona parvarishga muhtoj.
1. Sochni tarash. Uzun, ingichka, quruq va kuchsiz sochlarni pastdan boshlab, tolalarga ajratgan holda chigallarni asta-sekin yozib tarash darkor. Zinhor sochlarni qattiq taramang. Bu ularning to‘kilishiga olib keladi. Ko‘pgina tavsiyalarda sochlarni ho‘l holatida taramaslik maslahat beriladi. Sochlarni hatto nam holatda ham  tarash  tavsiya etilmaydi (ma’lumot uchun, sochlardagi suv bir soat atrofida saqlanib qoladi). Agarda ular chigal bo‘lib qolishidan qo‘rqsangiz ularni nihoyatda ehtiyot bo‘lib, balzam yoki niqob yordamida sekin-asta tarang. Bu bilan siz ularni shikastlanish darajasini keskin kamaytirasiz.
2. Aksessuarlar. Sochlarning kundalik parvarishi uchun o‘zingizga yaxshi taroq tanlab oling. Ularning tabiiy  jundan, taxta yoki plastmassadan bo‘lishi maqsadga muvofiq. Metal taroqdan foydalanmang. Umuman sochlarga metal predmetlar (bigudi, qisqichlar, taroqlar) ta’sir etishiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qiling. Ularni plastik, yog‘och yoki gazmol predmetlar bilan almashtiring.
3. Uzun sochlar parvarishi — o‘raymiz va yig‘amiz. Agarda sochlaringiz ingichka bo‘lib, hatto yengil shamolda ham darrov chigal bo‘lib qolsa, ularni ko‘chada iloji boricha kam yoyib yurishga harakat qiling. Sochlarni yung, dag‘al matolarga (ayniqsa yoqa qismda) ishqalanishini kamaytirinig. Sezgan bo‘lsangiz, bo‘yin sohasidagi sochlar ko‘proq chigallanadi, negaki ular kiyimga muntazam ravishda ishqalanishi natijasida shikastlanadi. Agarda sport bilan shug‘ullansangiz sochlaringizni albatta yig‘ib oling.
4. Iqlim va sochlarni to‘g‘ri parvarishlash. Havo sovuq bo‘lgan kunlarda sochlarni kiyim tagiga yashiring, bu bilan siz ularni past havo haroratidan ta’sirlanishining oldini olasiz. Yozda esa ularni quyosh va shamoldan saqlashga harakat qiling.
5. Yuvish va quritish.  Mutaxassislar sochlarni har kuni yuvish mumkin yoki mumkin emasligi haqida xohlagancha bahslashishi mumkin. Axir kun bo‘yi sochlarda  kir va chang to‘planib qoladi, bunday sochlar bilan uxlash esa yaramaydi. Biroq tabiat qo‘ynida bir oz chidasa ham bo‘ladi. Bunda, hamma o‘ziga to‘g‘ri keladigan yo‘lni tanlashi mumkin.
6. Soch kestirish va tekislash. Agarda sochlaringiz uzun bo‘lsa soch uchlari ko‘pgina salbiy omillardan ta’sirlanadi. Shu bois ular quruqlashadi. Shu sababli soch uchlarini har 2-3 oyda bir marta hech bo‘lmaganda 0,5 sm.ga kestirib turish tavsiya etiladi.
Uzun sochlarni parvarishlash oson ish emas. Bunday sochlar qattiq chigallashadi, uchlari quriydi. Sochlarni yuvishdan oldin sekin-asta va yaxshilab tarashni tavsiya etamiz. Shampunni soch ildizlariga surtsangiz, u soch uchlarini kamroq quritadi. Biroq bu maslahat turmaklash vositalaridan ko‘p foydalanuvchi ayollarga to‘g‘ri kelmaydi. Bunday vositalarni sochlardan yaxshilab yuvib tashlash darkor.
Uzun sochlarni parvarishlash shampundan so‘ng albatta balzamdan yoki kosmetik niqoblardan foydalanishni nazarda tutadi. Ko‘pchilik bu sochlarni zararlaydi va og‘irlashtirib qo‘yadi deb qo‘rqadi. Biroq sochlarni uzok vaqt mobaynida  shu tariqa parvarishlash sochlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Sochlarni iliq yoki biroz issiqroq suvda yuvish tavsiya etiladi. Zinhor sochlarni juda issiq suvda yuvmang. Bu ularning to‘kilishiga olib keladi. Almashtirib yuvish, yoki sovuq suvda sochlarni chayish nihoyatda foydali. Bu sochlarni yanada silliq va jilovdor qiladi.
Barcha yuqorida keltirilgan maslahatlar asosiy tavsiyalar hisoblanadi. Biznigcha, ularga rioya etish juda oson bo‘lib, bu bilan siz hatto maxsus davolovchi vositalarni qo‘llamay ham ijobiy natijalarga erishishingiz mumkin.
Manba: Eclair.uz

Оставьте комментарий