TАLOQ KАSАLLАNSА

DO`STLARGA ULASHING:

Qon yaratuvchi aʼzo hisoblangan taloq uzunchoq oval shaklida boʼlib, u qorin boʼshligʼida – chap biqinning 9 va 11-qovurgʼalari sohasida joylashgan. Taloq qonning biologik filьtridir. U qondagi yot elementlar (yaʼni bakteriyalar)ni hamda zararlangan eritrotsitlarni yoʼqotadi.
Baʼzi qon kasalliklari (masalan trombotsitopenik purpura, ayrim nasliy gemolitik kamqonlik)da taloq faoliyati izdan chiqadi. Bunday vaqtda taloq jarrohlik usulida olib tashlanadi. Taloqda va unda uchraydigan ayrim kasalliklar haqida har birimiz yetarlicha maʼlumotga ega boʼlganimiz maʼqul. Masalan bola taloqsiz tugʼilishi, baʼzilarda esa ikkita va undan ortiq taloq boʼlishi mumkin.
Taloqsiz dunyoga kelgan yoki ayrim sabablarga koʼra talogʼi olib tashlangan odamlar (ayniqsa, kichkina bolalar) organizmi koʼplab bakterial infektsiyalarga sezgir boʼlishadi. Tanadagi boshqa aʼzolar kabi taloq ham koʼpincha kasallikka chalinadi.
Taloq infarkti. Koʼp kuzatiladigan taloq infarkti emboliya yoki taloq tomirlari trombozi oqibatida kelib chiqadi. Taloq infarkti gemorragik yoki ishemik, bir oʼchoqli yoki koʼp oʼchoqli boʼlishi mumkin. Odatda taloqdagi infarkt oʼchoqlari mayda boʼladi. Taloq infarkti koʼpincha bakterial va septik endokarditda, qon-tomir kasalliklarida, mitral stenozda, jarohat va yuqumli kasalliklardan soʼng kuzatiladi.
Kichik infarktlarda taloqning zararlangan qismi asta-sekin soʼrilib ketib, chandiqlanadi. Lekin infarkt sohasi yumshab, u yerda soxta kista paydo boʼlishi ham mumkin. Kichik infarktlar odatda hech bir belgisiz oʼtadi. Taloqda katta infarkt boʼlganda chap qovurgʼa osti sohasida kutilmaganda ogʼriq paydo boʼladi, tana harorati 39 gradusgacha koʼtariladi, koʼngil ayniydi, ichak parezi kuzatiladi. Infarkt yiringlaganda abstsessga xos belgilar yuzaga chiqadi.
Taloq infarkti konservativ (dori-darmon) yoʼl bilan davolanadi. Bemor oʼrinda yotishi kerak. Unga antibiotiklar, yalligʼlanishga qarshi va ogʼriq qoldiruvchi dorilar buyuriladi. Infarkt yiringlab, abstsess yuzaga kelganida splenektomiya bajariladi, yaʼni taloq jarrohlik yoʼli bilan olib tashlanadi.
Buralsa yoki joyidan siljisa… Аdashgan (oʼz joyidan siljigan) talogʼi bor odamlarda taloq buralishi yuzaga kelishi mumkin boʼlgan xavfli asoratlardan biri hisoblanadi. Taloq buralishi kam kuzatiladi. Koʼproq ayollarda uchraydi, lekin baʼzan erkaklar va hatto bolalarda ham qayd qilingan. Taloq buralishi tez rivojlanganda kuchli ogʼriqlar turadi, bemor qusadi, baʼzida hushini yoʼqotishi mumkin. Sekin rivojlangan taloq buralishida kasallik belgilari unchalik oʼtkir boʼlmaydi. Bunda turli darajadagi ogʼriqlar, meteorizm kuzatiladi.
Taloq buralganda jarrohlik yoʼli orqali taloq olib tashlanadi.
Аbstsessga uchrashi mumkin. Taloq abstsessi 0,5-1 foiz holatlarda kuzatiladi. Taloqdagi abstsess turli oʼlchamlarda, bir oʼchoqli yoki koʼp oʼchoqli boʼlishi mumkin. Аbstsess butun taloqni yoki uning bir qismini zararlaydi. Kichik oʼlchamli koʼp oʼchoqli abstsesslar kattalashib bir-biriga qoʼshilib ketishi va yiringli yaraga aylanishi mumkin.
Koʼp hollarda vena va arteriyalar orqali taloqqa infektsiya kirib kelishi natijasida taloq abstsessi yuzaga keladi. Infektsiya organizmdagi septik, yalligʼlanish va yiring oʼchoqlari orqali tushishi mumkin. Masalan, tugʼruqdan keyingi sepsis, yarali endokardit, osteomielit, yuqumli kasalliklar, exinokokkoz infektsiya tushishiga imkon yaratadi.
Taloq abstsessida bemorning tana harorati koʼtariladi, titroq bosadi, chap qovurgʼa ostida oʼtmas ogʼriqlar seziladi. Bemor harakat qilganida ogʼriqlar kuchayadi. Shu sababli, bemor qimirlamaslikka harakat qiladi. Taloq asbtsessi jarrohlik yoʼli bilan davolanadi.
Kista va oʼsmalar. Taloqdagi kistalar chin va soxta, bitta va bir nechta, parazitar va noparazitar boʼlishi mumkin. Parazitar kistalar rivojlanish jarayonida hech bir belgilarsiz kechadi. Noparazitar kistalar ham hech bir belgi bermaganligi sababli, odam talogʼida kista borligini hech qachon bilmasligi mumkin. Kista oʼlchamlari kattalashganda taloq ham yiriklashadi. Bunda taloq sohasida ogʼriq yuzaga keladi.
Taloqdagi oʼsmalarning ikki turi (kartsinoma va xavfsiz oʼsma) tafovut qilinadi. Kasallik belgilari taloqdagi oʼsma oʼsa boshlagandan soʼnggina yuzaga keladi. Bunda qorin, chap qovurgʼa osti sohasi, yelkaning chap tomonida ogʼriqlar paydo boʼladi. Sarkoma (taloq oʼsmasi) kattalashib ketsa, kuchli zaharlanish belgilari (qusish, doimiy koʼngil aynishi, yuqori tana harorati) yuzaga keladi.
Аziza MАHMUDOVА,
gematolog, tibbiyot fanlari doktori.

Оставьте комментарий