TURG`UN XONTO‘RAYEV haqida

DO`STLARGA ULASHING:

O‘ZBЕKISTON XALQ ARTISTI
(1935)
Turg‘un Xonto‘rayev 1935 yilda Andijon viloyatining Asaka shahrida tug‘ilgan. 1957 yilda A.N.Ostrovskiy nomidagi Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutining aktyorlik fakultetini tugatgan. U 1954 yildan boshlab ko‘p yil mobaynida Hamza nomli O‘zbek Davlat (hozirgi O‘zbek Milliy) aka¬demik drama teatrda ishlab, yuzdan ortiq katta-kichik rollarni o‘ynadi. Oybekning «Qutlug‘ qon» asaridagi politsiyachi epizodik obrazi aktyorning teatrdagi dastlabki roli bo‘ldi. Keyinchalik, u kolxozchi yigit (O.Yoqubov, «Chin muhabbat», 1955), Idris (M.Dib, «Jazoir — mening Vatanim», 1957), Go‘rkov (V.Shekspir, «Hamlet», 1958), Sayyor (O.Yoqubov, «Yurak yonmog‘i kerak», 1958), Straton (Shekspir, «Yuliy Sezar», 1958), Miller (F.Shiller, «Makr va muhabbat», 1959), Shokirboy (B.Avazov, «Furqat», 1959), Boqijon (R.Bobojon, «Tog‘a-jiyanlar», 1959), Seydizo (M.Kaoru, «O‘g‘irlangan umr», 1965), Sayfiqori (F.Musajonov, «Oq kabutar», 1967), Jamol ota (AQahhor, «Ayajonlarim», 1967), Prixodka (L.Sheyn, «Mudhish aybnoma», 1967), Qozi domla (Hamza, «Boy ila xizmatchi», 1968), Bobo Kayfiy (M.Shay¬xzoda, «Mirzo Ulug‘bek» 1969), Levshin (M.Gorkiy, «Dushmanlar», 1968), Hazrat («K.Yashin, «Yo‘lchi yulduz», 1970), Maymandiy (Uyg‘un, «Abu Rayhon Beruniy», 1973), Musulmonqul (I.Sulton, «Abdulla Qodiriyning o‘tgan kunlari», 1988) va boshqa obrazlarni yaratdi. T.Xonto‘rayev o‘z ijodini avval kichik rollarni o‘ynashdan boshladi. Aktyor uchun rolning katta-kichigi bo‘lmaganini sezgan T.Xonto‘rayev shu kichik rollarni ham maromiga yetkazib o‘ynadi. Uning talqinidagi «Qutlug‘ qon» spektaklidagi po¬litsiyachi, «Chin muhabbat»dagi kolxozchi yigit obrazlari ham o‘ziga xos ma’no va mantiq kasb etgan. Go‘rkov (Shekspir, «Hamlet») obrazi esa uning ijodida o‘ziga xos bir qadam bo‘ldi. Aktyor bu kichik obrazda ulkan badiiy-falsafiy umulashmalarni mujassam eta oldi. San’atkor ustozlardan o‘rganish, o‘z ustida tinmay ishlash natijasida roldan rolga o‘sib bordi. «Mirzo Ulug‘bek»dagi Bobo Kayfiy, «Abu Rayhon Beruniy»dagi Maymandiy, «Abdulla Qodiriyning o‘tgan kunlari»dagi Musulmonqul uning ijodiy balog‘atidan yorqin nishona edi. T.Xonto‘rayev teatrda shunday o‘sish-ulg‘ayish yo‘lini bosib o‘tdi. T.Xonto‘rayev O‘zbekiston radiosi va televideniyesida tayyorlangan qator radiospektakllar, telespektakllar, videofilmlarda ham rollar ijro etdi. Ular aktyor ijodining kattagina qismini tashkil qiladi. U «O‘zbekfilm» kinostudiyasida suratga olingan qator filmlarda rollar ijro etdi. Ko‘plab filmlarni dublyaj qilishda faol qatnashdi. T.Xonto‘rayevga 1988 yilda «O‘zbekiston xalq artisti» fax¬riy unvoni berildi.

Оставьте комментарий