Uchrashganda qarolmayman ko’zingga

DO`STLARGA ULASHING:

Ko’nglingiz ko’chasiga yo’l solgan qadrligingiz sizga qanday munosabatda ekanini bilolmay, parishon bo’lyapsiz. Kechalari kiprigingizga qo’nolmagan uyqu farishtasi chor-nochor «U ham meni sevarmikin, ko’ngli ko’zgusida mening suratim chizilganmikin?» degan savollarni etaklab keladi. Dilingizdagi xavotirni aritib, hadikni ko’nglingiz uyiga begona qilish uchun sizga bir necha sirlarni ochamiz. Uning ko’nglida sizning o’rningiz qaerda ekanini, sizni qay darajada qadrlashini uning istiqboliga peshvoz chiqqaningizda aniqlab olishingiz mumkin. Buning uchun diydor onlarida u sizga qanday qarashiga e’tibor bersangiz kifoya!

Suhbatlashish jarayonida u o’zini qanday tutadi?

Odatda, bir so’zlilik, mardlik — yigit kishiga xos fazilatlar sanaladi. Uni tanigan kuningizdan boshlab, o’zi aytgan barcha so’zining ustidan chiqqan bo’lsa, (bu aynan sizga berilgan va’dalar bo’lishi shart emas!) bunday yigitning so’zlariga ishonish mumkin. Shuningdek, siz bilan suhbat chog’ida o’zini yo’qotib qo’ysa, bilingki, u sizga befarq emas.

Agar u suhbat chog’ida erga qarasa…

Qarshingizdagi yigit hayot sinovlarida irodasi singan. O’ziga ishonmaydi. Shaxsiy hayotini o’zi qurishdan cho’chiydi. Shuningdek, bu qarashlar zamirida javobsiz muhabbat yotgan bo’lishi ham mumkin.

Ko’zlaringizga tikilib qarasa…

Agar u faqat sizga qarasa, demak, sizni eng yaxshi do’st o’rnida qabul qilyapti yoki sizni chin dildan sevib qolgan. Bunday nigohni «tutish» oson bo’lmaydi, biroq, aynan shunday qarashlar bir ko’rishda muhabbat paydo bo’lishiga zamin yaratadi.

U ko’zlarini yuqoriga  qadasa…

Aytishga so’z topolmay, yuqoriga qarab, quyoshli osmondan yulduzlarni izlaydigan yigit nimadandir uyalgani, tortinayotgani aniq. Agarda u siz nimalar haqdadir berilib hikoya qilayotgan chog’ingizda yuqoriga qarab tursa, bilingki, siz tanlagan mavzu u uchun hech qanday ahamiyatga ega emas.

U sizga kulib qarasa…

Suhbat chog’ida jon-dili bilan gaplashsa, ko’zlarida uchqunlar paydo bo’lsa, shuningdek, yosh boladek quvonaversa, uning ko’nglida sizga nisbatan iliq tuyg’ular bulog’i ko’z ocha boshlagan. U sizni chin dildan sevib qolishi mumkin va bu muhabbatga sadoqatini izhor etishiga qo’yib bering.

Shunchaki, yuzaki qarab qo’ysa…

U sizga qiziqyapti: nimalarni yoqtirasiz, qanday janrdagi filmlarni tomosha qilasiz, oxirgi marta qachon chin dildan quvonib kulgansiz… Biroq, u hali bir qarorga kelgani yo’q. Sizni yoqtiradimi, umuman, rostdan ham yoningizda bo’lishni istaydimi — buni hali o’zi ham bilmaydi.

Ko’z qiri bilan qarasa…

Odatda, bunday nigohlar qattiq ranjigan, kimlardandir ko’ngli qolgan insonlarning qarashlarida aks etadi. Shuningdek, hammaga jahl qilishga odatlangan yigitlar ham atrofdagilar shunday qaraydilar. Agar u sizga shunday qarasa, o’zingizni tuzatishga, qadamingizni o’ylab bosishga harakat qiling: balki uni xafa qilgandirsiz yoki qaysidir harakatingiz uning jahlini chiqargandir?

Siz bilan suhbatlasha turib, ko’zlarini olib qochsa…

Agar u sizning ko’zingizga tik qarashdan qochsa, bunday yigitga ishonishni maslahat bermaymiz. Chunki, bu harakat ostida biror yolg’on yoki sizga nisbatan qilingan xato uchun javobgarlik hissi yotgan bo’lishi ehtimoldan xoli emas. Ya’ni, u sizning ko’zlaringizdan emas, o’z qilmishlaridan yashirinayotgan bo’lishi mumkin.

Yuqorida keltirilgan mulohazalar kichik kuzatuvlar hosilasi sifatida qalamga olindi. Biroq, shuni unutmangki, har bir inson o’z taqdirini o’zi yaratadi. Muhabbat eski tuyg’u, lekin har bir yurak uni yangilaydi, deyishadi. Qalbingizga quloq tutib, o’z muhabbat ertagingizni qo’lingiz bilan yozing! Toki bu muhabbat qissasi takrorlanmas va umriboqiy bo’lsin!

Оставьте комментарий