Zahiriddin Muhammad Bobur G’azallari

DO`STLARGA ULASHING:

Zahiriddin Muhammad Bobur G’azallari

Zahiriddin Muhammad Bobur G’azallari — Mumtoz she’riyatda g’azal shoirning salohiyati ko’lamini anglatuvchi asosiy janr hisoblangan. Har bir ijodkorning maqomi uning g’azalchilikdagi mahorat darajasi bilan belgilangan. Shuningdek, devon tuzishda ham g’azal alohida mavqe kasb etgan. O’tmishda g’azal yozmagan ijodkorning devon tartib berishi mumkin bo’lmagan. Mazkur to’plamdan g’azalnavis ijodkorlarimizning eng sara g’azallari o’rin olgan.

“Yaxshilig‘” radifli g’azal

Kim ko‘rubdur, ey ko‘ngul, ahli jahondin yaxshilig‘, Kimki, ondin yaxshi yo‘q, ko‘z tutma ondin yaxshilig‘. Gar zamonni nayf qilsam ayb qilma, ey rafiq, Ko‘rmadim hargiz, netoyin, bu zamondin yaxshilig‘! Dilrabolardin yomonliq keldi mahzun ko‘ngluma, Kelmadi jonimg’a hech oromi jondin yaxshilig’. Ey ko‘ngul, chun yaxshidin ko‘rdung yamonliq asru ko‘p, Emdi ko‘z tutmoq ne ma’ni har yamondin yaxshilig’? Bori elga yaxshilig’ qilg’ilki, mundin yaxshi yo‘q Kim, degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshilig! Yaxshilig’ ahli jahonda istama Bobur kibi, Kim ko‘rubdur, ey ko‘ngul, ahli jahondin yaxshilig’?

“Topilmas” radifli g’azal

Sendek manga bir yori jafokor topilmas, Mendek sanga bir zori vafodor topilmas. Bu shakl-u shamoyil bila xud hur-u parisen, Kim jinsi bashar ichra bu miqdor topilmas. Ag’yor ko‘z olida-u ul yor ayon yo‘q, G‘am xori ko‘ngul ichra-yu g’amxor topilmas. Ey gul, meni zor etmaki husnung chamanida, Ko‘zni yumub ochquncha, bu gulzor topilmas. Bobur seni chun yor dedi, yorlig’ etgil, Olamda kishiga yo‘q esa, yor topilmas.

Mening ko‘nglumki…

Mening ko‘nglumki, gulning g’unchasidek tah-batah qondur, Agar yuz ming bahor o‘lsa, ochilmog’i ne imkondur. Agar ul qoshi yosiz bog’ gashtin orzu qilsam, Ko‘zumga o‘qdurur sarv-u ko‘ngulga g’uncha paykondur. Bahor-u bog’ sayrin ne qilaykim, dilistonimning, Yuzi gul, zulfi sunbul, qomati sarvi xiromondur. Visoli lazzatidin zavq topmog’liq erur dushvor, Firoqi shiddatinda yo‘qsa jon bermaklik osondur. Boshidin evrulur armoni birla o‘ldum, ey Bobur, Mening na’shimni bori ul pari ko‘yidin aylondur.

“Mushkuldur” radifli g’azal

Agarchi sensizin sabr aylamak, ey yor, mushkuldur, Sening birla chiqishmoqlik dag’i bisyor mushkuldur. Mizojing nozik-u sen tund, men bir beadab telba, Sanga holimni qilmoq, ey pari, izhor mushkuldur. Ne osig’ nola-u faryod xobolud baxtimdin, Bir unlar birla chun qilmoq ani bedor mushkuldur. Manga osondurur bo‘lsa, agar yuz ming tuman dushman, Vale bo‘lmoq jahonda, ey ko‘ngul, beyor mushkuldur. Visolinkim tilarsen nozini xush tortg’il, Bobur, Ki olam bog’ida topmoq guli bexor mushkuldur.

Bahor ayyomidur…

Bahor ayyomidur dog’i yigitlikning avonidur, Ketur soqiy, sharobi nobkim — ishrat zamonidur. Gahi sahro uzori lola shaklidin erur gulgun, Gahi sahni chaman gul chehrasidin arg’uvonidur. Yana sahni chaman bo‘ldi munaqqash rangi gullardin, Magarkim sunning naqqoshig’a rang imtihonidur. Yuzung, ey sarv, jonim gulshanining toza gulzori, Qading, ey gul, hayotim bog’ining sarvi ravonidur. Ne yerda bo‘lsang, ey gul, andadur chun joni Boburning, G’aribingg’a tarahhum aylagilkim, andi jonidur.

Gul jamolin yopqon ul gulning iki rayhonidur…

Gul jamolin yopqon ul gulning iki rayhonidur, G’uncha sirin ochqon ul ikki labi xandonidur. Ul musalsal ikki zulfi gul yuzining davrida, Gul uza og’nar, magar, ul ikkining davronidur. O‘qi zaxmini ko‘rub har yon tanimda el degay, Kim, bu ko‘hi dardning ul lolayi No‘monidur. Sel emasdur yer yuzin tutqon — ko‘zumning yoshidur! Ra’d emasdur ko‘kka chirmashqon — ko‘ngul afg’onidur! Lojaram bo‘lg’ay parishon-u havoyi men kibi, Zarra yanglig‘ kimki bir xushred sargardonidur. Ul pari ishqida, Bobur, ko‘nglum andoq telbadur. Kim, sochi zanjiridur chohi zaqan zindonidur.

G’ofil o‘lma…

G’ofil o‘lma ey soqiy, gul chog’in g’animat tut! Vaqti aysh erur boqiy ol chag’ir, ketur, bot tut! Bu nasihatim ongla, ne bilur kishi yongla, Ne bo‘lur ekin tongla, sen bu kun g’animat tut! G‘ofil o‘lma davlatda o’zni solma mehnatda, Tangri berur albatta, davlat ista, himmat tut! Xush turur visoli yor, anda bo‘masa dayyor, Bo‘sa, vasl beag’yor davlat-u saodat tut! G’am cheriki behaddur, chorasi budur, Bobur, Bodani ko‘mak keltur, jomni himoyat tut!

Sening ishqingda…

Sening ishqingda, ey nomehribon, bexonumon bo‘ldim, Demon bexonumon, ovvorayi ikki jahon bo‘ldum. Labing gar bermasa bo‘sa nechuk jon elta olg’aymen, Bu yo‘ldakim, adam sahrosig’a emdi ravon bo‘ldum. So‘rub ul oy labidin og’zining ramzini angladim, Bir og’iz so‘z bila ko‘rungki muncha xurdadon bo‘ldum. Nechakim qoshi yolar ishqida tuzlukni ko‘rsattim, Vale oxir malomat o‘qlarig’a-o‘q nishon bo‘ldum. Kular erdim burun Farhodi miskin dostonig’a, Bu Shirindurki oning birla-o‘q hamdoston bo‘ldum. Visoling davlatig’a yetmasam Bobur kibi, ne tong, Ki hajring mehnatida asr-u zor-u notavon bo‘ldum.

Baloyi ishqki, har dam manga jafoyedur…

Baloyi ishqki, har dam manga jafoyedur, Bu ishqdin kecha olmon ajab baloyedur. Xali labig’a tutash bo‘lsa, ey ko‘ngul, ne ajab, Ki Xizr chashmayi hayvong’a rahnamoyedur. Yarar bu xasta ko‘ngul dardig’a o‘qin yarasi, Magarki har yarasi yorning davoyedur. Bahor faslidur-u may havosi boshimda, Ayoq tut menga, soqiyki, xush havoyedur. Ul oy raqibg’a bo‘ldi rafiq-u Boburning, Rafiq-u hamdami hajrinda oh-u voyedur.

Ko‘ngulga bo‘ldi ajoyib balo qaro soching…

Ko‘ngulga bo‘ldi ajoyib balo qaro soching, Shikasta ko‘ngluma ermish qaro balo soching. Muyassar o‘ldi junun mulki, ey junun ahli, Nisori ashkni emdi bu kun mango soching. Soching shikastida bordur shikasta ko‘ngullar, Ko‘ngullar ochilur, ochilsa ul qaro soching. Ochildi ko‘ngli, chu ochting sochingni, Boburning, Ne ayb, agar desa dilband-u dilkusho soching.

Sochining savdosi tushti boshima boshdin yana…

Sochining savdosi tushti boshima boshdin yana, Tiyra bo‘ldi ro‘zg’orim ul qaro qoshdin yana. Men xud ul tifli parivashg’a ko‘ngul berdim, vale, Xonumonim nogahon buzulmag’ay boshdin yana. Yuz yomonliq ko‘rub ondin telba bo‘ldung, ey ko‘ngul, Yaxshilig’ni ko‘z turarsen ul parivashdin yana. Tosh urar atfol mani, uyida forig‘ ul pari, Telbalardek qichqirurmen har zamon toshdin yana. Oyog’im yetgancha Boburdek ketar erdim, netay, Sochining savdosi tushti boshima boshdin yana.

Оставьте комментарий