Adriano Chelentano

DO`STLARGA ULASHING:

Italiya kino sanʼati haqida soʻz ketar ekan, albatta, birinchi oʻrinda neorealizm oqimi, Federiko Fellini koʻz oʻngimizda gavdalanadi. Undan keyin esa beixtiyor xayolimiz Italiya kinokomediyasi tomon ketadi. Yigirmanchi asrning 60-90 yillarida italyan komediyalari butun dunyo boʻylab tomoshabinlarni qiziqtirib qoʻydi desak, mubolagʻa boʻlmaydi. “Firib”, “Qiyiqning quyilishi” va “Devona oshiq” kabi komediya janriga mansub filmlarni qayta-qayta koʻrib, zavqlanmagan tomoshabin topilmasa kerak. Ushbu filmlar oʻziga xos uslub yarata olib, muxlislar qalbidan joy olgan birgina aktyor obrazi orqali yodda qolgan.
Italiya musiqa va kino sanʼatining yorqin namoyandasi Adriano Chelentano 1938 yili 6 yanvar kuni Italiyaning Milan shahrida kambagʻal oilada dunyoga keladi. Yulduzlarning hazilimi yoki inʼomimi bu kun Italiyada hazil va oʻyinlar bayrami sifatida nishonlanadi. Yoshligidan xushchaqchaq va shu bilan birga oʻta masʼuliyatli Adriano 12 yoshida oilaning moliyaviy qiyinchiligi sababli soatsozga shogird tushib, ustaxonada ishlay boshlaydi. Ammo sanʼatga qiziqishi tabiatida aks etaveradi. U oʻsha yillari mashhur boʻlgan amerikalik komik Jerri Lyuisga taqlid qilib, yon-atrofdagilarni kuldirishga muvaffaq boʻladi. Ukasining iqtidorini kuzatib yurgan Adrianoning katta opasi ukasini taqlid mahalida rasmga oldirib, oʻxshash qiyofalar koʻrigiga yuboradi. U koʻrikda birinchi oʻrinni egallab, yuz ming lira pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Opasining urinishi zoya ketmaydi. Oʻsmir yoshdagi Adriano oʻzining qiziqishiga oʻyindek emas, balki jiddiy yondashishi kerakliligini tushunib yetadi. Birgina mukofot tufayli oʻziga ishonchi ortgan yigitcha “Rock Boys” rok guruhiga qoʻshiladi va oʻzi yaratgan musiqiy kompozitsiyalarini ijro eta boshlaydi. 1957 yili Adrianoning ijodiy faoliyatida keskin burilish sodir boʻladi. Milanda oʻtkazilgan “Birinchi Italiya rok-n-roll festivali”da “Rock Boys” guruhi bilan ishtirok etib, barcha qatnashuvchi guruhlardan farqli oʻlaroq, ingliz tilida emas, ona tilida “Ciao ti diro” (Men senga “chao” deyman) qoʻshigʻini ijro etadi. Yosh ijodkorning bu jasorati eʼtiborsiz qolmaydi. Adriano guruhi bilan ushbu festivalda birinchi oʻrinni qoʻlga kiritadi.
Adriano Chelentano sanʼatga kirib kelar ekan, u nafaqat oʻz iqtidori, balki vatanparvarlik xislatlari bilan ham ajralib turardi. U xorij sanʼatkorlariga taqlid qilgani bilan ijodda oʻz ona tilini ustun qoʻyar va oʻziga xos uslub yaratishga harakat qilardi. Bu esa italyan xalqiga xush yoqar va xorij mamlakatlarida qiziqish uygʻotardi.
1966 yilda San-Remodagi musiqa festivalida Adriano Chelentano tomonidan ijro etgan “Glyuklik yigit” nomli qoʻshigʻi maktab darsliklariga kiritilib, oʻquvchilarni tabiatni asrashga chorlov vazifasini bajarishda xizmat qilib keldi. Siyosiy-ijtimoiy mazmundagi bu qoʻshiq oddiy bir milanlik yigit haqida boʻlib, butun dunyo boʻylab yangradi. Adrianoning ushbu qoʻshigʻi dunyoning yigirma ikki tiliga tarjima qilinib, odamlarning atrof-muhitga boʻlgan munosabatini ijobiy tomonga oʻzgartirishga muvaffaq boʻldi.
Adriano Chelentano dunyoda sodir boʻlayotgan voqea-hodisalarga befarq boʻlmagan sanʼatkor sifatida oʻz yurtida va xorij mamlakatlarida tanila boshlaydi. U musiqa sanʼatidan tashqari, kino sanʼatida ham oʻz mahoratini namoyon etadi. U ilk bor kadrda “Quturganlar” (1958) nomli amerika badiiy filmida qoʻshiq ijro etib gavdalanadi. 1959 yilda ekranga chiqqan “Musiqa avtomati va bolalar” nomli filmidagi ijrosi unga kino olamida omad keltiradi. U hatto, Federiko Fellinining “Shirin hayot” filmida ham rok qoʻshiqchisi rolini ijro etishga musharraf boʻladi.
1969 yilga qadar kichik rollarni ijro qilib kelgan Adrianoga rejissyor Pyetro Jerimining “Serafino” nomli filmi olamshumul mashhurlik keltiradi. Unda yaratgan obrazi uchun Italiyaning “Eng yaxshi erkak roli debyuti” sovrini bilan taqdirlanadi. “Serofina” filmi rejissyori Adriano Chelentanoning mahorati haqida gapirar ekan, shunday degan edi: “U yaratgan obraz xalq komediyasi qahramoni bilan hamohang boʻlib, bir vaqtning oʻzida ham sodda va dono, ham ochiqkoʻngil va mugʻombirdir. U tasvirga olish maydonchasida shunchalik ishonch bilan ishlaydiki, kino sanʼati va sanoatini har tomonlama oʻrganishga harakat qiladi. Nazarimda, u yaqin orada oʻzi rejissyorlik faoliyatini boshlaydi.” Koʻp oʻtmay, bu gaplar oʻz tasdigʻini topadi. U rejissyor sifatida “Milandagi super oʻgʻrilik” (1965), “Yuppi-du” (1975), “Telba Jeppo” (1978) va “Juan Luy” (1985) nomli filmlarni suratga oladi. Ammo ularning barchasi unga rejissyorlik sohasida muvaffaqiyat keltirdi, deb boʻlmaydi.
Ulkan iqtidor egasi Adriano Chelentano ijodiy faoliyati davomida olti yuzga yaqin qoʻshiq kuylab, qirqdan ortiq filmlarda rol ijro etdi. Uning mehnati bir qancha Italiya hamda xalqaro tanlovlarda yuqori darajada taqdirlandi. Yillar oʻtsa-da, u tomondan rol ijro etilgan filmlar oynaijahondan tushmay kelmoqda.
Shu oʻrinda “Firib” filmida yaratgan roli haqida toʻxtalib oʻtsak. Ushbu film rejissyor Serjo Korbuchchi tomonida 1976 yilda suratga olingan boʻlib, firibgarlar toʻgʻrisida hikoya qiladi. Unga mashhur aktyorlar Entoni Kuinn, Korinn Kleri va Adriano Chelentano jalb qilinganligi film tomoshabinlarning eng sevimli kino asarlaridan biriga aylanishiga sabab boʻldi. “Firib” filmida Adriano firibgarlardan birining obrazini gavdalantirgan boʻlib, u ekranda talqin qilinib kelgan oʻgʻri obrazlaridan butkul farq qiladi. Uning qahramoni harchand oʻzini ayyor, uddaburon qilib tutishga urinmasin, baribir koʻnglidagi soddalik, mehr-oqibatlilik pand berib qolaveradi. Rejissyor tomonidan tomoshabinlarga yetkazmoqchi boʻlgan mushkul vaziyatga tushib qolgan, yozilmagan qonunlar tufayli yaxshi hayot uchun oʻz bilganicha kurashmoqchi boʻlayotgan insonning qiyofasi aktyorning qoyilmaqom ijrosi orqali ochib berilgan. Aktyor oʻziga xos plastikasi orqali yorqin xarakter yaratib bera olgan. Adriano Chelentanoning harakati, yurish-turishidagi oʻziga xoslik tomoshabin diqqatini tortadi va shu bilan birga oʻchmas taassurot qoldiradi. Aktyorning plastikasidagi topilmasi meʼdaga tegmas va gʻashni keltirmasligi bilan eʼtiborga molik. Chunki bunday vaziyatlarda oltin meʼyorni topish katta mahorat talab etadi. Tomoshabinni kuldiraman deb gʻashiga tegish holatlari komik aktyorlar ijrosida koʻp uchraydi. Ammo Adriano Chelentano bundan istisno deyish mumkin.
Adriano “Firib” filmidagi roli uchun “Eng yaxshi aktyor” nominatsiyasida Italiyaning Milliy kino sovrini “David di Donatello” bilan mukofatlanadi.
Italyan aktyorining butun dunyoda millionlab muxlis orttirishiga “Qiyiqning quyilishi” filmida ijro etgan roli sabab boʻldi deyish mumkin. Ushbu film italyalik rejissyorlar Kastellano va Pipololar tomonidan 1980 yilda tasvirga olingan. “Qiyiqning quyilishi” filmi U.Shekspirning “Qiyiq qizning quyilishi” pyesasining oʻziga xos talqini boʻlib, unda gap yigitning quyilishi haqida ketadi.
Adriano bu asarda oʻjar, qoʻpol, xushmuomalalikdan yiroq bir yigit obrazini yaratgan. Ammo avtomobil nosozligi sababli tasodifan uyiga kelib qolgan sohibjamol yigitning hayotini oʻzgartirishga muvaffaq boʻladi. Goʻzal qiz obrazini italiyalik aktrisa Ornella Muti talqin qilgan. Ushbu komediya toʻgʻrisida matbuotlarda quyidagicha fikr bildirilgan edi: “Chelentanoning qahramoni badjahl, ayollarni yomon koʻradigan, chidab boʻlmas feʼli bilan mashhur. Ornella Muti ijrosidagi sohibjamol Liza bu yigitning feʼliga qiziqib qoladi. Yigitning uyiga kelib qolib, oʻzining mustahkam iroda sohibi ekanligini isbotlab, uning qalbini zabt etadi.”
“Qiyiqning quyilishi” komediyasida Chelentano tomonidan talqin qilingan obraz shunisi bilan eʼtiborliki, jahldor, ayol zotidan nafratlanuvchi, qoʻpol yigit, aslida, koʻngli nozik va soddaligi tufayli yuragini jarohatlardan saqlash maqsadida oʻzini “badfeʼllik” devori bilan oʻrab olgan shaxs qiyofasini ustalik bilan gavdalantirgan. Aktyorning qoʻpol harakatlari uning begʻubor nigohlari bilan hamohang tarzda amalga oshirilgani tomoshabinga qahramonning ichki dunyosini namoyon qilib turadi. Natijada, bu badfeʼl yigit tomoshabinda nafrat uygʻotish oʻrniga iliq munosabat shakllantiradi. Aktyorning isteʼdodi uning xatti-harakatlari va ayniqsa, koʻz qarashlari soxta emasligida va bolalarga xos soddadillikni ifoda eta olishida namoyon boʻladi.
Adriano Chelentano musiqa sanʼati olamida, kino dunyosida, televideniyeda hamda dunyo va oʻz yurtining ijtimoiy hayotida, xayriya ishlarida faol qatnashdi. U nafaqat iqtidorli sanʼatkor, balki atrof-muhitda sodir boʻlayotgan voqea-hodisalarga befarq boʻlmagan insondir. Joriy yil yanvar oyida serqirra ijodkorning 80 yilligi Italiya va boshqa mamlakatlarda keng nishonlandi. Adriano Chelentano hozirda keksayib qolganligiga qaramay, ijodini faol davom ettirmoqda.
Nodira Qosimova
tayyorladi.
“Jahon adabiyoti”, 2018/1

14 комментариев к “Adriano Chelentano”

  1. Уведомление: sbo

  2. Уведомление: charging rhino gun

  3. Уведомление: Aller voir

  4. Уведомление: i thought about this

  5. Уведомление: Buy Mastermind Dark Chocolate online Canada

  6. Уведомление: ufabet911

  7. Уведомление: Buy DMT vape Sydney Australia

  8. Уведомление: find out

  9. Уведомление: see here

  10. Уведомление: Malabar Mushroom Strain

  11. Уведомление: สล็อต ฝากถอน true wallet เว็บตรง 888pg

  12. Уведомление: Buy psilocybin pills online Germany

  13. Уведомление: daftar togel hari ini

  14. Уведомление: วิเคราะห์บอลวันนี้

Комментарии закрыты.