Ayyor ko‘mirchi

DO`STLARGA ULASHING:

Ko‘mirchi o‘rmonga borib, pista ko‘mir qilmoqchi bo‘libdi. Yo‘lda unga ayiq duch kelibdi. Ortidan qobon ham kelayotgan ekan.
Ayiq ko‘mirchini ko‘rib debdi:
— Hoy yaxshi odam, qornim och, men seni yeyman.
Ko‘mirchi ayiqqa javoban debdi:
— Nima ham derdim, ayiqpolvon, qarshilik ko‘rsatishim foydasiz, chunki yolg‘izman. Faqat o‘limimdan oldin ovqatlanib olishimga ruxsat ber.
Yonida cho‘chqa kolbasa bilan noni bor ekan. O‘tirib, tamaddi qilib va ayiqqa ham bir bo‘lak kol¬basa tashlabdi. Ayiq hap etib og‘zi bilan ilib olibdi- da, yeb, debdi:
— O‘hu! Bunaqa mazali ildiz qayerda o‘sadi?
Ko‘mirchi javob beribdi:
— Aytardimu, tilim bormaydi-da.
Ayiq qayta so‘rabdi:
— Aytaver, qo‘rqma!
Ko‘mirchi shartta aytibdi:
— Bunaqa ildiz ni qobondan qiladi.
Ayiq qobonni tutib, bo‘g‘izlab o‘ldiribdi-da, ko‘mirchiga buyuribdi.
— Xuddi mana shunaqa mazali ildiz qilib ber!
Ko‘mirchi unga tushuntiribdi:
— Obbo ayiqpolvon-ey, buning uchun olov kerak bo‘ladi, tuvak kerak bo‘ladi. Sen jirkanmasdan ovqatlanishing uchun men yaxshilab yuz-qo‘limni chayishim kerak bo‘ladi.
Ayiq rozi bo‘libdi. Ko‘mirchi yuz-qo‘lini chayibdi-da, nimaga artishini bilmay, ayiqdan iltimos qilibdi:
— Teringga artinsam maylimi?
Ayiq unga yaqin kelibdi va ko‘mirchi ayiqning yungiga artinib olibdi. Ayiqning erkatoyi tulkivoy tuvakka ketibdi, ayiqqa jiyan bo‘lmish bo‘rivoy olov yoqibdi.
Ko‘mirchi bo‘lsa katta qayin xodasini yorib, pona qo‘yibdi-da, ayiqqa qarab debdi:
— Ichimizda polvoni sen ekansan, yoriqqa panjangni suqib xodani yorishimga yordam ber.
Bo‘rivoy ayiqni ogohlantiribdi:
— Tog‘ajon, undan ehtiyot bo‘ling, ko‘mirchi o‘lguday ayyor balo, tag‘in sizga pand berib qo‘ymasin.
Biroq uning gaplari ayiqning qulog‘iga kirmabdi ham, nimaga deganda tezroq cho‘chqa ildizini mazza qilib tushirishni o‘ylab, sabri chidamayotgan ekan-da. Ayiqpolvon panjasini yoriqqa suqishi bilan ko‘mirchi ponani shartta sug‘urib olibdi. Ayiq dod sola boshlabdi:
— Voy-dod, qisib qoldi! Voy-dod, qisib qoldi!
Ko’mirchi bo‘lsa parvoyiga kelmay:
— Birpas sabr qilsang-chi, og‘ayni, — debdi-da, aylantirib boltaning muhrasi bilan quyrug‘iga rosa tushuribdi.
Bo‘rivoy birpas qarab turib, debdi:
— Eh, tog‘ajon-a, gapimga kirmadingiz, bu shunaqa pixini yorgan tullak deganimda ishonmagandingiz. Hay, fursat g‘animatda qochib qolay, tag‘in mening ham boshimga tushmasin bu kun.
Shunday debdi-yu, bo‘rivoy juftakni urib qolibdi. Yo‘lda tuvak ko‘targan tulkivoyga duch kelibdi. Tulkivoy ayiqpolvonning ne kunlarga qolganidan darak topibdi-yu, tuvaklarni tashlab, ura qochib qolibdi.
Butun boshli qobon ko‘mirchiga nasib qilganini qarang!
“Oltin shahzoda” nomli kitobdan

Оставьте комментарий