Sichqonga aylangan yo‘lbars

DO`STLARGA ULASHING:

Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, ko‘m-ko‘k o‘rmon yoqasida bir uy bor ekan. Bu uyda bir keksa kampir yolg‘iz yashar ekan. Bir kuni kampir eshik yonida ip yigirib o‘tirganda, qarg‘a quvlab kelayotgan sichqonni ko‘rib qolibdi. Kampir o‘rnidan turib, qarg‘ani kaltak bilan haydabdi. Sichqonni uyga olib kirib, oldiga bir kaft guruch to‘kibdi.

Sichqon kampirning non-tuzini yegach, uning uyida qolibdi. Endi kampir yolg‘izlikdan qutulibdi. Biroz muddat o‘tibdi, kampir eshik oldida o‘tirib, guruch tozalayotgan ekan, sichqon uning atrofida aylanib o‘ynabdi. Kampir unga ba’zi-ba’zida bir necha dona guruch sochibdi. Shu payt bir mushuk kampirning uyi yonidan o‘tib qolibdi va o‘ynab yurgan sichqonni ko‘ribdi. Kampir mushukning kelganini sezgach ichida: “Agar sichqonni ko‘zdan qochirsam, mushuk uni olib ketadi”, – deb o‘ylabdi. Oh chekkancha o‘ziga-o‘zi debdi: “Qaniydi sichqon mushukka aylansa-yu, men bexavotir o‘tirsam”. Ko‘z ochib yumguncha uning orzusi amalga oshibdi. Sichqon katta, bahaybat mushukka aylanibdi. Uni ko‘rgan haligi mushuk esa dumini qisgancha qochib ketibdi.

Kechqurun kampir tinchgina uxlabdi, mushuk tomga chiqib sayr qilibdi. Yarim kechada bir itning vovullaganini eshitgan mushuk qo‘rqib, tomdan sakrab tushibdi. Uyning ichiga yugurib kiribdi, sandiq orqasiga yashirinibdi. It vovullabdi, mushuk qaltirabdi. Kampir mushukning holiga achinib o‘ziga-o‘zi debdi: “Koshki mushukcham katta itga aylansa-yu, unga hech qanday it ozor bera olmasa”. Kampirning orzusi yana amalga oshibdi. Uning mushugi katta, kuchli itga aylanibdi. Boshqa itlarning vovullaganini eshitganda, ularga javob qaytaribdi. Uyni qo‘riqlabdi.

Oradan biroz vaqt o‘tib kampirning uyi atrofida och yo‘lbars paydo bo‘libdi. U o‘lja izlab aylanib yurgan ekan. It oldinga chiqib, unga vovullabdi. Yo‘lbars itga qarab na’ra tortibdi. Shunda kampir faryod chekibdi: “Qaniydi, itim katta yo‘lbarsga aylansa. Shunda boshqa hayvonlar unga hamla qila olmas edi”.

Bu safar ham kampirning tilidagi ro‘yobga chiqibdi. Uning iti katta, haybatli yo‘lbarsga aylanibdi. Endi u o‘rmonda viqor bilan yuradigan bo‘libdi. Uni ko‘rgan boshqa jonzotlar qo‘rqqanlaridan butalar orasiga yashirinishar yoki daraxt tepasiga chiqib olishar ekan. Har safar o‘zidan kichikroq hayvonni ko‘rsa, vajohat bilan na’ra tortibdi. Kampir uning qilayotgan ishlarini ko‘rsa ham indamabdi. Oxir-oqibat bir kuni yo‘lbars kichkina sichqonni qo‘rqita boshlabdi. Uning ishidan kampirning hafsalasi pir bo‘lib, yo‘lbarsga debdi: “Nega bunchalik manmansan? Bir paytlar o‘zing ham kichkina sichqon bo‘lganing esingdan chiqdimi?” Yo‘lbarsning jahli chiqibdi. Kampirning unga ko‘rsatgan mehr-u muhabbatini unutibdi.

– Hech kim meni bir paytlar sichqon bo‘lganimni bilmaydi, – debdi u.

– Sen noshukr hayvon ekansan. Qaniydi, yana avvalgiday sichqonga aylanib qolsang, qarg‘a ortingdan quvib yursa.

Kampir gapini tugatmasidan yo‘lbars kichkinagina sichqonga aylanib qolibdi. Qo‘rqqanidan qaltirab, kampirning atrofida gir aylanibdi. Oxiri o‘rmon tarafga qochibdi. Kampir uni boshqa ko‘rmabdi. Qissadan hissa: Boylik bitsa yomonga, o‘zin sanar xoqonga.

Fors tilidan Bahriddin Turg‘unov tarjimasi

Оставьте комментарий