Yumshoq soʼgal – xavflimi? (Toʼliq maʼlumot)

DO`STLARGA ULASHING:

Rasmda koʼrganingiz kabi xolat juda koʼpchilikda uchraydi. Tibbiyotda buni bir necha xil nomlar bilan atalinadi. Yumshoq soʼgal, yumshoq fibroma va akroxorda nomlari bilan xam atalinadi. Bu koʼproq yosh kattalashganda chiqishni boshlaydi. Uzoq yillar davomida buni papilloma virusi keltirib chiqaradi degan fikr boʼlgan. Xozirda esa papilloma virusiga bogʼlanmaydi.
Yumshoq soʼgal sabablari.
Olimlar xaligacha aniq sababini topishgani yoʼq. Lekin uni qoʼzgʼatishi mumkin boʼlgan xavf omillari quyidagilardir:
Endokrin buzilishlari. Yumshoq soʼgal xomiladorlarda (progesteron va esterogan kabi ayollik gormonlari oshgan boʼladi), qandli diabet kasallarida va akromegaliya (miyadagi gipofiz bezining boʼy oʼstiradigan gormoni oshib ketishi) bemorlarida koʼproq uchraydi.
Taʼsirlovchi omillar natijasida. Yumshoq soʼgallar koʼproq tananing koʼp taʼsirlanadigan, ishqalanadigan va burmali joylarida paydo boʼladi. Boʼyin, qoʼltiq osti va chov soxalari shunday qismlarga kiradi.
Qarish jarayoni. Yoshi kattalarda tabiiy qarish jarayonida terining qarishi xisobiga bu fibromalar koʼpayadi.
Papilloma virusi xisobiga. Baʼzi olimlar bu virus bilan bogʼlaydi, lekin xali aniq tasdigʼini topgani yoʼq.
Yumshoq soʼgal belgilari.
Yumshoq soʼgal – kichik oyogʼi boʼladigan, yumaloq yoki oval shaklidagi polipdir. Uning koʼrinishi:
Tashqi koʼrinishi boʼlakli yoki burmali boʼlishi mumkin.
Rangi: teri rangida yoki undan toʼqroq boʼladi.
Oʼlchami 1-10 mm atrofida boʼladi.
Terining bir joyida koʼplab miqdorda uchrashi mumkin.
Koʼproq joylashadigan joylari: boʼyin, qoʼltiq osti, sut bezi osti, chov soxasi.
Ushlab koʼrilganda yumshoq boʼladi.
Yumshoq soʼgal deyarli bezovta qilmaydi. Kiyim ilinib qolsa ogʼrishi va qonashi mumkin. Baʼzan yuz qismidagilarni ustara taʼsirida kesib olish mumkin.
Yumshoq soʼgal xavflimi?
Yumshoq soʼgal yaxshi sifatli, xavfsiz xosila boʼlib, rakka aylanishga (malignizatsiya) moyil emas. Deyarli doim asoratsiz oʼtadi va asosan kosmetik muammo xosil qiladi.
Bir narsani qatʼiy aytish kerakki: bu xosilalarni faqat mutaxassis shifokor olishi va olingan toʼqimani gistologik tekshiruvdan oʼtkazishi shart. Аslo uy sharoitida, salonda yoki tabibda olidirib boʼlmaydi.
Yumshoq soʼgalni davolash.
Uni tuzatib yuboradigan yoki quritib tushirib yuboradigan dorilar mavjud emas. Tibbiyotda olib tashlashni bir nechta usullari mavjud:
Oddiy skalьpel bilan olib tashlash.
Suyuq azot bilan muzlatib olib tashlash.
Elektrokoagulyatsiya qilish.
Lazer yoki radiotoʼlqin bilan olib tashlash.
Tabiblar xam olib tashlaydi. Ular xam turli usullarni oʼylab topishgan. Eng keng tarqalgani soch yoki dum tolasi (qil) bilan tubidan boylab qoʼyishadi. Lekin biz buni tavsiya qilmaymiz. Koʼpincha yumshoq soʼgalni papilloma bilan adashtirib olib qoʼyiladi. Аsosiy maqsad yumshoq soʼgalni olib tashlash emas, balki olingan toʼqimani tekshirishdir.

xasta.uz

Оставьте комментарий