4-yanvar – Isaak Nyuton dunyoga kelgan kun

DO`STLARGA ULASHING:

4-yanvar – Isaak Nyuton dunyoga kelgan kun
4-yanvar sanasi Nyuton kuni sifatida nishonlanishini bilasizmi?
Sababi aynan mana shu kuni tarixdagi eng buyuk olimlardan biri Isaak Nyuton dunyoga kelgan.
Olim 1643-yilning 4-yanvar sanasida Angliyada dehqonlar oilasida tavallud topgan. Boʻlgʻusi olim chala tugʻilgani va jismonan oʻta zaif boʻlgani tufayli yaqinlari uning yashab ketishiga umid ham qilishmagan. Olimning bolalikda doʻstlari deyarli boʻlmagan, sababi u vaqtining aksariyat qismini kitob oʻqish bilan oʻtkazar va mutolaadan deyarli boʻshamasdi.
U ota-onasi bilan tez-tez tortishib qolgan, bunga kichik Isaakning ilm-fandan boshqa narsa bilan shugʻullanishni istamasligi sabab boʻlgan. U bolalik yillarida mustaqil ravishda oʻqib-oʻrgangan, boʻlgʻusi olimning ota-onasi uning ilm-fanga qiziqishini keraksiz tashvish deb hisoblashgan.
1655-yilda oʻsmir Isaak Gretem maktabiga oʻqishga kiradi, bu yerda boʻlgʻusi olim atrofdagilarga oʻz qobiliyatlarini namoyish qilishni boshlaydi.
1661-yilda 18 yoshli Nyuton Kembrij universitetida tahsil olishga kirishadi.
Isaak Nyuton tarixda matematik, fizik, mexanik va astronom sifatida nom qoldirgan.
U fizika va matematika faniga koʻplab qonun hamda teoriyalarni kiritgan. Harakat va tortishish qonunlarini, butun olam tortishish qonuni, yorugʻlik qonuniyatlari, yorugʻlikning tarqalishini chuqur oʻrgangan. U matematik hisoblarni qoʻllagan holatda samoviy jismlar harakatini tushuntirib bergan. Yerning tortishish kuchli borligini isbotlagan.
Isaak Nyuton optika yoʻnalishini oʻrganish uchun ham katta kuch va vaqt sarflagan, spektrni 7 ta rangga ajratib chiqqan ham aynan Nyuton edi.
Nyuton bolalik yillarida sheʼrlar ham yozgan, ammo yoshi ulgʻayib fanga koʻproq qiziqib ketgani tufayli sheʼr yozishni butunlay tashlab qoʻygan.
@Kun_tarixi_TV24
Nyutonning boshiga tushgan olma
Nyuton va olma haqidagi hikoyani eshitmagan odamning oʻzi boʻlmasa kerak. Olma daraxtning tagida oʻtirgan olimning boshiga tushadi, buning natijasida olim tortishish kuchi qonunini kashf qiladi. Ushbu hikoyani rad etuvchi odamlar ham oz emas, ayrimlar esa unga bugungi kunga qadar ishonib kelishadi. Bunga ishonish yoki ishonmaslik har kimning oʻz ishi. Ammo, Kembrij botanika bogʻida mashhur olma daraxti bor – aytishlariga qaraganda, ushbu daraxt Nyutonning boshiga tushgan mashhur olma oʻsgan daraxt avlodi emish.
Nyuton kuni
Har yilning 4-yanvar sanasi ilm-fan olami vakillari orasida Nyuton kuni sifatida nishonlanadi, uning fan uchun qilgan xizmatlari yodga olinadi.
Olim uzoq yillar davomida oʻzi tahsil olgan Kembrij universitetida oʻqituvchi sifatida dars bergan, ammo uning maʼruzalari talabalarni koʻp ham qiziqtirmagan.
Qiziqarli faktlar
— Isaak Nyuton Galiley, Kepler va Dekartni tarixdagi eng buyuk uch odam deb bilgan.
—  Olim ilm-fanga yildan yilga chuqur kirib borganiga qaramay, umrining soʻngiga qadar xudojoʻy boʻlib qolgan.
— Olim oʻz kashfiyotlarini ommaga oshkor qilishga hech qachon shoshilmagan. Shu tufayli uning aksariyat kashfiyotlari oradan 20-30 yil oʻtibgina eʼlon qilingan.
— Isaak Nyuton ilm-fan yoʻnalishidagi xizmatlari yuksak baholanib, ritsarlik ordeniga munosib koʻrilgan Angliyaning ilk fuqarosi boʻlgan.
Shaxsiy hayoti
Isaak Nyuton hech qachon oila qurmagan. U butun umri davomida oʻzini yolgʻiz his qilishini takrorlab yurgan.
Buyuk olim 1727-yilda vafot etgan, uning dafn marosimida butun London aholisi jam boʻlgan.

Оставьте комментарий