16-dekabr – Lyudvig van Betxoven dunyoga kelgan kun

DO`STLARGA ULASHING:

16-dekabr – Lyudvig van Betxoven dunyoga kelgan kun
Lyudvig van Betxoven hayotlik yillaridayoq afsonaga aylangan bastakor. Uning qobiliyati va ishtiyoqi shunchalar kuchli ediki, eshitish qobiliyatini yoʻqotganda ham ijod qilishdan aslo toʻxtamagandi.
Buyuk bastakor 1770-yilning 16-dekabr sanasida Bonne shahrida tenor Iogann van Betxoven oilasida dunyoga kelgan. Sanʼatkorlar oilasida dunyoga kelishning oʻziyoq uning kelgusida kim boʻlib ulgʻayishini belgilab bergan.
Betxovenning birinchi oʻqituvchisi – oʻz otasi boʻlib, u oʻgʻlining ikkinchi Motsart boʻlishini istagan edi. Shuning uchun ham toʻrt yoshli bolakay kuniga 6 soatdan musiqa bilan shugʻullangan.
Betxovenning oilasi oʻta badavlat emasdi, bobosining oʻlimidan keyin ular nochor ahvolda hayot kechira boshlaydilar. 14 yoshli Lyudvig maktabni tashlab, otasining yonida ishlashga majbur boʻladi.
1787-yilda Lyudvigning onasi vafot etadi, otasi esa ichkilikka ruju qoʻyadi. Shu tariqa Betxoven ukalarini boqish uchun bor masʼuliyatni oʻz boʻyniga oladi. U saroy orkestri altisti sifatida ish boshlaydi, shu tariqa opera olami bilan ham tanishadi.
Oradan bir necha yil oʻtib boʻlgʻusi bastakor yaxshi ustoz topish maqsadida Venaga koʻchib oʻtadi va umrining qolgan qismini mana shu yerda oʻtkazadi. U bir vaqt davomida Gaydndan dars olgan, ammo tez orada Gaydn unga biror narsa oʻrgata oladigan odam emasligini tushungan. Shu tariqa Betxoven Gaydnni tark etib, Selyeridan dars olishga kirishgan.
Betxoven 1800-yilda oʻzining ilk simfoniyalarini yozishga kirishadi. 1811-yilga kelib eshitish qobiliyatidan butunlay mahrum boʻladi va uyiga qamalib oladi. Uning omma qarshisidagi chiqishlari bastakorning asosiy daromad manbai boʻlgan, bundan tashqari Betxoven zodagonlarning farzandlariga musiqadan dars ham bergan.
Bastakor eshitish qobiliyatini yoʻqotganidan keyin esa nochorlik domiga tushib qoladi. Ammo, bu uning ijod qilishiga xalal bermagan. Betxoven bir uchi fortepyanoning old paneliga mahkamlangan maxsus tayoqchadan foydalanar, ikkinchi uchini tishlab olgancha musiqa asbobidan tarqalayotgan ohangni tayoqchadagi tebranish orqali tishlari bilan his qilardi.
Bastakor oʻzining eng mashhur asarlarini aynan mana shu davrda yozgan. U doʻstlikni juda qadrlagan, hech qachon oʻz doʻstlarining qashshoqlikda yashashlariga yoʻl qoʻymagan. U hamisha oʻzida bir boʻlak non bor ekan, ana oʻsha boʻlakni doʻsti bilan boʻlishishi, agar uyidan non uvogʻi topilmasa, doʻstiga yordam berish uchun darhol ishni boshlashi haqida koʻp marta takrorlagan.
Bastakor odatda bir nechta asar ustida bir vaqtda ish olib borgan. 1824-yilda toʻqqizinchi simfoniya taqdim qilingan. Uning dirijyori ham Betxovenning oʻzi boʻlib, jamoatchilik simfoniyani olqishlar bilan kutib olgan. Buyuk bastakor ularning olqishlarini ham, orkestrni ham eshitmagan. Ana shunda xor kuychilaridan biri uning qoʻlidan ushlab tomoshabinlarni koʻrishi uchun zal tomonga qaratib qoʻygan.
1889-yili Bonndagi Betxovenlar oilasiga tegishli boʻlgan uyda bastakorning hayoti va u yashagan davrga tegishli boʻlgan eksponatlar bilan toʻla uy-muzey ochilgan.

Оставьте комментарий