Chapaqaylarning miyasida farq bormi?

DO`STLARGA ULASHING:

Tabiatning mo‘’jizalari bisyor. Odamzod yaralibdiki, bu mo‘’jizalarning sabab va echimini axtaradi. Ularning nima uchun degan savolining  yakuni yo‘q…

Olimlar shu savollarga javob topish maqsadida ulkan ishlarni amalga oshirishadi.
Shu jumladan, odam miyasi kabi sirli a’zo haqida ko‘plab qiziqarli holatlar aniqlangan. Masalan, chapaqaylar miyasi o‘naqaylarnikiga nisbatan farqi bormi, degan savol ko‘pchilikni qiziqtiradi. Keling, bugungi sahifamizda chapaqaylarga xos jihatlar va uning sabablari haqidagi suhbatlashamiz.
Bosh miya ikkita, ya’ni chap va o‘ng yarim shardan iborat. Bosh miyaning chap yarim sharida nutq markazlari joylashgan. Shuning uchun ham bosh miyaning chap yarim sharida so‘z bilan bog‘liq barcha tafakkur operatsiyalari bajariladi. Bosh miyaning o‘ng yarim shari ob’ektlarning fazoviy joylashuvini tahlil qilish uchun javob beradi. Masalan, atrof-muhitdagi uylar, daraxtlar, mashinalar, haykallar va boringki, har qanday shaklga ega bo‘lgan ob’ektlarning shakl-shamoyilini tahlil qiladi. Demak, bosh miyaning o‘ng yarim shari dunyoni so‘z ishtirokisiz qabul qiladi va bu erda, asosan, ko‘rish analizatorining ahamiyati katta. Chap yarim shar esa so‘z bilan ifodalangan ma’lumotlarni qabul qiladi va tahlil qiladi. Obrazli qilib aytganda, chap yarim shar, asosan, so‘z bilan, o‘ng yarim shar esa ko‘z bilan dunyoni idrok etadi. Bu uyg‘unlik saqlangan bo‘lsa, insonning xotirasi ham  mustahkam bo‘ladi.
Kitobdagi siz ko‘rayotgan geometrik shakllarni qabul qilib olish ham o‘ng yarim sharning vazifasi. Biroq har qanday fazoviy jismlar yoki geometrik shakllarni so‘z bilan ifodalab berish talab qilinsa, bu erda chap yarim shar yordamga keladi. Demak, chap yarim sharning tili bor.
Biroq hozir men keltirib o‘tgan ma’lumotlar o‘naqaylar uchun xos. Chapaqaylarda esa nutq markazlari bosh miyaning o‘ng yarim sharida joylashgan. Demak, chapaqaylarda chap yarim shar bajaradigan aksariyat funktsiyalar o‘ng yarim shar zimmasiga yuklatilgan. Bundan tashqari, ambidekstrlar, ya’ni oliy ruhiy funk-tsiyalarni bajarishda miyaning ikkala yarim shari bir xilda ishtirok etadi. Bundaylar ikkala qo‘li bilan ham bir xil ishlay oladiganlar. Biroq bu degani ikkala qo‘li bilan ham yoza oladi, degani emas. Masalan, ambidekstr yozganda, o‘ng qo‘li bilan ruchkani ushlaydi, nonni kesganda, pichoqni chap qo‘li bilan ushlaydi. «Toza» chapaqaylar 15 % dan oshmaydi. Bizning oramizda ambidekstrlar va o‘naqaylar ko‘p. Ambidekstrlarda nutq funktsiyasini bajarishda bosh miya-ning ikkala yarim shari ham ishtirok etadi. Shuning uchun ham ambidekstrlarda insulьt sababli nutq buzilsa, u tez tiklanadi.
Ko‘pchilik dohiylar chapaqay bo‘lishgan degan gaplar haqiqatmi yoki tasodif?
Shu narsa aniqki, chapaqaylar miyasi hissiyotga ko‘proq burkangan. Shuning uchun ham chapaqaylar o‘naqaylarga qaraganda hissiyotga ko‘proq beriluvchan bo‘lishadi. Chapaqaylardan buyuk kompozitorlar, rassomlar va tabiatshunos olimlar chiqishiga sabab, ularda miyaning o‘ng yarim shari faolligi bilan bog‘liq. Nima uchun chapaqaylardan buyuk futbolchilar chiqadi va ular golni aniq hamda ko‘p urishadi, deb so‘rashadi. Buning asosiy sababi — geometrik figuralar uchun javob beradigan o‘ng yarim sharning ustunligi bilan bog‘liq. Biroq chapaqaylarning ojiz tomoni — ularni  xafa qilish oson. Balki shuning uchundir, ularda birovlardan ustunlik qilishga intilish yuqori. Bunga o‘ng yarim shardagi «shijoyat» ham yordam beradi. Biroq chapaqaylardan yaxshi yozuvchilar chiqmaydi. Bu xususiyat o‘naqaylar uchun xos.
Chapaqaylar qarorlarni qabul qilishda o‘ng qo‘llilardan ko‘ra chaqqonroq bo‘ladi, degan qarashlarni nima bilan izohlash mumkin?
Yuqorida bu savolga qisqa javob berib o‘tdim. Agar yana unga qo‘shimcha qiladigan bo‘lsak, chapaqaylar ko‘proq amaliyotchi, o‘naqaylar esa nazariyotchi bo‘lishadi. Chunki miyaning chap yarim shari (ya’ni so‘z markazlari joylashgan yarim shar) ustunlik qiladigan o‘naqaylar narsa va voqealarni tahlil qilib o‘tirguncha, miyaning o‘ng yarim shari ustunlik qiladigan chapaqaylar (amaliyotni yaxshi ko‘radigan o‘ng yarim shar) ishni darrov amalga oshiradi-qo‘yishadi. Chapaqaylarning tezroq qaror qabul qilib, ishga kirishib ketishiga sabab — ular uzoq fikr yurgizishni yoqtirishmaydi, buning uddasidan ham chiqishmaydi. Shu bois, ular maslahatlashib ish ko‘rishni ma’qul ko‘rishadi. Maslahatlashgan odam esa kam xato qiladi.
Agar bola chapaqay bo‘lsa, uni majburlab o‘ng qo‘lda yozishga va ovqatlanishga o‘rgatilganda, qanday psixik o‘zgarishlar yuz berishi mumkin?
Yuqorida men ko‘rsatib o‘tgan xususiyatlar yo‘qqa chiqadi, bolaning keyingi hayotida ikkala yarim shar bir-biri bilan kelisha olmay yashashadi. Bu bilan ota-onalar kelajakda kompozitorlar, rassomlar, futbolchilar etishib chiqishiga to‘sqinlik qilishadi.
Xulosa: Chapaqaylar o‘naqaylarga qaraganda aqlli va uddaburon bo‘lishadi, degan fikrdan mutlaq chetda yurish kerak. Chapaqaylar juda kamchilikni, ya’ni bor yo‘g‘i 10-15 % ni tashkil qilgani uchun, ya’ni o‘naqaylardan 7-8 barobar  oz bo‘lgani uchun  ular orasidagi mashhur odamlar darrov ko‘zga tashlanadi. O‘naqaylar 85-90 % ni tashkil qilgani uchun ular orasidagi mashhur odamlar 7-8 barobar ozdek ko‘rinadi.

Zarifboy Ibodullaev,  professor

Manba: Shifo-info gazetasi

Оставьте комментарий