Ispaniya Qirolligi

DO`STLARGA ULASHING:

Maydoni: 504 782 kv.km.
Aholisi: 47 370 000 dan ortiq.
Poytaxti: Madrid shahri.
Boshqaruv shakli: parlamentli monarxiya.
Davlat boshligʻi: qirol.
Maʼmuriy tuzilishi: 17 ta muxtor viloyat, ular esa 50 ta provinsiyaga boʻlinadi. Shuningdek, 2 ta muxtor shaharga va suveren hududlarga ega.
Yirik shaharlari: Madrid, Barselona, Valensiya, Sevilya.
Pul birligi: yevro. 1999 yilgacha ispan pesetasi amalda boʻlgan.
Jugʻrofiy oʻrni, tabiati. Janubi-gʻarbiy Yevropada joylashgan. Gʻarbda Portugaliya, janubda Gibraltar, shimolda Fransiya va Andorra bilan chegaradosh. Pireney yarimorolining sakson foiz qismini egallaydi. Kattaligi boʻyicha Yevropada toʻrtinchi oʻrinda. Mintaqaning eng togʻli hududlaridan biri. Mamlakatning yarmidan koʻprogʻini egallagan Meseta yassitogʻligi dengiz sathidan oʻrtacha 660 metr balandlikda. Yarimorolning eng baland choʻqqisi Syerra-Nevada togʻida – 3478 m. Shimoliy va gʻarbiy qirgʻoqlarini Atlantika okeani, janubiy va sharqiy qirgʻoqlarini esa Oʻrtayer dengizi suvlari yuvib turadi.
Ispaniya Yevropadagi eng serquyosh mamlakatlardan biri. Yilning oʻrtacha 260-285 kuni quyoshli boʻladi. Oʻrtayer dengizi sohillarida yillik oʻrtacha harorat +20 °S. Qish oylarida faqat markaziy va shimoliy hududlardagina harorat noldan pastga tushadi. Markaziy va janubiy hududlarda yozgi harorat 40 va undan yuqori darajaga koʻtarilishi mumkin. Shimolda esa 25 daraja atrofida boʻladi.
Oldin oʻlkada oʻrmonlar koʻp boʻlgan. Hozir mamlakat hududining oʻttiz foizi oʻrmonlardan tashkil topgan, biroq ularning besh foizidagina daraxtlar zichligi saqlangan.
Tarixiy sanalari. Miloddan oldingi III asr oxirlarida Ispaniya hududining koʻp qismi Karfagen qoʻl ostiga oʻtdi. Miloddan oldingi II asr boshiga kelib rimliklar karfagenliklarni siqib chiqardi. Milodiy 409 yili Ispaniyaga alanlar, svev va vandallar, 418 yildan vestgotlar kirib kela boshladi. 711 – 718 yillarda Pireney yarimorolini arablar fath etdi. 756 yili mustaqil davlat – Qurtuba amirligi tashkil topdi, u 929 yili xalifalikka aylandi. Bu davrda Qurtubada sugʻoriladigan dehqonchilik paydo boʻldi, hunarmandchilik, savdo-sotiq, fan va madaniyat yuksaldi. 1031 yili xalifalik bir necha amirlikka boʻlindi. VIII asrdan boshlab mavrlar koʻl ostida boʻlgan yerlarni ispanlar qaytarib ola boshladi. Natijada XI asrda Kastiliya va Aragon qirolliklari vujudga keldi.
1479 yil Aragon bilan Kastiliya oʻrtasida tuzilgan sulola ittifoqi natijasida Ispaniya yagona davlatga aylandi. 1480 yili inkvizitsiya joriy qilinib, mavr va yahudiylar mamlakatdan quvildi. Ular asosan dehqonlar, hunarmandlar, savdogarlar edi. 1504 yil Ispaniyaga Neapol qirolligi va Sitsiliya qoʻshib olindi. Ispaniya 1494 – 1559 yillarda Italiyaga qarshi urushlarda Shimoliy va Oʻrta Italiyaning qator yerlarini bosib oldi. 1516 yili Karl I taxtga oʻtirishi bilan Ispaniyada Gabsburglar sulolasi hukm sura boshladi. Shu yili Ispaniyaga Niderlandiya qoʻshib olindi.
1808 yil Fransiya Ispaniyani bosib olishga kirishdi.
Ispaniya Ikkinchi jahon urushida betaraflik yoʻlini tutgan boʻlsa-da, Sharqiy frontga koʻngillilar dviziyasini joʻnatdi.
1947 yili mamlakat yana qirollik deb eʼlon qilindi.
1978 yili yangi konstitutsiya qabul qilindi.
1985 yili Ispaniya Yevropa Ittifoqiga qoʻshildi.
Ispaniya 1955 yildan Birlashgan Millatlar Tashkiloti aʼzosi. Milliy bayrami – 12 oktyabr – Ispan Millati Kuni (1492). Oʻzbekiston bilan elchilik munosabatlarini 1992 yil 17 martda oʻrnatgan.
Iqtisodi. Ispaniya iqtisodiyoti qishloq xoʻjaligiga asoslangan. Biroq u Yevropada sanoat sohasida ham yetakchilardan hisoblanadi. Tashqi savdoda asosan Yevropa Ittifoqi, AQSH va Lotin Amerikasi mamlakatlari bilan sherikchilik qiladi. AQSH, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Shveysariya kompaniyalarining iqtisodiyotga taʼsiri katta. Mamlakat mashinasozlik va metallurgiya korxonalarining yarmidan koʻpi mana shu kompaniyalarga tegishli.
Turizm sohasi yuksak darajada rivojlangan. Oʻlkaga har yili oltmish millionga yaqin sayyoh keladi.
Bank tizimi barqarorligi boʻyicha Yevropada yetakchilardan.
Mashinasozlik sohasida kemasozlik asosiy oʻrinni egallaydi. Dunyoga mashhur “Folksvagen” mashinasozlik konserni shu yerda joylashgan. Elektrotexnika sanoati; kimyo, yengilsanoat, oziq-ovqat sanoati asbob-uskunalari va qurilish materiallari ishlab chiqarish rivojlangan.
Aholisi. Ispanlar, kataloniyaliklar, basklar, galiyaliklar Ispaniyaning tubjoy aholisi sanaladi. XX asr soʻngidan boshlab Lotin Amerikasi, Magʻrib va qisman Sharqiy Yevropadan koʻchib kelayotgan muhojirlar hisobiga aholi soni ortib boryapti.
Shahar aholisi 76 foiz. Rasmiy tili – ispan (kastil) tili. Muxtor viloyatlarda ispan tili bilan bir qatorda boshqa mahalliy tillar ham rasmiy maqomga ega.
Dini. Aholining 70 foizdan ortigʻi katoliklardan iborat. Yahudiylar 1 foizni tashkil etadi.
Oʻlkada Islom dinining yoyilishiga Andalusiya amirligi katta taʼsir koʻrsatdi. IX-X asrlarda mamlakat ilm-fani va madaniyati gullab-yashnadi. XV asr soʻngiga kelib, Ispaniya hududidagi soʻnggi musulmon davlati – Qurdoba (Granada) amirligi ham tanazzulga yuz tutgach, oʻlkada Islom dinining taʼsiri keskin kamaydi.
Musulmonlar zamonaviy Ispaniyaning kundalik hayoti, madaniyati, anʼanalariga sezilarli taʼsir koʻrsatgan.
Bugun mamlakatga Marokash, Suriya, Livan, Iroq, Bangladesh, Hindiston va Pokistondan juda koʻp immigrantlar kelyapti. Ular hisobiga ham musulmonlar soni ortib boryapti. Hozir Ispaniyada bir milliondan ortiq musulmon yashaydi. Taxminiy hisob-kitoblarga koʻra, ellik mingga yaqin tubjoy ispan Islom dinini qabul qilgan. Ularning koʻpchiligi Andaluziyada istiqomat qiladi.  Zamonaviy Ispaniyadagi ilk masjid 1982 yili qurilgan.
Orifjon MADVALIYEV tayyorladi.
oriftolib.uz

“Hidoyat” jurnalining 2014 yil 6-sonida chop etilgan.

Оставьте комментарий