DO`STLARGA ULASHING:
Mavzu:
Issiq-sovuq o‘limga olib boradimi? 16.07.2017
Savol:
Assalomu alaykum. Savolim shuki, sehr (issiq-sovuq) o‘limga sabab bo‘lishi haqiqatanmi yoki xurofotmi?
Javob:
Va alaykum assalom. Islom e’tiqodiga ko‘ra, sehr va ko‘z tegishi haqiqat. Bu narsa hatto kishining o‘limiga ham sabab bo‘lishi mumkin.
Ma’lumki, ko‘z tegishi hasad va ko‘ra olmaslik natijasida paydo bo‘ladi. Siz aytgan sehr va issiq-sovuq kabi narsalar bandaga zarar yetkazishi rost.
Ko‘z tegishi inson o‘limiga sabab bo‘lishi hadisi shariflarda ta’kidlab o‘tilgan. Quyida bu bobda aytilgan ba’zi rivoyatlarni ko‘rib chiqamiz.
عَنْ جَابِرٍ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: الْعَيْنُ تُدْخِلُ الرَّجُلَ الْقَبْرَ وَالْجَمَلَ الْقِدْرَ. رَوَاهُ أَبُو نُعَيْمٍ وَالْقُضَاعِيُّ وَسَنَدُهُ حَسَنٌ.
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Ko‘z (tegishi) kishini qabrga kirgizadi va tuyani qozonga tushiradi” (Abu Nuaym va Quzo’iy rivoyati. Hadis sanadi hasan).
Bu rivoyatda ko‘z tegishi kishining vafot etishiga sabab bo‘lishi zikr qilinmoqda.
وَعَنْ جَابِرِ بْنِ عَبْدِ اللهِ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: أَكْثَرُ مَنْ يَمُوتُ مِنْ أُمَّتِي بَعْدَ كِتَابِ اللهِ وَقَضَائِهِ وَقَدَرِهِ بِالأَنْفُسِ. رَوَاهُ الْبَزَّارُ وَالْحَكِيمُ وَسَنَدُهُ حَسَنٌ.
Yana Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Allohning yozgani va qazoi qadaridan so‘ng ummatimdan eng ko‘p o‘lim nafaslar (ko‘z tegishi) sababidan bo‘ladi”, deganlar” (Bazzor va Hakim rivoyati. Rivoyat sanadi hasan).
Ummati muhamadiyya barcha ummatlardan afzal qilingan. Shu sabab bo‘lsa kerak boshqalar musulmonlarga ko‘p hasad qiladi. Musulmonlar ko‘z tegishi balosidan ko‘p musibatlarga uchrashi mana shu rivoyatda ma’lum qilinmoqda. Bu ko‘z tegishining haqligi, undan saqlanish choralarini ko‘rish lozimligiga dalolat qiladi.
Mo‘min banda hamma narsa Allohning qazoi qadari va xohishi bilan sodir bo‘lishiga imon keltiradi. Ko‘z ham xuddi shunday. Uning o‘zi aslida zarar keltirmaydi, faqat Allohning izni bilangina bandaga zarar yetkazadi. Bandani ko‘zdan asrovchi ham Allohdir. Banda mana shunday e’tiqodda bo‘lish kerak.
عَنْ أَبِي ذَرٍّ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: إِنَّ الْعَيْنَ لَتُولِعُ بِالرَّجُلِ بِإِذْنِ اللهِ حَتَّى يَصْعَدَ حَالِقًا ثُمَّ يَتَرَدَّى مِنْهُ. رَوَاهُ أَحْمَدُ وَالطَّبَرَانِيُّ وَأَبُو يَعْلَى وَسَنَدُهُ صَحِيحٌ.
Abu Zarr roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Albatta ko‘z (tegishi) Allohning izni bilan bir kishiga bog‘lanib qoladi. Hatto uni halok qiladi, keyin undan tushadi (ariydi)” (Ahmad, Tabaroniy va Abu Ya’lo rivoyati. Hadis sanadi sahih).
Mazkur rivoyatda erkak kishiga ko‘z tegishi aytilmoqda. Shu bilan birga ayol va bolalarga ham ko‘z tegishi kuzatiladi. Rivoyat qilinishicha, Nabiy sollallohu alayhi va sallam yig‘layotgan bola ovozini eshitib, “bolangizga nima bo‘ldi, unga ko‘z tegishidan dam solsangiz bo‘lmaydimi?” deganlar (Imom Ahmad rivoyati).
Demak, ko‘z tegishi kishining muvaffaqiyatiga to‘sqinlik qilishi, uning zarariga sabab bo‘lishi haqiqat ekan. Bunga qarshi inson va jinlarning ko‘zidan panoh so‘rash kerak. Alloh va Rasulining aytganlarini qilgan banda o‘z-o‘zidan ilohiy panohga doxil bo‘ladi. Namoz o‘qish, ayniqsa besh mahal namozdan keyin Oyatul kursiyni tilovat qilish bandani Allohning izni bilan turli yomonliklardan, jumladan jin tegishi, sehr va nazar-nafasdan saqlaydi. Vallohu a’lam!
16 комментариев к “Issiq-sovuq o‘limga olib boradimi?”
Обсуждение закрыто.