Jigar kasalliklari

DO`STLARGA ULASHING:

Jigar asosan o‘t (safro) ishlab chiqarib, ovqat hazm bo‘lishi va oziq moddalarning ichakdan qonga so‘rilishida muhim rol o‘ynaydi. Oqsil, yog‘ va uglevodlar almashinuvida ham qatnashadi. Bundan tashqari, jigar moddalar almashinuvida hosil bo‘ladigan yoki tashqaridan kirgan zaharli moddalarni zararsizlantirib, himoya vazifasini bajaradi. Qon orqali jigarga keladigan moddalardan ba’zilari organizm uchun zararli bo‘lishi mumkin. Shu moddalarni zararsizlantirish, qisman o‘t bilan chiqarib yuborish jigarning vazifasidir.

Mundarija [Yopish]

  • Tanadagi «benzopirin»
  • Dori gepatiti nima?
  • Jigar to‘qimalari shikastlansa…
  • A virusi qo‘zg‘atgan gepatit
  • Gepatit B
  • Gepatit D
  • Gepatit C
  • Asorati og‘ir dard
  • Jigar yetishmovchiligi
  • Parhez ham davo
Tanadagi «benzopirin»
Jigarning surunkali kasalligiga asosan noto‘g‘ri ovqatlanish sabab bo‘ladi. Ayniqsa, dudlangan kolbasa yoki go‘sht va eritilgan yog‘ iste’molqilinganda asta-sekin tanaga zahar singari yoyiladi. Tanamiz ichra benzopiringa aylangan bunday mahsulotlar organizmda xavfli o‘smalarni keltirib chiqaradigan eng yomon kanserogenlar hisoblanadi. Qarabsizki, bunday mahsulotlarning zahari jigar hujayralarini yemiradi.
Kuchli qovurilgan yog‘li ovqatlar jigarga umuman yoqmaydi. Jigar ularni hazm qilish uchun anchagina kuchsarflaydi. Oqibatda uning quvvati pasayib, organizmda turli dardlar kelib chiqadi. Masalan, immun tizimi faoliyati susayadi, qon aylanishi yomonlashadi, hujayralarda enegiya ishlab chiqarish holati izdan chiqadi.
Achchiq va nordon (rediska, sarimsoq piyoz, piyoz singari) yeguliklar jigarga ziyon yetkazadi. Chunki ular yeyilgach, me’dada safro ikki hissa ko‘p ishlab chiqiladi. Eng yomoni, safro ko‘paygani sari jigar yo‘lida toshlar hosil bo‘lish xavfi tug‘iladi.
Tuzlangan karam, sho‘r ovqatlar, sirka, xantal, shovul, limon, kivi, ketchup va ziravorlar ham me’yordan ortiq iste’mol qilinsa, jigar faoliyatini yomonlashtiradi.
Dori gepatiti nima?
Aslida jigar o‘z-o‘zini regeniratsiya qiladigan, ya’ni tiklaydigan birdan-bir a’zo hisoblanadi. Uning o‘rtacha og‘irligi 1,5 kg bo‘lib, har soatda o‘zi orqali 100litr qonni o‘tkazadi. Gapning sirasini aytganda, jigar bizning barcha nomaqbul xatti-harakatlarimizni (masalan, uning «dushmani» sanalgan yog‘li va qovrilgan ovqatlarni tinmay iste’mol qilishimizni hamda shifokor buyurgan dorilarni uzoq muddat ichib yurishimizni) jimgina qabul qiladi. Oxir-oqibat esa ovqatlanishda va hayot tarzimizda yo‘lqo‘ygan xatolarimizning hammasi jigar uchun ziyon keltirib, uni asta-sekin zaharlaydi.
Jigarning zaharlanishi tufayli kishida bemorlik alomatlari paydo bo‘ladi – ko‘ngli aynib, boshi aylanadi, holsizlanish seziladi. Bunday vaqtda ko‘pchilik bilib-bilmay dori-darmonlar qabulqiladi. Bu esa zararlangan jigarga battar salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Natijada dori gepatiti yuzaga keladi. Ana shu dardga uchrasangiz, dastlab teri va ko‘z osti sarg‘ayadi, tilqorayadi, kekirganda og‘izdan achimsiq ta’m keladi. Ko‘p hollarda bemor qayt qiladi. Tezlik bilan davo choralari ko‘rilmasa, bemorning ahvoli og‘irlashadi.
Ushbu maqolani ham o‘qing:  Isitmani uy sharoitida tushirish usullari
Tamaki chekish, goh-gohida spirtli ichimliklar ichish ham jigar faoliyatini yomonlashtiradi. Vaqti-vaqti bilan oz-ozdan ovqatlanish esa jigar ishini yengillashtirishini unutmang. Meva va sabzavotlar xomligicha iste’mol qilinishi lozim. Taomlar sho‘r bo‘lmasin, ular o‘simlik yog‘ida dimlab pishirilgani ma’qul.
Jigar to‘qimalari shikastlansa…
Gepatit (sariq kasalligi) o‘ta yuqumli bo‘lib, asosan jigar to‘qimasining shikastlanishi bilan kechadi. Agar kasallikka o‘z vaqtida qunt bilan davo qilinmasa, surunkali tusga o‘tadi va tez-tez qaytalanib turadi. Ko‘pincha gepatit bilan og‘rigan bemor dardni atrofdagilarga ham yuqtiradi. Ayrim hollarda esa infeksion kasalliklar yoki organizmning zaharlanishidan so‘ng paydo bo‘ladi. Virusli gepatitning bir nechta turlari mavjud.
A virusi qo‘zg‘atgan gepatit
A virusi qo‘zg‘atgan gepatit yoz va kuz oylarida ko‘p uchraydi. Kasallikning yashirin davri (ya’ni viruslar organizmga tushgandan to uning ilk alomatlari ko‘ringunga qadar) 2-4 hafta davom etadi. Bu vaqt ichida hech qanday belgilar sezilmaydi. Lekin xuddi shu davrda gepatit boshqalarga tez va oson yuqadi. Yashirin davr o‘tgach, bemorda silla qurishi, ishtaha yo‘qolishi, ko‘ngil aynib qusish holatlari kuzatiladi. Ba’zan qorni og‘rib ichi ketadi, peshobi to‘q sariq tusga kiradi, axlati oqaradi, teri sarg‘ayib, jigar kattalashadi. Shuni ta’kidlash lozimki, sarg‘ayishsiz kechadigan yuqumli gepatitda bunday belgilar bo‘lmasligi mumkin.
Gepatit B
B turdagi gepatit viruslari jigar hujayralarida uzoq vaqt (hatto bir necha oydan bir necha yilgacha) saqlanib turadi. Shu muddat ichida viruslar ko‘payib, oqibatda organizmda moddalar almashinuvi keskin buziladi. Gepatitning bu turiga o‘z vaqtida davo choralari ko‘rilmasa, ko‘pgina asoratlar qoldiradi, ya’ni dard surunkali tusga o‘tib jigar faoliyati izdan chiqadi, jigarning o‘tkir toksik distrofiyasi (zahar tarqalishi) sodir bo‘lib, bemorning hayoti xavf ostida qoladi. Shuning uchun ham bemor kasalxonaga qanchalik barvaqt yotqizilsa, shunchalik tez sog‘ayadi. Gepatit B dan tuzalganlar 6 oy, ba’zan bir yilgacha qat’iy parhez tutishlari va muntazam shifokor nazoratida bo‘lishlari zarur.

Gepatit B haqida batafsil  bu yerda o‘qing

Gepatit D
D virusi qo‘zg‘atgan gepatitda bemorning immuniteti juda pasayib ketadi. Xastalik tuzalishi cho‘zilgan hollarda qorin va oyoqlarga suv yig‘ila boshlaydi.

Gepatit D haqida batafsil  bu yerda o‘qing

Gepatit C
C viruslari kyeltirib chiqaradigan gepatit esa ancha og‘ir kechadi, aksariyat hollarda jigar tez kattalashadi. Bu gepatit turi vaqt o‘tishi bilan (hatto bir necha yildan keyin ham) qaytalanib turadi. Davo oxirigacha qunt bilan olib borilmasa, jigar sirrozi rivojlana boshlaydi.

Gepatit C haqida batafsil  bu yerda o‘qing

Gepatitni davolashdan avval uni keltirib chiqargan sabablar aniqlanadi va bartaraf etiladi. Jigar hujayralarida modda almashinuvini yaxshilaydigan muolajalar bemorning tuzalishida naf beradi. Gepatitni davolashda quyidagilarga e’tibor qaratish lozim:
  • ruhiy va jismoniy osoyishta kun tartibiga rioya etish;
  • parhez saqlash, ya’ni oson hazm bo‘ladigan vitaminli ovqatlarni iste’molqilish, taomlarni bemorga qattiqqovurib emas, asosan bug‘da pishirib berish lozim;
  • gepatitning surunkali tusga o‘tishi va kasallik qaytalanishiga sabab bo‘luvchi omillarni bartaraf etish;
  • gepatitning turiga va kechishiga qarab uni bosqichma-bosqich davolashni bemor to‘la sog‘ayib ketgunicha davom ettirish.
Ushbu maqolani ham o‘qing:  Mikroinsult: simptomlari, sabablari, davosi va reabilitatsion davr
Ma’lumki, har qanday dard avvalo kuchsiz tanaga tez yopishadi.
Shuning uchun ham kishi o‘zini bolalikdan chiniqtirishi, turli yuqumli kasalliklardan saqlanishi kerak.
Asorati og‘ir dard
Surunkali jigar kasalliklari o‘z vaqtida davolanmasa rivojlanib ketadi va aynan shu davrda uning hujayralari – gepatotsitlarning nobud bo‘lishi kuzatiladi.
Jigar sirrozidagi aynan shu yallig‘lanish jarayonida jigardagi to‘qimalar faoliyati o‘zgarib, qon tomirlarda qon aylanishi buziladi, shuningdek, qon tomirlari siqilib, ular arterial bosim oshadi. Bu esa gepatotsitlarni battar halokatga olib keladi. Jigarda qon bosimining oshishi, bu a’zoda qon aylanish tizimi ishini izdan chiqaradi, oqibatda portal gipertoniya vujudga keladi. Shundan so‘ng qorin bo‘shlig‘ida suv yig‘ilib, qora taloq kattalashadi.
Bu kasallikning asoratlari juda og‘ir kechadi. Ya’ni sirroz o‘z vaqtida aniqlanmay qolganda yoki boshlang‘ich muolajalar kechiktirilib, dard rivojlanib ketganda oshqozon-ichak va qizilo‘ngachdan qon ketishi, jigar faoliyati asta-sekin buzilib jigar-buyrak yetishmovchiligi kelib chiqishi, bu a’zodagi yirik venaqon tomirining tiqilib qolishi, o‘t yo‘llarida tosh paydo bo‘lishi, bora-bora sirroz saratonga aylanishi va bemor koma holatiga tushishi mumkin.
Aytish joizki, rivojlanib ketgan jigar sirrozi batamom tuzalmaydi, ba’zida tezroq, ba’zida uzoqroq davom etib, jigar yetishmovchiligiga olib keladi.
Jigar yetishmovchiligi
Jigar yetishmovchiligiga duchor bo‘lgan bemorlar yog‘li ovqatlarni xush ko‘rmasligi, ko‘ngil aynishi, meteorizm, og‘irlik sezish, najaso‘zgarishi, o‘t ajralishi va ovqat hazm qilish a’zolaridagi o‘zgarishlardan shikoyat qiladilar.
Shuningdek, jigar yetishmovchiligida bemor terisi sarg‘ayadi, qonda erkin va bog‘langan bilirubinlar miqdori ko‘payadi. Jigarda albumin (oqsil) sintezining buzilishi natijasida bemor tanasida shish yuzaga keladi. Jigar yetishmovchiligining oxirgi bosqichida bemor organizmida modda almashinuvi chuqur buziladi, bemor ozib ketadi. Ensefalopatiya (bosh miya faoliyati buzilishi) belgilari paydo bo‘ladi: bemor loqayd bo‘lib qoladi, uyqusi buziladi (hadeb uxlayveradi), esi kirdi-chiqdi bo‘lib qoladi.
Ushbu maqolani ham o‘qing:  Gripp va shamollash (OʻRVI) profilaktikasi
Eng xavflisi, jigar yetishmovchiligi natijasida jigar komasi rivojlanadi. Bunda bemorning ko‘z shilliq pardasi, terisida sarg‘ayish va qichishish belgilari, har-xil toshmalarning toshishi va qon tomirlarning yorilishi natijasida «yulduzchalar» kuzatiladi. Tili oq karash bilan qoplanadi, mushaklari titraydi, og‘zidan qo‘lansa hid keladi.
Afsuski, jigar yetishmovchiligida bemorning hayotini saqlab qolish ko‘pincha qiyin bo‘ladi. Shunday ekan, bu kasallikning oldini olish shart.
Parhez ham davo
Jigarida surunkali xastaliklari bor bemorlar davolanish barobarida parhezga qat’iy rioya etishlari shart. Masalan, ular uchun quyidagi mahsulotlarni iste’mol qilish tavsiya etilmaydi:
  • yog‘li shirin bulochka, qatlama, tuxum sarig‘i;
  • o‘tkir va yog‘li gazaklar, baliq va go‘sht konservalari, dudlangan kolbasa, go‘shtli qaynatma sho‘rvalar;
  • turp, sholg‘om, sarimsoq, ismaloq va ravoch singari efirga boy sabzavotlar, marinadlangan pomidor-bodringlar;
  • shokolad, muzqaymoq, qora qaxva, kakao;
  • gazlangan ichimliklar.
Bemorlar parhez davomida quyidagi mahsulotlarni iste’mol qilishlari mumkin:
  • yangi sabzavotlardan salatlar, yog‘siz chuchuk pishloq;
  • yormalardan tayyorlangan go‘shtsiz sho‘rvalar, qiymali ugra, mastava;
  • turli yormalardan bo‘tqalar va qaynatib pishirilgan makaron;
  • sut, quyultirilgan sut, qatiq, tvorog, yog‘sizroq qaymoq;
  • o‘simlik yog‘lari, zaytun, kungaboqar va makkajo‘xori yog‘i;
  • yog‘siz mol go‘shti, qaynatilgan go‘shtdan palov;
  • turli oshko‘klar, xo‘l mevalar va shirinliklar.
Umuman, jigar kasalliklari bilan og‘rigan kishilar ovqatlanishda va kundalik xatti-harakatlarda o‘zlarini nihoyatda avaylashlari zarur. Agar kasallikning o‘tkir turiga chalingan yoki surunkali gepatit bilan og‘rigan bo‘lsangiz, jismoniy mashqlarni faqat yengil turlarini bajarishingiz kerak. Qaltis harakat qilish, og‘ir yuk ko‘tarish va ko‘p kuch sarflanadigan jismoniy harakatlar dard tufayli kuchsizlangan jigar ishini qiyinlashtiradi. Ayniqsa, jismoniy tarbiya mashqlarini bajarishda shifokor bilan maslahatlashib ish tuting.
Unutmangki, jigardagi surunkali kasalliklar tufayli kishining ichki a’zolari va terisi holatida turli o‘zgarishlar ro‘y berishi mumkin. Shu boisdan organizmda yo terida biror o‘zgarish kuzatilsa, o‘z bilganingizcha davolanmasdan shifokorga ko‘rinishingiz zarur.

12 комментариев к “Jigar kasalliklari”

  1. Уведомление: Brendan Galchenyuk Chaturbate

  2. Уведомление: juul pods

  3. Уведомление: Full spectrum CBD oil

  4. Уведомление: albino penis envy for sale

  5. Уведомление: Sobha Manhattan Towers

  6. Уведомление: sbo

  7. Уведомление: hotels near me

  8. Уведомление: buy psilocybin mushroom

  9. Уведомление: Buy ketamin online

  10. Уведомление: Buy Blue Foot magic Mushroom for sale online Colorado Virginia,

  11. Уведомление: how does qsymia work for weight loss​

  12. Уведомление: Betkick

Комментарии закрыты.