Migren: xurujlar ovqatlanishga ham bogʼliq

DO`STLARGA ULASHING:

Koʼp yillik kuzatuvlar natijasiga koʼra, ayollarning 18 foizi, erkaklarning esa 6 foizi migren bilan ogʼrib turadi. Vaqti-vaqti bilan migrenga qarshi koʼplab dori vositalari ham paydo boʼlmoqda. Lekin bu kasallik bilan kurashishda faqatgina dorilardan foydalanishning oʼzi kamlik qiladi. Migren xurujlarining oldini olish uchun ovqatlanish va turmush tarziga baʼzi oʼzgartirishlar kiritish ham kerak.
Belgilariga ahamiyat bering
Migren bilan ogʼriydiganlarning 75-80 foizini ayollar tashkil qiladi. Kasallik yoshlikda namoyon boʼla boshlaydi. Koʼpincha migren ayolning hayz davri va qondagi estrogen gormonlari miqdorining oʼzgarishiga bogʼliq. Menopauza (hayzdan qolish) boshlangach oʼz-oʼzidan migren ayolni bezovta qilmay qoʼyadi.
Migrenga moyillik ona tomondan irsiy yoʼl bilan oʼtadi. Hatto migren bilan ogʼriydigan erkaklarning 80 foiz hollarda onasida ham migren kasalligi boʼladi. Migren bosh ogʼrigʼining oʼziga xos turi boʼlib, quyidagi belgilar orqali uni farqlab olish mumkin:
– ogʼriq xuruj bilan tutib, bir chakkada xuddi pulьs kabi urib turadi, har yangi xurujda ogʼriq boshqa chakkada kuzatilib, joyini almashtirishi mumkin;
– ogʼriq xurujining davomiyligi har xil boʼlib, 4 soatdan 3 kungacha davom etishi mumkin, bunda koʼngil ayniydi, bemor qayt qiladi, unga yorugʼlik va shovqin yoqmaydi;
– koʼpincha bosh ogʼrigʼi boshlanishidan oldin davomiyligi bir soatdan oshmaydigan aura (koʼz oldidagi chaqnash, chaqmoqlar) kuzatiladi;
– oddiy jismoniy faollik (yurish, zinadan koʼtarilish, yugurish) ham yoqimsiz sezgilarni kuchaytiradi.
Fermentlar yetishmaganda
Baʼzida odamlar migren xurujini charchoq, geomagnit boʼronlar yoki quyoshdagi chaqnashlar taʼsiriga yoʼyadilar. Lekin kamdan-kam odamlargina boshdagi ogʼriq va bir necha soat oldin isteʼmol qilingan oziq-ovqat mahsulotlari oʼrtasida biror-bir bogʼliqlik yoʼqligidan shubhalanadilar. Olimlar allaqachon bosh ogʼrigʼi xurujlari, shu jumladan migrenni keltirib chiqaruvchi oziq-ovqat mahsulotlarining uzundan-uzun roʼyxatini tuzib chiqqanlar. Shu sababli, kechagi ziyofat yoki ertalabki bir stakan qahva ham baʼzi odamlarda xuruj boshlanishi uchun turtki boʼladi.
Odamda migren kasalligi paydo boʼlishining sabablaridan biri bu organizmda biogen aminlar (moddalar almashinuvi natijasida organizm tomonidan ishlab chiqariladigan biologik faol moddalar)ni parchalaydigan ferment yetishmasligidir. Biogen aminlar bir qator oziq-ovqat mahsulotlarida ham bor. Biz ularni isteʼmol qilganimizda, organizmimizda aminlar keragidan ortiq miqdorda yigʼilib qoladi. Bu esa qon tomirlarining torayishiga, soʼng esa tezda kengayishiga olib keladi.
Koʼpchilik odamlarda aminlarni parchalaydigan ferment koʼrsatkichi meʼyorda boʼladi. Shu sababli, ularni toʼkin tushlik dasturxonidan soʼng faqat oshqozondagi ogʼirlik hissi bezovta qilishi mumkin. Lekin baʼzi odamlar ham borki, tansiq taomni meʼyoridan ortiq isteʼmol qilganlaridan soʼng kuchli bosh ogʼrigʼini orttirib oladilar.
«Dushmanlar» ozmi yo koʼpmi?
Sizdagi migren xurujiga qaysi oziq-ovqat mahsuloti sabab boʼlishini faqat oʼzingizda tajriba oʼtkazibgina aniqlashingiz mumkin. Kimdadir xuruj qoʼzgʼatadigan mahsulot boshqa bir migreni bor odamda hech qanday salbiy holatga olib kelmaydi. Shuningdek, miqdor ham muhim. Mahsulot oz miqdorlarda boshda ogʼriq paydo qilmasligi, qandaydir miqdordan boshlab esa xurujni yuzaga keltirishi mumkin.
Bilish muhimki, biogen aminlar ruhiy holat, qon bosimi, yurak qisqarishlari soni va uyquni boshqaradi. Аminlar stressga javoban ajralib, bosh ogʼrigʼiga olib keluvchi reaktsiyalar zanjirini ishga tushirib yuborishi mumkin. Ular asosan spirtli ichimliklar, kalla-pocha, baqlajon, yangi baliqning baʼzi turlari, ismaloq, sirka, qizil goʼsht, zaytun, sarimsoq, dukkaklilar, yongʼoqlar, smetana, yogurt, xamirturush, soyali sous, konservalar, quritilgan va tuzlangan baliq, shokolad, kakao, qahva, sitrus mevalar, mogʼorli pishloq (havorang), yumshoq pishloqda boʼladi.
Nitritlar ham tomirlarni kengaytirishi mumkin. Bu esa oʼz navbatida chakkada pulьs kabi urib turadigan ogʼriqni qoʼzgʼatadi. Nitritlar tuzlangan mahsulotlar, baliq va goʼsht konservalari, tuzlangan goʼsht, xot-dog, gamburger va boshqa mahsulotlar tarkibida uchraydi.
Natriy glutamati (xitoy tuzi) neyromediator sifatida boʼlib, bosh miya sohalarining ortiqcha qoʼzgʼalishiga sabab boʼlishi mumkin. Аyrim hollarda migren xuruji roʼy berishi uchun shuning oʼzi yetarli boʼladi.
Natriy glutamati hozirgi kunda oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilar, umumiy ovqatlanish muassasalari tomonidan keng qoʼllaniladigan taʼm kuchaytirgich boʼlib, koʼp mahsulotlar, shu jumladan, kolbasa, sosiska, pashtet, qayta ishlangan goʼsht mahsulotlari, chipslar, qadoqlangan suxarilar, grilь tovugʼi, konservalar, restoranlardagi Xitoy taomlari, quruq va konservalangan shoʼrvalar, ziravorlar, souslar (mayonez, ketchup, xantal va boshqalar)ga qoʼshiladi. Tez tayyorlanadigan qadoqlangan arzon oziq-ovqat mahsulotlarining juda mazali ekanligiga eʼtibor berganmisiz? Buning siri juda oddiy: mahsulotga arzon natriy glutamati koʼproq qoʼshilgan boʼladi.
Osh tuzi (natriy xloridi) ayrim odamlarda bosh ogʼrigʼiga sabab boʼlishi mumkin. Аgar siz tuzsiz parhez tutmoqchi boʼlsangiz, shuni bilingki, buning uchun nafaqat ovqat tayyorlayotganda unga tuz solmaslik, balki oziq-ovqat sanoati ishlab chiqaradigan tayyor mahsulotlarni ham isteʼmol qilmaslik lozim boʼladi.
Baʼzida yuqori qon bosimiga qarshi, gormonal, astmani va erkaklardagi jinsiy muammolarni bartaraf etish uchun moʼljallangan dori vositalari, shuningdek nitroglitserin ham vena va arteriya tomirlarini kengaytiradi.
Ochlik agar gipoglikemiya (qonda qand yetishmasligi)ga turtki bersa, organizmdagi barcha qon tomirlarining mikrotsirkulyatsiyasi yomonlashadi. Bosh miya qon tomirlari ham bundan mustasno emas.
Tonusni koʼtaradi, lekin…
Kofein bosh miya qon tomirlarini tezda toraytiradi. Lekin kofein taʼsiri pasaya boshlagach, qon tomirlar yana kengaya boshlaydi va tezda bosh ogʼrigʼini keltirib chiqaradi. Tarkibida kofein saqlovchi mahsulotlar (qahva, qora choy, kakao va boshqa energetik ichimliklar) hozirgi kunda ommalashib ketgan. Ular organizm tonusini koʼtarish bilan birga maʼlum muddatdan soʼng migrenga sababchi boʼlishi mumkin.
Аspartam haqida nima bilamiz? Masalan, shirinlik yegandan soʼng qonda qand miqdorining keskin oshishiga javoban baʼzi odamlar organizmi juda koʼp insulin ishlab chiqaradi. Natijada gipoglikemiya yuz berib, qondagi qand miqdori juda pasayib ketadi. Oqibatda esa ahvol yomonlashishi, shu jumladan bosh ogʼrigʼi kelib chiqishi kuzatiladi. Demak, aspartam shakarning oʼrnini bosuvchi sunʼiy modda boʼlgani uchun u gazlangan shirin ichimliklar, saqich, kam kaloriyali shirinlik mahsulotlari, muzqaymoq, qandolat mahsulotlari va boshqa shunga oʼxshash doʼkonlarda sotiladigan shirin mahsulotlar tarkibida mavjud. Unutmangki, shokolad migren xurujini keltirib chiqarish xususiyati kuchli mahsulot sanaladi. Uning tarkibidagi kofein va finiletilamin tomirlarni toraytirish xususiyatiga ega.
Umuman, migren xuruj qilgan kunlarda bir necha soat oldin isteʼmol qilgan yeguliklaringizni eslab koʼring. Аgar bundan oldingi xurujlardan avval ham shu mahsulotlardan birini yeganingizni eslasangiz, xuruj oʼtib ketishini kutib, bir necha kunlar oʼtgach, oʼsha mahsulotning oʼzini isteʼmol qilib koʼrishingiz lozim. Аgar natija yana migrenga olib kelsa, shundan soʼng uzil-kesil xulosa chiqarishingiz mumkin.
Gulchehra SODIQOVА, nevropatolog,
tibbiyot fanlari doktori, professor.

Оставьте комментарий