Sabr qilsang zafar qozonasan

DO`STLARGA ULASHING:

Sabr qilsang zafar qozonasan
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Tasavvur qiling, dunyodagi eng donishmand odam bilan safarga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ldiniz. U shunday bir donishmandki, sizdan oldin ham, sizdan keyin ham u bilan safarga chiqish hech kimga nasib etmadi, etmaydi ham.
Donishmand sizga hamsafar bo‘lishni birgina shart bilan qabul qiladi. Safar davomida donishmandning biror ishiga aralashmaysiz. O‘zi sizga gapirmaguncha savol bermaysiz. Donishmandning ishlariga aralashmaslik va safarda ro‘y beradigan voqealarga sabr qilishga so‘z bergach, safarga chiqasizlar. Safaringiz kemada boshlanadi. Kema egasi sizlarga izzat-ikromni ziyoda qiladi. Faqat donishmand hech bir sababsiz kemani teshadi. Kema sekin – asta suvga to‘la boshlaydi. Sizlarga shuncha yaxshiliklar qilgan kema egasiga minnatdorchilik bildirish o‘rniga, donishmandning qilig‘ini ko‘rib jahlingiz chiqadi.
«Odamgarchiliging qayerda qoldi? Nimaga bunday qilding?!» deya g‘azablanasiz. Donishmand «Sen ishlarimga aralashmasding-ku? Nima qilsam ham savol-so‘roqqa tutmasding-ku?» deganida bergan va’dangiz esingizga tushardi. Jahlingizni bosa olmaganingiz, boshqa ishlariga aralashmasligingizni, savol bermasligingizni aytib, uzr so‘raganingiz uchun donishmand siz bilan hamsafarlikda davom etadi. Birga yura boshlaysizlar. Yo‘lda kichkina bolaga duch kelasizlar. Ko‘rinishidan faqir va qashshoq bo‘lgani ko‘rinib turgan bolaga yaqinlashgan donishmand, bolaga hech narsa demay uni o‘ldiradi. Uning qotillikka qo‘l urganidan ham ko‘ra, begunoh bolakayni o‘ldirganiga chidolmaysiz.
«Begunoh bolaning joniga nega qasd qildingiz?! Bu bola sizga nima qildi? Buncha ham shafqatsiz odam bo‘lmasangiz?!» deya donishmandga jahl-g‘azabingizni sochasiz.
Donishmand: «Senga men bilan hamsafar bo‘lishga toqat qilolmaysan, demaganmidim?» deya safar avvalidagi ogohlantirishni eslatganida, xatoingizni eslaysiz. «Menga so‘ngi imkonni bering. Va’da beraman, agar bir bor ishingizga aralashsam, savol bersam, sizga bergan va’damga xilof ish tutsam, siz bilan safarni davom ettirmayman» deya uni ko‘ndirishga urinasiz.
Bir qishloqqa yetib borasizlar. Yo‘l charchog‘i, ochlik va suvsizlikdan ikkovingiz ham charchab, holdan toyigansizlar. Qishloqdagilardan yegulik, ichgulik so‘ramoqchi bo‘lasizlar. Qaysi eshikni taqillatsangiz, yuzingizga qattiq yopishadi. Hech kim sizlarga e’tibor bermaydi. Qishloq o‘rtasidagi hovuzdan suv ichib, qo‘lingizga tushgan bir-ikki tishlam yegulikni yeb, bir chetda dam olasizlar. Biroz dam olgan donishmand, qishloqdagi nurab, yiqilayozgan bir bog‘ devorini tiklashga tushadi. Mohir ustadek devorni baquvvat qilib tiklaydi. Ishini bitirib, yo‘lda davom etishni niyat qilganida «bu qishloqdagilar bizga yaxshi muomala qilishmadi. Yegulik berishmadi, suv berishmadi. Sen bularning devorini ta’mirlading. Hech bo‘lmasa devorni tiklaganing uchun pul olsayding, ehtiyojlarimizga yarardi!» deya donishmandga tikka keldingiz.
Sen bilan hamsafarligimiz shu yerda tugadi!- deya so‘z boshladi donishmand. — Bergan va’dalaringni bajarolmading. Endi sen bilan hamsafar bo‘lolmayman! Uchinchi bor meni savol-so‘roqqa tutyapsan. Safarda guvohi bo‘lganing voqealarga sabr qilishing oson emasdi, albatta. Sen bilan yo‘llarimiz ayrilmasdan yo‘lda ko‘rganlaring haqida tushuncha beraman. Yo‘lga chiqqanimizda biz chiqqan kemaning egasi bizga izzat-ikrom ko‘rsatgan bo‘lsa-da, kemasini teshib qo‘yganim uchun mendan jahling chiqqandi. Men u kemani kema egasini mukofotlantirish uchun teshgandim. Kambag‘al va yo‘qsil bo‘lishiga qaramay, odamlarga yaxshilik qilishni sevadigan kema egasining ulovini teshmasam, jangga tayyorgarlik uchun atrofdagi barcha baquvvat kemalarni tortib olayotgan zolim podshoh, uning kemasini ham tortib olardi. Kemasi qo‘lidan ketmasligi uchun uni teshib qo‘ydim.
Begunoh go‘dakni o‘ldirganim uchun mendan jahling chiqqanini bilaman. Bolaning ota-onasi dindor va yaxshi insonlar. Bola tirik qolsa katta bo‘lib ota-onasiga zulm qilardi. Shunday yaxshi odamlar farzandi zulmidan aziyat chekmasin deya, u bolani o‘ldirdim. Bu bola o‘ldi, ular yana bir farzand ko‘radilar. Inshaalloh, tug‘ilajak farzandlari ularni xafa qilmaydi, o‘zlariga munosib farzand bo‘ladi.
Bizga yaxshi munosabatda bo‘lmagan qishloqdagilarning devorini tiklab berganim uchun mendan ham jahling chiqdi, ham hayratlanding. Qishloqda tiklaganim devor yetim bolaning devori edi. Bu devorni men tiklamasam, hech kimga yaxshilik qilmaydigan qishloq ahli, yetim bolaning devoriga va devor tagidagi xazinaga egalik qilmoqchi bo‘lishardi. Devorning tagida xazina borligini hech kim bilmaydi. Yetim bola katta bo‘lib, o‘z moliga o‘zi egalik qila oladigan bo‘lgunicha, xazina ko‘rinmasin deya devorni tiklab qo‘ydim. Endi tushunib yetdingmi, o‘g‘il? Kemasini asrab qolish uchun teshganimni, farzandidan aziyat ko‘rmasin deya farzand dog‘ini ko‘rsatganimni, yetimga yordam berish uchun devor tiklaganimni endi tushunib yetdingmi, o‘g‘lim? Men bilan hamsafar bo‘lib ko‘rganlaringga sabr qilolmading. Umid qilamanki, bu eshitganlaring senga dars bo‘ladi va boshingga tushadigan tashvishlarga sabr qilasan.
Mayli, Allohga omonatsan!
(«Kahf» surasida kelgan oyatlardan ilhomlanib (“Kahf” surasi 65 – 82 oyatlar) yozilgan hikoya.)
Qur’oni karimni qabristonda o‘qish uchun tushirilgan kitob kabi tushunadiganlar, payshanba oqshomlari «Yosin» o‘qish uchun Qur’onni qo‘liga oladiganlar, Ramazon oyida xatm qilishdan tashqari Qur’on bilan munosabati bo‘lmaganlar, Hizr alayhissalom qissasidan hayot sabog‘i olishlari aqlga sig‘maydi, albatta. Qur’onni hayot ko‘z oynagi qilmay, diniy marosim va ma’lum bir kunlarda o‘qiladigan kitob qabilida ish tutadiganlar, hayot tashvishlari qarshisida Allohga emas, dori – darmonlarga topinishga majbur qolishadi. Hizr alayhissalom qissasi perspektivasidan hayotga qarashni uddalay olgan musulmon, boshiga tushadigan musibatlarga sabr qilishni biladi.
Bizning yonimizda kezib yurgan, bizga boshimizga tushgan musibatlar hikmatini anglatadigan Hizr alayhissalom yonimizda emas-ku! deya o‘ylaydiganlarga ikki narsani tavsiya qilaman: Qur’on tafsiri va Payg‘ambarlar tarixini albatta takror va takror o‘qing! Chunki, Qur’on hayot rahbari, Payg‘ambarlar tarixi esa — iztiroblar tarixidir. Faqat iztiroblar tarixi emas, Payg‘ambarlar tarixini o‘qigan inson iztiroblar qarshisida o‘zini tutish va oxiratdagi mukofotlarni ham ko‘ra oladi. Hayot safarida Hizr alayhissalom bilan yurgan Muso kabi yurishni va nihoyasiga yetkazishni Alloh hammamizga nasib etsin!
«Stress va iymon» kitobidan
Umida Adizova tarjimasi
MANBA: islom.uz

Оставьте комментарий