Suhayb Rumiy

DO`STLARGA ULASHING:

Islom dini tarixi makkalik zodagon Arqam (r.a.)ning uyi bilan chambarchas bog‘liq. Zero, bu dargoh muayyan davrda Rasululloh (s.a.v.) uchun qarorgoh, darsxona, qabulxona vazifalarini o‘tagan. Bundan tashqari dinimiz tarixida o‘chmas iz qoldirgan shaxslar ushbu xonadonda kalimai shahodatni aytib musulmon bo‘lganlar. Shulardan biri Suhayb ibn Sinondir. U Arqamnikida Yosir ibn Ammor bilan bilan bir vaqtda Islomga kirgan.
Suhayb Abdulloh ibn Jad’onning ozod qilingan quli bo‘lib, tabiiyki, Makkada qarindoshi yo‘q edi. Shu sababli uning musulmon bo‘lganini eshitgan mushriklar Suhaybni tez-tez ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan azoblar bilan “siylashardi”. Masalan, temirdan ko‘ylak kiydirib, quyosh tig‘ida qoldirishar, so‘ng ustiga yuk ortib dodini berishardi.
Suhayb-chi? U barcha tazyiqlarga bardosh berardi. Boshiga tushgan kulfatlar uning imoniga quvvat qo‘shar, sabotini oshirardi. Bir so‘z bilan aytganda, mushriklarning sa’y-harakatlari bekor ketardi.
Suhayb tadbirkor, uddaburon shaxs edi. Aqlu zakovatini ishga solib, ancha-muncha boylik to‘play oldi. Madinaga hijrat arafasida mol-mulkini yig‘ishtirdi va yo‘lga tushdi. Uning yo‘lini Makka mushriklari to‘sishdi: “Makkaga kelganingda hemiring yo‘q edi. Shu yerga kelib boyiding, endi ham o‘zing ketib, ham boyligingni olib ketishingga yo‘l qo‘ymaymiz!”
– Yonimdagi va Makkadagi barcha molimni sizlarga qodirsam, yo‘limni to‘smaysizlarmi?
Mushriklardan tasdiq javobini olgach, ularning talabini qondirib, yo‘lida pulsiz davom etdi. Suhayb uchun Rasululloh (s.a.v.)ga bo‘lgan muhabbat, sadoqat bu dunyodagi barcha narsadan ustunroq edi va bu amalda isbotlandi.
Madinaga ming mashaqqatda yetib keldi. Rasululloh (s.a.v.) hazrat Umar va hazrat Abu Bakr (r.a.) bilan birgalikda Kulsum ibn Xadmning uyida mehmon edilar. Suhayb nihoyatda chanqagan, ochiqqan, buning ustiga bir ko‘zi og‘riyotgandi. U Rasululloh (s.a.v.) o‘tirgan joyga kirib so‘rashdi va dasturxondagi xurmodan yeya boshladi.
Hazrat Umar Rasululloh (s.a.v.)ga: “Ko‘zi og‘riyapti-yu, xurmo yeyishini qarang”, dedilar.
Rasululloh (s.a.v.) Suhaybga yuzlandilar:
– Ko‘zing og‘riyapti, sen esa xurmo yeyapsan…
– Yo Rasululloh (s.a.v.), ko‘zlarimning biri sog‘, o‘shaning haqqini yeyapman.
Uning javobidan barchaning yuziga tabassum yugurdi.
Suhayb Madinaga kelayotib, molini oldirib qo‘yganini so‘zlab berdi. Uni eshitib Payg‘ambarimiz (s.a.v.) xitob qildilar: “Suhayb erishdi! Suhayb erishdi! Abu Yahyo erishdi! Savdo foydali bo‘ldi. Savdo foydali bo‘ldi”. Keyin Suhayb haqida tushgan oyatni o‘qib berdilar: “Odamlar orasida Allohning roziligini istab, jonini beradigani ham bor” (Baqara, 207).
Bir kuni hazrat Umar unga savol berdilar: “Suhayb, nega o‘g‘lingning ismi Hamza bo‘lsayam, Abu Yahyo deyishadi? O‘zing Rumdan bo‘lsang ham, arabman deysan. Ko‘p mablag‘ sarflaysan?”
Suhayb jilmaydi:
– Abu Yahyo kunyasini shaxsan Rasululloh (s.a.v.) berganlar. Asli Namr qabilasidanman, lekin bizni rumliklar asir olishgan. Ko‘p pul sarflashimga kelsak, buyam to‘g‘ri. Ammo men faqat Alloh yo‘lida sarflayman.
Hazrat Umar Suhaybni judayam yaxshi ko‘rardilar. Umar ibn Xattobni yaralashgach, navbatdagi rahbar saylanguniga qadar o‘zlariga o‘rinbosar qilib tayinladilar va janozalarini o‘qishni vasiyat qildilar.
Sabr-bardoshda tengi yo‘q, qo‘li ochiq va kuchli farosat sohibi bo‘lgan Suhayb ibn Sinon Rumiy milodiy 685 yilda 70 yoshida Madinai munavvarada vafot etdi va Baqi’ qabristoniga dafn etildi.
Abu Umar Akbarzoda tarjimasiIrfon.uz
«SAVDO FOYDALI BO‘LDI, EY ABO YAHYO»
 U ne’matlar quchog‘ida dunyoga keldi.Otasi Fors podshohi Kisro tomonidan “Aballa”shahriga hokim etib tayinlangan bo‘lib, Islom kelishidan ancha ilgari Iroqqa xijrat qilib ketgan arablardan edi.Suhayb otasining “Furot” daryosi sohilidagi Mavsul shaxriga yaqin bo‘lgan saroyida to‘kin-sochin va farovon hayot kechirib ulg‘aydi.
 Kunlarning birida ularning shahri Rum askarlarining hujumiga uchradi…Hujum qilganlar juda ko‘p odamlar qatorida mana shu o‘spirin bola, ya’ni Suhayb ibn Sinonni ham asir qilib olib ketishdi.Suhayb qul sotadigan tijoratchilarning qo‘liga tushib, ular bilan Rum shaharlariga ketdi. Butun yoshligini Rumda o‘tkazib, oxiri Makka shaxriga keltirilib u yerda Abdulloh ibn Jud’onga qul qilib sotildi. Yoshligining ko‘pgina qismini Rumda o‘tkazgani sababli, tili ularning lahjalariga nihoyatda o‘raganib qolgan edi. Uning zakovatli, mehnatkash va ixlosli yigitligiga taajjub qilgan xojasi, uni ozod etib, hatto o‘z tijoratiga sherik ham qilib oldi.
Bir kuni… Aytgancha, keling mana shu haqida uning do‘sti Ammor ibn Yosir bizga so‘zlab bera qolsin. Ammor dedi:
“Suhayb ibn Sinonni Arqamning eshigi yonida uchratib qoldim. Ichkarida Rosululloh sallallohu alayhi vassalom ashoblari bilan o‘tirgan edilar…Men undan:
“Bu yerda nima qilyapsan?” – deb so‘radim. U esa menga:
“O‘zing bu yerda nima qilyapsan? “-dedi. Men:
«Muhammad ASning huzurlariga kirib, suhbatlarini eshitmoqchiman» — dedim. U esa
«Men ham xuddi shuni istayman» — dedi.
Bas, ikkimiz Rosululloh sallallohu alayhi vassalom huzurlariga kirdik.U zot Islom haqida biroz so‘zlab bergach, biz ikkimiz Islomni barobar qabul qildik.U yerda to qorong‘i tushguncha qoldik, so‘ngra ikkalamiz ehtiyot bo‘lib chiqib ketdik”.
 Demak Suhayb Arqamning hovlisiga boradigan yo‘lni bilib oldi. Mana shu bilan birgalikda u hidoyatga, nurga va hamda buyuk va og‘ir qurbonliklarga boshlaydigan yo‘lni bilib oldi.
 Arqamning hovlisini tashqi dunyodan to‘sib turuvchi bu yog‘och eshikdan xatlash oddiygina qadam tashlash bo‘libgina qolmay, balki to‘laligicha bu olamning chegarasidan o‘tish edi. Xayot tarzi, nizomi, ahloqlari va dinini o‘zida mujassam etgan eski olamdan, dini, ahloqlari, hayot tarzi va tartibi umuman o‘zgacha bo‘lgan yangi olamga o‘tish deyish mumkin.
 O‘sha davrda Arqamning ostonasini hatlash, oddiy bir qadam tashlash emas, balki haqiqqatda va voqelikda qo‘rqinch va daxshatdan iborat bo‘lgan keng va ulkan dengizni kechib o‘tish edi.
 Bu qadamning egasi Suhayb g‘aroyib inson bo‘lib, eshik oldida unga yo‘liqqan do‘sti Ammor ibn Yosir esa o‘ta faqir inson edi. Nima sababdan bu ikkovi qo‘rqinch va daxshatga yenglarini shimargan holda peshvoz chiqyaptilar?!…
 Albatta bunga sabab, uni hech qanday qo‘rqinch yenga olmaydigan iymonning nidosidir. Albatta unga sabab, Muxammad sallallohu alayhi vassalom shamoyillarini guvohi bo‘lgan yaxshi insonlarning qalbi hidoyat va muhabbatga to‘lib-toshganligidandir.
 Albatta u yangi porlagan go‘zallikdirki, eski hayotning jirkanchliklari, inqirozi va zalolatidan zerikkan insonlarning aqllariga nur sochyapti.
 Va Albatta bu eng avvalo Allohning rahmati va hidoyati bo‘lib, bu ne’matni u hohlagan bandalariga in’om etadi.
* * *
Suxayb mo‘minlar karvonidan o‘z joyini egalladi…Azoblanib va ta’qiblanayotgan insonlar safidan o‘zi uchun keng va oliy makonni egasiga aylandi. Shuning bilan birga fidoiylar safidan ham o‘zi uchun oliy makon hozir etdi.
Islom bayrog‘i ostida yurib, Rosululloh sallallohu alayhi vassalom ga bay’at bergan musulmon o‘laroq, Janobimizga nisbatan kalbidagi buyuk do‘stligi haqida shunday deydi:
“Rosululloh sallallohu alayhi vassalom biror bir marosimda yoki jangda bo‘lmasinlar, illo men o‘sha yerda edim… U zotga biror bay’at berilmasin, magaram men o‘sha joyda hozir edim. Biror joyga qo‘shin jo‘natgan bo‘lsalar, illo men o‘sha qo‘shin orasida hozir edim… Umrlarining avvalidan oxirigacha biror g‘azotga chiqmasinlar, illo men u kishining o‘ng yoki chap taraflarida hozir edim… Musulmonlar old tomondan o‘zlari uchun xavf sezsalar, magaram men o‘sha tomonda hozir edim… Bordi-yu orqa taraflaridan xavf sezsalar,men albatta o‘sha tarfda hozir edim… Rosululloh sallallohu alayhi vassalom vafot topib, robbilariga yo‘liqqunlarigacha men hecham u zotni o‘zim bilan dushman orasida qo‘ymaganman…”
 Bu tengsiz iymon va buyuk do‘stlikning yorqin ko‘rinishidir.
 Suhayb r.a. Allohning nuriga yetishib, Janob Rosululloh sallallohu alayhi vassalom ning muborak qo‘llari ustiga qo‘llarini qo‘ygan avvalgi kundan boshlab, uning mana shunday ajoyib iymon sohibi bo‘lishga haqli ekanligi yaqqol ko‘rinib turar edi.
 Yuqorida zikr qilganimizdek, u mas’uliyatdan sira qochmasdi. Biron-bir jang yoki xatarli ishdan hecham qolib ketmagan. Uning Islom yo‘lidagi fidoiyligi va Janobimizga bo‘lgan go‘zal do‘stligi, o‘zining Makkadan Madinaga xijrat qilgan kunda yorqin namoyon bo‘ldi. U mana shu kunda yillar davomida Makkada amalga oshirgan foydali tijorati orqali to‘plagan tamomiy boylik, oltin va kumushlaridan voz kechib, Madina tomon xijrat qilib, iymoni bilan qolishni iroda etdi. Rosululloh sallallohu alayhi vassalom xijrat qilishni istayotganlarini Suhayb bilar edi. Rejaga ko‘ra u xijrat qiladigan uch kishining biri bo‘lishi lozim edi. Ular Rosululloh sallallohu alayhi vassalom, Abu Bakr r.a. va Suhayb edilar.
 Ammo quraysh mushriklari ularni xijratdan to‘sishga ahdlashib oldilar. Suhayb mushriklarning tuzoqlariga tushib, biroz muddat xijratdan to‘silib qoldi. Bu asnoda Rosululloh sallallohu alayhi vassalom va u zotning birodarlari Abu Bakr xijratga chiqib, Allohning barokati tomon yo‘l olgan edilar. Suhayb uzoq fikr qilib, so‘ngra bir ayyorlik ishlatib, o‘zini yomon ko‘radigan insonlar tuzog‘idan qochishga muvaffaq bo‘ldi. Tuyasining ustiga minib Madina tomon yeldek ketardi.
 Biroq, mushriklar uning ortidan jo‘natgan»ovchi”lar Suhaybga yetib olishdi. Suhayb ularni ko‘rishi bilanoq nido qilib, dedi:
«Ey Quraysh ahli…Shubhasiz men orangizdagi kamondan eng bexato otguvchiman…Allohga qasamki, birortangiz menga yaqinlashadigan bo‘lsangiz o‘qdonimdagi barcha o‘qlarni otib, so‘ngra oxirgi nafasim qolguncha qilichim bilan olishaman. Hohlasangiz kelavering. Yoki bo‘lmasa meni qo‘yib yuborsangiz mol-davlatimni qaerda ekanligini sizlarga aytaman.»
 Mushriklar o‘zaro biroz savdolashgach, uning molini olishga qaror qilishib dedilar:
«Bizning diyorimizga faqir va qashshoq holda kelgan eding. Bu yerda ko‘pdan-ko‘p mol dunyo to‘plab, oramizdagi eng badavlat kishiga aylanding. Endi esa butun mol-davlatingni olib ketasanmi?» .Bas,Suhayb ularga oltin-kumushlarini yashirgan joyini ko‘rsatdi.Ular esa Suhaybni o‘z holiga qo‘yib,Makkaga qaytib ketishdi.
 Ajabo…Ular hech qanday shak-shubhasiz uning so‘zini qabul qildilar!..Xatto ehtiyot uchun biror xujjat talab etib yoki so‘zining rostligiga qasam ham ichirmadilar…Bu ishonchli, rostgo‘y bo‘lgan Suhaybning ko‘pgina fazilatlariga yanada ko‘proq go‘zallikni qo‘shadigan xolatdir. Ya’ni, u insonlar orasida shu qadar ishonchli va rostgo‘y bo‘lgani sababidan, xatto mushriklar uning so‘zlarini shak- shubxasiz qabul etdilar .
Suhayb baxtiyor xolda, hijratini davom ettirib, «Qubo» qishlog‘iga yetganda Rosululloh sallallohu alayhi vassalom ga yetib oldi. Suhayb kelgan vaqtda Rosululloh sallallohu alayhi vassalom atroflariga ba’zi ashoblarni yig‘ib, suhbatlashib o‘tirgan edilar .
Rosululloh sallallohu alayhi vassalom Suhaybga ko‘zlari tushishi bilanoq, benihoya xursand bo‘lib dedilar:
 “Savdo foydali bo‘ldi, ey Abo Yahyo!”
 “Savdo foydali bo‘ldi, ey Abo Yahyo!”
Mana shu payt Alloh Ta’loning quydagi oyat karimasi nozil bo‘ldi:
 207. Odamlar orasida Alloh rizoligi yo‘lida o‘z jonini beradigan zotlar ham bor. Alloh bandalariga g‘amhur, mehribondur.
 Ha, albatta, Suhayb o‘zining mo‘min nafsini, butun yoshligini sarf qilib to‘plagan mol-davlati evaziga sotib olib, sira ham o‘zini aldangan deb his etmadi. Unga mol-davlat, oltin-kumush va dunyoning o‘zini to‘laligicha ne keragi bor, vaxolanki, u bilan iymoni va baxtiyor qalbi birga qolgan bo‘lsa?
 Janob payg‘ambarimiz Suhaybni juda sevar edilar. Suhayb esa bundan mag‘rurlanmasdan o‘sha-o‘sha, taqvador, kamtar va oddiyligida qolar edi .
 Bir kun Janobimiz uni bir ko‘ziga katta gumicha chiqqan holda xurmo yeb o‘tirganini ko‘rdilar. Rosululloh sallallohu alayhi vassalom kulib:
 “Bir ko‘zingda katta gumbicha bo‘la turib, qanday qilib xurmoni yeyyapsan?” -deb so‘radilar. U javob berib dedi:
 “Hech qisi yo‘q, men xurmoni boshqa ko‘zim bilan yeyyapman” …!
Suhayb nixoyatda saxiy va ochiq qo‘l inson edi. O‘zi uchun baytulmoldan keladigan maoshning hammasini Alloh yo‘lida infoq-ehson qilar, xamda muhtojlarga va musibat yetganlarga yordamlashar edi. Taomni suyub tursada, o‘zi yemasdan miskin, yetim va yesirlarga yedirar edi. Xatto haddan ziyod saxovatini eshitib Umar r.a unga dedi:
«Men seni boshqalarga nihoyatda ko‘p taom yedirib, xatto isrof qilayapsan deb o‘ylayapman”. Suhayb unga javob berib shunday dedi:
“Men Rosululloh sallallohu alayhi vassalom dan eshitganmanki, u zot:” Sizlarning yaxshilarigiz, boshqalarga taom yedirganlaringiz”- degan edilar».
Garchi Suhaybning hayoti go‘zal va buyuk hodisalarga to‘la bo‘lsada, Umar r.a aynan uni musulmonlarga imomlik qilib namozlarini o‘qib berishlikka ixtiyor etgani, butun hayotini nur va buyuklikka to‘ldiruvchi holat bo‘ldi .
Umar r.a musulmonlarga fajr namozini o‘qib berayotgan paytda, u kishiga suyiqasd uyushtirildi. Shu payt Umar r.a ashoblariga oxirgi vasiyatlaridan birini aytib, bunday dedi:
«Odamlarga Suhayb namoz o‘qib bersin”. Shu kuni mo‘minlar amiri Umar r.a. saxobiylardan olti kishini tanlab, ularga yangi xalifa tanlash ixtiyorini yukladi. Musulmonlar xalifasining asosiy vazifalaridan biri, musulmonlarga namozda imomlik qilishdir …
Umar r.a vafotidan to yangi xalifa tayinlanguncha odamlarga namozlarda kim imomlik qilar ekan?
Albatta Umar r.a o‘zining pokiza ruhi Alloh tomon yo‘l olayotgan bu fursatda, mana shu ishga eng haqli insonni tanlashi lozim edi .
Bas, Umar r.a Suhaybni ixtiyor etdi. Yangi xalifa tayinlangunicha, Suhaybni odamlarga namozlarida imomlik qilish uchun tanladi. Umar Suhaybning lahjasi o‘zgacha ekanligini bilgan bo‘lsada, aynan uni bu ishga loyiq deb topdi. Albatta ixtiyorning aynan Suhayb ibn Sinon ustiga tushishligi, bu Alloh Ta’loning solih bandasi uchun in’om etgan buyuk ne’mati edi .
Rijolun havlar-rasul Hadis.islom.uz
Suhayb Rumiy ibn Sinon (roziyallohu anhu) asli arab millatiga mansub bo‘lib, kunyasi Abu Yahyodir. U boy xonadonda tug‘ilib o‘sdi, otasi Fors podshohi tomonidan Ubullaga   voliy etib tayinlangandi.
Kunlarning birida Ammor ibn Yosir (roziyallohu anhu) Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning uylari oldida Suhayb ibn Sinon (roziyallohu anhu)ga duch kelib qoldi. Ular avvaldan do‘st edilar. Ammor (roziyallohu anhu) do‘stidan bu yerda nima qilayotganini so‘radi. Suhayb (roziyallohu anhu) ham unga xuddi shu savol bilan murojaat qildi.
– Men ichkariga kirib Muhammad (sollallohu alayhi va sallam)ning so‘zlarini eshitmoqchiman va uning diniga kirmoqchiman, – dedi Ammor ibn Yosir (roziyallohu anhu).
– Men ham shu maqsadda keldim!
Ikkovlari birgalikda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning oldilariga kirib musulmon bo‘ldilar va kechgacha o‘sha yerda qoldilar. Ular ilk musulmonlardan edilar. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Islomdan oldin ham Suhaybni yaxshi ko‘rar va suhbatlashib turardilar. Uning Islomni birinchilardan bo‘lib qabul qilishi u zot (sollallohu alayhi va sallam)ni xursand qildi.
Suhayb Rumiy (roziyallohu anhu)ning musulmon bo‘lganini eshitgan mushriklar uni turli qiynoqlarga soldilar. Chunki Makkada uni qo‘llab-quvvatlaydigan boy-badavlat qarindoshi yoki suyanadigan odami yo‘q edi. Suhayb (roziyallohu anhu) bu qiynoqlarga sabr qildi.
Imom Ahmad ibn Hanbal Abdulloh ibn Mas’ud (roziyallohu anhu)dan bunday rivoyat qiladi: «Quraysh zodagonlaridan bir guruhi Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) oldilaridan o‘tib ketayotib, u kishining huzurlarida Suhayb, Bilol, Ammor, Xabbob va boshqa zaifhol musulmonlarni ko‘rdilar va Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga: “Ey Muhammad! O‘z qavming ichidan shularga rozi bo‘ldingmi?! Oramizdan Alloh ne’mat berganlar shularmi?! Endi biz shularga ergashishimiz kerakmi?! Ularni hayda?! Ularni haydasang, ehtimol biz senga ergasharmiz”, deyishdi». Shunda quyidagi oyat nozil bo‘ldi: «Ertayu kech (doimo) Parvardigorlarining “yuzi”ni istab, Unga duo (ibodat) qilayotganlarni (huzuringizdan) haydamang! Siz ularning (ishlari) hisobotidan biror narsaga (mas’ul) emassiz. Ular (ham) Sizning (ishlaringiz) hisobotidan biror narsaga (mas­’ul) emaslar. Ularni haydab, sitamkorlardan bo‘lib qolmang!» (An’om, 52).
Suhayb Rumiy (roziyallohu anhu) Makkaga kelgach, o‘zining g‘ayrat va shijoati, halol mehnati bilan boyidi. Imom Faxriddin Roziy bunday rivoyat qiladi: “Madinaga safar qilmoqchi ekanini eshitgan mushriklar uning oldiga kelib:
– Sen Makkaga kelganingda qashshoq eding, bu yerda mol-mulk orttirding. Endi bu boyliklarni olib ketishingga yo‘l qo‘ymaymiz! – deyishdi.
– Qo‘limdagi hamma boyligimni sizga bersam, meni o‘z holimga qo‘yasizlarmi? – so‘radi Suhayb (roziyallohu anhu). Asl maqsadlari boylik bo‘lgan mushriklar bu taklifni so‘zsiz qabul qildilar. Suhayb (roziyallohu anhu) mollarini mushrik­larga berdi”.
Suhayb Rumiy (roziyallohu anhu) Madinaga kelgach, to‘g‘ri Nabiy (sollallohu alayhi va sallam)ning huzurlariga bordi va safardan oldin mushriklar bilan bo‘lgan voqealarni so‘zlab berdi.
Suhayb Rumiy (roziyallohu anhu) sahobalar ichida doimo Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) yonlarida yurganligi bilan ham mashhur edi. Uning o‘zi bunday rivoyat qilgan: “Men har doim Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan birga bo‘lganman, har bir safarda va voqeada u zot (sollallohu alayhi va sallam)ning yonlarida edim. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam)ga biror zarar yetmasligi uchun o‘zimni qalqon qildim va bu hol u zot (sollallohu alayhi va sallam)ning vafotlariga qadar davom etdi”.
Suhayb Rumiy (roziyallohu anhu) 658 yilda 70 yoshida Madinada vafot etdi.
Nargiza Mirzaliyeva | Hidoyat.uz

Оставьте комментарий