Ulugʻbek Yoʻlchiyev

Ulugʻbek Yoʻlchiyev

DO`STLARGA ULASHING:

Ulugʻbek Yoʻlchiyev

Ulugʻbek Yoʻlchiyev 1989-yil 12-sentyabrda Jizzax viloyati, Sharof Rashidov tumanida tugʻilgan. U 40-maktabni tamomlagach, 2008-yilda Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutiga (o‘sha paytdagi Toshkent davlat sanʼat oliygohi) oʻqishga kiradi.

Talabalik yillarida Ulugʻbek koʻplab xonandalar uchun qoʻshiqlar matnini yozib berardi. Sheʼr yozish bilan bir qatorda, kompozitorlikka ham qiziqardi. Ikkinchi kursga oʻtgach, kompozitorlik faoliyatini boshlaydi. Shoir va kompozitor sifatida Jasur Umirovning ikkita albomini yaratishda ishtirok etadi.

Keyinchalik oʻzi ham qoʻshiq kuylashni boshlab, bir necha yil davomida Shoxzamon taxallusi ostida ijod qiladi. U “Onam meni”, “Mayxona”, “Munisaxon Rizayeva” kabi qoʻshiqlarni ijro etadi hamda koʻplab xonandalar uchun qoʻshiqlar yozadi.

2016-yilda Sardor Rahimxon bilan ijro etgan “Narxi qancha mehrni ayting” qoʻshigʻi mega xit darajasiga yetadi va Shoxzamon nomini butun Oʻzbekistonga tanitadi. Shundan soʻng ham koʻplab qoʻshiqlar ijro etadi, biroq ularning hech biri “Narxi qancha mehrni ayting” darajasidagi mashhurlikka erisha olmaydi.

2019–2020-yillarda sogʻligʻi yomonlashgani sababli bir necha yil sanʼatdan uzoqlashadi.

2021-yilda Ulugʻbekning oilasida ogʻir judolik yuz beradi — otasi vafot etadi. Otasining yoʻqligiga endigina koʻnika boshlagan Ulugʻbek 2022-yilda avvalgi ijodini yakunlab, barcha eski sahifalarini yopadi va oʻzining haqiqiy ismi — Ulugʻbek Yoʻlchiyev nomi bilan ijodini qayta boshlaydi.

2023-yilda otasi xotirasiga bagʻishlab “Sogʻinayapman dadamni” hamda Bojalar guruhi bilan “Dadamning omadi bor” qoʻshiqlarini yaratadi. Afsuski, shu yil uning hayotida yana bir ogʻir yoʻqotish yuz beradi — mehribon onasi ham vafot etadi.

2024-yildan boshlab Ulugʻbekning ijodida yangi muvaffaqiyatlar davri boshlanadi. Shu yili u “Mayin esar shabboda” va “Koʻzlari bejo” qoʻshiqlarini taqdim etadi. Ushbu qoʻshiqlar, ayniqsa, yoshlar orasida katta mashhurlikka erishadi.

2025-yilda “Mast aylading” nomli qoʻshigʻi eʼlon qilinadi. Dastlab qoʻshiq katta eʼtibor qozona olmaydi. Biroq Milliyon guruhi aʼzosi aktrisa Shahlo Alijonovaning to’yida kuylanadi. Va ishtimoyiy tarmoqlarda to’ydagi videolar tarqab “Mast aylading” qo’shigʻi kutulmaganda, shlagerga aylanib, mega xit darajasiga yetadi.

Оставьте комментарий