Usayd ibn Huzayr

DO`STLARGA ULASHING:

Usayd ibn Huzayr ibn Sammok ibn Atiyk ibn Rofe’ ibn Imriulqays. Madinaning Avs qabilasidan bo‘lib, nasabda Sa’d ibn Muoz (r.a.) bilan bog‘lanadi. Otasi Huzayr ibn Sammok Avsning raislaridan edi. Onasi Ummu Usayd binti Sakan bo‘lib, ikkinchi Aqabada imonga kelgan.
Hazrat Usayd nihoyatda kamtar, lekin shijoatda o‘tkir, xayr-saxovatda ilg‘or zot edi. Islomga qadar o‘z qabilasi, qolaversa, atrofdagi arab qabilalari orasida mohir jangchi va mergan sifatida tanilgan. Islomga kirishiga Mus’ab ibn Umayr (r.a.) sababchi bo‘ldi. U kishiga ergashib, Sa’d ibn Muoz ham imon keltirdi.
Usayd ibn Huzayr Mus’ab ibn Umayrdan Qur’onni o‘rganib, u zotning yetuk shogirdlaridan biriga aylandi. Qiroati nihoyatda yoqimli va o‘ta shirali bo‘lgan. Abu Said Xudriydan rivoyat qilinadi: «Usayd ibn Huzayr tunda Baqara surasini o‘qiyotgan edi. Bir payt yonginasida bog‘langan ot hurka boshladi. U qiroatdan to‘xtadi. Ot ham tinchlandi. Yana o‘qiy boshlasa, ot ham bezovtalanar edi. Qiroatni to‘xtatsa, yana jim bo‘lardi. O‘sha vaqtda o‘g‘li Yahyo ot yonida edi. Ot bosib olmasin deb, qiroatni to‘xtatib uning oldiga bordi. O‘g‘lini otdan uzoqroqqa qo‘ygach, osmonga qarasa, unda soyabonlarga o‘xshash, ostida nur taratib turgan narsalar bor ekan. Tong otgach, bo‘lgan voqeani Rasululloh (s.a.v.)ga aytib berdi. U zot (a.s.): “Huzayrning o‘g‘li, qiroatingni davom ettiravermadingmi?” dedilar. Usayd aytdi: “Bolamni ot bosib qolishidan qo‘rqdim. U otning yaqinida edi. Otdan uzoqroqqa qo‘yib osmonga qarasam, u yerda soyabonga o‘xshash, ichida chirog‘i bor narsalar turgan ekan. Uyimdan chiqib qarasam, yo‘q bo‘lib qolibdi”. Rasululloh (s.a.v.): “Ular nimaligini bilasanmi?” deb so‘radilar. Usayd: “Yo‘q”, dedi. Rasululloh: “Ular ovozingni eshitish uchun pastga tushgan farishtalar edi. Agar tonggacha o‘qiganingda, odamlar ham ularni ko‘rgan bo‘lardi. Farishtalar ham ulardan qochmas edi”, deb aytdilar».
Hijratdan keyin Usayd ibn Huzayr ko‘p janglarda ishtirok etdi. Jang maydonida qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan hiyla va usullar yuzasidan doim Rasululloh (s.a.v.) bilan maslahatlashib turdi. Shunday voqealardan biri Xandaqda sodir bo‘ldi. Jangda musulmon askarlarining zaiflashib borishi kuzatildi. Shunda Rasululloh (s.a.v.) dushman bilan muzokaraga kirishishni ham reja qildilar. Lekin Usayd ibn Huzayr, Sa’d ibn Uboda va Sa’d ibn Muoz jonbozlik ko‘rsatib, Rasulullohni bu fikrdan qaytishga ko‘ndirdilar. Tez orada jang musulmonlar foydasiga hal bo‘ldi.
Usayd ibn Huzayr erka sahobiylardan bo‘lib, Rasululloh uning erkaligini ko‘tarar va gapini doim inobatga olardilar. Shuning uchun Payg‘ambar (a.s.)ga yaqin yurishni kanda qilmasdi.
Abdurahmon ibn Abu Laylo otasidan rivoyat qiladi: «Usayd ibn Huzayr xushchaqchaq va xushro‘y kishi edi. Bir kuni Rasululloh huzurlarida gapirib qavmni kuldirayotgan paytida u zot barmoqlari bilan biqiniga niqtadilar. Shunda u: “Menga azob berdingiz!” dedi. Nabiy (a.s.): “O‘chingni ol!” deb aytdilar. “Ey Allohning rasuli, sizni egningizda ko‘ylagingiz bor, mening egnimda ko‘ylak yo‘q edi”. U zot ko‘ylaklarini ko‘tardilar. Shunda Payg‘ambar (a.s.)ni quchoqlab olib, biqinlaridan o‘pib: “Ota-onam sizga fido bo‘lsin, men shuni xohlagan edim”, dedi».
Usayd ibn Huzayr sahobiylar orasidagi ba’zi kelishmovchiliklarni isloh qilish borasida dono maslahatlarini bera olgan. Payg‘ambarimiz vafotlaridan keyin musulmonlar xalifasini tayinlash vaqtida ham unga xos bo‘lgan sifatlar ish berdi. Abu Bakr islom davlatining boshlig‘i Qurayshdan bo‘lishi kerak degan so‘zda qattiq turdi. Natijada, muhojir va ansorlar o‘rtasida tortishuv boshlandi. Vaziyatni sinchkovlik bilan kuzatib turgan Usayd ibn Huzayr so‘z olib, ansorlarni tinchlantira oldi, musulmon ummatini katta xatardan saqlab qoldi. Bu bilan islom tarixida jiddiy muammoga to‘g‘ri yechim topib, adolat bobida Payg‘ambar (a.s.)ning chinakam ummati ekanini isbotladi. U kishi ansorlarga aytdi: “Rasululloh muhojirlardan bo‘lganlarini bilasiz. Demak, u zotning xalifalari ham muhojirlardan bo‘lishi lozim. Biz Rasulullohning ansorlari bo‘ldik va bugun ham u zot xalifasining ansorlari bo‘lishimiz kerak”. Bu so‘zlar majlis ahliga manzur keldi.
Abu Bakr Siddiq davrida o‘z maslahatlari bilan doim hozir bo‘ldi. Xastalik yetib, Abu Bakr o‘zidan keyingi xalifani saylash xususida huzuriga Usayd ibn Huzayr, Usmon ibn Affon, Abdurahmon ibn Avf, Said ibn Zaydni chorladi. Barchaning fik-ri bir ovozdan Umar ibn Xattob nomzodida to‘xtadi.
Usayd ibn Huzayr hazrat Umar paytida ham davlatning yirik arboblaridan biri bo‘ldi. U 641 (hijriy 20) yili sha’bon oyida vafot etdi. Janozasini Umar ibn Xattob o‘qidi.
Alloh rozi bo‘lsin!
Manbalar asosida Salohiddin Siddiqov tayyorladi.
«Irfon taqvimi»dan

Оставьте комментарий