BOLA ASRAB OLISHNING ISLOMIY SHARTI QANDAY?

DO`STLARGA ULASHING:

BOLA ASRAB OLISHNING ISLOMIY SHARTI QANDAY?
Islom dini nozil bo‘lishidan avval arablarda bola asrash, xususan, o‘g‘il bolani o‘ziga farzand sifatida asrab olish odati bor edi. Bu holat ayniqsa urushdan so‘ng asir tushganlarning farzandlarini o‘ziga o‘g‘il qilib olish borasida ko‘p sodir bo‘lardi. Shuningdek, johiliyat arablaridan har biri boshqa bir odamning o‘g‘lini o‘ziniki qilib olishi mumkin bo‘lib, bu holat juda keng tarqalgan edi. Bir odam boshqaning bolasiga “Sen mening o‘g‘limsan, men senga merosxo‘rman, sen menga merosxo‘rsan” desa va bola buni qabul qilsa, ish bitdi hisob. Bola unga o‘z pushtikamaridan bo‘lgan o‘g‘lidek bo‘lar, meros, nikoh, taloq va boshqa hukmlarda o‘z o‘g‘liga nima muomala qilinsa, asrandi bolaga ham shu muomala qilinar edi.
Ammo, Alloh taolo birovning bolasini boshqa odam o‘ziga farzand qilib olish odatini bekor qilgan. Xususan, quiydagi oyatda asrandi farzandlar haqida yo‘lni ko‘rsatiladi:

“Ularni o‘z otalari nomi bilan chaqiringlar. Ana shu, Allohning nazdida to‘g‘ridir. Agar otalarini bilmasangiz, ular sizning din qardoshlaringiz va do‘stlaringizdir. Bilmasdan qilgan xato narsangiz uchun sizga gunoh yo‘q. Ammo dildan qasd qilgan bo‘lsangiz, Alloh o‘ta mag‘firatli va o‘ta rahmli zot”.

Bu oyatlar nozil bo‘lguncha, odamlar birovning bolasini o‘g‘il qilib olib yurganlar. Insonlar jamiyatdagi mavjud tushuncha, urf-odatlar bilan ish tutishgan. Endi esa oyat nozil bo‘lib, bu odatni botil qildi. O‘z-o‘zidan, odamlarda: nima qilish kerak, avval asrab olingan farzand xususida nima qilamiz, oldingi ishlarimiz uchun ham javob beramizmi, kabi savollar paydo bo‘ldi. Ushbu oyati karima ana shu savollarga javob bermoqda. “Ularni o‘z otalari nomi bilan chaqiringlar. Ana shu, Allohning nazdida to‘g‘ridir. Ya’ni, asrab olingan farzandlarni asrab olgan odamning nomi bilan emas, o‘zining haqiqiy otasining nomi bilan chaqiringlar.
Ushbu oyati karima hukmiga binoan, birov begona bolani o‘z nomiga o‘tkazib olishi, uni “o‘z bolam” deyishi haromdir. Shuningdek, birovni “otam” deb tanlashi ham katta gunohdir.
Islom shariatida farzand asrab olishga bo‘lgan munosabat
Sa’d (r.a)dan rivoyat qilinadi .U kishi men Rasululloh (s.a.v)ning “Kim o‘zi bilib turib otasidan boshqaning bolasiman deb da’vo qilsa, unga jannat haromdir” deganlarini eshitdim dedilar.
Chunki islom ko‘zda tutgan besh katta masaladan biri inson naslini muhofaza qilishdir. Shuning uchun ham nikoh, taloq, idda va shunga o‘xshash ko‘plab hukmlar joriy qilingan. Hamma narsa inson naslining toza, pok, ochiq-oydin bo‘lishiga qaratilgan. Agar shunday qilinmasa harom va halol aralashib ota bolasini, bola otasini, ona qizini, qiz onasini, aka singlisini, singil akasini tanimaydigan bo‘lib ketadi, insoniyat halokatga uchraydi. Nasli begona bo‘lgan bolani o‘z naslidan bo‘lgan bolalari qatoriga qo‘shish bilan ko‘pgina harom-harish ishlar yuzaga chiqadi. Mahramlik, nomahramlik qoidalari buziladi. Bir kuni kelib ota o‘z qiziga yoki aka o‘z singlisiga uylanib qolishi mumkin. Meros masalasida va boshqa ko‘pgina masalalarda o‘nglab bo‘lmas xatolar vujudga kelishi mumkin. Shuning uchun ham islomda bu ish harom qilingan.
Ammo bu degani yetim bolani, qiyinchilikda qolgan oilaning bolasini boqib qarash, tarbiya qilish mumkin emas degani emas. Aksincha bunday qilinsa juda ham savob bo‘ladi, bu ishlarni qilish kerak, lekin bolani o‘z bolasidek nomiga o‘tkazib olib emas balki u aslida kimning farzandi bo‘lsa o‘shaning nomida qoldirib, shariat hukmiga muvofiq qilish kerak.

 

bolalarolami.uz

Оставьте комментарий