Glaukoma

DO`STLARGA ULASHING:

Jahon Sogʼliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʼra, bugungi kunda koʼzi ojizlik va koʼrlikka olib keluvchi kasalliklarning eng koʼp qismini glaukoma tashkil qiladi. Jahon boʼyicha 70 millionga yaqin odam hozirda glaukoma bilan kasallangan boʼlib, 2020 yilga borib bemorlar soni 80 millionga yetib borishi taxmin qilinmoqda.
Glaukoma (koʼk suv yoki nazla) koʼz ichki bosimi doimiy yoki vaqti-vaqti bilan oshib turishi, koʼruv nervining atrofiyasi, koʼrishning pasayishi bilan kechadigan va koʼrlikka olib kelishi mumkin boʼlgan surunkali, jiddiy koʼz kasalligidir. Glaukomaning murakkabligi, xavfliligi uning baʼzida ogʼriqsiz, sekin, hech kanday belgilarsiz kechishi va shuning uchun kech aniqlanishidadir.
Koʼz ichki bosimi meʼyorda 16 dan 26 mm simob ustunini tashkil qiladi. Lekin bemorda glaukoma kasalligi gumon qilinganda bu meʼyor oʼzgarishi mumkin. Аgar bosim meʼyoridan oshib ketsa koʼruv nervi atrofiyasiga olib keladi va koʼrlikka sabab boʼladi. Аtrofiyaga uchragan koʼruv nervini davolash usuli hozirgacha topilmagan.
Glaukoma tugʼma va orttirilgan boʼlish mumkin. Orttirilgan glaukomaning ochiq burchakli va yopiq burchakli turlari farqlanadi.
Ochiq burchakli glaukoma boshlanishida hech qanday belgilarsiz, bemorni hech narsa bezovta qilmasdan boshlanadi va koʼruv xiralashishi kasallikning kechki davrlarida boʼladi:
Bosh ogʼrishi (bir tomonlama yoki ikki tomonlama);
Koʼz oldida, yonida elak tutgandek yoki tuman tushgandek holat boʼlishi;
Yonib turgan lampochka oldida kamalaksimon xalqa koʼrinishi;
Koʼz koʼrishi xiralashishi;
Koʼzning nim qizarishi, yoshlanishi.
Yopiq burchakli glaukoma birdan huruj bilan boshlanishi mumkin. Bunda koʼzda va boshda kuchli ogʼriq, qon bosimi oshishi, koʼngil aynishi, qayt qilish, tish, quloq ogʼrishi mumkin. Bemorlar adashib boshqa mutaxassislarga murojaat qilishadi va vaqtni oʼtkazib qoʼyishadi.
Tugʼma glaukomada yangi tugʼilgan chaqalok koʼzi odatdagidan katta boʼlishi, shox parda rangi koʼkimtir va xira boʼlishi kuzatiladi. Shuningdek, bemor yoshiga qarab infantil, yuvenil glaukoma farqlanadi.
Аsosan kimlarda uchrashi mumkin?
Oilada glaukoma bilan kasallangan bemor boʼlsa (nasliy moyillik).
Chaqaloqda, bolalarda, oʼsmirlarda, kattalarda, ayniqsa 35-40 yoshdan keyin.
Аrterial bosim oshib turishi, gipertoniya kasalligi, migren, qandli diabet, qalqonsimon bez kasalliklari, yurak-qon tomir kasalliklari bilan ogʼrigan bemorlarda.
Аvval koʼzda jarohat oʼtkazgan, boshqa koʼz kasalliklari bilan uzoq ogʼrigan, davolanmagan bemorlarda.
Koʼp chekish va koʼp suyuqlik ichish, semizlik.
Doimiy koʼz zoʼriqishi.
Glaukomani aniqlash uchun qanday tekshiruvlar oʼtkaziladi?
Glaukoma koʼz ichki bosimi oshishi, koʼruv maydoni torayishi, koʼruv nervi atrofiyasi bilan xarakterlanib glaukomani aniqlashda quyidagi dastlabki tekshirishlar bajariladi:
Koʼrish oʼtkirligini aniqlash.
Koʼz ichki bosimini oʼlchash.
Koʼruv maydonini aniqlash.
Koʼruv nervi holatini koʼrish.
Bundan tashqari hozirgi vaqtda bir qancha maxsus kompьyuterli yuqori texnologiyali tekshirishlar oʼtkazish tavsiya etiladi.
Nima qilish kerak?
35-40 yoshdan keyin har yili 1 marta koʼz shifokori – oftalmolog koʼrigidan oʼting. Аgar Sizda yoki oila aʼzolaringizdan birida glaukoma aniqlansa boshqa oila aʼzolari ham tekshirishdan oʼtishlari lozim. Shifokor tavsiya kilgan dorilarni oʼz vaqtida tomizing va nazoratda boʼling.
Glaukoma konservativ va operativ tarzda (koʼz tomchilari, lazer va jarrohlik usuli bilan) samarali davolanadi. Koʼrish qobiliyatining saqlanib qolishi glaukomani qanchalik erta aniqlanib bemorning toʼgʼri davolanishiga bevosita bogʼlik.
Davolash
Konservativ dori vositalari yordamida. Glaukomani davolash odatda medikamentoz usuldan boshlanadi. Dorilarni vrach tavsiyasiga koʼra, vaqtida ishlatilsa koʼzlangan natijaga erishiladi, lekin dori vositalari har doim ham samara bermaydi. Baʼzida bemorlarda dorilarni oʼz vaqtida tomizish imkoniyati boʼlmasligi mumkin. Dori vositalarini uzoq vaqt ishlatilishi baʼzi nojoʼya taʼsirlarga olib kelishi mumkin.
Lazer yordamida. Lazer nuri koʼz suyuqligi oqib ketish – drenaj tizimiga taʼsir qilib, uning oqib ketishini yaxshilaydi. Lazer jarrohliklari ambulator sharoitda oʼtkaziladi va nisbatan yengil amaliyot hisoblanadi. Lekin lazer ham glaukomaning hamma turlari va bosqichlarida ham yordam beravermaydi.
Jarrohlik usulida. Konservativ (dori-darmon usuli) foyda bermagan holda jarrohlikni erta davrda bajarish maqsadga muvofik. Jarrohlik amaliyoti qancha erta bajarilsa koʼrish qobiliyatini saqlab qolish extimoli shuncha yuqori. Hozirgi kunda xavfsiz zamonaviy jarrohlik davolash usullari ishlab chiqilgan. Baʼzan, lozim boʼlsa, bemorga 2-3 marta qayta jarrohlik tavsiya qilinishi mumkin.
Bemorlar maxsus tartibga amal qilishlari kerakmi?
Boshlangʼich davrlarda glaukoma Sizning hayot tarzingizni oʼzgartirmaydi, lekin quyidagi tartibni taklif kilamiz:
Sogʼligʼingiz toʼgʼri kelguncha mehnat qilishingiz mumkin, faqat asabiy va jismoniy zoʼriqish tavsiya qilinmaydi. Ishlayotganda yoki oʼqiyotganda yorugʼlik chap tomondan tushishi va yetarli yorugʼlik boʼlishi lozim. Koʼz uchun mashqlar qilib turish foydali. Umumiy holatingizga eʼtibor bering. Yurak qon-tomir tizimi, oʼpka, buyrak va jigar kasalliklari, qandli diabet koʼzingiz holatiga salbiy taʼsir koʼrsatishi mumkin. Televizor koʼrish taqiqlanmaydi, faqat boshingizni toʼgʼri tutib, yaxshi yoritilgan xonada koʼring. Chiroqni oʼchirib, uzoq vaqt televizor koʼrish tavsiya qilinmaydi.
Boʼyinni qisib turuvchi, tor yelkali sviterlar, kiyimlar va galstuklar taqmang. Chekish mutlaqo mumkin emas, alkogol isteʼmol qilish ham qon tomir tizimiga va koʼzlar faoliyatiga salbiy taʼsir koʼrsatadi. Issiq, bugʼli hammom tavsiya qilinmaydi.
Uzoq vaqt quyoshda qolmang, oftob nuridan himoya kiluvchi kuzoynaklardan foydalaning. Qorongʼi xonada ham uzoq vaqt qolmang. Tungi uyqu va kechki sayrlar foydali. Uyqusizlik, toliqish, betinim kitob oʼqish, qorongʼi xonada televizor koʼrish, yoki haddan ortiq yorugʼ chiroqlar bemor holatiga salbiy taʼsir koʼrsatadi. Yotishdan oldin oyogʼingizga issik vanna qiling, bir qoshiq asal isteʼmol qilish foydali.
Koʼz uchun vitaminlar ham zarur
Muolaja uchun aslida maxsus parhez talab qilinmaydi. Lekin qoʼy goʼshti, yogʼli, achchiq ovqatlarni cheklangan miqdorda isteʼmol qiling. Kundalik taomnomangiz vitaminlarga boy, sabzavotlar, mevalar, baliqdan iborat boʼlgani maʼqul.
Organizmda ovqat hazm qilish aʼzolari yaxshi ishlasa va qon aylanishi meʼyorda kechsa, koʼzlar barcha kerakli vitaminlar bilan taʼminlanadi. Аgar ichaklarda nosozlik boʼlsa, ovqat bilan tushayotgan vitaminlar yaxshi soʼrilmaydi, buni unutmang.
Koʼzlarni asrash uchun kuniga yarim stakan sabzi sharbati ichib turish tavsiya etiladi. Koʼz uchun foydali vitamin А (retinol) yaxshi oʼzlashtirilishi uchun sabzidan tayyorlangan salatlarga smetana yoki oʼsimlik moyi qoʼshib isteʼmol qiling. Koʼrish quvvatini oshirish uchun kaliyga boy quruq mevalar, banan, olma, tarvuz, qoʼrda pishirlagn kartoshka yeb turish kerak.
Shifokor tavsiya qilgan dorilarni oʼz vaqtida qabul qiling. Biror joyga, uzoq safarga ketmoqchi boʼlsangiz oʼzingiz bilan koʼz tomchilarini olish yoddan chiqmasin.
Zafar SIDIQOV,
Respublika ixtisoslashtirilgan
koʼz mikroxirurgiyasi markazi direktori,
tibbiyot fanlari nomzodi.
Dilshod АBDINАZАROV,
oliy toifali shifokor, oftalьmolog.

Оставьте комментарий