Maxsus parhezlar

DO`STLARGA ULASHING:

Bir necha xil maxsus parhezlar ishlab chiqilganki, ularni qoʼllashdan maqsad zararlangan aʼzo va tizimlarni toʼliq ehtiyotlash, faoliyatini yaxshilash, moddalar almashinuvini meʼyorlashtirishga yordam berish, toʼplanib qolgan ortiqcha mahsulotlarni, natriy va suyuqliklarni organizmdan chiqarib yuborish hamda tanadagi yogʼ hajmini kamaytirishdan iborat.
Maxsus parhezlar oziqaviy moddalar ustunligi boʼyicha shartli ravishda bir necha turga boʼlinadi:
oqsilli (tvorog, goʼsht, baliq);
uglevodli (shakar, meva, guruchli-mevali);
yogʼli (qaymok, smetana);
magniyli va kaliyli (magniy va kaliyga boy mahsulotlar);
koʼproq suyuqlik qabul qilish (sharbatlar, choy).
Oziq-ovqat mahsulotlarining ustunligi boʼyicha belgilangan maxsus parhezlar esa quyidagilarga boʼlinadi:
vegeterian – oʼsimliklardan iborat taomlar;
sutli (sut, kefir, tvorog);
shakarli;
goʼsht va baliq;
ichimliklar (sabzavot va mevalar sharbati, naʼmatak damlamasi, mineral suvlar).
Maxsus parhezlar quvvatliligi va kimyoviy tarkibi boʼyicha toʼla qiymatga ega emas, shuning uchun ularda kasallikning kechishi va bemorning koʼtara olishi hisobga olinib, 1–2 kunga yoki haftada 1–3 marta (engil ovqatlanish) belgilanadi. Ilgarilari maxsus parhezlar ketma-ket ratsionda oʼrtacha 10–15 kunga belgilab qoʼllangan. Hozirgi vaqtda ularning davomiyligi oʼrtacha 2–3 kun boʼlib, yengil taomlardan iborat parhez tavsiya etiladi.
Tanani yengillashtiruvchi (uglevodli, oqsilli, yogʼli) parhezlar turli variantlarga boʼlinadi, ulardan onda-sonda foydalanish mumkin yoki turli parhezli dasturlar tarkibiga kiritiladi. Masalan, uglevodli parhezlar quyidagi tartibda boʼladi:
Shakarli parhez oʼtkir nefrit, buyrak va jigar yetishmovchiligini bartaraf etishda tavsiya etiladi. Bir kunda 5 mahal 1 stakan choy 30 g shakar bilan ichiladi.
Guruch-kompotli (Kempner parhezi) arterial gipertenziya, qon aylanishi yetishmovchiligi, buyrak yetishmovchiligi, jigar va oʼt qopi kasalligida buyuriladi. Bir kunda 6 mahal 1 stakan shirin kompot bilan, 2 marta suvda tuzsiz pishgan shirin guruchli boʼtqa yeyiladi. Bir kunda jami – 1,5 kg yangi yoki 240 g quruq mevalar, 50 g guruch, 120 g shakar, 1,5 l suyuqlik qabul qilinadi.
Olmali parhez semirish, arterial gipertenziya, qon aylanishi yetishmovchiligi, oʼtkir nefrit va buyrak yetshmovchiligi, jigar va oʼt qop kasalligida tavsiya etiladi. 300 g yaxshi pishgan olma yoki olmali taom koʼrinishida, har kuni 5–6 mahal. Hammasi boʼlib 1,5–2 kg olma isteʼmol qilinadi.
Quruq mevalar parhezi arterial gipertenziya, qon aylanishi yetishmovchiligi, jigar va oʼt qopi kasalligida tavsiya etiladi. 100 g ivitilgan qora olxoʼri (yoki turshak, mayiz va boshqalar) har kuni 5 mahal, hammasi boʼlib 0,5 kg.
Tarvuz arterial gipertenziya, qon aylanishi yetishmovchiligi, nefrit, podagra, fosfaturiyasiz buyrak-tosh kasalligi, jigar va oʼt yoʼli kasalligi, semirishga qarshi yeb turish kerak. Kuniga 5 mahal 300–400 g dan tarvuzning oʼrtasi, eng shirin joyi, hammasi boʼlib 1,5–2 kg isteʼmol qilinadi.
Kartoshkali parhez nefritlar, arterial gipertenziya, qon aylanishi yetishmovchiligida tavsiya etiladi. 300 g poʼsti bilan qaynatilgan yoki tuzsiz pishirilgan kartoshka, hammasi boʼlib 1,5 kg yeyish lozim.
Bodring semirish, arterial gipertenziya, qandli diabetning II turi semirish bilan, nefritlar, jigar va oʼt yoʼli kasalligi, podagra, fosfaturiyasiz buyrak-tosh kasalligida tavsiya etiladi. 300 g yangi bodring tuzsiz, har kuni 5 marta, hammasi boʼlib 1,5 kg boʼlishi kerak.
Salatli parhez semirish, ateroskleroz, arterial gipertenziya, metabolik sindrom, nefritlar, jigar va oʼt yoʼli kasalligi, podagra, fosfaturiyasiz buyrak-tosh kasalligida buyuriladi. Yangi, xom sabzavot va mevalar, bir kunda 5 mahal 250–300 g dan, tuzsiz, oʼsimlik yogʼi yoki smetana qoʼshilgan holda tavsiya etiladi.
Suli semirish, aterosklerozni bartaraf etishda yordam beradi. Bir kunda 5 mahal 140 g dan suvda pishgan sulili boʼtqa, jami 700 g. Shuningdek 1–2 stakan choy yoki naʼmatak qaynatmasi ichiladi.
Oqsilli, yengil parhezlar quyidagi tartibda belgilanadi:
Sutli (kefirli) parhez semirish, ateroskleroz, arterial gipertenziya, metabolik sindrom, qon aylanishi yetishmovchiligi, nefritlar, jigar va oʼt yoʼli kasalligi, podagra, fosfaturiyasiz buyrak-tosh kasalligida tavsiya etiladi 200–250 g dan sut yoki kefir, prostokvasha (yogʼi kam boʼlishi mumkin) kuniga 6 mahal, jami 1,2–1,5 l ichgan maʼqul.
Tvorog — semirish, qandli diabetning II turi, ateroskleroz, arterial gipertenziya semirish bilan, qon aylanishi yetishmovchiligi, jigar va oʼt yoʼli kasalligida foydali. 70 g 9% yogʼli yoki yogʼsiz tvorog, bir kunda 5 mahal.
Bundan tashqari, 2 stakan choy, 1 stakan naʼmatak qaynatmasi, 2 stakan yogʼsiz kefir (hammasi boʼlib 1 l) suyuqlik ichish mumkin.
Tvorog-kefirli (sutli) (Yarotskiy parhezi) qulay variant hisoblanadi: 250–400 g tvorog va 1 l kefir (sut) kun davomida.
Goʼshtli (yoki baliqli) parhez semirish, ateroskleroz, metabolik sindromda tavsiya etiladi. 70 g yogʼsiz qaynatilgan goʼsht yoki qaynatilgan baliq bir kunda 5 mahal, jami 350 g.
Shuningdek 100–150 g sabzavotlar (karam, sabzi, bodring, tomatlar) bir kunda 5 mahal, hammasi boʼlib 0,6–0,9 kg; shakarsiz 1–2 stakan choy qabul qilinadi.
Yogʼli, yengil parhezlar (smetana) semirish, kamdan-kam hollarda qandli diabetning II turida buyuriladi. Bunda 80 g 20% yogʼli smetana bir kunda 5 mahal (jami 400 g), oʼsha kuni 1–2 stakan naʼmatak qaynatmasi tavsiya etiladi.
Yengil parhezlarda suyuqlik isteʼmol qilish quyidagi tartibda belgilanadi:
Sharbatli parhez semirish, ateroskleroz, arterial gipertenziya, qandli diabetning II turi semirish bilan, buyrak, jigar va oʼt yoʼli kasalligi, podagra, fosfaturiyasiz buyrak-tosh kasalligida tavsiya etiladi. 600 ml sabzavot yoki meva sharbati, 200 ml suv yoki 0,8 l naʼmatak qaynatmasi bilan aralashtirilgan, 4 mahal qabul qilinadi.
Choy oʼtkir gastrit, ichakning diareya bilan surunkali yoki oʼtkir kasallanishida buyuriladi.
Bir kunda 7 mahal 1 stakan choyga 10 g shakar qoʼshib ichiladi.
Аnatoliy XUDАYBERGАNOV, parhezshunos,
tibbiyot fanlari doktori, professor.

Оставьте комментарий