Ikkita SIM-kartali smartfonlar haqida nimalarni bilishingiz kerak

DO`STLARGA ULASHING:

Ikkita SIM-kartali smartfonlar haqida nimalarni bilishingiz kerak
Ikkita SIM-kartali smartfonlar ikki xil operatordan (masalan, biri internet, ikkinchisi qo‘ng‘iroqlar uchun) yoki shaxsiy va ish uchun alohida raqamlardan foydalanadiganlarga juda qulay.
Bunday smartfonni sotib olayotganda, aloqa sifati va uning imkoniyatlariga katta ta’sir ko‘rsatadigan ba’zi xususiyatlarni bilishingiz kerak.
DSDS yoki DSDA — qaysi birini tanlash kerak?
Ikkita SIM-kartali smartfonlar DSDS yoki DSDA texnologiyalardan birini qo‘llab-quvvatlashi mumkin.
DSDS (Dual SIM Dual Standby) — Ushbu texnologiyada ikkala SIM-karta ham ishlaydi, ammo ulardan faqat bittasidan faol foydalanish mumkin. Masalan, birinchi SIM-kartaga qo‘ng‘iroq qabul qilinganda, ikkinchi qo‘ng‘iroqlarni qabul qila olmaydi. Ikkinchi SIM ga qo‘ng‘iroq qilishga urinayotgan boshqa foydalanuvchilar, abonent vaqtincha mavjud emasligi haqida xabar olishadi.
Ushbu muammo qo‘ng‘iroqni yo‘naltirish (pereadresatsiya) funksiyasi bilan qisman hal qilinadi, ya’ni, SIM2 orqali qabul qilingan qo‘ng‘iroqlar SIM1 ga yo‘naltiriladi. Yo‘naltirilgan qo‘ng‘iroqlar operator tomonidan chiqish qo‘ng‘irog‘i sifatida baholanadi.
Shuningdek, ba’zi smartfonlarda birinchi SIM-karta 2G/3G/4G (https://t.me/gsmgurus_FAQ/421) rejimlarida (internet+qo‘ng‘iroqlar uchun) ishlaca, ikkinchisi faqat 2G (qo‘ng‘iroqlar uchun) ishlashi mumkin. Bunday cheklovlarning sababi ikkala SIM-karta uchun bitta radiomodul o‘rnatilganligi.
Yurtimizda sotilayotgan smartfonlarning aksariyati DSDS texnologiyasida ishlaydi.
DSDA (Dual SIM Dual Active) — Ushbu texnologiya qo‘shimcha radiomoduli tufayli SIM-kartalarning ishlashida cheklovlar yo‘q. Abonent bir vaqtning o‘zida ikkala SIM-kartadan qo‘ng‘iroqlarni qabul qilishi mumkin va umumiy aloqa sifati ham yaxshiroq. Biroq DSDA texnologiyasiga ega smartfonlarda batareya ko‘proq sarflanadi va bunday qurilmalarning narxi yuqori bo‘ladi.
DSDA texnologiyasida ishlaydigan smartfonlar yil sayin kamayib bormoqda va asosan Xitoy uchun chiqarilgan qurilmalarda uchratish mumkin. Bilishimcha, HTC, LG, Asus, Huawei va Honor brendlari DSDA smartfonlarni ishlab chiqarishgan.
Alohida yoki gibrid turidagi SIM-karta slotlari nimasi bilan farqlanadi?
Slotlarning ikki turi mavjud: alohida SIM-kartalar (ikkita SIM-karta + xotira kartasi uchun) va gibrid (ikkita SIM-karta yoki SIM va xotira kartasi uchun).
Aksariyat smartfonlarda ikkinchi variant tez-tez uchraydi. Agarda ikkita SIM-karta va xotira kartasidan (microSD) birdaniga foydalanishni ko‘zlagan bo‘lsangiz, unda alohida SIM-kartalar va xotira karta slotiga ega smartfonni tanlashingiz kerak bo‘ladi.
Yaqin kelajakda barcha smartfonlar bitta sim karta va eSIM (eSIM-karta nima? (https://t.me/gsmgurus_FAQ/825)) moduli bilan ishlab chiqarilishi mumkin. Hozirda asosan flagman smartfonlarda eSIM texnologiyasi yordamida qo‘shimcha SIM-kartadan foydalanish mumkin.
Savol: Ikkala SIM-kartasi birdaniga ishlaydigan (DSDA) qaysi smartfonlarni bilasiz?

Оставьте комментарий