Maxdumi Aʼzam (1463/64–1542)

DO`STLARGA ULASHING:

Movarounnahrlik alloma, yirik diniy va siyosiy arbob, Naqshbandiya tariqatining rahnamosi va nazariyotchilaridan biri Maxdumi Aʼzamning toʻliq ismi – Sayyid Ahmad Xojagi ibn Sayyid Jaloliddin Kosoniy Dahbediydir. U Fargʻona vodiysining Koson shahrida tavallud topgan. Kosoniyning otasi Qoraxoniylar (840–1212) sulolasiga mansub sultonlardan Burxoniddin Qilich (XI asr) avlodlaridan boʻlib, onasi esa Koson sayyidlari oilalariga mansub edi.
Mahdumi Aʼzam ilk taʼlimni Koson maktablaridan birida olgan. Soʻng Axsikatda Xoja Muborak madrasasida oʻqishni davom ettiradi. Kosoniyning domlasi Mulla Ziyo oʻz shogirdining aʼlo darajasidagi qobiliyatini eʼtiborga olib, unga “ilm uz-zohir” (oddiy, umumiy ilmlar)dan yaxshi taʼlim beradi va shu bilan birga “ilm ul-botin” ini chuqur oʻrgatdi. Chunonchi, yosh Ahmad ustozining raʼyiga koʻra taniqli soʻfiy shoirlardan Jaloliddin Rumiyning (1207–1273) “Masnaviy maʼnoviy” deb nomlangan mashxur devonini qayta-qayta oʻqib, undagi chuqur falsafiy fikrlarni “qalb koʻzlari” bilan koʻrib, anglab olishga harakat qiladi.
Madrasani bitirgach, Ahmad Kosoniy Shayx Mir Sayyid Aliga shogird tushadi. Mir Sayyid Ali yangi shogirdini bilimini sinab koʻrish uchun qiyin-qiyin savollar beradi. Ahmad Kosoniy savollarga toʻliq javoblar qaytaradi. Shogirdining bilimidan mamnun boʻlgan shayx: “Endi men senga emas, balki sen menga ustoz boʻlding” degan ekan. Yana bir necha kundan soʻng Shayx Ali shogirdiga bunday degan ekan: “Shosh viloyati tomon yoʻl olki, ul viloyatda zamonimiz qutbi Muhammad Qozi bordur; Xojagon (Naqshbandiya) tariqati korxonasining butun ishlari ul javonmardning qoʻllaridadur”. Muhammad Qozi (vaf. 1516) mashhur Xoja Ahror (1404–1490) shogirdi va oʻz zamonida Naqshbandiya tariqatining rahbari edi. U Xojagi Ahmadni shogird qilib oladi va tez orada oʻziga xalifa etib tayinlaydi. Manbalarga qaraganda, Mahdumi Aʼzam oʻsha chogʻlarda (tax. 1491–92 yillar) ustozi bilan Hirotga safar qilib, u yerda taniqli alloma va shoir Abdurahmon Jomiy (1414–1492) bilan bir necha bor uchrashib suhbatlashadi.
Olti oylik safardan soʻng Movarounnahrga qaytgach, Maxdumi Azam ustozi bilan Toshkentga keladi. 1503 yilda Buxoro shahrining hokimi Muhammad Sulton (1500–1504) taklifi bilan Buxoroga koʻchib boradi. Oradan bir oz vaqt oʻtgach, Maxdumi Azam muhammad Qozi ruxsati bilan Axsikatga qaytadi va bu yerda mustaqil vaʼzxonlik qilib, Naqshbandiya tariqatini targʻib etishga astoydil kirishadi.
Muhammad Qozi vafotidan soʻng Naqshbandiya tariqatining barcha Movarounnahrlik shayxlari Mahdumi Aʼzamni “peshvoyi tariqat” (tariqat peshvosi) sifatida eʼtirof etishdi. Tez orada Maxdumi Aʼzamning shuhrati butun Movarounnahr va uning atrofidagi qoʻshni mamlakatlarga yoyildi.
Aynan oʻsha kezlarda buyuk shoir va davlat arbobi Zahiriddin Bobur (1483–1530) Maxdumi Aʼzamning eʼtiborini qozonish maqsadida unga Xoja Ahrorning “Risolayi volidiya” asarini turkiy tilga agʻdarib, Hindistonda bitilgan oʻz ruboiylar devoni “Devoni Bobur”ga qoʻshib yuboradi. Aftidan “Boburnoma”da bu hodisa asarning bizgacha yetib kelmagan (1509–1520 yillar voqealari zikri) qismida tavsif qilingan. Biroq Mirzo Boburning mazkur devonida Maxdumi Aʼzamga bagʻishlangan ruboiylar ham uchraydi:
Dar havoyi nafsi xudi mo umri zoʼi kardaim,
Pesh ahlulloh az afʼali xud sharmandaim.
Yak nazar ba muxlisoni xastayi dil farmon ki, mo
Xojagi (Ahmad) ro mondaim va Xojashro bandaim.
Mazmuni:
Nafsimiz havaslarida umrimizni nobud qildik,
Endi ahlulloh (soʻfiylar) oddida qiliqlarimiz uchun sharmanda boʻldik.
Bizday xastai dil muxlislaringga bir nazaringni tashlaki, biz
Xojagi (Ahmad)ni tashlab ketgan boʻlsak-da, lek biz uning bandalarimiz.
Oʻz navbatida Maxdumi Aʼzam Mirzo Boburga bagʻishlab “Boburiya” risolasini yozib Hindistonga joʻnatadi.
Taxminan 1524–25 yillarda Maxdumi Aʼzam Karmana va Miyonkol hokimi Jonibek sultonning taklifiga binoan Karmanaga koʻchib kelgan edi.
Tez orada shayboniy sultonlaridan Ubaydullohxon (1504–1539), Iskandarxon (vaf. 1583), Balx hokimi Kistin Karo sulton va boshqalar Mahdumi Aʼzamni oʻzlarining ruhiy piri deb biladilar.
Mahdumi Aʼzamning ilmiy merosi boy boʻlib, u tasavvuf nazariyasi va amaliyoti, xususan, naqshbandiya taʼlimotini yanada rivojlantirish sohasida barakali faoliyat koʻrsatdi. Uning qalamiga mansub 30 dan ortiq risola maʼlum boʻlib, “Asror un-nikoh” (“Nikoh sirlari”), “Ganjnoma”, “Risolat un-samʼiyyatun” (“Samoʼ risolasi”), “Bayoni zikr” (“Zikr bayoni”), “Risola-i silsila-i Xoʻjagon (“Xoʻjagon silsilasi”), “Sharhi gʻazali Ubaydiy” (“Ubaydiy gʻazaliga sharh”), “Meʼroj ul-oshiqin” (“Oshiqlar meʼroji”), “Risola-i Naqshbandiyya”, “Risolat un-vujudiyyatun” kabilar shular jumlasidandir. U oʻz asarlarining koʻp qismida ulamolar, soʻfiy shayxlar va davlat arboblari orasidagi munosabatlar xususida toʻxtab oʻtgan va tariqatning siyosiy faoliyatiga toʻla asos bor ekanligini isbotlagan. Xojagi achinib yozganidek, u yashayotgan zamonda viloyat hokimlari shaxsiy manfaatlarini birinchi oʻringa qoʻiib, hokimiyat talashish bilan band edilar, tinimsiz harbiy harakatlar esa xalq ahvolini yanada ogʻirlashtirardi. Shunday murakkab siyosiy va iqtisodiy vaziyatda Maxdumi Aʼzam oʻz obroʻyidan foydalanib fitnabozlikka mayli boʻlgan viloyat hokimlarini “Ulugʻ Xoja Ahror kabi inoqlik dasturxoni atrofiga yigʻib, bir-birlariga sulh qoʻllarini uzatishga undadi”.
Paygʻambarimiz: “Amirlarning yaxshisi olimlarni, olimlarning yomoni esa amirlarni ziyorat qiladi” hadisiga Xojagi Kosoniy quyidagicha sharh beradi. “Agar amirni ziyorat qiluvchi ulamo dono tanbehlar vositasi bilan davlatda adolatlik, ezgulik, fuqarolar orasida osoyishtalik va barqarorlik oʻrnatishni maqsad qilib olsa, bunday olim aslida mazkur (ziyorat etilgan), amir esa zoʼir (ziyorat etuvchi) deb hisoblanadi” (“Zubdat us-solikin va tanbeh us-salotin” risolasidan).
Mahdumi Aʼzamning tasavvuf taʼlimotiga oid fikrlari Naqshbandiya nazariyasiga asoslangan. Allomaning fikricha, Naqshbandiya tariqati uch zaruriy qoidaga boʻlingan: 1) Ihvon (birodarlik). Yaʼni tariqat aʼzolari xatti-harakatlarida hamdard, hamnafas va hamfikr boʻlishlari lozim; 2) Makon (oʻrin, mavqe). Har bir tolib murshidining nasihatlariga amal qilib, barkamollikka intilmogʻi lozim va shu jarayonda tariqat aʼzolari orasida oʻziga munosib mavqe sohibi boʻlib, oʻz martabasiga loyiq ish qilmogʻi kerak; 3) Zamon. Agar maʼlum bir zamonning xalqlari va qavmlari orasida ziddiyat va ixtiloflar paydo boʻlsa, bular tariqat birodarlarini qarama-qarshiliklarga keltirmasligi lozimdir. Ammo Mahdumi Aʼzam fikricha, ushbu qoidalar qatoriga yana bir muhimini qoʻshmoq darkor – Xon. Yaʼni, tariqat faoliyatining samaralari xalqqa yetib borishi uchun, soʻfiy toifalarining murshidlari amirlaru Sultonlarga yaqinroq boʻlmogʻi kerak. Asosiy maqsad bu yerda shuki, davlatda osoyishtalik, barqarorlik, fuqarolarni halol mehnat bilan tirikchilik qilishlariga barcha qulay sharoitlar mavjud boʻlsa, unday holda soʻfiy shayxlar davlat arboblarini qoʻllab quvvatlaydilar.
Mahdumi Aʼzam asarlarining eng toʻla majmuasi OʻzR FA Sharqshunoslik instituti xazinasida saqlanmoqda. Alloma fikrlari va dunyoqarashlariga asosan al-Gʻazzoliy (1058–1111), Ibn Arabi (1165–1240), Xoja Muhammad Porso (1348–1420) va boshqa taniqli faylasuf soʻfiy olimlarning asarlari taʼsir qilgan. Mahdumi Aʼzam Naqshbandiya taʼlimoti va umuman tasavvuf falsafasini oʻz zamoniga moslashtirgan holda yangi gʻoyalari bilan boyitdi.
“Mirot us-safo” (“Soflik oynasi”), “Asror un-nikoh” risolasida Ibn Arabining “Dunyo azaliy (ilohiy) mavjudotning oynaviy aksi” mavzuidagi nazariyasiga quyidagicha sharh berilgan: Mutlaq va azaliy mavjudotni darvesh yuragining koʻzgusida inʼikos etishi mumkin. Maxdumi Aʼzam esa: “Har bir inson yuragida bunday koʻzgu mavjud, ammo uni gʻofillik zangi bosgan. Zangni yoʻqotish uchun inson tariqatga kirishib, ruhiy kamolotga intilishi lozimdir”, deydi.
Yana boshqa qator risolalarida (“Odob us-solikin”, “Odob us-siddiqin”) buyuk alloma Naqshbandiya taʼlimotida murid – murshid munosabatlari borasida ham oʻziga xos fikrlarni ilgari surgan. Uning fikricha, shu tariqat odobu qoidalarida murid va shayx munosobatlari oʻzaro hurmat-izzat asosida qurilmogʻi lozim. Shu bilan bir qatorda murid (solik) Allohga vosil boʻlish yoʻlidagi toʻsiqlarni osonroq yengmoq uchun oʻz piriga toʻla boʻysunishi kerak.
Mahdumi Aʼzam fikricha, tariqat aʼzolari xalqqa yaqin boʻlib, uning dardlari va ehtiyojlariga qaygʻudosh boʻlsa ham tariqatga, ham xalqqa foydalidir. Shu borada Maxdumi Aʼzam quyidagicha tushuntirish bergan: “Tolib (haqiqat izlovchi) uchun uning Alloh yoʻlida qilgan ibodatlari faqat xalq bilan boʻlgan aloqa va suhbatlarida samarali boʻlishi mumkinkim, agar ul nomard boʻlsa, mard boʻlur, mard boʻlsa, shirmard boʻlur va agar shirmard boʻlsa, fardmard (tengi yoʻq mard) boʻlgʻay” (“Zubdat us-solikin”).
Maxdumi Azam Naqshbandiya nazariyasiga yana boshqa islohotlar kiritdi. Jumladan u Naqshbandiya shayxlaridan birinchilar qatorida jahr zikri, samoa va shunga oʻxshash tasavvuf marosim tartiblari shariatga xilof emasligini isbotladi va hatto ularni maʼlum bir darajaga yetgan shogirdlari orasida tadbiq etdi. Bunday islohotlarning yagona maqsadi – “Naqshbandiya tariqatini turk (oʻzbek) va tojiklar uchun bir xil qilib, yaqinlashtirishdir”. Allomaning gapiga qaraganda, Xojagon tariqati “oʻzida koʻz koʻrmagan va quloq eshitmagan tariqatlarni mujassamlagan va shu sababdan uni tariqatlar sarasi va tuzi, yoxud “silsilat uz-zahab” (oltin zan-jir) deb atash mumkin.
Maxdumi Azamning tarjimai holi va faoliyati yaqin shogirdlari tomonidan bir necha asarlarda yoritilgan. Ulardan: Muhammad Shahri Safoyi al-Kotibning “Anis at-tolibin” (“Haqiqat izlovchilarning yaqin doʻsti”), Doʻst Muhammad Folizkorning “Tanbiyat uz-zallin val-muzillin” (“Yoʻddan adashgan va adashtiruvchilarga tanbehlar”), Doʻst Muhammad ibn Navroʻz Ahmad al-Keshi al-Kosoniyning “Silsilat us-sodiqin va anis ul-oshiqin” (“Sadoqatlilar silsilasi va oshiqlar doʻsti”) kabi asarlarda eng toʻliq va ishonchli malumotlarni uchratishimiz mumkin. Shu manbalar asosida tuzilgan Maxdumi Azamning toʻddirilgan tarjimai holi ham maʼlumdir. 1617 yilda Abul-Baqo ibn Bahovuddin ibn Maxdumi Aʼzam tomonidan tuzilgan “Jome ul maqomat” deb nomlangan asar shular jumlasidandir.
Maxdumi Aʼzam yozgan risolalarga maxsus bitilgan sharhlar kam boʻlsada, ammo bu asarlarning tariqatning soʻnggi XVI–XX asr boshlarida bitilgan nazariy adabiyotlarga katta taʼsiri boʻlgan.
Nashqbandiya tariqatining taniqli nazariyotchisi Badriddin Kashmiriy (vaf. tax. 1620) oʻzining qator asarlari (“Rauzat ar-Rizvon”, “Rauzat ul-jamol”)da Mahdumi Aʼzam risolalaridan foydalangan. Uning asrdoshi Naqshbandiya va Yassaviya tariqatlarining buyuk namoyandasi, nazariyotchisi va targʻibotchisi Sulton Ahmad Haziniy al-Hisoriy asarlarida ham Maxdumi Aʼzam bayon etgan fikrlarga keng sharhlar bitilgan. Maʼlumki, Haziniy 1567–68 yillarda hajga safar qilib, soʻng umrining oxirigacha Usmoniylar saltanatiga qarashli ulkan shahar va viloyatlarda (Suriya, Qohira, Istanbul) yashab, oʻsha yerlarda Maxdumi Aʼzam gʻoyalarini targʻib etdi.

12 комментариев к “Maxdumi Aʼzam (1463/64–1542)”

  1. Уведомление: buy fullz online

  2. Уведомление: Gloucester Escort

  3. Уведомление: sbo

  4. Уведомление: nova88

  5. Уведомление: loja de aplicativos

  6. Уведомление: cvv dumps 1000$

  7. Уведомление: more info

  8. Уведомление: prevent screenshot

  9. Уведомление: Buy Guns Online

  10. Уведомление: Buy Golden Magic Mushroom for sale Victoria

  11. Уведомление: เด็กเอ็น

  12. Уведомление: 주식

Комментарии закрыты.