Onalar allasi

DO`STLARGA ULASHING:

Alla qaysi elda, qaysi tilda aytilmasin, eshitgan odam yuragida hasrat va hayajon jo’sh uradi. Alla aytmagan ona bormikan bu dunyoda?! Alla bo’lajak yigitga quvvat, qizga esa hayo va iffat baxsh etadi! Alla aytgan onalar millat xotirasini asraydilar!
Alla — beshik qo’shig’i bo’lib, bola tug’ilgandan to beshikdan chiqquncha aytilgan. Yana u xalq og’zaki ijodi namunalarida ham keng kuylangan. Bolani yo’rgaklash, beshikka solish, uxlatish, uyg’ongan bolani yo’rgakdan echib olish singari mashg’ulotlar kuylar, chiroyli ohangdor so’zlar bilan bezalgan bo’ladi. Bunday dilni erkalovchi qo’shiqlar bolaga ham xush yoqqan. Ana shu she’riy to’qimalar turli voqealarga, ayrim marosimlarga bog’lab aytilgan bu qo’shiqni alla qo’shiqlari deyishgan.
Quyida sizga taniqli allalarni keltiramiz.
Alla aytay, jonim bolam,
Quloq solgin, alla
Shirin allam tinglab asta,
Uxlab qolgin, alla
Ko’zlaringa tomgan suvga
Hayron bo’lma, alla-ya
Baxtimga sen katta bo’lgin,
Xazon bo’lma, alla
Istiqboling porloq sening,
Jajjiginam, alla-ya
Baxtimga sen katta bo’lgin,
Xazon bo’lma, alla
Sevganimdan yodgorimsan,
Oltin qo’zim, alla-yo
Men sho’rlikday to’kilmagin,
Ko’rar ko’zim, alla
Alla, alla, alla-yo
* * *
Bolaginam bolasi, alla,
Qantak o’rik donasi, alla.
Qantdan ham shirin ekan, alla,
Bolaginamning bolasi, alla.
Bog’da uzumning g’o’rasi, alla,
Tog’da kiyikning bolasi, alla.
Do’ppisida ukkipari, alla,
Bu kimning nevarasi, alla.
Asaka yo’li to’p chinor, alla.
Bolalar otini qamchilar, alla.
«Buvi» degan tilingdan, alla,
Obinovvot tomchilar, alla.
Alla, alla ahdi bor, alla,
Yotadigan taxti bor, alla.
Otasi boru, onasi bor, alla,
Shu bolamning baxti bor, alla.
Oymoma yuzing, alla,
Yulduzlar ko’zing, alla.
Ota-onang gul bo’lsa, alla,
G’unchasi o’zing, alla.
Tog’dagi gulim, alla,
Uydagi bulbulim, alla.
Onasi yaprog’im, alla,
Bolasi yumshog’im, alla.
Olmalardan beshigi, alla
Olib qo’ysin otasi, alla.
Behilardan beshigi, alla.
Belab qo’ysin buvisi, alla.
Allalari yodimda, alla.
Belanchagi yonimda, alla,
Momosi alla aytar, alla,
Nevarasin otindan, alla.
* * *
O’rgilayin o’zingdan, alla,
Shamchiroqdek ko’zingdan, alla.
Obinovvot tomchilar, alla,
«Buvi» degan so’zingdan, alla.
Aylanayin qarog’im, alla,
Uyda yongan chirog’im, alla.
Do’stim ko’rsa, yarashib, alla,
Dushmanimga yarog’im, alla.
Qalam-qalam qoshingdan, alla,
Qalandarlar aylansin, alla.
Xumor-xumor ko’zingdan, alla,
Xumoralar aylansin, alla.
Chimchilab qo’ygan burningdan, alla,
Chimqo’rg’onliklar aylansin, alla.
Angishvonadek og’zingdan, alla,
Arovonliklar aylansin, alla.
Qo’lvog’ingning qatidan, alla,
Qo’ng’irot ellari aylansin, alla.
To’shagingning taxidan, alla,
Turkman ellari aylansin, alla.
Beshigingning bandidan, alla,
Bog’dod ellari aylansin, alla.
O’rik yorochdan beshiging, alla,
O’rgilab ketsin onang, alla.
Tut yogochdan beshiging, alla,
Termulib o’tsin onang, alla.
Jiydalardan beshigi, alla,
Jirkanmasin opasi, alla.
O’riklardan beshigi, alla,
O’ynatadi akasi, alla.
Babalaki bo’ppisi bor, alla,
Boshchasida do’ppisi bor, alla.
Kayvoni buvisi bor, alla,
Sarkori buvasi bor, alla.
* * *
Oyni olib beraymi, alla,
Kunni olib beraymi, alla,
Belanchaging boshiga, alla,
Sara gullar teraymi, alla?
Alla, deyin, o’payin, alla,
Qiyosingni topayin, alla.
Tiling chiqib «non» desang, alla,
Kunda kulcha yopayin, alla.
Oltin beshik oldiray, alla,
Kumush beshik oldiray, alla.
Bolaginam tagiga, alla,
Baxmal to’shak soldiray, alla.
Onamanu onaman, alla,
Bolam uchun yonaman, alla.
Bolam tinchlikda o’ssa, alla.
Orzularga qonaman, alla.
Qizil gul novdasidan, alla.
Kamar qilay belingga, alla.
Sochlarim tolasidan, alla,
Bog’ich qilay to’ningga, alla.
U yonimga qo’yayin, alla,
Bu yonimga qo’yayin, alla.
Guldek shirin isingni, alla,
Hidlab-hidlab to’yayin, alla.
Alla aytsam yayraysan, alla,
Kulib-kulib qaraysan, alla.
Polvon qilib o’stirsam, alla,
Bir kunimga yaraysan, alla.
Jonimning uchi, bolam, alla,
Mehrimning kuchi bolam, alla.
* * *
Alla, alla, oppog’im, alla,
Gul ichida yaprog’im, alla.
Kizil gulning butog’i, alla,
Onang shuning adog’i, alla.
O’zing gulzor bog’imsan, alla,
Suyanishga tog’imsan, alla.
Qorong’u kechalarda, alla,
Yondirgan chirog’imsan, alla.
Sutdan oppoq, guldan islim, alla,
Bu dunyoda yo’qdir misling, alla.
O’g’illarimning sultoni, alla,
Senga tasadduq. shu jonim, alla.
Orzularim oltin toji, alla,
Mening jonim – shuning boji, alla.
Alla, bolam – bozorim, alla,
Diqqat bo’lsam, yozarim, alla.
Uxla, ko’zi xumorim, alla,
Orom ol, beozorim, alla.
Oq shohidan ro’molim, alla,
Oq yuzingni artayin, alla.
Cho’lpon ko’zingni yum qo’zim, alla,
Senga alla aytayin, alla.
Bog’imdagi gul-g’uncham, alla,
Uxlab olsin to’yguncha, alla,
Ko’k guli yulduzgina, alla,
Oy yorug’ yolg’izgina, alla.
Oy – yuzi, yulduz – ko’zi, alla,
Muncha shirin bu qizgina, alla.
Alla, alla oppog’im, alla,
Gul ichida yaprog’im, alla.
Yaproqlari so’lmagay, alla,
Paymonasi to’lmagay, alla.

Оставьте комментарий