Qonni tabiiy usulda ya’ni sun’iy dorilarsiz suyultirish

DO`STLARGA ULASHING:

XX  asr oxiri va XXI asrda insoniyatning ona tabiatga uyg‘unligi pasaydi. Atrofimiz  to‘la sun’iy mahsulotlar. Bolalarimiz ota-onalarimiz iste’mol qilgan tabiiy tut mayiz, qovun qoqi va turli mevalar qoqisi va ulardan tayyorlangan kompotlar, shuningdek, qand lavlagi, mayiz hamda tut shinnisi o‘rniga turli sun’iy bo‘yoqlar solingan ichimlig-u  konfetlarni xush ko‘radigan bo‘lib qolishdi. Qonni esa aynan tabiiy meva sharbatlari, qizil lavlagi salati, quruq mevalardan tayyorlangan kompotlar suyultiradi.
Bahorda kunlar isib, quyosh charaqlagan kunlarda zuluk ko‘ydirish (giriudoterapiya), xijama qildirish (qon oldirish) ham organizmda qonning yangilanib, insonning yosharishiga turtki bo‘luvchi omillardandir. Umuman olganda qon quyulishi va qabziyat (ich qotish) avvalo, noto‘g‘ri ovqatlanish hamda kamharakatlik sababli yuzaga keladi. Qabziyatning salbiy ta’siri sababli bavosil (gemoroy) xastaligi rivojlanadi. Sog‘lom odamning ichi har kuni va ravon kelishi lozim.
  Ich qotishi natijasida organizm zaharlanadi. Bemorning boshi og‘riydi. Ba’zan uning ko‘ngli behuzur bo‘ladi. U esa sababi qabziyatdan ekanligini anglamaydi va bosh og‘rig‘iga qarshi dori vositalarini ichadi. Bu sun’iy dorilar esa yurak va buyraklarga zarar yetkazadi. Shunday paytda xasta odam dag‘al tolali ya’ni, tarkibida kletchatka mo‘l bo‘lgan qora, kepakli non, qizil lavlagili salat, bug‘da pishirilgan qand lavlagi iste’mol qilish kerak. Arpabodiyon urug‘i solib, ivitilgan turshak ham ichni yurishtiradi.
Meteriozm (ichaklarda yel to‘planishi)ning oldini olish uchun  arpabodiyon urug‘idan damlama ichish xalq tabobatida keng qo‘llanilgan. Buning uchun bir choy qoshiq urug‘ yarim litrlik choynakka solib, choy o‘rnida damlanadi. Uni kechqurun damlab qo‘yib, ertalab och qoringa ko‘ngil tusagunicha ichish lozim. Shifobaxsh arpabodiyon urug‘i, shuningdek, ona sutini ham ko‘paytiradi va go‘dakning ichi dam bo‘lishining oldini oladi.
Qabziyatda xalq tabobatida tabiiy surgi hapdorilar qo‘llaniladi. Makkai sano o‘simligi (dorixonalarda sotiladi) xona haroratida turgan qatiq yoki tvorog zardobini och qoringa ichish ham ichni suradi. Nahorda gazsiz mineral suv ichish, ichni tozalaydi.
Har qanday surgi vositasidan foydalanishdan uch kun avval, go‘shtli, quyuq va badhazm taomlar tanavul etilmaydi. Uning o‘rniga yengil hazm bo‘luvchi, parhyez, yorma donli mahsulotlar (grechixa), suli (perlovka), yasmiq (chechevitsa)dan parhyezli ovqatlar va salatlar iste’mol qiling. Surgi nafaqat ichaklardagi xiltlarni tozalaydi. U qonning tarkibini ham yaxshilaydi. Yuzdagi dog‘larni yo‘qotadi hamda terini yoshartiradi.
Ko‘klam faslida organizmdagi vitaminlar va makro hamda mikroelimentlar zahirasi kamayganda azaldan ota-bobolarimiz, momolarimiz yorma va undirilgan bug‘doydan halim, sumalak kabi taomlar tayyorlashgan. Turli xil donlardan go‘jalar pishirishgan. Dasturxonlarga turli bahoriy ko‘klardan taomlar tortilgan. Ushbu taomlar ham koni foyda.
Shoira Bekchanova, tibbiyot fanlari nomzodi  

Оставьте комментарий