Ubay ibn Kaʼb

DO`STLARGA ULASHING:

Sahobaning to‘liq ismi Abu Tufayl (Abu Munzir) Ubay ibn Ka’b ibn Qays ibn Ubayd ibn Zayd ibn Muoviya ibn Amr ibn Molik ibn Najjor Ansoriy Xazrajiydir. U zot Rasululloh (alayhissalom) huzurlaridagi vahiy yozuvchi kotiblaridan biri bo‘lgan. Manbalarda Ubay ibn Ka’b vahiyni yozishdan oldin ham, keyin ham Payg‘ambarimizga (alayhissalom) o‘qib berar, u zot tinglab, agar xato bo‘lmasa, yozishga ruxsat berardilar, deyiladi.
Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu) Ubay ibn Ka’bni “Musulmonlar sayyidi” deb nomlagan. Ushbu sahoba ikki Aqaba bay’atida ham qatnashgan, Badr va undan keyingi barcha g‘azotlarda ishtirok etgan.
Ubay ibn Ka’bdan (roziyallohu anhu) 164 ta hadis rivoyat qilingan. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) u zotdan Qur’on qiroatini o‘tkazganlar. Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Ubay ibn Ka’bga: “Alloh taolo menga sen qiroat qilib berishingni aytdi”, dedilar. “Alloh mening ismimni zikr qildimi?”, dedi u. U zot: “Ha”, dedilar. Shunda Ubay ibn Ka’b yig‘lab yubordi” (Imom Muslim va Termiziy rivoyati).
Sahobaning Islomga muhabbati kuchli va mustahkam aqida sohibi bo‘lib, Rasulullohning bironta suhbatini ham qoldirmas edi. Ubay ibn Ka’b (roziyallohu anhu) aytadi: “Men bir hamyon topib oldim. Uning ichida yuz dinorcha puli bor edi. Uni ko‘tarib, Nabiyning (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga bordim. U zot topib olgan narsangni bir yil e’lon qil, dedilar. Men bir yil e’lon qilib, uni taniydigan kishini topa olmadim. Keyin yana borgan edim, U zot: “Yana bir yil e’lon qil”, dedilar. So‘ngra uchinchi marta borganimda, U zot: “O‘sha hamyon idishini, ichidagi mablag‘ini va bog‘ichini tanishtir, agar shunda ham egasi kelmasa, o‘zing ishlatasan”, dedilar.
Ubay ibn Ka’b har sakkiz kunda Qur’oni karimni xatm qilib turgan va oyatlarning nozik nuqtalarigacha yaxshi tushungan. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday deganlar: “Ummatlarim ichida ularga eng mehribonrog‘i Abu Bakr, Allohning dinida kuchlirog‘i Umar, hayo qilishda komilrog‘i Usmon, hukm chiqarishda peshqadamrog‘i Ali va eng ko‘p tilovat qiluvchirog‘i Ubay ibn Ka’bdir” (Ruhul bayon).
Bir kuni Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) Ubaydan: “Sen qaysi oyatni tilovat qilishni ko‘proq yaxshi ko‘rasan?” deb, so‘raganlarida, “La ilaha illalloh”ni, deb javob berdi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) mamnun bo‘lib: “Ey Munzirning otasi, senga ilm olishni Alloh oson qilsin”, deya duo qildilar.
Ubay ibn Ka’b (roziyallohu anhu) qaysi oyat va hadisdan nima iroda qilinganini boshqalardan ko‘ra yaxshi tushunar edi. Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) vafotlaridan keyin boshqa sahobalar Ubay ibn Ka’bdan (roziyallohu anhu) din ishlarida maslahat so‘rar, u zot Qur’on va sunnatga asoslanib javob qaytarardi. Sahoba (roziyallohu anhu) hijriy 22 yili, ba’zi rivoyatlarda 30 yilda vafot etgani aytilgan. Uning vafoti Madina ahlini qattiq iztirobga solgan. Kattayu kichik barcha kishilar: “Musulmonlarning sayyidi vafot etdi”, deya afsus qilishgan.
Zarifa Mahkam qizi tayyorladi Hidoyat.uz

Rasululloh (s.a.v.)ning eng yaqin do‘stlaridan, Islom tarixidagi zabardast shaxslardan biri bo‘lmish Ubay ibn Ka’b Madinaning Hazraj qabilasidan edi. Tug‘ilgan yili aniq emas. Otasining ismi Ka’b, onasi Suhaylo. Ubayning ikki kunyasi bor edi – Abu Munzir va Abu Tufayl.
Islomni hijratdan avval, ikkinchi aqaba bay’atida yetmish nafar madinalik qatori qabul qildi. Hijratdan keyin asharai mubashsharadan bo‘lgan Said ibn Zayd bilan qiyomatli do‘st tutindi. Johiliyada yozish va o‘qishni biladigan kam sonli insonlardan biri; bitiklarining tagiga falonchi yozdi, deb imzo qo‘ygan ilk musulmon edi.
Madina davrida Ubay Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ga kotiblik qildi. Jabroil (a.s.) vahiy keltirgach, yozgani hamono yodlab olar va Rasululloh (s.a.v.)ga o‘qib berardi.
Ubay ibn Ka’b shirali ovozga ega bo‘lib, Qur’oni karimni eng chiroyli qiroat qiladigan sahobalardan biri edi va Payg‘ambarimiz (s.a.v.)ning: “Ummatning eng yaxshi qorisi Ubaydir!” degan e’tiroflariga sazovor bo‘lgandi. Keyinchalik Sayyidul qurro, ya’ni, qorilar yetakchisi degan laqab orttirgan. Anas ibn Molik aytadi: “Rasululloh (s.a.v.) hayotlik chog‘larida Qur’onni to‘rt kishi to‘la yod olgandi. Bular: Ubay ibn Ka’b, Muoz ibn Jabal, Abu Zayd va Zayd ibn Sobit” (Imom Buxoriy, Imom Termiziy).
Abdulloh ibn Amr ibn Os aytadi: «Rasululloh (s.a.v.)ning bunday deganlarini eshitdim: “Qur’onni to‘rt kishidan o‘rganinglar: Abdulloh ibn Mas’uddan, Abu Huzayfaning quli Solimdan, Muoz ibn Jabaldan va Ubay ibn Ka’bdan» (Imom Buxoriy).
Ubay Qur’on qiroatini shaxsan Rasululloh (s.a.v.)dan o‘rgandi. Qur’onga bo‘lgan rag‘bat va muhabbati tufayli fazilati ortib, Payg‘ambarimiz (a.s.) olqishlari, sahobalar hurmatiga sazovor bo‘ldi.
“…Bir kuni asr namozidan keyin Sarvari anbiyo (s.a.v.) ashobga o‘girildilar, Mavlo huzurida nurlangan yuzlarini nurlanish istagan ko‘zlarga qaratdilar. Hamisha go‘zal edilar. Ammo ba’zan vahiy ketidan yoki namozdan so‘ng shunday holga tushardilarki, ko‘zlar bu go‘zallik va haybatga bardosh berolmay, yerga qarardi. Hozir ham shunday holat ro‘y berdi. Nigohlari masjid ichida sayr etib, bir chetda jim o‘tirgan odamda to‘xtadi. Kulimsirab:
– Ey Ubay! — deya ovoz berdilar.
Ubay ibn Ka’b darhol oyoqqa turdi.
– Labbay, yo Nabiyulloh! – dedi. Odob va hurmat bilan qoshlariga kelib o‘tirdi.
– Alloh taolo senga Bayyina surasini o‘qishimni buyurdi, – dedilar Rasululloh (s.a.v.).
Bu so‘zlar Ubayning quloqlarini qizdirdi. Ko‘zlari hayajondan yondi.
– Mening ismimni aytib, shuni buyurdimi, yo Nabiyulloh?!
– Ha!
Ubay quyilib kelgan yoshlarni to‘xtatishga urinmadi ham. Zotan, yig‘layotgan faqat u emasdi. Bunday xushxabarni eshitganlar orasida ham ko‘zyoshlarini artganlar bo‘ldi.
– Qulog‘im sizda, yo Rasululloh, Rabbimning amri boshim ustiga.
Payg‘ambarlar imomi (s.a.v.) bu xos amrni joyiga keltirish uchun “Bismilloh…”ni aytdilar va o‘qiy boshladilar…
O‘sha kecha Ubay sevinch ko‘zyoshlarini to‘kdi. Payg‘ambariga bu bandasining otini bildirib o‘qishini buyurgan Rabbiga hamdu sanolar aytdi. Ruhida mavj urgan tuyg‘ularni tilda ifodalash imkonsiz edi. O‘sha kuni his qilgan baxtga hayoti davomida erishmagandi. Ha, Qur’onni Rasululloh (s.a.v.)ning taqdirlariga loyiq darajada chiroyli o‘qiydigan Ubayning Qur’onga bo‘lgan xizmati mukofoti edi bu!” (“Saodat asri qissalari”).
Ubay Rasululloh (s.a.v.) hayotlik chog‘larida fatvo bera olgan ozchilikdan birib bo‘lgan. Sahl ibn Muhammad rivoyat qiladi: “Rasululloh (s.a.v.) davrlarida fatvo bergan uch muhojir va uch ansor bor edi. Muhojirlar Umar, Usmon, Ali, ansorlar esa, Ubay ibn Ka’b, Muoz ibn Jabal va Zayd ibn Sobitdir”.
Ubay ibn Ka’b Abu Bakr xalifaligi vaqtida muhim vazifalarni bajardi. Hazrat Abu Bakr biror ahamiyatli masalaga duch kelib, yechimini Qur’on va sunnatdan topa olmasa, olim sahobalarni to‘plab kengashardi. Ubay ibn Ka’b esa ana shu kengashning doimiy a’zosi edi. Shuningdek, o‘sha paytda fatvo berish bilan nom qozongandi.
Ubay ikkinchi xalifa hazrat Umar nazariga tushgandi. Uni qattiq hurmat qilar, Sayyidul muslimin (musulmonlar ulug‘i) deya e’zozlardi. Umar kunlarning birida xalqqa yuzlanib dedi: “Qur’on haqida savoli borlar Ubayga, faroiz (meros ilmi)dan savoli borlar Muozga, mol-mulk keraklar menga murojaat qilsin. Chunki Alloh meni xazinabon va tarqatuvchi qilib qo‘ydi”.
Ubay ibn Ka’b taroveh namozini ilk bor jamoat bilan o‘qigan insondir. Rasululloh (s.a.v.), u kishining vafotlaridan keyin Abu Bakr, keyinroq Umar ibn Xattob davrlarida taroveh, ayrim holatlardan tashqari, jamoat bilan emas, yakka holda ado etilardi. Kunlarning birida hazrat Umar masjidga kelib tarovehni har kim o‘zicha o‘qiyotganini ko‘rdi. Kimdir o‘zi, kimdir kichik jamoat bilan o‘qirdi. Hazrat Umar jamoatni bitta imom ortiga jamlashga qaror qildi va ertasiga Ubay ibn Ka’bni taroveh namoziga imom qildi. Shundan keyin taroveh jamoat bilan o‘qiladigan bo‘ldi.
Ubay ibn Ka’b rivoyat qilgan hadislardan biri quyidagicha: “Odamning bir vodiy to‘la moli bo‘lsa, ikkinchisini istaydi. Ikkita vodiy to‘la moli bo‘lsa, uchinchisini xohlaydi. Odamning ichini tuproqdan boshqa narsa to‘ldirolmaydi. Alloh esa, tavba qilganning tavbasini qabul qiladi”.
Ubay ibn Ka’bning vafoti haqida turli fikrlar bor. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, hazrat Umar davrida vafot etgan.
Alloh taolo u zotdan rozi bo‘lsin!
Shoakmal Shoakbar | «Irfon taqvimi»dan
To‘liq ismlari Ubay ibn Ka’b ibn Qays ibn Ubayd ibn Muoviya ibn Amr ibn Molikdir. Madinayi Munavvarada yashagan Xazraj va Avs qabilasidan bo‘lgan Ansoriylardan bo‘lganlar. Onalari Suhayla binti Najjor bo‘lgan. U kishining ikkita kunyasi bor: Abulmunzir – Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ushbu kunya bilan u kishini nomlaganlar, Abu Tufayl – bu kunyani esa Umar roziyallohu anhu berganlar.
Tashqi ko‘rinishlari:
U kishi katta ham emas, kichkina ham emas, o‘rta bo‘yli edilar. U kishi oq yuzli va oq soqolli deb nom qozonganlar.
Islomga kirishlari:
U kishi Islomga erta kirganlardan hisoblanadilar. Ikkinchi Aqaba bay’atida qatnashganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga hijrat qilganlaridan keyin u kishini doim lozim tutganlar. U kishi Xandaq, Uhud va Badr kabi bir qancha g‘azotlarda ishtirok etganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biror joyga chiqasalar u kishini qavmga imom qilib tayinlar edilar. Shuningdek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishini xalqqa Qur’on ta’limini berishga mas’ul shaxlardan etib tayinlaganlar. “Qur’onni to‘rt kishidan ta’lim olinglar: Abdulloh ibn Mas’ud, Abu Huzayfaning mavlosi Solim, Muoz ibn Jabal va Ubay ibn Ka’b” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ubay ibn Ka’b va Qur’on qiroati:
U kishi Qur’oni karimni chiroyli tilovat qilishda juda mashhur bo‘lganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Ummatning qorisi” deb guvohlik berganlar. Umar roziyallohu anhu u kishini eng Afzal sahobalardan deb sanab, odamlarni Ramazon oyi qilinadigan xatmi Qur’onga u kishining ortlariga jam qilib qo‘yadilar. U kishi yana chiroyli yozishda ham mashhur bo‘lganlar. Shu sababdan ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishini vahyni yozib oladigan kishilardan qilib tanlab olganlar.
Sifatlari:
U kishi xulq-atvor jihatidan ham sahobalarning eng afzallaridandir. Chunki, u zot Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qo‘l ostilarida tarbiya topdilar. Taqvo va iymonlari, ibodat va ijobatlari bilan mashhurdirlar. U kishi odamlarga Qur’oni karimni ta’lim berganlaridek, usulud-dindan ham ta’lim berganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarini ham xalqqa yetkazganlar.
Vafotlari:
U kishi Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning xalifalik davrlarida vafot etganlar. Ammo, hozirgacha aniq vafot etgan sanalari mavjud emas. Bir rivoyatda 19-20- hijriy yilda degan tahminlar uchraydi.
Abdussami Ergashev Muslim.uz
Ubay ibn Ka’b ibn Qays ibn Ubayd ibn Muoviya ibn A’mr ibn Molik ibn Najjor ibn Sa’laba ibn A’mr Xazrajiy. Madinai munavvarada tug‘ilganlar. U zot imom, qori, faqih va mufassir edilar. Badr, Uhud va Handaq g‘azotlarida qatnashgan.
U zotni Rasululloh sollallohu alayhi va sallam “Abul Munzir” deb, Umar ibn Xattob roziyallohu anhu esa “Abu Tufayl” deya kunya bilan chaqirganlar. Umar roziyallohu anhu u kishini “musulmonlarning sayyidi” der edilar. U zotning onasi Suhayla binti Najjor, u esa Abu Tolha ansoriyning ammasi edi.
Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuning vasfi haqida: soch va saqollari oq edi deyilgan.
Ubay ibn Ka’b ibn Qays roziyallohu anhu Qur’oni Karimni yozuvchi kotib, ikkinchi aqaba bay’atida qatnashgan va Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ilmni to‘rt kishidan olinglar: Ibn Mas’ud, Ubay ibn Ka’b, Muoz ibn Jabal va Abu Huzayfaning mavlosi Solimdan”, deb aytganlarida, ular orasida sanalgan zotdirlar.
Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Yo Abal Munzir! Seningcha Allohning kitobidagi eng ulug‘ oyat qaysi?” Dedilar. Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu: “Men Alloh va Uning Rasuli biluvchiroqdir”, dedim. U zot: “Yo Abal Munzir! Seningcha Allohning kitobidagi eng ulug‘ oyat qaysi?” Dedilar. Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu: “Men Oyatul Kursiy dedim”, dedilar. U zot meni ko‘ksimga urib, “Alloh senga ilmni muborak qilsin”, dedilar”.
Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu faqih sahobalarning biri, vahiyni yozib qayd etuvchi, Qur’on qorilarining eng afzali va aqaba bay’atida qatnashgan o‘n ikki sahobaning biri bo‘lganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Madinada bo‘lmagan vaqtlarida Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuni musulmonlarga imomlik qilishlariga buyurar edilar. Shuning uchun ham Umar roziyallohu anhu: “musulmonlarning sayyidi Ubay ibn Ka’b” deganlar.
Imom Buxoriy rahmatullohi alayhi “Sahihul Buxoriy”da quydagi voqe’ani keltiradilar: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam “Bayyina” surasi nozil bo‘lganda, Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuga: “Albatta Alloh taolo menga bu surani senga o‘qib berishimni buyurdi” dedilar. Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu: “Alloh taolo meni ismimni aytdimi?”, Dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “ha, Alloh taolo seni ismingni aytdi”, dedilar. Shunda Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu yig‘lab yubordilar.
Jobiya jangi:
Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu Umar roziyallohu anhu bilan Jobiya jangida qatnashdilar. Jobiyada Umar roziyallohu anhu xutba qila turib: “Ey insonlar! Kimda kim Qur’ondan savol so‘ramoqchi bo‘lsa, Ubay ibn Ka’bdan so‘rasin” dedilar.
Abdulloh ibn Nusoyr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: U “Ubay ibn Ka’b kasal bo‘lib qolganda, uni ko‘rishga bordik. U nido qiluvchini chaqirig‘ini eshitib: “bu azonmi yo takbirmi?” Deb so‘radi. Biz unga “takbir” dedik. U: “nimani kutmoqdasizlar? Namozga shoshilmaysizlarmi?” Dedi. Biz: “seni bu xolatda tashlab ketamizmi?” Dedik. U: “bunday qilmanglar! Turinglar! Albatta Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizlarga bomdod namozini o‘qib berib bo‘lib, yuzlari bilan jamoatga yuzlanib: “Falonchi bormi? Falonchi bormi?” Deb namozga kelmagan uch kishini chaqirdilar. Va “Albatta, munofiqlarga eng og‘ir namoz Bamdod bilan Xuftondir. Agar ular bu ikki namozda nima borligini bilganlarida edi, u ikkisiga emaklab bo‘lsa ham kelar edilar. Shuni bilingki, yolg‘iz o‘qilgan namozdan ikki kishi bo‘lib o‘qilgan namoz afzal. Sizlarni ko‘pchilik bilan o‘qigan namozingiz, u Allohga sevimliroqdir. Albatta birinchi saf farishtalarning safi singaridir. Agar uni fazilatini bilganlarida edi, albatta unga shoshilgan bo‘lardilar. Ogoh bo‘ling! Albatta jamoat namozi yolg‘iz, jamoatsiz o‘qilgan namozdan 24 yoki 25 daraja afzaldir” deganlar, dedi.
Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhu Madinai munavvarada 649-yili vafot etadilar.
Abdussomad Abdulbosit o‘g‘li| Muslim.uz

Оставьте комментарий