Yangilanayotgan Konstitutsiya — yoshlar nigohida

DO`STLARGA ULASHING:

Yangilanayotgan Konstitutsiya — yoshlar nigohida
2023 yil 3 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Konstitutsiyaviy qonun loyihasini tayyorlashga mas’ul bo‘lgan —Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari hamda Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitalari, shuningdek, Yoshlar parlamenti hamkorlikda “Yangilanayotgan Konstitutsiya — yoshlar nigohida” mavzusida davra suhbati o‘tkazdilar.
Davra suhbatida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar faol yoshlar, xususan Yoshlar parlamenti a’zolari ishtirokida muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, o‘tgan vaqt mobaynida Qonunchilik palatasining mas’ul qo‘mitalari tomonidan Yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasi ustida qizg‘in ish olib borildi. Bunda asosiy e’tibor umumxalq muhokamasi, konstitutsionalizm sohasida yetuk olimlar, jamoatchilik, xalqaro va xorijiy ekspertlar ishtirokidagi muhokamalarda berilgan takliflarni har tomonlama tahlil qilishga hamda eng dolzarb takliflarni loyihada aks ettirishga alohida e’tibor qaratildi.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan bugunga qadar 220 mingdan ortiq takliflar kelib tushdi. Ularning 60 foizdan ortig‘i bevosita yoshlar tomonidan berilgan. Shuning uchun ham Yangilanayotgan Konstitutsiyada yoshlarga oid qator normalar, hatto bitta alohida bob “Oila, bolalar va yoshlar” masalasiga bag‘ishlandi.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan ilk marotaba uzluksiz ta’lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojini ta’minlash davlatning vazifalari qatoridan joy olmoqda.
Mazkur qoidalarning Konstitutsiya darajasida belgilanishi, bolalar bog‘chasidan tortib, toki universitetlargacha, barcha ta’lim tashkilotlarini ular davlatniki yoki xususiy ekanligidan qat’iy nazar, rivojlantirish uchun mustahkam huquqiy zamin bo‘ladi.
Tadbirda so‘z olganlar aytib o‘tganidek, ilk marotaba bog‘cha yoshidagi bolalarning ta’lim va tarbiyasi sohasidagi davlat majburiyatlarining konstitutsiyaviy darajada belgilanishini muhim voqea bo‘lishi kutilmoqda. Bola uchun oiladan keyingi birinchi jamoa bu bog‘chadir. Maktabgacha ta’lim sifatli bo‘lishi insonning butun hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Alohida ta’kidlanganidek, davlat endilikda nafaqat umumiy o‘rta ta’lim balki boshlang‘ich professional ta’lim olishni ham bepul bo‘lishini kafolatlaydi. Eng muhim yangiliklardan biri, bu – alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’lim va tarbiyaning ta’minlanishi bo‘ldi. Jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun ta’lim tashkilotlarida inklyuziv ta’lim tashkil etiladi. Bu norma shunday nuqsonlarga ega bolalarimizning yakkalanib qolmasligi, jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida shakllanishi va kamol topishi uchun juda muhimdir.
Yangilanayotgan Konstitutsiyaga muvofiq, fuqarolar davlat ta’lim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy ma’lumot olishga haqli, ekanligi aniq belgilab qo‘yilmoqda. 2017 yilga qadar oliy ta’lim muassasalarida grant o‘rinlari soni faqat qisqarib keldi. So‘nggi besh yil ichida, aksincha grantlarni ko‘paytirish yo‘lidan borildi. Xususan, o‘tgan davrda oliy ta’limga ajratilgan davlat grantlari soni 75 foizga hamda ehtiyojmand oilalar farzandi bo‘lgan xotin-qizlar uchun davlat grantlari soni ikki baravarga oshirildi, shuningdek, nodavlat oliy ta’lim muassasalarida mutaxassislarni tayyorlashga davlat granti ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Mazkur konstitutsiyaviy qoidaning belgilanishi bu boradagi ijobiy yo‘nalish doimo saqlab qolinishini, davlat oliy ta’lim muassasalarida grant o‘rinlari yo‘qolmasligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Konstitutsiyaviy qonunga muvofiq oliy ta’lim tashkilotlariga akademik erkinlik, o‘zini o‘zi boshqarish, tadqiqotlar o‘tkazish va o‘qitish erkinligi huquqi berilmoqda. Oliy ta’lim tizimi bilan bog‘liq masalalarning Konstitutsiya darajasida belgilanayotgani oliy ta’lim jarayoniga tashqi aralashuvlarni cheklash, oliy ta’lim sifati va dunyoda raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Ta’kidlanganidek, bolalarning ma’nan, jismonan va ijodiy tomondan komil inson sifatida yetishishida nafaqat oiladagi muhit yaxshi bo‘lishi, balki davlat tomonidan zarur shart-sharoit, imkoniyat ham yaratib berilishi zarur. Shu ma’noda, bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning burchi, sifatida Konstitutsiyada muhrlanmoqda.
Shu bilan birga, davlat va jamiyat bolalarda hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik, mamlakatidan hamda xalqning boy madaniy va ma’naviy merosidan faxrlanish, vatanparvarlik va Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘ularini shakllantirish to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi.
Savol-javoblarga boy bo‘lgan yig‘ilishda qayd etilganidek, Yangilangan Konstitutsiyada alohida modda yoshlar huquqlariga bag‘ishlanmoqda. Unga ko‘ra davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi.
Davlat yoshlarning ma’naviy, intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.
Yig‘ilishda so‘z olgan yoshlar Yangilanayotgan Konstitutsiyaning yoshlar huquq va manfaatlariga daxldor normalarini har tomonlama tahlil qilgan holda ushbu Bosh qomusimizni “Yoshlar Konstitutsiyasi” deya e’tirof etishga ham barcha asoslar borligini alohida qayd etishdi.
Tadbirda Konstitutsiyaviy qonun loyihasida yoshlarga oid yangi normalar belgilanayotgani kelajagimiz egalari tomonidan ko‘tarinki ruhda qarshi olinib, ular tomonidan loyiha qo‘llab-quvvatlandi.

Оставьте комментарий