Gemodializ — samarali muolaja

DO`STLARGA ULASHING:

Tibbiyotimiz tobora ravnaq topayotgan bugungi kunlarda dunyoda tan olingan ilgʼor usullar asosida ish olib borilib, ogʼir xastalikka chalingan bemorlarni davolashda xayrli natijalarga erishilmoqda. Maʼlumki, nefrit, polikistoz, metabolik nefropatiya singari xastaliklar bilan ogʼrigandan soʼng buyrak faoliyati keskin yomonlashadi. Bemorga shifokorning doimiy yordami zarur boʼladi. Gemodializ muolajasi (yaʼni qonni dializ usulida tozalash) endilikda xuddi shunday bemorlarga qoʼllaniladi. Buyraklar yaxshi ishlamasligi tufayli organizmda yigʼilib qolgan zaharli moddalar shu muolaja orqali sunʼiy usulda chiqarib tashlanadi.
– Yuzlab ahvoli ogʼir (koʼpchiligiga donor buyragi koʼchirib oʼtkazilgan) bemorlarning umrini uzaytirish maqsadida ekstrakorporal detoksikatsiya (surunkali gemodializ) dasturi asosida ish koʼramiz, deydi 1-respublika klinik shifoxonasi “Gemodializ” boʼlimi rahbari oliy toifali shifokor Yevgeniya Xolodova. – Bunda har bir bemor haftada uch marta 4-5 soatdan, oyiga 10-11 marta, bir yilda 124-126 marta muolaja qabul qiladi. Umuman bunday davolashlar 5-10 yil va undan ortiqroq vaqt davom etadi. Bemor muolajani shifokor nazoratida oʼz vaqtida olib tursa, oʼzini yaxshi his qiladi, ogʼriqlar barham topadi.
Yangidan taʼmirlangan binoda ish boshlagan “Gemodializ” boʼlimiga “FRESENIUS” firmasi tomonidan zamonaviy gemodializ asboblari olib kelib oʼrnatildi. Bu asbob-uskunalarning bexato ishlashi uchun bilimdon va yuqori malakali kadrlar saralab olingan. Аsosiy maqsad ogʼir xastalikdan azob chekayotgan bemorlar ahvolini yengillashtirish va ularning hayot sifatini yaxshilashdan iborat.
Mavluda MUHАMMАDIEVА.

Оставьте комментарий