Abdulla Oripov VATAN HAQIDA IKKI SHE’R

DO`STLARGA ULASHING:

Abdulla Oripov
VATAN HAQIDA IKKI SHE’R
091
Abdulla Oripov (21.03. 1941 — 05.11.2016) Qashqadaryo viloyati, Koson tumaniga qarashli Neko’z qishlog’ida tug’ilgan. O’zbekiston xalq shoiri (1990). O’zbekiston Qahramoni (1998). ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan (1963). Ilk she’rlar to’plami — «Mitti yulduz» (1965). «Ko’zlarim yo’lingda» (1966), «Onajon» (1969), «Ruhim», «O’zbekiston» (1971), «Xotirot», «Yurtim shamoli» (1974), «Yuzma-yuz», «Hayrat» (1979), «Najot qal’asi» (1981), «Yillar armoni» (1983), «Haj daftari», «Munojot» (1992), «Saylanma» (1996), «Dunyo» (1999), «Shoir yuragi» (2003), 4 jildlik «Tanlangan asarlar» va boshqa she’riy kitoblari nashr etilgan. Dostonlar ham yozgan («Jannatga yo’l», 1978; «Sohibqiron», 1996). «Sohibqiron» (1998) she’riy dramasi respublikaning barcha yirik teatrlarida sahnalashtirilgan. Dantening «Ilohiy komediya»sini, A. N. Nekrasov, L. Ukrainka, T. Shevchenko, R. Hamzatov, Q. Quliev asarlarini o’zbek tiliga tarjima qilgan. O’zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining matnini yozgan (1992). Hamza (1983) hamda Alisher Navoiy nomidagi (1992) O’zbekiston Respublikasi Davlat mukofotlari laureati.
002
MEN NECHUN SEVAMAN O’ZBEKISTONNI..
Men nechun sevaman O’zbekistonni,
Tuprog’in ko’zimga aylab to’tiyo.
Nechun vatan, deya yeru osmonin,
Muqaddas atayman, atayman tanho.
Aslida dunyoda tanho nima bor?
Paxta o’smaydimi o’zga elda yo?
Yoki quyoshimi sevgimga sabab?
Axir quyoshli-ku, butun Osiyo.
Men nechun sevaman O’zbekistonni,
Bog’larin jannat, deb ko’z-ko’z etaman.
Nechun ardoqlarkan tuprog’ini men,
O’paman, tuprog’ing bebaho, Vatan!
Aslida tuproqni odil tabiat,
Taqsim aylagan-ku, yer yuziga teng
Nechun bu tuproq, deb yig’ladi Furqat,
O, Qashqar tuprog’i, qashshoqmiding sen?
Men nechun sevaman O’zbekistonni?
Sababini aytgin, desalar menga.
Shoirona, go’zal so’zlardan oldin,
Men ta’zim qilaman ona xalqimga:
Xalqim, tarix hukmi seni agarda,
Mangu muzliklarga eltgan bo’lsaydi,
Qorliklarni makon etgan bo’lsayding,
Mehrim bermasmidim o’sha muzlarga?
Vatanlar, Vatanlar, mayli, gullasin,
Bog’ unsin mangulik muzda ham, ammo,
Yurtim, seni faqat boyliklaring chun
Sevgan farzand bo’lsa, kechirma aslo!
O’ZBEKISTON
Yurtim, senga she’r bitdim bu kun,
Qiyosingni topmadim aslo.
Shoirlar bor, o’z yurtin butun —
Olam aro atagan tanho.
Ular she’ri uchdi ko’p yiroq,
Qanotida kumush diyori,
Bir o’lka bor dunyoda, biroq
Bitilmagan dostondir bori:
Faqat ojiz qalamim manim,
O’zbekiston, Vatanim manim.
Yurmasman hech behishtni izlab,
Topolmasam chekmasman alam.
O’tirmasman ertaklar so’zlab,
Musallo deb yo’nmasman qalam.
Ko’klamingdan olib sururni,
Dovrug’ soldi ustoz Olimjon,
G’afur G’ulom tuygan g’ururni
Qilmoq mumkin dunyoga doston.
Olis tarix qadamim manim,
O’zbekiston, Vatanim manim.
Kechmishing bor chindan ham uzoq,
Ilg’ay olmas barchasin ko’zim.
Maqtamasman moziyni biroq,
O’tmishingni o’ylayman bir zum.
Zabtga olib keng Osiyoni,
Bir zot chiqdi mag’rur, davongir,
Ikki asr yarim dunyoni
Zir qaqshatdi Buyuk jahongir.
Aytgum, bu kun, u manim, manim.
O’zbekiston, Vatanim manim.
Bobolardan so’z ketsa zinhor,
Bir kalom bor gap avvalida.
Osmon ilmi tug’ilgan ilk bor
Ko’ragoniy jadvallarida.
Qotil qo’li qilich soldi mast,
Quyosh bo’lib uchdi tilla bosh.
Do’stlar, ko’kda yulduzlar emas,
U, Ulug’bek ko’zidagi yosh.
Yerda qolgan, o, tanim manim,
O’zbekiston, Vatanim manim.
Ko’z oldimdan kechar asrlar,
Ko’z-ko’z etib nuqsu chiroyin.
Sarson o’tgan necha nasllar,
Topolmasdan tug’ilgan joyin.
Amerika — sehrli diyor,
Uxlar edi Kolumb ham hali,
Dengiz ortin yoritdi ilk bor,
Beruniyning aql mash’ali.
Kolumbda bor alamim manim,
O’zbekiston, Vatanim manim.
Ko’p jahongir ko’rgan bu dunyo,
Hammasiga guvoh er osti.
Lekin, do’stlar, she’r ahli aro
Jahongiri kam bo’lar, rosti.
Besh asrkim, nazmiy saroyni
Titratadi zanjirband bir she’r.
Temur tig’i etmagan joyni
Qalam bilan oldi Alisher.
Dunyo bo’ldi chamanim manim,
O’zbekiston, Vatanim manim.
Bobolardan so’zladim, ammo
Bir zot borkim, baridan suyuk:
Buyuklarga baxsh etgan daho,
Ona xalqim, o’zingsan buyuk.
Sen o’zingsan, eng so’nggi nonin
O’zi emay o’g’liga tutgan.
Sen o’zingsan, farzandlar shonin
Asrlardan opichlab o’tgan.
Ona xalqim, jon-tanim manim,
O’zbekiston, Vatanim manim.
Bosh ustingdan o’tdi ko’p zamon,
O’tdi Budda, o’tdi Zardushti.
Har uchragan nokasu nodon,
Ona xalqim, yoqangdan tutdi.
Seni Chingiz g’azabga to’lib
Yo’qotmoqchi bo’ldi dunyodan.
Jaloliddin samani bo’lib
Sakrab o’tding Amudaryodan.
Sensan o’shal samanim manim,
O’zbekiston, Vatanim manim.
Toleingda bor ekan yashash,
Goh qon ichding, gohida sharob.
Etmoq bo’lib yurtim xomtalash,
Bosh ustingga keldi inqilob.
Chora istab jang maydonidan
Samolarga uchdi unlaring,
Shahidlarning qirmiz qonidan
Alvon bo’ldi qora tunlaring.
Qonga to’lgan kafanim manim,
O’zbekiston, Vatanim manim.
Lekin oftob poyimol o’lmas,
Kavaklarda qolmas oy nuri,
Odil hakam — haq bor, beg’araz,
Mazlumlarning buyuk g’amxo’ri.
Qilich serpab tole tongida
O’zligingni tanib qolding sen.
O’g’lonlarning qatra qonida
O’zbekiston nomin olding sen.
Nomi qutlug’ gulshanim manim,
O’zbekiston, Vatanim manim.
Tinch turarmi bu ko’hna olam,
Tinch turarmi dog’uli zamon.
Oromingni buzdi sening ham
Fashist degan vahshiy olomon.
Qonim oqdi Dantsigda manim,
Sobir Rahim yiqilgan chog’da.
Lekin, yurtim, kezolmas g’anim.
O’zbekiston atalgan bog’da.
Sensan nomus va sha’nim manim,
O’zbekiston, Vatanim manim.
Kech kuz edi, men seni ko’rdim,
Derazamdan boqardi birov.
U sen eding, o, dehqon yurtim,
Turar eding yalangto’sh, yayov.
— Tashqarida izillar yomg’ir,
Kir, bobojon, yayragil bir oz.
Deding: — Paxtam, qoldi-ku axir,
Yig’ishtiray kelmasdan ayoz.
Ketding, umri mahzanim manim,
O’zbekiston, Vatanim manim.
Sen ketarsan balki yiroqqa,
Farg’onada balki, balqarsan.
Balki chiqib oqargan toqqa,
Cho’pon bo’lib gulxan yoqarsan.
Balki ustoz Oybekdek to’lib
Yozajaksan yangi bir doston.
Balki Habib Abdulla bo’lib,
Sahrolarda ochajakson kon.
Tuprog’i zar, ma’danim manim,
O’zbekiston, Vatanim manim.
Mayli, yurtim, kezsang ham dunyo,
Fazolarga qo’ysang ham qadam,
O’zligingni unutma aslo,
Unutma hech, onajon o’lkam.
Bir o’g’lingdek men ham bu zamon
Kechmishingni qildim tomosha.
Iqbolingni ko’roldim ayon
Istiqlolning ufqlari osha.
Iqboli hur, sho’x-shanim manim.
O’zbekiston, Vatanim manim.
Zavol ko’rma hech qachon, o’lkam,
Zavol bilmas shu yoshing bilan.
Muzaffar bo’l, g’olib bo’l, o’ktam,
Do’stu yoring, qardoshing bilan.
Asrlarning silsilasida
Boqiy turgay koshonang sening.
Ulug’ bashar oilasida
Mangu yorug’ peshonang sening.
Mangu yorug’ maskanim manim,
O’zbekiston, Vatanim manim.

Оставьте комментарий