Bolangizning qorni toʼymayaptimi?

DO`STLARGA ULASHING:

Yangi yil bayrami, xursandchilik, mehmonlarni kuzatish va kutib olish. Bu tashvishlar yosh bolali onalarga biroz boʼlsa-da, salbiy taʼsir qiladi. Chunki tashvishlar bilan boʼlib, goʼdagini vaqtida emizolmasligi ham mumkin. Natijada shu davr mobaynida sut ishlab chiqarilishi kamayadi. Bundan tashqari, qish oylarida organizmda vitaminlar kamayishi natijasida ham onada sut ishlab chiqarilishi biroz pasayadi. Bu kasallik tibbiy tilda gipogalaktiya deb nomlanadi.
Ona sutining kamayishiga sabab boʼluvchi omillar:
Bolani emizish rejimi buzilganda;
Bola sut bezlarini toʼliq boʼshatmaganda;
Kechqurun bola emizilmaganda;
Emizishlar soni keskin qisqarganda;
Ona toliqqanda;
Ona toʼyib uxlamaganda;
Stresslarda;
Onadagi turli ham­roh kasalliklarda.
Nima qilish lozim?
Sutingiz kamaydimi, farzandingiz sutga toʼy­may yigʼlayaptimi, darrov asabiylashmang. Darhol bolaga turli aralashmalarni ham tiqishtirmang. Bu holat vaqtincha ham boʼlishi mumkin. Odatda emizikli davrda onada laktatsion krizislar ham kuzatiladi. Oddiy qilib tushuntirsak, onada maʼlum vaqtda onada sutning kamayishi kelib chiqadi. Bu holat bola tugʼilganining 3-6 haftalarida, 3-7 va 7-8 oylarida aniqlanadi. Bu davr davomiyligi har xil boʼladi. Eng uzogʼi bilan 3-4 kun davom etadi. Siz asabiylashsangiz, bu holat ham ushbu davrning choʼzilishiga sabab boʼladi.
Onalarga maslahatlar:
Аgar bola sutingizga toʼymasa, sut yetarli boʼlmasa ham bolani koʼproq emizishga harakat qiling. Аyniqsa, bolani kechasi, albatta, emizing. Bu holat sut ishlab chiqarilishiga ijobiy taʼsir qiluvchi gormonlarning ishlab chiqarilishiga yordam beradi;
Ona yetarlicha dam olishi lozim;
Ona oʼz vaqtida ovqatlanishi lozim;
Shifokor nazorati ostida turli fizioterapevtik muolajalar buyuriladi: ulьtratovush, UFO, lazer terapiya, koʼkrak bezlari massaji.
Onaning ovqat ratsionida kalьtsiy va fosfor saqlovchi mahsulotlar, baliq va mol goʼshti, tuxum yetarli miqdorda boʼlishi lozim.
Ona sutini koʼpaytiruvchi sharbatlar:
Sabzi sharbati. Sabzi tozalab yuviladi va qirgʼichdan oʼtkazilib, sharbati olinadi. Yarim stakandan kuniga 2-3 mahal qabul qilinadi. Sabzi sharbatining taʼmini yaxshilash uchun sut, qaymoq, asal, turli mevalarni qoʼshish mumkin.
Sholgʼom sharbati. Sholgʼom tozalab yuviladi va qirgʼichdan oʼtkazilib, sharbati olinadi. Ushbu sharbatga qaynatib, sovutilgan suv qoʼshiladi. Soʼngra ustidan 1 osh qoshiq asal, ozgina tuz solinadi va yaxshilab aralashtiriladi. Kuniga yarim stakandan 2-3 mahal qabul qilinadi.
Sutli, asalli sabzi sharbati. Sabzi tozalab yuviladi va qirgʼichdan oʼtkaziladi. Ustiga 3-4 qoshiq sut yoki qaymoq solinadi. Kuniga bir stakandan 2-3 mahal qabul qilinadi.
Ukrop urugʼlari damlamasi. Bir osh qoshiq ukrop urugʼi olinadi. Ustiga bir stakan qaynoq suv solinadi. Soʼngra 2 soat davomida damlanadi. Damlama dokadan oʼtkazib olinadi. Kuniga yarim stakandan 2 mahal qabul qilinadi. Аgar bu miqdordagi damlamani koʼtara olmasangiz, kuniga 6 mahal bir osh qoshiqda qabul qiling. Damlama ogʼizda bir muddat ushlab turiladi, soʼngra yutiladi.
Аnis damlamasi. 2 osh qoshiq anis urugʼlari olinadi. Ustiga bir stakan qaynoq suv qoʼshiladi. Bu damlama bir soat davomida damlanadi. Sovutilgan holda 2 osh qoshiqdan kuniga 3-4 mahal qabul qilinadi.
Onalarga tavsiya etilmaydi!
Tuzlangan va shoʼr mahsulotlar;
Аllergik mahsulotlar — sitrus mevalar, shokolad, kungaboqar urugʼlari;
Spirtli ichimliklar;
Taomlarda oʼtkir hidli va ziravorli qoʼshimchalar boʼlmasligi lozim (sirka kislotasi, sarimsoqpiyoz, piyoz, xren, xantal);
Quyidagi dori vositalari emizikli onalarga buyurilmaydi: kofein, uyqu chaqiruvchi dorilar, ftivazid, sulьfanilamidlar, brom preparatlari, ichni suruvchi dori vositalari, talvasaga qarshi dorilar, siydik haydovchi vositalar, ayrim antibiotiklar.
Bular sutni kamaytirish bilan birga ona suti orqali ajraladi va bolaga salbiy taʼsir qiladi.

Оставьте комментарий