Bolani sutdan ajratish (Pediatr tavsiyasi)

DO`STLARGA ULASHING:

🍼Bolani sutdan ajratish (Pediatr tavsiyasi)
Bolani ko‘krakdan ajratishda ham ona, ham bolaning fiziologik xususiyatlari inobatga olinishi darkor.
Onaga buning uchun involyutsiya davri boshlangandan keyingi vaqt muvofiq. Involyutsiya davrida sut bilan birgalikda kam miqdorda og‘iz suti (molozivo) ishlab chiqariladi. Ko‘krak hajmi esa kichrayadi va ona go‘dagini bir necha kun emizmasa ham qattiqlashmay, yumshoq bo‘lib turadi.
Bolani ikkidan uch yoshgacha bo‘lgan vaqtda ko‘krakdan ajratish oson kechadi. Agar farzandingizni ko‘krakdan ajratmoqchi bo‘lsangiz, quyidagi bir necha muhim qoidalarni bilib olishingiz kerak.
Bolani sutdan ajratish uchun muhim tavsiyalar
Emizishni keskin to‘xtatib bo‘lmaydi. Bu bola uchun ortiqcha stress bo‘ladi. Avvaliga kunduzi bolani emizishlar sonini kamaytiring. Emizishlar sonini bittaga kamaytirish uchun eng kamida 1 hafta vaqt kerak bo‘ladi. Uni emizish o‘rniga shishacha yoki piyolada sut bering. Kunduzgi emizishlar sonini kundan-kunga kamaytirib boring. Bola umuman emmay qo‘ygach, kechki emizishlar sonini kamaytirishni boshlang.
Kichkintoyga e’tiborli bo‘ling. Agar kunduzi kamroq emizsangiz-u, kechki paytda ko‘proq ema boshlasa, bilingki, uni ko‘krakdan ajratishga hali erta. Ba’zi hollarda bolani sutdan ajratish asnosida u barmog‘ini yoki ko‘rpachasini surishni odat qilishi ham mumkin.
Kunduzi bola emizishingizni talab qilsa, uning e’tiborini boshqa narsaga qaratishga harakat qiling. Masalan, sayr qilgani ko‘chaga, xiyobonga olib chiqing. Kichkintoy sayr asnosida emizishingizni talab qilmay uxlab qolishi mumkin.
Iloji boricha yopiq kiyim kiying, ya’ni bolaning nazari ko‘ksingizga tushmasin. Uning yonida yotmang, emishni yodiga solishi mumkin bo‘lgan harakatlardan qoching.
Bolaga kechqurun hamma, shu jumladan, «so‘rg‘ichi» ham uxlashini ayting.
Shoshilmang, bola yangi qoida va kun tartibiga sekin-asta o‘rganadi.
Emizish soni sutkasiga bir yoki ikki martaga kamaygach, uni onadan uzoqlashtirish, masalan, buvisinikiga olib borish mumkin. Bu vaqt mobaynida bola ko‘krakni unutadi, tuni bilan uyg‘onmasdan uxlashga ko‘nikadi. Onasining yoniga qaytganda esa emishni yoddan chiqargan bo‘ladi.
❌Mumkin emas!
Bolani birdan ko‘krakdan ajratish mumkin emas! Bu bola uchun juda katta psixologik travma bo‘lishi mumkin. O‘zingizda esa sut yig‘ilib qolishi hisobiga mastopatiya rivojlanishi mumkin!
Bola biror kasallikka chalingan yoki yaqinda sog‘ayib, organizmi zaif bo‘lib turganida hamda yoz paytida ko‘krakdan ajratmang!
© Doctor Muxtorov

Оставьте комментарий